Rustam Nazar

0
67
marta ko‘rilgan.

(1949—2011)

Bolalar ijodkorlaridan biri Rustam Nazar 1949-yilda Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida tug‘ilgan. Respublika rus tili va adabiyoti institutini tugatgach, maktabda o‘qituvchilik qilgan. Keyinchalik turli gazeta tahririyatlarida ishlagan.

„Men turli adabiy janrlarda kuchimni sinab ko‘rdim, lekin o‘zimni aynan bolalar adabiyotida kashf etdim, — deb yozgan edi shoir. — Bolalar uchun she’r mashq qila boshlaganimda yoshim o‘ttizdan oshgandi… Ammo o‘sha davrda bolalar adabiyotining, xususan, she’riyatining badiiy saviyasi yuqori emasdi. Bunga sho‘ro mafkurasining ham ta’siri bor edi, albatta. Bolalar adabiyoti deganda, asosan:

Oq paxta, oppoq paxta,

Biz senga inoq paxta! —

kabi deklamatsiya ruhidagi quruq she’rlar tushunilardi. Faqat 70—80-yillarda Anvar Obidjon, Tursunboy Adashboyev, Abdusaid Ko‘chimov, Miraziz A’zam, Hamza Imonberdiyev, Kavsar Turdiyeva kabi shoirlar mag‘zi to‘q, fikrlovchi she’riyat namunalarini yaratib, bolalar adabiyoti oqimini yangi o‘zanga burishdi“.

Rustam Nazarning o‘zi ham shu o‘zanda oqdi, suzdi, quloch otdi. Faol izlandi, intildi, kashf etdi. Aytish mumkinki, shoirning deyarli har bir she’ri oxorli, yangi topilmadek. Misollarga murojaat qilaylik.

„Sumalakjon, sumalak“ deb berilib, ich-ichidan suyunib, kun bo‘yi qo‘shiq aytib yurgan qizchaning onasi qishloqdan sumalak olib keladi. Akalari uni talashib, paqqos yeb qoyishadi. Qizcha esa, bundan hayronbo‘lib qoladi:

Qizcha xomush, jim edi,

Bilmasdi ne deyishni.

Istamasdi qo‘shiqqa,

Non botirib yeyishni!..

She’rdagi kutilmagan xulosa kishini yoqimli seskantirib, beixtiyor xushyor torttiradi. Yosh qizchaning soddaligi zamiridagi beozorlik, beg‘uborlik va ulug‘likdan qattiq mutaassib bo‘ladi kitobxon.

Shunda „Bolalar pokligi bilan ulug‘dir, Soddaligi bilan kattadir bizdan“ degan shoir M. Kenjabekning iqroriga so‘zsiz qo‘shilamiz.

Sevimli „qo‘shiqqa non botirib yeyishni“ istamagan qizcha kattalarga ibrat bo‘lgulik emasmi?

V. Belinskiy „ … bolalar uchun kitob yozish kerak, biroq shunday yaxshi va foydali asarlar yozmoq zarurki, ular chinakam badiiy asar sifatida hammaga mo‘ljallanganligi bilan qiziqtira olsin,“ degan edi.

Xuddi shuni e’tirof etgandek, Rustam Nazar o‘zi haqida: „Men bolalar she’riyatini jiddiylashtirishga, unga kattalar adabiyotiga xos unsurlarni olib kirishga harakat qildim“, deb yozadi. Chindan, u yaratgan she’rlarning lirik qahramonlari muayyan bir voqelik, narsa-hodisalarni sinchkovlik bilan kuzatib, jiddiy fikr-mulohaza yuritadigan aqlli, mustaqil fikrli bolalardir:

Qora nima, oq nima.

Fahmiga tez yetaman.

Boqib rangin olamga,

Sirlarin kashf etaman, —

deydi „Dunyo va men“ she’ri qahramoni. Bu lirik qahramon rangin olamning turfa sir-sinoatlarini o‘z aql-u shuuri bilan anglab, his etib, o‘ziga xos fikr-xulosalarni o‘rtaga tashlaydiki, u yosh kitobxonni ham, kattalarni ham birdek o‘yga toldiradi.

Shoir „Rangli favvora“da ko‘zbo‘yamachi, yuzi yaltirog‘-u ichi qaltiroq kimsalarning asl qiyofasini ko‘radi.

Turfa chiroqlar yog‘dusida kamalakday tovlanib, o‘zini ko‘zko‘z qilgan favvora chiroqlar o‘chgach, asl holiga qaytadi. Bu holni kuzatgan lirik qahramon o‘z munosabatini shunday bildiradi:

Soxtalikdan naf yo‘q-da,

Xatosini anglarmi?

Ko‘z-ko‘z aylash lozimdir

O‘zingda bor ranglarni!..

„Boqib rangin olamga, sirlarin kashf etaman“ degan lirik qahramon „Rangli favvora“da shu taxlit oq-qorani ajratadi.

