Ruhiy iztiroblar talqini

0
1254
marta koʻrilgan.

Ulugʻ yozuvchi Odil Yoqubov oʻzbek romanchiligining taraqqiyotiga sezilarli hissa qoʻshgan ijodkorlardan biridir. Ayniqsa, tarixiy romanlari bilan oʻtmish voqeligini, oʻsha davr hayotini, tarixiy shaxslar siymosini asosli tasvirlagan. Shu jihatdan Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek kabi tarixiy shaxslar obrazi xarakterlidir. “Ulugʻbek xazinasi” romanining bosh qahramonlariga real tarixiy shaxslarni olar ekan, ularning xilma-xil ziddiyatlarida nutqning dialog shaklidan, ruhiy kechinmalar, oʻz botinidagi ziddiyatlarda esa ichki monologlardan unumli foydalanadi. Shuning uchun bu asarda til xarakterga, xarakter esa tilga oʻtadi. Bunday dialektik qonuniyat romandagi dialog va monologlarda, personajlarning oʻzaro toʻqnashuvlarida yanada yaqqolroq koʻzga tashlanadi.

Mirzo Ulugʻbek davrida ilm-fan, sanʼat yuksak darajaga koʻtariladi. Ammo taxt uchun kurashlar asta-sekin avj ola boshladi. Mirzo Ulugʻbek ijtimoiy muhitni oʻzgartirish uchun tinimsiz kurash olib bordi, oddiy xalqning hayotini yaxshilashga intildi. Bu holat quyidagi parchada ham yorqin boʻyoqlarda tasvirlanadi:

“Yo tavba! Bu toju taxtda ne sehr, ne sir-asror bor ekankim, unga oʻltirgan har bir kimsa darhol oʻzgaradi? Odamiylikni, umr bebaqo bir faqiru haqir ekanini darhol unutadi? Bu toju taxt, bu saltanat hech bir kimsaga vafo qilmasligini yodidan chiqaradi? Nainki shahzoda, bu taxt hattokim amirul muslimin atalmish Amir Temurga ham vafo qilmaganini tushunmaydi?”

Tarixiy manbalar ham Mirzo Ulugʻbekning xalqqa boʻlgan munosabatini, Movarounnahr farovonligi uchun fidoiyligini isbotlaydi. Romanda esa, xuddi shu ijtimoiy muhitdagi ziddiyatlar badiiy ifodasini topadi. Bu yoʻlda oʻz pushtikamaridan boʻlgan farzandiga qarshi borishga majbur boʻladi: “Vodarigʻ! Movarounnahr taxtiga bu mutaassib oʻltirsa saltanatning holi ne kechadi? Ilm ahlining boshiga ne anduh, ne kulfatlar tushadi? Ulardan burun koʻzi qonga toʻlgan bu nobakorning oʻz taqdiri ne boʻladi? Aql-idrok oʻrniga qilich birla ish tutgan qaysi mustabid hokimning taqdiri yaxshi boʻlibdurki, bul nodonning taqdiri yaxshi boʻlsin?”.

Oʻz davrining buyuk mutafakkiri olam sirlarini aniqlashga intilgan Mirzo Ulugʻbek, oʻz farzandining qalb olamini anglamaydimi? Yoʻq, u juda yaxshi his etadi va anglaydi, ammo oʻsha muhit Abdullatifdek farzandini otasiga qarshi kurashga imkon yaratadi. Abdullatifning asosiy maqsadi toju taxtni egallashdan iborat edi. Mirzo Ulugʻbek shohlikdan voz kechishi mumkinligini his etar, ammo taxt tepasiga oʻz manfaatini koʻzlovchi shaxslar kelishidan iztirob chekardi. Tarixiy sharoit murakkab ziddiyatlarni yuzaga chiqarmoqda edi. Mirzo Ulugʻbek atrofidagi yaqin beklar ham Abdullatifni zimdan qoʻllab-quvvatlardi. Mirzo Ulugʻbekning kechinmalaridagi iztiroblar orqali muhitning ziddiyatli kurashlari ifodasini topadi. U shohlik saltanatidagi hukmronlikdan emas, aksincha, qarama-qarshi kuchlarning kurashi avj olib borayotganligidan, yana oʻzaro kurashlar, gʻolibu magʻlubliklardan, farzandiga qilich koʻtarishdan ruhan azoblanadi. Ulugʻbek Mirzo ruhiy qiynoqlar iskanjasida qolgan edi. Axir qirq yilga yaqin adolat, haqiqat va ilm-sanʼatning rivoji uchun kurashgan boʻlsa-da, ammo bu kun shohlik, olimlik, yaʼni ikki qutbning bir qalbda mujassamlashgani va ularning ziddiyatga kelishi ham bejiz emas edi. Xalqning esa shohlik saltanatidan, nizolardan ozorlanishi tarixiy voqealar asosida talqin etiladi. Xalqning ayanchli qismati Mirzo Ulugʻbekka tinchlik bermasdi. Bu esa psixologik vositalardan biri xotira orqali qahramon ruhiyatidagi konfliktlarda yorqin lavhalar orqali aks etadi: “Ne qilay? Bu ayovsiz shahzoda qabringga sajda qilmoqqa ham ijozat bermadi. Oʻzing afv etgaysen, jannatmakon!… oʻzing sabr ato qilgaysen, Rabbano! Nahot endi u chindan ham bu sokin koʻchalardan yurmasa? Oʻzi bunyod etgan, chorak asr mudarrislik qilgan, eng masʼud damlari oʻtgan bu madrasai muazzamni qayta koʻrmasa?”.

