Romanda shaxs tasviri

0
1292
marta koʻrilgan.

Romanlar borgan sari mavzu-mundarijasi, ifoda yoʻsini, janr xususiyatlari, shaklu shamoyili jihatidan tobora turfalashib bormoqda. Bu janrda oʻn betga yetar-yetmas mini romandan tortib, birgina “t” harfi bilan boshlanadigan soʻzlardan iborat tetralogiyalargacha yaratilmoqda. Oʻtgan yilgi romanlarni mazmun-mundarijasi va ifoda yoʻsiniga koʻra tarixiy-biografik, avtobiografik-memuar, ijtimoiy-maishiy, tarixiy, falsafiy singari guruhlarga ajratish mumkin.

2015 yilda bir qator tarixiy-biografik va avtobiografik-memuar romanlar yuzaga keldi. Alohida bir odamning jamiyat oldida qadri oshuvi uning hayot yoʻliga qiziqishning ortganida koʻrinadi. Bu esa millat ahlining shaxslashayotganidan, ularda alohida odam taqdiriga qiziqish kuchayotganidan belgidir.

Shunday asarlardan biri Komil Avazning “Komil Xorazmiy” nomli tarixiy-biografik romani boʻlib, janr jihatidan muallif tomonidan “maʼrifiy-badiiy roman” deya belgilangan. Avvalo, romanni bu yoʻsin sifatlashda mantiq buzilganini qayd etish kerak. Negaki, bitikning “roman” tarzida nomlanishining oʻzida tabiiy ravishda “badiiy”lik koʻzda tutiladi. Agar badiiyligi boʻlmasa, uni roman deyish mumkin emas. Hatto, toʻligʻicha hujjatlar asosiga qurilgan asarga ham “hujjatli-badiiy roman” tarzidagi aniqlovchini qoʻllab boʻlmaydi. “Mashhur siymolar hayoti” turkumida yaratilgan ushbu asar ancha taʼsirli lavhalari bilan diqqatni tortadi.

Romanda nomlari chalkashtirib yuriladigan Muhammadniyoz va Pahlavonniyoz shaxslariga oydinlik kiritilishi, soliqlarning turlari va miqdori, musiqa, ayniqsa, maqomga doir aniq ilmiy maʼlumotlar berilishi, qoʻshiq bilan ashulaning farqi, Feruzning amakisi Sayyid Mahmudga berilgan “amir al-umaro” unvonining yanglish tarzda “Said amirul Umar” tarzida nomga aylantirilgani, shuningdek, xon va Komilning geniologik shajarasi berilgani asarga oʻzgacha maʼrifiy qiymat baxsh etadi.

Afsuski, asarning ifoda yoʻsini, obrazlar tizimida jiddiy takomillashtirilishi kerak boʻlgan oʻrinlar koʻp. Avvalo, asardagi yozuvchi nutqining sunʼiy, zoʻraki “tarixiy”ligi tishga tegadi. Birgina misol: “Kema daryo oqimiga vobasta shiddat bilan ravshi ravon boʻldi. Fasli rabiaʼ, ahli safar daryo kabi purjoʻsh”. Bu tasvirdagi soʻzlarning qoʻllanish yoʻsini taftish qilinmaganda ham tarixiy asarlar tarix uchun yoki shu kitobdagi personajlar uchun emas, bugungi oʻqirman uchun yozilganini hisobga olganda, muallif nega tilini bu holatga solayotgani tushunarsiz. Bu xil tasvir orqali muallif Komilni bizga yaqinlashtirish oʻrniga bizni Komilga yaqinlashtirishga urinayotganday tuyuladi.

Asarda sheva soʻzlariga ortiqcha ruju qoʻyish, oʻqirmanlar ommasiga tushunarsiz boʻlgan atamalarni qoʻllash, soʻzlarni oʻrinsiz ishlatish hollari koʻp uchraydi. Chunonchi, “tilsimiy hol”, “anoyi gʻurur”, “bir anoyi chiqdi”, “yitti tikilib”, “mirzaboshining hurmatiga musharraf boʻlishga bosh mezon boʻldi” singari soʻz birikmalari va tasviriy ifodalar oʻrinsiz qoʻllangan.

Yozuvchining roman qahramoni tabiatiga yondashuv borasidagi konsepsiyasi tayinli emas. Asarda Komilning Xorazm madaniyati, siyosati va iqtisodi rivojidagi katta oʻrnini belgilaydigan na shaxslik sifatlari va na arboblik jihatlari koʻrsatilgan. Qahramonning ichki olamini harakatga keltiradigan asos topilmagani uchun konflikt tashqaridan qidirilib, Feruzning shoirni yoqtirmasligi, xizmatlarini payqamasligiga urgʻu berilgan. “Komil Xorazmiy” deb nomlagan asarda shoirning oʻnlab sheʼrlaridan misollar keltirilgan. Lekin ularning birortasida shoir Xorazmiy taxallusini qoʻllamagan. Zero, mutaxassislar shoirning oti Pahlavonniyoz boʻlib, taxallusi Komil ekanini alohida taʼkidlashgan. Lekin muallif shoirni Komil Xorazmiy tarzida atayveradi. Yozuvchi romanida Gandimyon sulhini tuzishda Pahlavonniyoz qatnashmagan degan qarashni oʻtkazmoqchi boʻladi. Holbuki, asarda Kaufmanning Komilni devonbegi qilishga xon Feruzni deyarli majburlagani tasvirlanadi.

