Ruhning shirin ozigʻi

0
199
marta koʻrilgan.

Odatda, hisobotlarda raqamlar qayd qilinadi. Chunki har qanday hisobotda muayyan vaqt oraligʻida erishilgan natijalar sarhisob etiladi. Masalan, roman, qissa, hikoya, dramalar toʻgʻrisidagi hisobotlarda gap ularning bir yillik miqdorini koʻrsatishdan boshlanadi. Raqamlarsiz bu xususdagi hisobotlar eng muhim jihatdan mahrum, kemtik koʻrinadi. Biroq hech kim oʻtgan yilda gazeta-jurnallarda qancha sheʼr eʼlon qilingani yoki falon shoir qancha sheʼr yozgani haqida soʻramaydi. Bu haqda savol bergan kishi atrofdagilarning kulgisiga qoladi. Chunki sheʼr mantiqqa asoslanadigan sanoq oʻlchovlariga sigʻmaydi.

Taʼkidlash joizki, oʻtgan yilda ham sheʼriyatimizning oʻzani toʻlib oqdi. U mavzu mundarijasiga koʻra ham avvalgi yillar sheʼriyatiga oʻxshaydi. 13-yilda ham sheʼriyatning umumiy manzarasini ijtimoiy-siyosiy va shaxsiy-intim yoʻnalishdagi sheʼrlar belgilaydi va ularda bevosita hozirgi davrning ijtimoiy-falsafiy, maʼnaviy-axloqiy muammolari diqqat markaziga qoʻyiladi.

Oʻtgan yilda sheʼriyatimiz turkum sheʼrlar bilan boyidi. Ayni turkum sheʼrlar orasida A. Oripovning chiqishlari alohida ajralib turadi. Shoir oʻtgan yildagi sheʼrlarida ham hayotning koʻpchilik koʻrib turgan, ammo mohiyatini unchalik anglab yetmagan jumboqlariga eʼtibor qaratadi. Eng muhimi, ularni juda oddiy, lekin gʻoyat taʼsirchan ifoda etib beradi va ular ruhimizga shirin oziqaga aylanadi. A. Oripovning “Oq ot” sheʼrini oʻqigan kishi bunga, albatta, ishonch hosil qiladi. Sheʼrda koʻpchilikka maʼlum voqea – Navoiy “Xamsa”ni yozib tugatganida arkoni davlat uni qutlagani, Husayn Boyqaro unga oq ot mindirgani qalamga olinadi. Odatdagidek, “Oq ot”da shoir sheʼr davomida avvalgi misra, baytda bayon etilgan fikrini tadrijiy kuchaytirib boradi: “Navoiy “Xamsa”ni tugatdi yozib, / Qutlashga yigʻildi arkoni davlat. / Boyqaro ayricha hurmat koʻrgazib, / Oq otin minishga ayladi daʼvat. / Lekin uzr dedi shoiri davron, / Ehtimol, bu holni kibr deb bildi. / Shunda sekingina lutf etdi Sulton: / – Buni otning oʻzi iltimos qildi”. (“Kitob dunyosi” 2013 yil 28 iyun).

Oʻtgan yilda Muhammad Alining “Avliyoning bashorati” dostoni eʼlon qilindi. Tarixiy mavzudagi ushbu moʻjaz dostonda Amir Temur nabirasi Xalil Sultonning Shodimulkka yashirincha uylanib olishi ayanchli, xunuk oqibatlar keltirib chiqargani qalamga olinadi. “Avliyoning bashorati”da ham shoirning “Gumbazdagi nur” va boshqa dostonlaridagi singari voqealar naqli lirik qahramonning his-tuygʻulari, kechinmalari bilan uygʻunlashib boradi va roʻy berayotgan voqealar xususida mushohada yuritish asnosida kutilmagan xulosalar chiqariladi.

