Roman va bugungi oʻzbek romanchiligi

0
4741
marta koʻrilgan.

(2010 yil romanlari misolida)

 

Har qanday mamlakatning iqtisodiy qudrati ogʻir sanoatining qanchalik rivojlanganiga qarab belgilanganidek, har qanday milliy adabiyotning insoniyat estetik tafakkuriga qoʻshgan hissasi ham undagi romanchilikning salmogʻi bilan tayin etiladi. Chunki roman millat badiiy tafakkurining taraqqiyot darajasini namoyon etadi.

Romanning bugunini tushunish va istiqbolini bashorat qilish uchun bu janrning nima uchun, qachon va qayerda paydo boʻlganini aniqlash hamda unga xos yetakchi belgilarni tayin etish lozim boʻladi. Ilk romanlar milodning XII-XIII asrlarida roman tillarida soʻzlashuvchi xalqlar orasida yuzaga kelgan. “Roman tillari” tushunchasi “Rim (Roma)ga tegishli” degan maʼnoni anglatib, lotin tili asosida shakllangan ispan, italyan, moldova, portugal, rumin, flamand, fransuz va boshqa tillarni oʻz tarkibiga oladi. Ilk romanlar paydo boʻlgan davrda Ovroʻpodagi deyarli barcha davlatlar uchun lotin tili rasmiy va badiiy til sanalardi. Aholining asosiy qismi esa lotin tilini bilmas, binobarin, adabiyotdan bebahra edi. Ana shunday sharoitda, aholining ruhoniylar va aslzodalardan keyingi uchinchi va son jihatidan eng katta qatlami boʻlmish ish odamlari, kosib-hunarmandlarga tushunarli boʻlgan tildagi, ularning didiga muvofiq keladigan asarlarga ehtiyoj paydo boʻldi. Roman ana shu ehtiyoj natijasi oʻlaroq yuzaga keldi. Ilk paydo boʻlgan chogʻida roman tillarining birida yaratilgan asar roman sanalib, “roman tilidagi qissa yoki hikoya” maʼnosida conte roman deyilgan.

Romanning aynan oʻsha vaqt, oʻsha joy va shu shaklda paydo boʻlishiga sabab nima? Maʼlumki, antik davrdan qolgan anʼanaga koʻra barcha badiiy asarlar “yuksak poeziya” shaklida boʻlib, ularga maʼbudlar, kohinlar, saltanat egalari, kam deganda, aslzodalar qahramon qilib olinardi. Uchinchi qatlam, yaʼni, mehnat kishilari uchun bu asarlarning tili tushunarsizligidan tashqari, qahramonlari ham mutlaqo begona edi. Holbuki, bu davrga kelib uchinchi qatlam ham son jihatidan, ham iqtisodiy mavqeiga koʻra katta kuchga ega edi. Agar insoniyat tarixining shu davriga qadar badiiy asarlar neʼmatlarga egalik qiluvchi va taqsimlovchilarning didlariga muvofiq yaratilgan boʻlsa, XII asrdan eʼtiboran ishlab chiqaruvchilarning didlariga mos asarlar ham yaratiladigan boʻldi. Mehnat bilan kun koʻradigan oddiy odamlarning estetik ehtiyoji natijasi oʻlaroq paydo boʻlgan romanlarda aks ettirilgan voqealar, ularda tasvirlangan obrazlar va bu asarlarning ifoda yoʻsini ham oʻqirmanlarning intellektual darajasiga muvofiq boʻlishi tabiiy edi. Shuning uchun ham Gegel romanni nimkinoya bilan “burjuaziyaning epopeyasi” deb ataydi.

Roman uchinchi qatlamga mansub kishilar didiga muvofiq dunyoga kelgan va oldin shakllangan “yuksak poeziya” namunalaridan keskin farq qiladigan janr boʻlgani uchun juda uzoq vaqt davomida adabiyot nazariyotchilarining eʼtiboridan chetda qolib keldi. Deyarli yetti yuz yil mobaynida romanga xos belgilar ilmiy jihatdan tadqiq qilinmadi. Bu boradagi ilk nazariy qarashlar romanchilarning oʻzlari tomonidan bildirildi. Faqat XIX asrga kelib, Gegel roman nazariyasiga qoʻl urdi. Aynan nazariy qolipning yoʻqligi romanning xilma-xil sinkretik va qirgʻoqsiz janr boʻlishiga olib keldi. Nazariy cheklovlarning kamligi sababli roman yetakchi adabiy janrga aylandi. Roman tarixiga qilingan qisqa ekskursiya uning janr sifatidagi belgilarini toʻgʻri aniqlash imkonini beradi. Ibtidoda insonning individual xususiyatlari, ruhiyat jilvalari tasviriga eʼtibor qaratilgani bois, Belinskiy romanni “individning eposi” deb atagan. Koʻrinadiki, roman alohida shaxslarning ichki dunyosini badiiy idrok etish va izohlash yoʻsini sifatida yuzaga kelgan.