Tarixiy voqelik va ijtimoiy hayotdagi ziddiyatlar shu asosda yoritiladi. Ulugʻbek yashab ijod etgan tarixiy sharoit qahramon kechinmalari orqali shaxs, jamiyat oʻrtasidagi bogʻliqlikni epik tasvirda namoyon qiladi. Qirq yilga yaqin hukmronlik davrida muruvvatli fuqaroparvar podshoh boʻlishga intildi, butun iqtidori, bor salohiyatini temuriylar davlatining rivoji, el-ulus osoyishtaligiga sarf qildi. Ammo hayotning shafqatsiz qarama-qarshiliklari keksaygan chogʻida qoʻliga qilich olishga majbur etdi. Adibning “qahramonning oʻtmish biografiyasiga qaytuvchi usul” orqali tarixiy voqealarni emas, qahramon kechinmalaridagi ruhiy konfliktlarni ham chuqurroq, tahlil etganligini kuzatamiz.

Asarda toju taxt kurashlari emas, ota va oʻgʻil oʻrtasidagi ziddiyatlar, adolat va adolatsizlik, haq va haqsizliklar ham jiddiy ifodasini topgan. Chunki u inson shakllanishida muhit rol oʻynaydi. Shaxs xarakteriga oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Bu jihatdan oʻrta asrlarda yorqin yulduz boʻlib porlagan Mirzo Ulugʻbek hayotining soʻnggi damlarida, uning nodir ilm xazinalaridan, bitgan asarlari-yu, suyukli shogirdlaridan, rasadxonasi-yu, buyuk temuriylar paytaxt etgan Samarqanddan benasib boʻlish arafasida oʻgʻli Abdullatif bilan qilgan quyidagi dialogiga eʼtibor qarataylik:

“… Menga hech narsa kerak emas. Bu toju taxt, saltanat, shon-shuhrat bari oʻzingga buyurgʻay! Otangga yolgʻiz rasadxonani inʼom etsang bas! Bir burda non, bir qumgʻon sovuq suv boʻlsa yetar. Azmim qolgan umrimni “Ziji Koʻragoniy”ni tugatib, mutolaa bilan kun kechirmoqdur!..

Shahzoda keskin burilib qaradi. Siyrak moʻylovining uchlari dikrayib, lablari titrab:

– Tagʻin rasadxona! Tagʻin “Ziji Koʻragoniy”, – dedi boʻgʻilib. Mudarris dastorini oʻragan barcha murtadlarni qanotingiz ostiga olib, din peshvolarini oyoq osti qilmishsiz! Bul uchun haq taoloning qahriga, paygʻambar alayhissalomning qargʻishiga uchrab, taxtu tojdan, saltanatdan ayrilmishsiz. Ammo istigʻfor aytmoqni tilamay, tavba-tazarru qilmoqni istamay, tagʻin rasadxonani oʻylaydursiz!..”

Ota va noqobil farzand oʻrtasidagi bu dialog ikki xil xarakterning ichki mohiyatini koʻrsatishga xizmat qiladi. Dialog bilan tanishgan kitobxon Ulugʻbek bilan Abdullatifni ota-bola boʻlsa-da, bir-biriga zid ikki olam deb tasavvur qiladi. Mirzo Ulugʻbek ota sifatida farzandi Abdullatifga achinadi, kuyinadi va oʻgʻliga otalik mehri joʻshib, nasihat qilmoqchi boʻladi. Lekin farzand Abdullatif buni, otaning begʻaraz niyatini toʻgʻri qabul qilmaydi.

Sohibqiron Amir Temurning suyukli nabirasi, butun umri eʼzozda oʻtgan, buyuk alloma Mirzo Ulugʻbek “bir burda non, bir qumgʻon sovuq suvga” rozi boʻlib, qolgan umrini ilmga, asarlarini tugatishga sarflamoqchi boʻlganida noqobil oʻgʻil otasining bu oliyjanob, pok niyatini oʻzicha masxara qiladi. Ota ilm-fandan, rasadxonadan gap ochsa, ochkoʻz farzand bobosi Amir Temur tillalarining yashiringan joyini otadan dagʻdagʻa bilan soʻrashga jurʼat etadi.

