Saʼdiy Sheroziy

0
1105
marta koʻrilgan.

(1189–1292)

 

Musharafiddin ibni Muslihiddin Abdulloh taxallusi Saʼdiy haqidagi maʼlumotlar turli tazkirada turlicha keltiriladi. Shu bois koʻpgina olimlar uning hayoti va ijodi toʻgʻrisida fikr bildirganda shoir asarlaridagi qaydlarga suyanishadi. U 1189 yilda Sherozda amaldor oilasida tugʻilgan. Otasi Saʼd binni Zangiy qoʻlida ishlagan. Bu haqda Saʼdiy “Guliston”ida yozadi:

 

Man on goh sari tochvar doshtam,

Ki sar dar kanori padar doshtam.

 

Saʼdiyning oilaviy ahvoli haqida toʻliq maʼlumot yoʻq. Ammo fors hokimi Shamsiddin Tozigoʻyiga murojaat qilganidan yaqqol koʻrinadiki, Saʼdiyning oilasi ogʻir ahvolda yashagan.

Sherozda siyosiy ahvol notinch boʻlgani uchun Saʼdiy Bagʻdodga yoʻl oladi va u yerda Nizomiya madrasasida tahsil oladi. Ilk ustozi Abdulfaraj Abdurahmon ibni Javziy (1186–1257) edi. Eng muhimi tasavvuf taʼlimotining asoslarini oʻrganish niyatida Saʼdiy 30 yil safar qilib, Arab, Eron, Turk va Rum mamlakatlarida boʻladi. Saʼdiyning mazkur yurtlardagi sayru sayohatining batafsil bayoni yoʻq. ammo undagi tafsilotlar “Boʻston” va “Guliston”da aks ettirilgan.

Mumtoz adabiyotning barcha janrlarida ijod qilgan Saʼdiy Sherozga qaytgach parokanda sheʼrlarini jamlab, 1257 yilda “Boʻston”, 1258 yilda “Guliston”, toʻrt devondan iborat kulliyotini yozdi. Bu devonlar:

  1. “Tayibot”
  2. “Badoyeʼ”
  3. “Xavotim”
  4. “Gʻazaliyoti qadim”

Saʼdiyshunos olimlar shoirning qalamiga mansub asarlarni quyidagicha tartib beradilar: “Boʻston”, “Guliston”, “Qasoida”. “Tarjebband”, “Devoni Tayibot”. “Devoni badoyeʼ”, “Devoni xavotim”, “Gʻazaliyoti qadim”, “Qitʼalar, ruboiylar va fardlar”, “Chor risola” (maktublar va javoblar), “Sohibnoma”.

 

Akram UZOQOV

 

“Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi xalqlari adabiyoti” (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent, 2007) oʻquv qoʻllanmasidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.