Maʼlumki, Anvar Obidjonning sheʼrlarida kishilarimiz feʼl-atvoriga xos soddalik va quvlik, hazilga ustalik va kinoyaga oʻchlik kabi koʻpdan-koʻp sifat, xususiyatlar ajoyib tarzda uygʻunlashtirib ifoda qilinadi. Shoir turmush tarzimiz, feʼl-atvorimizdagi juda jiddiy, ogʻriqli muammolar xususida shirin hazil, mayin kinoya bilan soʻzlaydi. Anvar Obidjon paygʻambar yoshiga kirganlarni “oliy faslga yetganlar” deb taʼriflar ekan: “Ortdagi yoʻllarga jim boʻylar,/ Hadisdan keltirib gap soʻylar,/ Paygʻambar yosh ketgan deb oʻylar/ Paygʻambar yoshga yetganlar./ Nazdida – keksa u az-azal,/ Umrining har kuni tavakkal,/ Goʻyo bor ishlarin qilgan hal/ Paygʻambar yoshiga yetganlar”, deydi (“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 10-son). Anvar Obidjonning ayni misralari maʼnosini boshqalardan koʻra paygʻambar yoshiga yetgan va undan oʻtganlar yaxshiroq his qilishadi. Paygʻambar yoshidan oʻtgan va navqironligini yonib yashayotgan shoirlarimiz bitgan sheʼrlarni esa bir jihat – ruhiyatdagi gʻalayonlar ifodalanishi birlashtirib turadi.

Usmon Azimning sheʼrlariga baxshiyona joʻshqin ohang, hayqiriq xos, deb kelinadi. Shoirning “Tillarimda ne oʻtligʻ kalom” chiqishi esa uning sheʼrlari yana bir sifat bilan boyiganini koʻrsatadi. U endi barcha kuzatib, bilib turgan hodisalardan donishmandona teran falsafiy xulosa chiqaradi. Shoir “Qorongʻi tushdi. Ish / ishxonalarda qoldi” deb boshlanadigan sheʼrida oila davrasidagi odatdagi kunlardan birining manzarasini chizib, xonadon ahlining sogʻ-salomat, jamuljam boʻlib, shiringina suhbatlashib oʻtirish chinakam baxt ekanligini, koʻpchilik esa oiladagi mana shu hamjihatlik baxtligini his qilmasligini taʼkidlaydi: “Oshxonada qozon qaynagan. Stolda / achchiq-chuchuk. Shiftda chiroq – / kichkina quyosh porlaydi. Gangur-gungur / suhbat. Kulgu yangraydi. Gangur-gungur… / Hatto, telikka hech kim qaramas. / Uy baxt bilan toʻla. / Baxtga hech kim eʼtibor bermaydi. / Bu eʼtiborsizlikdan negadir kattarar baxt./ Bu eʼtiborsizlikdan negadir yana charaqlar./ Xullas, uy baxt bilan toʻla. / Ammo uni hech kim koʻrmaydi. / Xuddi shunday! Baxt – yoʻqligida koʻrinadi, xolos./ Yoʻqligida tushlariga kiradigan baxtning/ surati esa / mana bunday: qozon qaynayapti. Shiftda/ mittigina quyosh. Gangur – / gungur. Gangur-gungur… Kulgi / yangraydi”, deya chizib beriladi. (“Kitob dunyosi”, 2013 yil 25 sentyabr). Usmon Azimning ushbu sheʼri baxt toʻgʻrisidagi havoyi, mavhum, xira tasavvurlarni oydinlashtiradi va ruhimiz uchun shirin oziqqa aylanadi.

Zamonaviy sheʼriyatda, XX asr boshidan 90-yillar boshigacha boʻlganidek, ijtimoiy voqelikka eʼtibor qaratish, daʼvat etish, chorlash emas, balki inson ruhiyatiga teranroq kirib borish, uning botinini ochishga intilish ustuvorlik qiladi, deyishga har jihatdan asos yetarli.

2013-yil sheʼriyatidan shoirlar zamonning shiddatli oʻzgarishlaridan hayratga tushayotgani, ularni tabiat manzarasi, gulning chiroyi, yorning jamoli emas, inson feʼl-atvoridagi jumboqlar koʻproq ajablantirayotgani, haqiqat borgan sari mavhumlashib borayotgani azoblayotgani ayonlashadi. Shoira Halima Ahmad koʻpchilikning koʻnglidan oʻtadigan kechinmalarni: “Behushlikning shirin iztirobida / Soʻrayman: – Haqqa qaysi yoʻldan boraman / Va qayerda mening yashil koʻylagim,/ Gulday ochildimi hech qursa bir bor/ Kimningdir kaftida oshiq yuragim?/ Koʻzimni ochaman, yashil boqar tong,/ Dardlarim uloqib ketgan qaygadir./ Derazadan shirin jilmayib boqib,/ Sening manzilingni aytadi yomgʻir./ Hayot tomirida oqaman yana,/ Oʻzimga sigʻmaydi oʻzimdagi dil”, deya ifoda qiladi. (“Sharq yulduzi”, 2013 № 6). Shoir tuygʻulari joʻsh urib, ilhomi toʻlib toshganida gʻayritabiiy zukkolik bilan inson tabiatining ana shu kabi jumboq jihatlaridagi ogʻriq nuqtalariga tegib oʻtadi. Taʼkidlash joizki, shoira “Yashil”ni ballada deb atasa ham, unda ballada janriga xos birorta belgi koʻrinmaydi. Chunki unda biror voqea naql qilinmaydi. “Yashil”da shoira boshqa sheʼrlaridagi kabi tugʻyonli kechinmalarini ehtiros bilan izhor qiladi.