Bu oʻrinda Ulugʻbekning oʻziga xos otalik burchi, farzandiga aytmoqchi boʻlgan nasihatlari, ilm yoʻlidagi zahmatkashligi uning donishmand keksalarga xos quyidagi nutqi orqali namoyon boʻlganligini alohida taʼkidlashni istardik:

“ – Bu suhbatdan yolgʻiz muddaom – otalik nasihatimni bermoq edi. Taassuflar boʻlgʻaykim, senga padar nasihati emas, oltin kerak ekan!.. – Shahzoda gapini boʻlmoqchi ekanini koʻrgan Mirzo Ulugʻbek keskin qoʻl siltab: “Toʻxta!” deb buyurdi. – Ota soʻzi amri vojib, deb bilursenmi, yoʻqmi – ixtiyor senda. Va lekin soʻnggi nasihatimni eshit, xohla oʻz padaringni qatl et, xohla Movarounnahr sarhadidan haydab, darbadar qil – boz ixtiyor sendadur. Lekin yolgʻiz tilagim: ilm yoʻlida otang qilgan ishlarga, uning shogird va ustodlariga tegmagaysen. Tegsang… ota qargʻishiga uchrab toabad badnom boʻlursen!.. Ota rozi – Xudo rozi, yodingda boʻlsin: al qasos-ul minalhaq! Hech bir yomonlik intiqomsiz qolmaydur! Senga aytadurgʻon boshqa soʻzim yoʻq! Chaqir yasovulingni!”

Koʻrinadiki, bu dialogning oxiri Mirzo Ulugʻbekning monologik nutqiga aylanib ketgandek tuyuladi. Ulugʻbek oʻzi bilan oʻzi gaplashgandek, yuragini kemirayotgan zardali soʻzlarni nobakor oʻgʻliga toʻkib tashlaydi. Farzandiga amrimni, nasihatimni eshit, deb daʼvat qiladi. Ayni vaqtda taxtga oʻtirgan shahzoda oʻgʻlining mavqeiga mos holda “boz ixtiyor sendadur”, deydi. Bu oʻrinda alamzada otaning dil soʻzlarini oʻgʻliga aytishdan boshqa ilinji qolmagan edi. Bu holat esa yuqorida keltirilgan dialogda oʻz oʻrnida berilgan, yaʼni Mirzo Ulugʻbek nutqi tarkibida “ota qargʻishiga uchrab toabad badnom boʻlursen”, “ota rozi – Xudo rozi”, “hech bir yomonlik intiqomsiz qolmas”, “al qasos-ul minalhaq” kabi aforizmlarning berilishi ulugʻ alloma Ulugʻbek xarakterini tipiklashtirishga xizmat qiladi. Chunki hech bir ota oʻz jigarbandi, farzandiga yomonlikni ravo koʻrmaydi, uni nohaq qargʻamaydi. Lekin Abdullatif toifasidagi farzandlar oʻz otasining ilmini, ustozlari-yu shogirdlarini oyoq-osti qilar ekan, bu nobakor farzandlarning qilmishlari intiqomsiz qolmasligi ota bilan oʻgʻil oʻrtasidagi dialogda real aksini topgan. Real va tipiklashgan ota va oʻgʻil obrazlarining ruhiy holatlarini shundaygina koʻrsatib qoʻya qolmay, balki dialoglar vositasida, shiddatli tortishuvlar asosida koʻrsatishga intiladi. Bu romandan olingan qaysi bir dialogning jumlasiga eʼtibor bermang, ular asar gʻoyasini ochishga, personajlarning xarakteridagi tipiklik xususiyatlarini toʻliq gavdalantirishga boʻysundirilgan. Yozuvchining bu tarixiy romanida dialoglarga juda koʻp oʻrin berilganligini alohida taʼkidlash zarur.

Adabiyotshunos Y. Solijonov badiy asardagi dialog va monologlar haqida soʻz yuritib shunday yozadi: “Yozuvchi oʻz qahramonini yaratar ekan, unga maʼlum maʼnoda munosabat bildiradi: uni yo yoqlaydi, yoki inkor qiladi, uchinchi yoʻl yoʻq! Bunday munosabat avtor nutqi orqali qahramon portretini yaratishda, uning xatti-harakatlarini tasvirlashda, yon-atrofdagi narsa-buyumlarni ifodalashda, ruhiy dunyosini tahlil etishda koʻrinadi”.

Shunisi muhimki, asarda faqat Mirzo Ulugʻbek, Abullatif, Ali Qushchi kabi tarixiy shaxslargina emas, Salohiddin zargar, Qalandar Qarnoqiy singari toʻqima obrazlar ruhiyatini yoritishda dialog va monologlar ham yetakchi uslubiy vosita boʻlib xizmat qilgan.

 

Azmiddin NOSIROV

 

“Yoshlik”, 2014 yil 3-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.