Yozuvchi Nabi Jaloliddin oʻzining “Tegirmon” asari janrini “Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon haqida roman” deya tayin etadi.

Retrospeksiya usulida bitilgan romanda badiiy obʼyektning tabiatini ayon etishga xizmat qiladigan oʻrinlar anchagina, “… boʻz yaktagi ustidan bogʻlagan chit belbogʻining tuguni uzra qoʻl qovushtirdi” singari topib ishlatilgan ifodalar ham talaygina.

Yosh Choʻlponning: “Inqiroz nafaqat qorin-qursoqqa, hatto kishilar ruhiyatiga ham oʻtdi. Ona Turkiston bemor, ogʻir xasta. Umuman, yurtda odamlarga, ularning taqdiriga beparvolik, loqaydlik, aytilgan soʻzga vafosizlik avj olmoqda” shaklidagi oʻylari haqqoniy. Ham oshiq, ham elu yurti haqida qaygʻuradigan yigit oʻylarining: “Ana oʻsha shoʻring qurgʻur qashshoq xalq mudom qashshoq, oʻyladi Abdulhamid, nima qilmoq kerak? Bu yoʻqsillikning, chorasizlikning chorasi bormi?! Yuragi ezildi, lovullab yondi. Bundan qutulish niyatida shuurining bir chetiga Obidaning xayolini jonladi: ne javob yozarkin?” tarzida aralash berilishi muallifning yutugʻi. Bu tasvirni ham yurt qaygʻusida, ham ishq oʻtida yonayotgan yigit ong oqimining jonli manzarasi deyish mumkin. Lekin romanda Choʻlpon koʻrinishining tasviri millat ahli tasavvuridagi Choʻlpon suvratiga uncha mos emas, shoirning portreti, gap-soʻzlarining baʼzi oʻrinlarda jimjimador tasvirlanishi realistik ifoda yoʻsiniga muvofiq emas.

Romanchi: “Behbudiy Buxoro jadidlarinig peshvolaridan edi”, deb yozadi. Holbuki, tarixiy haqiqat Buxoro jadidlariga Behbudiy yetakchi boʻlmaganini bildiradi. Asarning yana bir oʻrnida: “Behbudiy oʻtgan yilgacha Buxoro amirligining shariat noziri, yaʼni muftiysi edi”, deya oʻqirmanlarni chalgʻitadi.

Negadir, yozuvchi Zaki Validiy, Tinishboyev, baʼzan Asadullaxoʻjayev, Mustafo Choʻqayev singari tarixiy shaxslarni yorqin boʻlmagan koʻrinishda tasvirlashga urinadi.

Romanda: “Aksari jadidlar, masalan, Asadullaxoʻjayev, Choʻqayev kabilar Turkiston taraqqiysini Oʻrusiya “bagʻrida” koʻrishardi” tarzidagi daʼvolar bor. Shuningdek, romanda Behbudiyning yosh Choʻlponga shahidlik qismatini bashorat qilishi ham oʻrinsiz va ishonarsiz chiqqan:

Professor Dilmurod Quronovning romanga yozgan soʻngsoʻzida aytilganidek, asarning koʻp oʻrinlarda “dispozitsiya kompozitsiya”ga aylanmay qolganidan, badiiy tasvir oʻrnini tarixiy axborot egallagan.

2015 yilda dunyo yuzini koʻrgan bir necha roman avtobiografik tabiatga ega. Muxtor Xudoyqulovning “Muyulishdagi uy” asari “roman-esse” deb belgilangan. Bitikda muvaffaqiyatli tasvirlar, yodga muhrlanib qoladigan nutqiy oʻziga xosliklar anchagina. Personajlar nutqi juda oʻrinli topilgan. Asarda ham qiziqarli, ham ijtimoiy salmoqqa ega, ham shaxs tabiatini ochishga xizmat qiladigan voqealar tasviri talaygina, lekin koʻpincha obrazlarning ruhiyati ochilmagan.

Roman-essedagi koʻpgina tasvir va ifodalar jonli ekani bilan diqqatni tortadi. Quyidagi tasvirda esa oʻzbekning ruhiyatidagi milliy kolorit oʻta ishonarli berilgan: “Ota-onam oʻzimni yolgʻiz yuborishga koʻngillari boʻlmay hamroh qidira boshladilar. Shunda qoʻshni Bagʻdod qishloqlik bir boyning oilasi bilan oʻz aravasida Buxoroga yoʻl olishayotganliklarini eshitib, shular bilan esh-u qoʻsh boʻlib ketishsin, deb ulardan iltimos qilishdi. Boy buva “mayli”, depti, ammo aravada boyning xotini borayotganligidan unda faqat mening yukim – xurjunimga joy topildi xolos, oʻzim esa yonlarida piyoda yoʻlga tushdim”. Bu tasvirdagi ota-onaning oʻgʻlini yolgʻiz joʻnatgisi kelmagani ham, ayol borligi sabab boyning aravasiga chiqarilmagani ham milliy ruhiyatimizga toʻla mos. Quyidagi nutqiy parcha bolajon oʻzbek ayolining tabiatini aks ettirishi jihatidan qimmatli: “Ishqilib, iloya iloyakam jufti halolimga bergan soʻzimning ustidan chiqay, yetimchalarni sogʻ-salomat katta qilib olay”.

