Rudakiy

0
518
marta koʻrilgan.

(858-941)

 

Fors-tojik klassik adabiyotining buyuk namoyandasi, atoqli shoir va mutafakkir Abulhasan Rudakiy hozirgi Tojikistonning Panjakent tumaniga qarashli Panjrudak qishlogʻida dunyoga keldi. Juda yoshligidan boshlab sheʼr ayta boshladi. Uning shuhrati oʻsha zamonning mashhur hukmdorlari Somoniy podshohlarga yetib, u Buxoroga chaqirib olindi. Rudakiy Buxoroda zamonasining juda koʻp mashhur shoirlari, faylasuflari, tarixchilari bilan tanishdi, oʻzi ham turli fanlarni oʻrganish maqsadida zoʻr berib kitob mutolaa qila boshladi.

Rudakiy saroy shoiri boʻlishiga qaramay, oʻzining gʻazal, ruboiy va qasidalarida dunyoviy muhabbatni kuyladi, xalqning hayotini haqqoniy tasvirlashga intildi. Rudakiy yozib qoldirgan sheʼriy asarlardan bizgacha juda oz qismi yetib kelgan. Bu asarlar buyuk shoirning hayoti va ijodiy faoliyati haqida qimmatli maʼlumot beradigan ajoyib manba hisoblanadi. Rudakiyning “Qarilikdan shikoyat”, “May onasi” qasidalari, oʻnlab oʻynoqi, ravon, mazmundor gʻazallari kishini oʻziga maftun etadi. Bu asarlari bilan Rudakiy ijodi haqida ilmiy ish olib borgan adabiyotshunoslar uning “Kalila va Dimna”ni nazmga aylantirganligini qayd etadilar.

Rudakiy oʻzining progressiv dunyoqarashi va xalqparvarlik ruhi bilan sugʻorilgan ijodi orqali somoniylar saroyiga toʻplangan reaksion maddoh shoirlarga qaqshatqich zarba berdi. Saroy shoirlari va qoraguruhchi amaldorlar qarigan chogʻida uning ikki koʻzini oʻyib oldilar. Xoʻrlangan shoir oʻz vataniga qaytib, qashshoqlikda vafot etadi. Rudakiy Panjrudak qishlogʻiga dafn etilgan. Uning vatandoshlari hozir ham shoir yaratgan ajoyib qoʻshiqlarni yod aytib yuradilar.

 

 

Qarilikdan shikoyat

Tishim bari toʻkilib ketdi, durri gʻalton edi,

Ularni tish dema, balki chirogʻi tobon edi.

 

Oqish kumush edi-yu, xuddi durri marjon edi,

Buloqning qatrasi yoinki tongda choʻlpon edi.

 

Bironta qolmadi kurtaklanib, toʻkildi bari,

Bu qaysi nahs edi, nahs boʻlganda Kayvon edi?

 

Menimcha, nahsdan yo uzoq umrdan emas,

Ne boʻldi? Men eta qoʻysam qazoyi osmon edi.

 

Koʻzingni soqqasidek aylanib turuvchi jahon

Hamisha aylanadi, hamma vaqt gardon edi.

 

Qachonki dori-yu, darmoni ogʻriq oʻrnidadir,

Kezida ogʻrigʻi ham dori birla darmon edi.

 

Koʻz ochqucha toʻzitar u qayerda yangi esa

Dam oʻtmayin tuzatar u qaydaki vayron edi.

 

Talaycha bogʻning oʻrnini choʻl etib qoʻydi,

Va qancha bogʻlar oʻrni burun biyobon edi.

 

Sen, ey yuzi toʻlin oyday goʻzal, ne bilgʻaysan?

Besh-olti kun nari holim nechogʻli shodon edi?

 

Koʻpincha sen gajaging birla menga maqtanasan,

Gajak-gajak qaro sochim misoli chavgon edi.

 

Yuzim tekisligi atlas kabi zamon oʻtdi,

Mening sochim u zamonda qaro-yu qatron edi.

 

Chunonchi shuncha goʻzallik aziz mehmon ekan,

Qaytmagay yana. Besh-olti kunga mehmon edi.

 

 

Akram UZOQOV

 

“Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi xalqlari adabiyoti” (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent, 2007) oʻquv qoʻllanmasidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.