Daraxtni ham, hayvonni ham odam deb ataydigan Dersu Uzala haqidagi filmni ko‘rib esa, bu holdan hayron bo‘ladi:

Nega ba’zi odamlar

Yomonlikni ko‘zlashar —

Bir-birini to‘nka deb,

Kalamush, deb so‘zlashar?!

Har bir jonzotga odam deb qaraydigan („Odam kabi gaplashar, hatto yo‘lbars bilan u“) film qahramoni va hayotda odam bo‘la turib, bir-birini „to‘nka“, „kalamush“ deb ataydigan kimsalarni qiyoslab, lirik qahramon chuqur o‘yga toladi. Uning savoli zamirida yomonlik, qabihlik kabi illatlardan qochish, bir-biriga mehr, izzat ko‘rsatish orzusi bor.

„Olis urush yillari“dan „unsiz hikoya“ so‘ylayotgan mangu olov yoniga bir chol gul qo‘yadi, „og‘riq kirib taniga“. Bu hol, bu og‘riq sababi ma’lum — olis xotiralar qiynog‘i bu. Shu payt „tantiq bir o‘smir“ ham „chopib keldi shoshilib“. Uni ham shoshilmay kuzatib:

Yodgorlikka boqmadi,

Nigohida yo‘q ma’ni.

… Kun sovuq-da, kelibdi

Sal isinib olgani!

— deydi lirik qahramon va tantiq o‘smirning sovqotgan (aslida sovuq, hissiz) qiyofasini („Nigohida yo‘q ma’ni“) chizar ekan, o‘z munosabatini kesatish ohangida bildiradi. She’rdagi chol va o‘smir qiyofasi faqat ikki avlod emas, ayni paytda, ikki xil olam kishilari sifatida gavdalanadi: ezgulik, tinchlik uchun kurashgan fidoyi (chol) va faqat o‘z tinchini, rohatini o‘ylaydigan xudbin (o‘smir) kimsalar.

Bunday xudbinlar erta bir kun ulg‘aygach ham el-yurt uchun biror-bir naf keltirishni aslo o‘ylamaydi. „Chig‘anoq“ she’rining lirik qahramoni shundaylardan nihoyatda dilzada. Chig‘anoqqa „quloq tutsangiz, xuddi dengiz shovullar“. Go‘yo shu mitti xilqat ardoqlab „Dengiz — asl ma’vosin, Charchamas hech, bezmas hech kuylashdan yurt navosin“. Lirik qahramon shu kichik chig‘anoqdan katta ma’no tuyadi: u o‘z yurtiga sadoqatli, ayriliqda ham Vatan yodi bilan yashovchi yurtparvar fidoyi kabi. Lirik qahramon fikrlashda davom etadi:

Odamlar-chi? Ba’zilar

Subutsiz va ayyordir.

Gaplarida yurt uchun,

O‘lmoqqa tayyordir.

Lekin quloq tutsangiz

Qalblariga mabodo,

Eshitilar barala,

Ko‘p g‘alati bir sado, —

kabi satrlarda tili boshqa-yu, dili boshqa odamlarning qiyofasini tasvirlar ekan, ularning aslida chig‘anoqdan ham maydalashib ketganidan afsus chekadi, achinadi:

Uy-joy, ro‘zg‘or g‘amida

So‘nar dillar hovuri —

Ichlarida g‘uvullar

Bozor g‘ala-g‘ovuri.

Chig‘anoqdan dengiz shovullashi eshitilsa, ba’zilarning ichida „bozor g‘ala-g‘ovuri“ „g‘uvillaydi“. Bu ikki so‘z — ulkan dengizga xos o‘ktam ovoz (shovullash) va bozor „g‘ala-g‘ovuri“ning g‘uvullashi ichki olami ikki xil bo‘lgan kishilar ma’naviy holatini tasvirlaydi. Ichki olami g‘arib, faqat tirikchilik g‘amidagi „bozorbop“ kimsalarning siri ochilib, fosh etiladi.

Hatto chig‘anoqcha bo‘lolmagan ba’zi kimsalarning ayanchli holati — tasviri bu. Umuman, Rustam Nazar she’rlarida, ko‘pincha, hayotni yanada mukammal va go‘zal, insonni barkamol va ulug‘vor ko‘rish orzusi barq urib turadi. Buning uchun inson tinimsiz sa’y-harakat qilmog‘i, yuksalmog‘i, vaqt va umrning qadriga yetmog‘i kerak! Toshbaqa kabi imillash mumkin emas.

Toshbaqa manzili olis bo‘lsa ham shoshilishiga hojat yo‘q, chunki u 400 yil yashaydi. „Lekin sen-chi, bolakay, nega beg‘am yotibsan, hamma ishing chala-yu, puch o‘ylarga botibsan?!“ deb tanbeh beradi, kuyunadi. „Toshbaqa“ she’ri lirik qahramonining da’vati va talabi qat’iy:

Qadrla har fursatni,

Chaman yarat, qur qasr.

Imillagan har jonzot

Yashamaydi to‘rt asr!