Birovga yomonlik qilish mumkinligini tasavvurga ham sigʻdira olmaydigan oʻzbek ayoli ruhiyati tabiiy aks ettirilgan, suyuklisini kutayotgan sodda boʻy qizning: “Amiri bilan nima ishim bor, ishqilib, mulla akam sogʻ-salomat kelsa boʻldi” tarzidagi orzusi ifodasi bir yoʻla soʻzlovchining ruhiyati va darajasini koʻrsatishi bilan qimmatli.

Ammo asarda ruhiy tahlil, personajlar tabiatini tadqiq etish mutlaqo yoʻqligi sabab voqealar odamlarga emas, balki odamlar voqealarga ilova boʻlib qolgan. Roman janridagi asarga badiiy obrazlarning ichki olamini tadqiq etish xosdir. Afsuski, yozuvchi timsollarning ichki dunyosi tasviri bilan aslo qiziqmaydi. Muallif juda qiziqarli fabuladan personajlar feʼlu xoʻyini ochishga xizmat qiladigan tarang syujet yarata olmagan. Roman ifoda shaklining oʻziga xosligi, yaʼni otaning uch martalik, katta enaning bir martalik, onaning ikki martalik hikoyasi va har bir hikoya soʻngida muallifning “ikki ogʻiz ilova” qilishi muallifning tasvir imkoniyatini cheklab qoʻygan. Shuningdek, bitikning nomi ham oʻrinli emasday. Avvalo, Shoyim Boʻtayevning xuddi shu nomdagi qissasi bor. Ikkinchidan, uyning muyulishda ekani emas, balki davrning betayinligi, uning kishi ruhiyatidagi tuban jihatlarni avj oldirishga qaratilgani tasviriga diqqat qaratilsa, tuzuk boʻlardi.

Anvar Obidjonning “Ajinasi bor yoʻllar” asari ham muallif va uning atrofidagi kishilar hayot yoʻlini koʻrsatishga qaratilgan. Yozuvchining imkon qadar rostgoʻy va samimiy boʻlishga intilgani ushbu asarning bosh fazilatidir. Muallif va bosh qahramon bitta shaxsda namoyon boʻlgan bu xil bitiklarda xolis boʻlish, yetakchi timsol tabiatidagi kamchiliklarni ham koʻrsatish juda qiyin kechadi. Shuningdek, muallifdan tamomila shaxsiy xususiyatga ega voqealarni oʻzgalargada qiziqarli qilib tasvirlash mahorati ham talab etiladi. Anvar Obidjon bu ikki jihatni ham bekam-koʻst uddalagan deyish mumkin. Muallifga xos yumor nafaqat boshqalar, balki oʻz shaxsiyatiga doir holatlar tasvirida ham asarni bir zum boʻlsin tark etmagan. Romanda hayotdan oʻz oʻrnini topishga, “men”ligini koʻrsatishga, boshqalarni yetovida yurgizishga ishqiboz bolakay Anvarga xos shaxslik qirralari juda tabiiy tasvirlangan.

Moddiy tomondan toʻkis oilada oʻsayotgan Anvarning kambagʻal koʻrinishga intilgani, boshqa bolalarga oʻxshab yupunroq boʻlishni yaxshi koʻrgani, oʻzining toʻqligidan uyalgani: “Barchadek boʻlishni istardim, oʻzgalardan farqlanib,… ajralib turishni yoqtirmasdim” kabi iqrorida yaqqol boʻy koʻrsatadi. Ayni vaqtda uning tengdoshlari oʻrtasida obroʻ qozonishga, ularga hukmini oʻtkazishga intilgani, buning uchun oʻz tengilar qolib, kattaroqlar bilan ham mushtlashavergani, oʻrni kelganda quvliklar qilib vaziyatdan chiqib ketishga uringani, qizlarga ayricha munosabati, teshik tufli kiyib yurgani holda ritsarlik qilmoqchi boʻlgani aks etgan oʻrinlar asardagi tasvirning tabiiy va oʻqishli chiqishini taʼminlagan.

Dehqon togʻa bilan Bozor togʻa degan katta odamlar qutqusiga uchib, yangi kiyimbosh bilan oʻzini suvga otib, choʻkib ketay degani, ustaning gapiga kirib, vilosipedlarning kamerasiga igna sanchib chiqqani, doʻkondan kitob oʻgʻirlagani, ayni vaqtda sheʼrlar ham yozgani holatlari tasvirida shaxsiyati shakllanayotgan bola tabiatidagi chigal maʼnaviy sifatlar bor murakkabligi bilan tasvirlangan. Oʻspirin yoshidagi qahramonning: “… yozayotganimda daftarimning varagʻidan tutun koʻtarilayotgandek, sal oʻtmay lov etib yonib ketadigandek tuyulardi” tarzidagi iqrori samimiyligi bilan diqqatni tortadi.

Sal ulgʻayib, kinomexanik, traktorchi, konchi, kutubxonachi, talaba, askar, tabelchi singari turli yumushlarda ishlab, biroz pul topgach, hatto, otasigada tepadan kelib muomala qila boshlagandagi holatining “… roʻzgʻorning asosiy tayanchiga aylanayotganimni qancha koʻp his qilsam, burnim shuncha koʻtarilib, oiladagilarga muomalam dagʻallashib borayotgandi. Menga salgina nasihat qilmoqchi boʻlishsa ham goh ayamni, goh hatto dadamni jerkib beradigan odat chiqardim” tarzidagi tasviri odam uchun minnatdan tozalanish qanchalar qiyin ekani koʻrsatilgani bilan ahamiyatlidir.