Abdulla Sherning sheʼrlari shoir qalbida poetik fikr uzoq yillar davomidagi kuzatishdan tugʻilishi toʻgʻrisida tasavvur uygʻotadi. Chunki u: “Nimanidir doimo kutib,/ Qayergadir doim shoshamiz./ Kimni eslab, kimni unutib,/ Yillar degan gʻovdan oshamiz”, deydi. Shoir bunday xulosaga birdaniga kelmagani, bu fikr katta turmush tajribasi mevasi ekanini oʻquvchi, albatta, anglaydi.

Mirpoʻlat Mirzo ham sheʼrlarida xotirasidagi manzaralarni chizadi. Aniqrogʻi, olisdagi xotiralar unga tuygʻu, his beradi. Xotiralar tugʻdirgan hislar tufayli borliq uning nigohida hammaga koʻringanidan boʻlakcha koʻrinadi: “Inja zamzamani kuzatdim men, tek,/ Ayozli chillaning ajib husnida./ Koʻnglimdagi olis xotiralardek,/ Tong nurlari oʻynar qorlar ustida”.

Sirojiddin Sayyid, Mahmud Toir ijodida Vatan mavzui keng oʻrin tutadi. Bu ikki shoirning shu paytgacha chop etgan toʻplamlari mundarijasini ayni mavzudagi sheʼrlar belgilaydi. Ularning 2013-yildagi matbuotdagi chiqishlarida ham shu yoʻnalishdagi sheʼrlar salmogʻi ustuvorlik qiladi. Mahmud Toirning “Yangi Toshkentnoma”si, “Vatanni sevishni sizdan oʻrgandim” turkumi, Sirojiddin Sayyidning “Oʻz onamdan oʻrgandim men Vatanni” sarlavhali chiqishi shunday deyish uchun toʻla asos beradi.

Har bir kishining quvonchi va qaygʻusi uning bolaligida koʻrgan-kechirganlari, eshitganlari bilan bevosita bogʻlanadi. XXI asrda kishilarda tuygʻular quruqshab, koʻpchilik sovuqqon, hissiz boʻlib qolayotgan boʻlsa-da, hamma ota-bobolaridan eshitgan oʻgit-nasihat, rivoyatlarni goh-gohida eslab qoʻyadi, maqol, hikmatlarni aytib, bir-biriga tanbeh beradi. Saʼdulla Hakim “Bola Botir” ( “Sharq yulduzi”, 2013 № 2) dostonida soʻzni qadrlagan, olamning yaralishini soʻzda deb bilgan, sohibjamollar chehrasidan gʻoyat mutaassir boʻlib, ishq oʻtida yongan ajdodlarimiz toʻgʻrisida eshitganlarini naql qiladi. Muallif garchi: “Bu voqealarning bari olis bolalikda boʻlib oʻtgan./ Dala-dashtga oʻzgacha chiroy baxsh etuvchi/ Oydin kechalarni yaxshi koʻrganim uchun/ Ularni ahyon-ahyonda eslab yuraman./ Shu voqealar sabab boʻlibmi,/ Bola Botir qismati haqida yozgim kelar” desa-da, ushbu dostonda H. Olimjonning “Zaynab va Omon”, Oybekning “Temirchi Joʻra”, “Dilbar – davr qizi”dagi kabi syujet koʻrinmaydi. Shoirning “Bola Botir”i xuddi Ikrom Otamurodning “Oʻrin”, Halima Ahmadning “Yashil”, Shahnoza Nazarxonning “Ruhimda chalingan musiqa”si kabi zamonaviy oʻzbek dostonchiligining shakl-shamoyili tamoman oʻzgarganligi, u endilikda yangicha qiyofa kasb etganidan dalolat beradi.

