“Rustamxon” dostoni haqida

0
3946
marta ko‘rilgan.

Dostonning bosh qahramoni Rustam yoshligidan baquvvat, mard va jasur bo‘lib ulg‘aydi. Doston voqealari rivojida Rustamning qo‘rqmas va dovyurakligini, chin insoniylik sifatlarini ko‘rish mumkin. Kundoshlari tuhmat bilan onasini yurtdan haydab, dorga osdirmoqchi bo‘lganida, Rustam sarosimaga tushmadi. Onasini jallodlar qo‘lidan qutqarib: “Adashganning oldi yo‘l”, – deya yo‘lga tushadi va Hukumu tog‘ida qo‘nim topib, ovchilik bilan kun ko‘ra boshlaydi.

Rustam ov kunlarining birida o‘tovga bog‘lab qo‘yilgan xushsurat qizni ko‘rib qoladi va uning ajdarga yemish uchun turganligidan xabar topadi. Xabarni eshitgan Rustam ajdar bilan jangga otlanadi. Oftoboy yalinib-yolvorib Rustamni o‘z ahdidan qaytarishga urinadi, biroq dovyurak Rustam: “Mard so‘zidan, yo‘lbars izidan burilmaydi” degan gap bor, ajdahor domiga tortadi, meni yutadi deb vahm qilmayman, qayishmay ajdahorning yo‘lini aytgin”, – deydi. Ajdar bilan mar25

donavor kurashib, uni yengadi va qizni o‘limdan qutqaradi. Ajdar zulmidan xalos bo‘lgan Bujul yurti Rustamni shohlikka ko‘taradi va Oftoboyim bilan to‘yini qilib uylantirib qo‘yadi. Erkin va oddiy hayot yo‘lini tanlagan Rustam uch kundan so‘ng shohlikdan voz kechib, suyukli yorini olib, onasi oldiga qaytadi. Shu tariqa dostonda Rustam obrazi soddadil, mard va qo‘rqmas, jismonan baquvvat inson, mehribon farzand va sadoqatli yor sifatida gavdalanadi.

Dostonda bir qancha ayol obrazlari ham gavdalantirilgan. Ayniqsa, Huroyim va Oftoboyim obrazlari alohida ajralib turadi. Ularga xos go‘zallik, oqilalik, sadoqat va mehribonlik fazilatlari doston voqealari rivojida ishonarli tasvirlangan. Xususan, Oftoboy – tengsiz go‘zal qiz. Uni birinchi ko‘rgan Rustam unga shunday murojaat qiladi:

Maloyik suratli, gul yuzli dilbar,

Seni ko‘rgan odam bo‘lar beqaror.

Oy-u kundan ziyod sening husning bor

Ne qildi seni boylab giriftor?

Oftoboyda mana shu go‘zallikka teng fahm-farosat, zukkolik ham mavjud. Uning bu fazilatlari Sultonxon o‘z qilmishlariga tavba qilib, o‘g‘li va xotinidan kechirim so‘rash uchun darvesh qiyofasida kelgan paytda ham ko‘rinadi. Oftoboy dostonda oqila kelin, suyukli yor sifatida gavdalanadi.

Dostondagi asosiy qahramonlardan biri Huroyimdir. Huroyim Sultonxonga o‘g‘il farzand ato etadi, biroq evaziga qanchadan qancha jabr-u sitamlar ko‘radi. Kundoshlari yurtidan quvganida ham, ajal ko‘lanka solganida ham, o‘zga yurtda qiyinchilikda yashasa ham, u o‘zligidan kechmaydi. Undagi go‘zal xulq, oqilalik barcha sitamlardan qutulishida yordam berdi. Rustam darvesh sifatida kelgan Sultonxonni qilich bilan chopmoqchi bo‘lganida, Huroyimning o‘ziga xos mulohazali ayol, oqila ona, kechirimli yor ekanligi ko‘zga tashlanadi:

– Bolam! – deb qaytardi Rustamday uldi,

– Tavba qilib o‘zi axtarib keldi, 26

Chopib tashlab, bolam, senga ne bo‘ldi?

Qanday bo‘lsa, qo‘zim, manmanlik qilma,

“Rustam otasini chopibdi” degan

Lanqa gapni, qo‘zim, o‘zingga olma.

Dostonda Sultonxon o‘ylamay qaror qabul qiladigan, o‘zgalarning gapiga ishonuvchan laqma, podsho bo‘lsa-da, zaif shaxs sifatida tasvirlanadi. Doston voqealari davomida Sultonxon juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yadi. Momogul maston fitnasiga aldanib, oilasidan, xotini va farzandidan ajraydi, ularsiz yashashga mahkum bo‘ladi. Doston so‘ngida Sultonxon o‘z xatolarini tushunib yetadi hamda xotini va o‘g‘lidan kechirim so‘raydi. Oilasini qaytadan tiklaydi, yo‘l qo‘ygan xatolarini tuzatishga kirishadi. Yomonlarni jazolaydi.

Dostondagi boshqa bir qator obrazlar ham voqealarning ishonarli chiqishida xizmat qiladi.

 

Adabiyot” (Boqijon To‘xliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. O‘rta ta’lim muassasalarining 10-sinfi va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining o‘quvchilari uchun darslik-majmua. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.