Bu avtobiografik romanga xos muhim jihat shundaki, muallif biror oʻrinda oʻziga mahliyo boʻlib qolmaydi, xato qilgan joylarida oʻzi haqidagi tasvirning tanqidiy darajasini pasaytirmaydi. Chunonchi, oʻlim toʻshagida yotgan otasiga uning doʻkonidan kamomad chiqqanini aytgani toʻgʻrisida: “Oʻshanda yigitdek vazmin turolmaganim, doʻkonning qarzidan qutulish masalasida dadamga injiqlanib gap ochganim, dadam meni tinchlantirishga tirishib, qoʻrqma, tirik qolsam, javobini beraman, oʻlib ketsam, senga yopishib olishmaydi, deb iztiroblangani esimga tushsa, birovlarga qamchi tutqazib, oʻzimni ayovsiz savalatgim keladi hanuz” tasviri ham haqqoniyligi, ham taʼsirchanligi bilan diqqatga loyiqdir.

Oʻroz Haydarning “Bugʻdoyzor oralagan soʻqmoqlar” asari janri roman-esse deb belgilangan. Asar avtobiografik boʻlib, muallifning bolaligidan tortib, bugungacha boʻlgan umri davomida diqqatini tortgan, yodida qolgan narsa-hodisa va kimsalar haqida. Bitikda bugun va ertaning ildizini kechadan izlash kerakligiga ishora qilinadi. Ota-bobolar tabiatidagi bir koʻp ezgu sifatlar muallif va akasi Nazar Shukur tabiatida namoyon boʻlganiga urgʻu beriladi. Yozuvchi uchun xotira shunchaki bolalikda boshidan oʻtgan qiziq voqealarni eslash emas, balki ular orasidan Oʻroz, Nazar va Shoimnazarning ulgʻaygan paytdagi ruhiy-maʼnaviy sifatlari va tabiatlaridagi oʻziga xoslikning urugʻlarini izlab topish yoʻli hamdir.

Muallif personajlar tabiatiga zugʻum qilmaydi. Oʻzi ham hikoyachi, ham bosh qahramon boʻlgan asarda tasvirda imkon qadar xolis boʻlishga intiladi. Oʻzining feʼliga xos yoqimli boʻlmagan qirralarni silliqlamay koʻrsatishga tirishadi. Kitobdagi koʻpchilik tasvirlar qahramon tabiatini yaqqol koʻrsatishga xizmat qildirilgan. Chunonchi, “Momom boshimni silaganda, yoqimli farogʻatdan koʻzlarim yumilib ketardi. Ukam Shoimnazar otamni etagidan tushmaganidanmi, momomning yonida koʻp boʻlmasdi, ikki koʻzi otamni poylash bilan oʻtardi” tasvirida aka-uka bolakaylar tabiatiga xos qirralar gʻoyat tabiiy koʻrsatilgan.

Maktabni bitirgach, shaharga ketishi kerak boʻlgan asar qahramoni oldiga otasining bir qishlik somon yiqqandan keyingina oʻqishga borasan tarzida shart qoʻyishi, ukasi bilan kun boʻyi qilgan mehnati mahsulini shamol uchirib ketgani, oʻn kun choʻlda somon yigʻib otasi belgilagan “norma”ni bajargachgina shaharga ketgani singari tasvirlar shunchaki qiziqarli hayotiy lavhalar tasviri emas, balki odamiylik va iroda saboqlari sifatida ham qimmatlidir.

Roman-esseda muallif oʻz yaqinlarini tavsiflashdan koʻra ularni harakatda koʻrsatishga urinadi. Shukur bobosining choʻrtkesar, achchiqsoʻz, dangalchi ekani aytilmaydi, balki uning oʻzgalar bilan muloqoti asosida koʻrsatiladi: “Erkak gapirganda, ayalni… koʻylagini kiymay gapirish kerak, mulla Gʻaffor”. Bu – bir soʻzli, keskir boboning tabiatiga mos ifoda. Muallif personaj nutqi orqali uning tabiatini yaqqol koʻrsatishga erishgan.

Asarda gʻoyat qisqa umr koʻrgan isteʼdodli shoir Nazar Shukur nomi roman-essening boshidan oxiriga qadar turli lavhalarda tez-tez tilga olinib tursa-da, yaxlit timsol darajasida koʻrsatilmagan. Uning bolalikdan parvozga, kashfiyotga intiladigan, tirishqoq, mehnatkash va kechirimli ekani, ukalari yoki tengdoshlari singari turli shoʻxliklarga ishqiboz emasligi, odam va jonivorlarga mehribonligi ishonarli tasvirlangan. Talabalik paytida bir-birini onadan soʻkkan aka-ukalarning uyidan betoʻxtov chiqib ketgani singari holatlar tasvirida Nazar shaxsiyatidagi asl qirralar ayon boʻladi. Nazarning oʻta tortinchoqligi sabab joʻrasi Namozni shoir sifatida koʻrsatishi kabi tasvirlarda koʻngillarga titroq soladigan samimiy sheʼrlarni ana shunday yurak egasi yaratishi seziladi.