Ikrom Otamurod ham “Oʻrin” dostonida zamondoshlariga savol beradi, murojaat etib, xitob, daʼvat qiladi. Doston savollar bilan boshlanib, savollar bilan tugallanadi. “Oʻrin”ning qurilishi – uch nuqtalarning koʻpligi, aksariyat oʻrinda bitta soʻz bitta satr sifatida berilgani gʻalati tuyuladi. Lekin doston bilan tanishish davomida shoir kechinma, tuygʻularini izhor qilish uchun munosib shakl topgani ayonlashadi. Dostonda avtobusdagi barcha koʻrib koʻnikkan kundalik voqea – oʻrindiqda yalpayib oʻtirgancha, keksa kishiga oʻzicha taʼna qilib, dashnom berayotgan oʻspirinning holati orqali “ommaviy madaniyat” yoshlarni qanchalik maʼnaviy majruh qilayotgani hamda insoniyat oʻrin talashishdek tuzalmas kasallik bilan ogʻrib kelayotgani chizib beriladi.

Iqbol Mirzoning “Yoʻl” turkumida kishilarning maʼnaviy-axloqiy hayot tarzi bilan bevosita bogʻliq bugungi ijtimoiy voqelikka eʼtibor qaratiladi. “Yoʻl”da (“Sharq yulduzi” 2013 №4) zamondoshlarimiz feʼl-atvoriga xos sifat, dunyoqarash: “Nosvoyni qadriyat deb bilar mullo,/ Palovxontoʻra deb ulugʻlar oshni,/ Duosi – qadah soʻz,/ Maysoʻzi – duo,/ Azada eslaydi qavm-qarindoshni” tarzida taʼriflanadi. Ushbu turkum endilikda zamonaviy oʻzbek sheʼriyatida ijtimoiy mavzuni yoritishda ham yangicha yoʻldan borilayotgani, avvalgidan farqli ifoda shakllari qoʻllanayotganidan dalolat beradi.

Nabi Jaloliddin “Hayot koʻrindi” sheʼrini: “Oʻzimni izladim, bir qush koʻrindi”, deb boshlaydi. Ikkinchi bandda: “Xudoni izladim, bir on koʻrindi”, deydi. (“Sharq yulduzi” 2013 №3) Lekin “bir on” mavhumligicha qoladi. Keyingi bandda: “Dunyoni izladim, oʻzimdan qochdim,/ yoʻlimda tumanday bir tush koʻrindi,/ Lahzalar togʻlaru yetmas qulochim”, deb davom etadi. Oʻzini izlash bilan bogʻliq shu kabi murakkablik, mavhumliklar boshqa shoirlar sheʼrlarida ham asosiy oʻrin tutadi. Shoira Munavvara bu holatni “Oʻz-oʻzimdan hol soʻrashga qoʻrqaman”, deya ifoda qiladi. (Oʻsha manba 52-bet.)

Zamonaviy shoirlarimiz ijodiga xos ushbu xususiyatni Abdumajid Azim: “Koʻngil, sen oʻzingni ovutib yasha,/ Taqdiri azalning ishiga koʻngil./ Umrning past-baland yoʻllarin osha,/ Sendayin qadrdon topmadim, koʻngil”, deya qogʻozga tushiradi.( “Sharq yulduzi” 2013 № 3)

Oʻzini anglash oʻzini izlashdan boshlanadi. Farida Afroʻzning: “Kecham – armon,/ Ertam – gumon,/ Bugunim – qurbon” (“Tafakkur” 2013 № 2), deyishida, Oydinnisoning: “Qahramonday jangga otlandim yana/ Haqiqatni qoʻlga kiritish uchun./ Lashkar oʻzim,/ Lashkarboshi ham,/ Qarshi kurashuvchi dushman ham menman./ Yenggan ham oʻzimman,/ Yengilgan ham men./ Shahid ketgan oʻzimman,/Oʻzim qahramon./ Qoʻlga kiritganim – bir siqim yolgʻon” satrlarida xuddi shu holat – oʻzini izlash, oʻzini taftish qilish koʻrinadi. (Oʻsha manba 40-bet. )

Eshqobil Shukur har bir kishiga koʻngil yoshi ham berilgani haqida soʻz ochib: “Kuylash va soʻylashning koʻpdir sababi,/ Kuzgi xirmonlarday koʻnglim toʻladi./ Huv, tarixni kiftlab yurgan chol kabi/ Goʻzal hikoyalar aytgim keladi./ Umr bahorimi, kuzmi, qishimi,/ Ulugʻlab oʻtarman ulugʻ hayotni,/ Har kim yashab oʻtsin koʻngil yoshini,/ Har kim Vatan tutsin Adabiyotni”, deydi. (“Kitob dunyosi” 2013 yil 24 iyul) Shoir odamda biologik va ijtimoiy yoshdan tashqari, koʻngil yoshi ham mavjudligini esimizga soladi.