Har lahzaning g‘animatligi „O‘lchovli vaqt“ she’ri lirik qahramoni tilidan ham obrazli, ta’sirchan tarzda ta’kidlanadi. Yugurishda atigi bir daqiqa kechikkani bois g‘olib bo‘lolmagan Sobirning iztirobi tasvirlanar ekan, musobaqa emas, hayotda ham har daqiqaning qadriga yetish kerakligini uqtiradi:

Ko‘zingni och, ey jo‘ra,

Vaqt o‘lchovli, yetsa gal —

Atigi bir daqiqa

Taqdiringni etgay hal!

Vaqtni, umrni ezgu va yaxshi ishlarga sarflashda ibrat bo‘lgan, yetmishdan oshsa hamki kun bo‘yi og‘ir etik kiyib bog‘da ishlaydigan otaxonga nevaralar hordiq olib, oyoq uzatib yotishni taklif qilishadi. Shunda:

Buvam kular: „Tirik jon —

Lozim mehnat etmog‘i.

O‘zi qarib, zaminni

Yashartirib ketmog‘i“.

O‘zidan yaxshi nom qoldirish ko‘p aytilgan. Aslo eskirmas ezgu aqidaning chol tilidan aytilishi unga o‘zgacha bir ruh baxsh etmoqda. Bu she’rda „qarish“ va „yashartirish“ zidligi asosida ma’no yanada ta’sirchan chiqqan. Shu ma’no-fikr, o‘git-nasihat agar quruq „Mehnat qilish kerak, yerni yashnatish, gullatish kerak“ tarzida aytilsa, yosh kitobxonning ensasini qotirishi turgan gap edi.

„Dangasa“ she’rida, qalovini topsa qorni yondirish ham mumkin bo‘lgani holda, loqaydlikka berilganlar shunday ayovsiz tanqid qilinadi:

Jon koyitmas dangasa,

Izlash tugul qalovni,

O‘chiradi erinib

Yonib turgan olovni!

Lirik qahramon dangasalarni shunday chimdib-chimdib oladi.

Rustam Nazar she’rlari, asosan, aniq sujetga ega. Shoirning mahorati shundaki, u muayyan bir voqelik, holat-manzarani yorqin va rangin bo‘yoqlarda tasvirlaydi, ular asosida muayyan bir fikr, g‘oyani ilgari suradi. Muhimi, hammaga ma’lum narsalar haqida ham mutlaqo yangi bir gap, ohorli fikr ayta oladi. O‘z fikrini badiiy jihatdan puxta asoslaydi va ishontiradi. Masalan, kuz „daraxtlarning ra’yiga qaramay“ hammasini sariq rangga bo‘yaydi. Faqat archa har doim ko‘m-ko‘k. Shoir buni shunday izohlaydi:

Jur’at etmas bo‘yashga,

Qo‘rqar ignalaridan!

G‘aroyib she’riy topilma! Hammaga ma’lum narsaning hech kimning xayoliga kelmagan yangicha izohi va badiiy isboti: archaning ignalaridan qo‘rqib, kuz uni sarg‘aytirishga botinolmaydi.

Yoki „Intizomli tramvay“ she’rini olaylik. Avvalo, tramvay qanday qilib „intizomli“ bo‘lsin? Shoir esa buni badiiy asoslaydi:

Yurar doim bir yo‘ldan,

Izdan sira chiqmas u.

Avtobusday burnini

Har ko‘chaga tiqmas u.

Sodda, ravon va obrazli tasvir o‘quvchini rom etadi va shoir so‘ziga ishontiradi.

Narsa-hodisalarning o‘ziga xos belgisi, shakli yoxud boshqa bir jihatiga asoslanib, ulardan majoziy ma’no-mazmun anglatadiki, bu badiiy topilmalar o‘quvchini so‘zsiz ishontiradi. Shu badiiy asoslarga suyangan holda, muayyan bir poetik mazmun shakllantirib, she’r so‘ngida ixcham va ta’sirchan fikr-xulosa bayon etiladi. Bu kutilmaganlik va favquloddalik birdan kitobxonni yoqimli larzalantiradi. Shoirning poetik maqsadini o‘quvchiga tez va oson singdiradi.

Shoir she’rlari yosh kitobxonlarning fikr darajasi, dunyoqarashi, o‘sishiga, mulohaza layoqatining chuqurlashishiga xizmat qiladi. Ularni hayotga ziyrak nigoh va tiyrak aql bilan qarashga, ezgulikni qadrlashga undaydi. Qalblarini, ma’naviy darajalarini yanada yuksaltiradi, ulg‘aytiradi. Zero, shoirnnig o‘zi e’tirof etganidek:

Mashqlarimni sizga tutdim,

Dilingizga borib yetsin.

Bolalarni katta aylab,

Kattalarni bola etsin!

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

Bo‘lim bolalar shoiri T. Adashboyev bilan hamkorlikda yozilgan.

 

“Bolalar adabiyoti” (O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.