Roman-esseda bir qator kamchiliklar ham bor. Avvalo, turli yillardagi xotiralar har xil yoʻnalishda aks etgan asarni tutib turadigan mustahkam tasviriy ustun topilmagani sabab kompozitsion jihatdan tarqoq. Ayniqsa, talabalik hayoti tasviridan keyingi voqealar tasvirida kalavaning uchi yoʻqotib qoʻyilgan. Oʻzi bilan Nazar toʻgʻrisidagi bolalik va talabalikdagi xotiralardan keyin, birdaniga “Insoniy zulm qotili” tarzida sarlavha qoʻyib Chexov ijodi tadqiqiga yoki “Borxes olamiga sayohat” sarlavhasi bilan uning ijodini tekshirishga, undan Ivan Bunin, Valentin Katayev ijodi tadqiqiga oʻtib ketishi, ulardan el orasidagi oddiy odamlar va keyin mahalliy ijodkorlar davrasiga doir voqealarni tasvirlash, undan soʻng Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayevlarga bagʻishlangan ilmiy maqolalar berilishi oʻrinli chiqmagan. Bular bir roman jonli vujudining ayrilmas boʻlagi emas, bir joyga toʻplangan turli mavzudagi esselar yigʻindisi boʻlib qolgan.

Turob Maqsudning “Qaytmas toʻlqinlar” deb nomlangan besh kitobdan iborat romani ham muayyan darajada avtobiografik xarakterga ega. Toʻgʻri, bu beshlikning bosh qahramoni va roviysi boʻlmish Quddus muallifning aynan oʻzi emasligini yozuvchi alohida taʼkidlagan. Ayni vaqtda asarda muallif tarjimai holiga tegishli oʻrinlar moʻl-koʻlligi ham sezilib turadi. Ushbu roman oʻz tabiati va qamroviga koʻra – oʻzbek adabiyoti uchun yangilik. Unda adabiyotimizda birinchi marta inson umrining ilk besh davri tizimli yoʻsinda tadrijiy tasvirlangan.

Aytish kerakki, asar – voqealar romani emas, balki ruhiy tovlanishlar, kechinmalar romani. Unda odamning dunyoga kelganidan balogʻatga yetganigacha boʻlgan oraliqdagi sezim va tuygʻular aks etadi. “Qaytmas toʻlqinlar”ning avvalgi uch qismi Ekzyuperining “Kichkina shahzodasi”ga oʻxshab ketadi. Bu asarda ham kattalar dunyosi goʻdaklikdan to balogʻatga yetguncha boʻlgan yoshdagi bolaning nazari orqali tasvirlanadi. Unda ham “Kichkina shahzoda”dagi kabi olamni bola nazari bilan koʻrishning mevasi boʻlmish gʻaroyib suvratlar berilgan. Asar qahramoni Quddus – goʻdaklikdan atrof olamni va oʻzini tanishga tinimsiz urinadigan bolakay. Romanda bola tabiati ishonarli berilgan. U olam va odamlarning oʻzi koʻrganiday ekanidan shubhalanmaydi. Shuning uchun ham opasi Saodatning notanish yigit bilan gaplashib oʻtirganini onasiga aytib quvontirmoqchi boʻladi, maslahatga ammasinigina chaqirishi kerak boʻlganda barcha oʻrtoqlarining onalarini ham aytib keladi, hali unashtirilmagan “pochcha”sini koʻrganidan otasiga suyunchilaydi. Asarda bola ruhiyatidagi qirralar juda bilgichlik bilan koʻrsatiladi: “Voy bu bola qanday erta turadi-ya” deyishgani sari har kuni erta turishga harakat qilaman, saharda qanday uygʻonib ketganimni oʻzim ham bilmayman. Koʻz ochganimda, dadam endi tahorat olayotgan boʻladi, apil-tapil yuzimni yuvib, dadam bilan ayamga kelishtirib salom beraman, soʻng yostigʻim tagidagi qoʻngʻiroqni olib, jaranglatganimcha qichqira boshlayman. Ayam bilan dadam zavqlanib kulgan sari avjiga chiqaman”. Bu qiziqarli tasvirlarda deyarli har bir oʻqirman oʻzini koʻrganday boʻladi. Bolalikda koʻpchilikning koʻnglidan shu kabi tuygʻular kechgan boʻladi.

Romanning sintaksisi oʻziga xos. Muallif oʻnlab gap boʻlishi kerak boʻlgan juda katta jumlalar tuzadi. Hatto, asarning “Bolalik” deb nomlangan qismida 172 soʻzdan iborat bitta gap ham bor. Qizigʻi shundaki, bu jumlalar oʻqirmanga ogʻirlik qilmaydi, yengil oʻqilaveradi.

Qoraqalpoq yozuvchisi Kengesboy Karimov qalamiga mansub “Ulugʻ dasht boʻrilari” tarixiy romanida qadim turkiy bobolar hayoti aks ettirilgan. Romandagi “Turk yigitlari otning qulogʻida oʻynaydigan chavandoz, kamon tortganda qoʻli qulogʻiga yetadigan mergan va dovyurak edi” yoʻsinidagi gʻoyat obrazli ifodalar, “Kunchiqar tomondan, togʻlar ortidan nurdan yaralgandek tulpor qoʻshilgan quyosh aravasi shoshib kelmoqda edi” tarzidagi shoirona tasvirlar oʻqirman diqqatini tortib, kayfiyat uygʻotadi.