2013-yilning eng faol shoiri Shodmonqul Salomning jarangdor ohanglarda bitilgan sheʼrlarini oʻqiyotganda ham koʻngilga quvonch va qaygʻuga qorishiq allaqanday hazinlik oqib kiradi: “Mangu bogʻcha bolasidir,/ Bu dunyoning shoirlari./ Soʻrilarda urchuq kabi/ Eshilgandir zoʻr sheʼrlari…/Tongu shomning orasinda/ Yashaganman, ogʻriganman./ Goʻdaklarni afv etinglar,/ Men onamni sogʻinganman”. (“Sharq yulduzi” 2013 №2). Vafo Fayzullohning sheʼrlarida esa tasavvuf sheʼriyatiga xos sifatlar, soʻfiyona ohanglar ustunlik qiladi: “Haqqa eltguvchi bir yoʻl boʻlsaydim,/ Roziman, moʻminlar yurguvchi./ Roziman, yoʻllarda yiqilib oʻlsaydim,/ Huzurida yuzi yorugʻ bir yoʻlchi…/ Sado ber, koʻz ochay sadodan,/ Boshlanar oxirdan yoʻl boshi./ Oʻzingga muhtojman, gadoman,/ Uzoq tun yoʻlsizning yoʻldoshi”, deya iltijo qiladi. (Oʻsha manba104-bet).

Yosh shoira Shahnoza Nazarxonning “Ruhimda chalinayotgan musiqa” dostonida, adib Ulugʻbek Hamdam taʼkidlaganidek, sheʼriyatimizda, umuman, adabiyotimizda badiiy tafakkur yangilanib borayotgani, navqiron avlod oʻz salaflaridan boshqacha nigoh bilan qarayotgani, ularni ijtimoiy ziddiyatlar, turmush mojarolari emas, oʻzining qalbidagi ziddiyatli kechinmalar koʻproq qiziqtirayotgani ayon boʻladi. Uning koʻziga boshqalar eʼtibor qilmagan juda koʻp narsa-hodisalar muqaddas va sirli boʻlib koʻrinadi. Jumladan: “Muqaddas koʻrinar yolgʻiz harflar,/ Muqaddas koʻrinar Havosiz Odam… / Koʻzimga kuladi arabiy samo,/ Turkiy koʻzlarimda aliflar paydo./ Sinning tishlarida singan oʻylarim,/ Alifning yalangʻoch jismiga shaydo./ Alifning yalangʻoch jismi yoʻqoldi,/ Olamimni tutdi – hayo, nafosat./ Mitra ortda qoldi, Shams ortda qoldi,/ Rumiy tushlarimda menga yozar xat”, deydi. (“Sharq yulduzi” 2013 №1). Bunday ohorli satrlar esa ruhimiz uchun, shubhasiz, shirin oziq boʻla oladi.

Ibodat Rajabovaning “Quyosh suygan oltin darvoza” chiqishi (“OʻzAS”, 2013 yil 5 iyul)dagi: “Sim-sim” dedim, buloq koʻz ochdi, / Tilla baliq uchirdi varrak. / Qanotining bir chekkasiga, / Mendan dastxat oldi kapalak” kabi satrlar shoiraning badiiy tafakkuri tiniqligini, u ohorli obrazlar, qoʻllanmagan tashbehlarni osonlik bilan topa olishini namoyish qildi.

Agar oʻtgan yil mutbuotidagi sheʼrlar sheʼriyatni qanday bosqichga koʻtardi, degan savol qoʻyilsa, avvalo, 2013-yil sheʼriyati avvalgi davr sheʼriyatining eng yaxshi jihatlarini oʻzida mujassamlashtirgani va u kelgusi zamonlar sheʼriyatini tutashtiradigan mustahkam koʻprikka aylanganini taʼkidlash, u ruhimizga shirin ozuqa boʻla olishini qayd etish har jihatdan oʻrinli boʻladi. Sheʼriyatning oʻzani toʻlib oqqani taʼkidlanib, matbuotda yuzlab qalamkashning yozganlari eʼlon qilingani holda, hisobot maʼruzasi ayrim shoirlarning chiqishiga eʼtibor qaratilishining boisi esa shundaki, bu shoirlarning sheʼrlarida salmoqli fikrlar joʻshqin hislar bilan uygʻunlashtirilib, chiroyli, ohorli tashbehlarda ifodalangan. Ushbu sheʼrlar yillar oʻtsa-da, unutilmasdan yashashda davom etadi.

 

Abdulla ULUGʻOV

 

“Sharq yulduzi”, 2014–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.