Badiiyat nuqtai nazaridan romanda anchagina kamchilik bor. Bundan bir yarim ming yil oldin oʻtgan voqealar tasvirlangan asarda “Shatakka olgan otlarim” tarzidagi ifoda ishlatilgan. Koʻp oʻrinlarda tarixning haqiqati badiiyatning haqiqatga aylanmaganidan odamlar tarixdagi voqealarga ilova boʻlib qolgan. Aslida romanda odamlar tarixiy voqealarning yaratuvchi va ishtirokchisi sifatida aks ettirilishi kerak. Ifodasi juda gʻaliz oʻrinlar ham bor. Ehtimol, ular tarjimonning aybidir. “Oʻn chogʻli odam har tomonidan ushlab turgan buqaga yaqinlashishga hech kimning yuragi dov bermay turganligi koʻrinib turgan boʻlsayam, unday boʻlmay chiqdi” tasviri juda gʻaliz va noaniq. Romanda goh voqealar, goh urugʻlar, goh xotiralar tasvirining sanogʻi koʻpayib ketgan. Asarning ayrim oʻrinlarida qoʻllangan retrospeksiya usuli oʻzini oqlamagan.

Romanda favqulodda dovyurak bola sifatida tasvirlangan, toshbitiklardan bizga yaxshi maʼlum Kultegin timsoli tasvirining bolaligidagi holicha qolib ketganini ham fazilat deb boʻlmaydi. Bu tarixiy asarda yetarlicha ishlov berilmaganidan yaxshi badiiy yaratiqqa aylana olmay xomashyoligicha qolib ketgan. Asarda axborot, maʼlumot koʻp boʻlgani holda odamning ichki dunyosiga deyarli kirilmagan.

Qoraqalpoq yozuvchisi Murodboy Nizonovning “Dushman” asarini qoraqalpoq elining tabiati, etnik xususiyatlari, udumlarining oʻziga xos badiiy ifodasi boʻlgan deyish mumkin. Chorakam bir asr davomida elatning boshidan kechgan voqelik konkret insonlar taqdiri misolida juda jonli koʻrsatib berilgan. Asarda Otanazar, Xudoynazar, Irisnazar kabi uch avlod boshidan oʻtgan tahlikali hayot tarzi jonlantirib berilgan.

Romanda kattayu kichik, yaxshiyu yomon odamlar taqdiri butun murakkabligi bilan aks ettiriladi. Chunonchi, Xudoynazarga: “Ahmoq! Sen hali Xudo bor deb yuribsanmi? Kerak boʻlsa, oʻsha Xudoying bilan qoʻshib seni Sibirga haydataman!” – deb pishqirgan va umri soʻnggida oʻlsam, oʻligimni oʻzingiz yuving deb yalingan Abdikarim, dushmaniga ham yaxshilik qilib kelgan, lekin umri shomida elidan chiqib ketishga majbur boʻlgan Xudoynazar qismatlari taʼsirli ifodasini topgan. Qoraqalpoq xalqiga xos “Eldan qoʻshchi ketganini koʻrgan edimu, biroq boshchi ketganini koʻrmagan edim”, “Maʼqul soʻzga mol moʻraydi”, “It gina qiladi, egasi sezmaydi”, “Odam uch kundan keyin doʻzaxga ham oʻrganadi” singari maqollarning oʻz oʻrnida qoʻllanishi asarga koʻrk boʻlgan.

Lekin nazarimizda romanning nomi oʻzini oqlamaganday. Negaki, “dushman” atamasining kimga qaratilgani asar matnidan yaqqol anglashilmaydi. Ikkinchidan, XX asrning 17-yilida boʻlib oʻtgan toʻntarish davri tasvirida qamishdan qilingan qaqirlarda yashayotgan qoraqalpoqlar xuddi oʻris mujiklari kabi “pechka”dan foydalangani tasviri kishida ishonchsizlik uygʻotadi. Asarda tatar, oʻris, nemis, qozoq obrazlari tasviri boʻlgani holda biror oʻzbek timsoli uchramaydiki, bu bizningcha, hayot haqiqatiga mos kelmagani kabi badiiy haqiqat yuzaga chiqishiga ham xizmat qilmaydi.

Roman Gʻafur Shermuhammad tomonidan tarjima qilingan. Lekin Seyit, Seyip, Quday soʻzlari ishtiroki bilan yasalgan qoʻshma otlarni oʻzbekcha berish, “dada” singari qoraqalpoq uchun begona soʻzni umumturkiy shaklda ifodalash toʻgʻriroq boʻlardi.

Ulugʻbek Hamdamning “Yoʻl” romani bultur yaratilgan romanlar orasida Olloh, olam, odam va uning bu dunyodagi oʻrni haqidagi falsafiy oʻylar aks etgani bilan ajralib turadi. Ulugʻbek butun ijodi, ayniqsa, “Yolgʻizlik” qissasidan buyon oʻzini izlayotgan, oʻzini topishga urinayotgan, oʻzi sari adoqsiz yoʻlga tushgan yoʻlovchilarni tasvirlashga eʼtibor qiladi. Yozuvchining odatdagi bitiklardan tubdan farq qiladigan bu romanida syujet va uning tugun, konflikt, voqealar rivoji, yechim singari odatiy unsurlari deyarli yoʻq. Asarning fabulasi ham real hayotdan koʻra koʻproq xayolot va tasavvurdan olingan. Unda hayotiy reallik bilan badiiy reallik qoʻshilib, uygʻunlashib ketgan. Ulugʻbek Hamdamning bitigiga badiiy asardan koʻra Nitsshening “Zardoʻsht tavallosi” asari singari badiiyat bilan ilmiylik omuxtalashib ketgan falsafiy yaratiq sifatida qarash toʻgʻriroq boʻlar.

“Yoʻl”dagi adabiy personajlar, ularning badiiylik darajasi haqida gapirish qiyin. Birinchi shaxs nomidan hikoya qilayotgan roviy-muallifdan tortib, asar bilan tanishgan har bir oʻqirmanning oʻzini ham ushbu romanning qahramoni sifatida koʻrsatish mumkin. Chunki asar qahramoni tushgan holat, uni tinimsiz bezovta qilgan savollar har birimizga tanish va tegishli.

Asarda Olloh, olam, odamlar, qahramonning oʻzi va bularning har birining hayotdagi oʻrni toʻgʻrisida tinimsiz oʻy suradigan, oʻzgalarni bilishga, oʻzgalarni bilish orqali oʻzini tanishga uringan, oʻzini tanish orqali Yaratganga qoʻshilishga intilgan yoʻl odamining boshi keti yoʻq oʻy-mulohazalari aks etgan. Muallif uch oʻlchamli zamonga bir oʻlchamli hodisa tarzida yondashadi. Shu bois asarda hikoyachi-qahramon, Umar Xayyom, Mashrab, zamondosh doʻst singari timsollar yonma-yon kelaveradi. “Yoʻl” romanida mashhur “Ichindagi ichindadir” asarining taʼsiri yaqqol seziladi. Muallif falsafiy roman kompozitsiyasini oʻziga xos yoʻsinda qurgan. Unda hayot bilan xayol, borliq bilan roʻyo yonma-yon kelaveradi. “Bir piyola suv”, “Vatan haqida qoʻshiq”, “Soʻz bilan yuzma-yuz” singari oldinroq yaratilgan hikoyalar bitik tarkibiga juda tabiiy ravishda singdirib yuboriladi. Romanning “Tushdan oldingi voqea”, “Ilk tush”, “Keyingi tush”, “Keyingi tushning davomi”, “Uchinchi tush”, “Zamindan samoga parvoz” singari koʻplab kichik boʻlimlarga ajratilgani syujetga qiziqarlilik bermasada, tasvirga tushunarlilik baxsh etgan. Asarda oʻn sakkiz ming olamdagi barcha narsalardan mukarram qilib yaratilgan odamning oʻz martabasiga munosib boʻlishi uchun nima qilish, qay sori yoʻl bosish kerakligi muhokama etiladi. Bitikning bosh qismida otsiz qahramonning uchishi qayta-qayta tilga olinadiki, bu bejizga emas. Uchish, yaʼni yuksalishga qodir shaxsgina oʻzligini izlaydi.

Asarda ayrim kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilgan. Chunonchi, muallif baʼzi soʻzlarni qabul etilganiday emas, balki oʻzi xohlaganiday qoʻllaydi. Romanning ayrim boʻlimlari, xususan, “Mutakabbir kimsa, doʻst va dushman” singari boʻlimlar oʻta kitobiy tilda yozilgan boʻlsa, Valya xolaga tegishli lavhalar qanday yuk tashiganligi tushunarli emas.

Yozuvchi Abduqayum Yoʻldoshning “Daryo” romanida Sirdaryoning tabiati emas, balki daryoga tegishli odamlarning betakror qiyofalari tasviriga eʼtibor qaratilgan. Yozuvchi daryoga daxldor odamlar ruhiyati va oʻzaro munosabatlarini bor koʻlami bilan aks ettirishga uringan.

Daryo timsolidan voqealar kechadigan jugʻrofiy makongina emas, balki asar ritmikasini belgilaydigan vositasi sifatida ham foydalanilgani asarga oʻzgacha joziba baxsh etgan. Butun asar davomida daryoga xos dolgʻa, qudrat, koʻlam, kenglik, sokinlik singari jihatlar badiiy tasvir talabiga muvofiq oʻrni bilan namoyon boʻladi. Tinimsiz oqayotgan daryoga xos turlicha marom bitikning ichki musiqasini tashkil etadi.

“Daryo” romanidagi Rustam, Dilobar, Tolyan, Tosh timsollarini oʻzbek adabiyoti uchun tom maʼnodagi yangilik deyish mumkin. Adabiyotimizda nafs yetovidagi kimsalar juda koʻp tasvirlangan. Lekin romandagi har bir timsol oʻziga xos qaytarilmas jonli odam sifatida tasvirlangani bois ularning tutumlari oʻqirmanni ishontiribgina qolmay, oʻz taqdirlariga sherik ham qiladi.

Romandagi asosiy timsollardan biri Dilshodga uzoq vaqt davomida oʻta sadoqatli doʻst boʻlib koʻrinishning uddasidan chiqadigan sirtdan sodda, aslida ayyor va xiyonatkor Mansur ham alamzada. Lekin uning alamzadaligi suvlanadigan qaynoq ham, bularning miqyosi ham oʻzgacharoq. Asarda tasvirlanishicha u: “Aqlini taniganidan beri ichkilikka mukkasidan ketgan otasidan faqat soʻkish, haqorat eshitadigan, uyda er-xotining adogʻi yoʻq janjallaridan, bunday paytlariga bir-birlariga aytadigan eng razil, eng iflos, eng tuban… qargʻish-iddaolaridan bezib qolgan, alal-oqibat bularning hammasini tashlab, olis-olislarga ketaman, yangicha hayot boshlayman deya ahd qilib yurgan…” omadsiz yigit. Mansur – munofiq, omadsiz, alamzada, kinchi, xiyonatkor, ammo qotil emas. Shu sabab eng yaqin va begʻaraz doʻsti Dilshodni sota olgani holda uni ota olmaydi. Ha, otmaydi emas, balki ota olmaydi! Yozuvchi asardagi har bir personajning ruhiy-amaliy imkoniyatini gʻoyat aniq hisobga oladi.

Milliy adabiyotimizda yovuz kimsalar koʻrinishdan ham xunuk va yoqimsiz qilib koʻrsatilar edi. Xalqimiz orasidagi: “Tusi yaxshidan tugilma” naqliga badiiy tasvirda ham koʻpincha amal qilinardi. Abduqayum romanda oʻzgacha yoʻldan boradi: u ustomon va shafqatsiz Rustamni tashqaridan gʻoyat bejirim, kelishgan, isteʼdodli odam sifatida koʻrsatadi. Yuzsiz, shallaqi va tuban Dilobarni esa har qanday qaltis holatda ham oʻzini yoʻqotmaydigan, sovuqqon, topqir, gʻoyat goʻzal qiz sifatida tasvirlaydi.

Asarda oʻzbek soʻzining har qanday nozik va ingichka hayotiy vaziyat yoki ruhoniy holatni butun murakkabligi bilan ifodalay olish qudrati namoyon boʻlgan. Gulnoz bilan Fayzulla, Muqaddam bilan Doniyor, Noila bilan Dilshod, Tohir bilan Berdiqul taqdirlaridagi chigalliklar tasviri, ularning oʻzaro munosabatlaridagi dardchil yumor aralashgan chegarasiz piching va kesatiq aks ettirilgan oʻrinlarda bu jihat boʻrtib koʻzga tashlanadi. Turgʻunboy, Oʻktabr va Sarsenboy ota singari timsollar ham badiiy soʻz yogʻdusi bilan ichdan nurlantirilgani bois oʻqirman yodida qoladi. Hatto, birgina lavhada koʻrinadigan Malikaxon, Mushtariy, Toshning ayoli, uning uch oʻgʻli, ikki joʻrasi, isteʼdodsiz aktrisa Rohatoy singari timsollar ham shaxsiyatlaridagi betakrorlik sabab oʻqirman xotirasiga muhrlanadi.

Romandagi voqealar yagona bosh qahramon atrofida kechadi. Lekin bu bosh qahramon biror shaxs emas, balki Sirdaryoning oʻzidir. Tasvirga tortilgan timsollarning qilmishu harakatlari qandayligiga qarab daryo turlanib-tuslanadi: goh kechirimli va sokin, goh itoatkor va poklovchi, goh dolgʻali va gʻazabnok, goh quturgan va tajovuzkor holatda namoyon boʻladi. Daryoga munosabat romandagi har bir personajning shaxsiyatidagi ezgulik yoxud yovuzlikni bildiruvchi lakmus qogʻoz vazifasini bajaradi.

Aytish kerakki, romanda oʻqirmanni unchalik qoniqtirmaydigan jihatlar ham yoʻq emas. Jumladan, deyarli barcha personajlarning ruhiyat olami individuallashtirilgani holda ularning nutqi yetarlicha oʻziga xoslikka ega emas.

Soʻzning adogʻida bu yilgi romanchilikka xos yana bir jihatga toʻxtalmoqchi edim. Bir paytlar samarqandlik talaba roman yozganida ancha shov-shuv boʻlgan edi. Bu yil sirdaryolik yigirma uch yashar Davron Moʻmin “Marhumning qasosi”, “Afsonaviy koʻzgu siri” nomli ikki romanni yozib, birinchisini “Tafakkur” nashriyotida bostirib chiqardi. Sarguzasht yoʻnalishidagi gʻoyat qiziqarli voqealar tasviriga bagʻishlangan, keskin syujetli bu asarda xayoliy Natlandiya mamlakatida yashovchi kishilar boshidan kechirgan hodisalar tasvir qilingan. Yosh yozuvchining xayoliy mamlakatga xos jihatlarni oʻta puxta va aniq tasvirlagani, syujet tasviridagi biror chiziqni ham nazardan qochirmay, mahorat bilan oʻzaro uygʻunlashtirgani diqqatni tortadi. Eʼtiborlisi shundaki, xayoliy mamlakatda yashovchi kunbotishliklar aynan oʻsha maskan kishilari sifatida oʻy suradilar, harakat qiladilar. Oʻqirman yosh muallifning kunbotish odamlari ruhiyatidagi nozik qirralarni ancha puxta bilganidan hayratga tushadi. Toʻgʻri, asarning ayrim oʻrinlari xuddi boshqa tildan qilingan tarjimaga oʻxshab qolgan. Oʻzbek tilining ifoda imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmagan. Ammo bu holatni yozuvchining yoshligi, kasbiy tayyorgarlikka ega emasligi bilan izohlash va uning keyingi ijodiga umid bilan qarash imkonini beradi.

 

Qozoqboy YOʻLDOSH

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–7

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.