Roman oʻzining tarixi mobaynida qahramonlarni tasvirlash yoʻsini hamda inson shaxsiga yondashuv maromiga koʻra asosan ochiq yoki ekstensiv va yopiq yoxud intensiv singari ikki turga boʻlindi. Servantesning mashhur “Don Kixot”idan boshlangan ochiq romanlarda tasvirlanayotgan obrazlarning taqdiri, xatti-harakatlari, faoliyati ijtimoiy turmush bilan aloqadorlikda, hayotiy determinizmga muvofiq sabab-oqibat bogʻliqligida tasvir etiladi. Ochiq romanlarda odamga asosan ijtimoiy mavjudot deb qaralib, uning taqdirida jamiyat tartiblari, ijtimoiy asoslar hal qiluvchi mavqeda boʻlishi koʻrsatilgan.

Fransuz adibi M. M. de Lafayetning “Malika Klevskaya” asaridan boshlab, alohida bir odamning oʻy-kechinmalari chuqur koʻrsatiladigan, tasvir fokusi qahramon shaxsiyatining ichki jihatlarini aks ettirishga qaratilgan yopiq romanlar yaratila boshlandi. Yopiq, yaʼni, personajlarning tabiati va xatti-harakatlarini toʻligʻicha ijtimoiy tartiblarning mahsuli sifatida tasvirlamagan romanlarda asosiy eʼtibor inson ruhiyati tovlanishlarini koʻrsatishga qaratilgan. Vaqti kelib, inson ruhiyatining oʻzi olami kabir ekanligi anglab yetilib, uni badiiy aks ettirish usullari egallangach, birvarakayiga ochiqlik va yopiqlik xususiyatlariga ega boʻlgan romanlar yaratila boshlandi. Odam ichki dunyosi, ruhiyati va oʻylarining ham ijtimoiy, ham psixo-fiziologik asoslarini badiiy tasvirlash muhim boʻlganidan bu ikki xususiyatning aralash qoʻllanishi keng yoyildi.

Roman janriga xos belgilarni tayin etish borasida oʻzbek adabiyotshunosligida ham ancha ishlar qilingan. Agar dastlabki tadqiqotlarda hajmning kattaligi va mavzu janrining asosiy belgilari sifatida qaralgan boʻlsa, keyinchalik romanning mohiyati oʻzga unsurlardan ham qidirila boshlandi. Chunonchi, adabiyotshunos professor Dilmurod Quronov: “… asarda qoʻyilgan muammolar koʻlami janr xususiyatlarini belgilovchi unsur sifatida olinishi mumkin. Bu jihatdan… roman dunyo-yu davrni bilish maqsadiga qaratilgan boʻlsa, qissa markazida qahramon xarakteri, hikoyada esa konkret hayotiy voqea turadiKoʻramizki, roman, qissa, hikoya janrlariga mansub asar qahramonlari asarda tutgan mavqei, ahamiyati, vazifasi jihatidan farqlanadi. Roman muallifi uchun qahramon vosita – dunyoni anglash (bunisi maqsad) vositasi, qissanavis uchun qahramonning oʻzi maqsad (voqea-hodisalar vosita), hikoyanavis uchun voqeaning oʻzi maqsad boʻlib qoladi”. Olimning roman dunyo-yu davrni bilish maqsadida yaratiladi va uning qahramoni ana shu jarayonning vositasi degan fikriga qoʻshilib boʻlmaydi. Chunki yuqorida keltirilgan dalillar roman dunyoni emas, balki aynan individni anglash maqsadida yuzaga kelganini koʻrsatadi.

Bugungi kunda oʻzbek romanchiligi oʻz taraqqiyotining polifonik bosqichiga yetib keldi. Endilikda, mavzuning dolzarbligi, voqealarning qiziqarli yoxud tilning shirali ekani romanni oʻqishli qilgani holda, uning umrzoqligini taʼminlay olmasligi mumkinligi anglab yetildi. Zamonaviy oʻzbek romani muallifidan har bir qahramonini tushunish va aks ettirishning birovnikiga mutlaqo oʻxshamaydigan konsepsiyasiga ega boʻlish talab qilinadi.

Oʻtgan 2010 yil romanchilik xirmoni barakali boʻldi. Muhammad Alining “Ulugʻ saltanat” tetralogiyasining uchinchi kitobi, Omon Muxtorning “Xotin podshoh” va “Muhabbat oʻlimdan kuchli”, Ahmad Aʼzamning “Oʻzi uylanmagan sovchi”, Isajon Sultonning “Boqiy darbadar”, Jumaqul Qurbonovning “Sardoba”, Zulfiya Qurolboy qizining “Mashaqqatlar girdobi”, Nurilla Abbosxonning “Shoʻrqishloq”, Abduqayum Yoʻldoshning “Bankir” romanlari tobora shaxslashib borayotgan millat vakillarining ichki olamidagi turli ziddiyatlarni koʻrsatishga bagʻishlangani bilan ajralib turadi.

Taniqli yozuvchi Ahmad Aʼzamning bir davrda yashab, deyarli bir xil ijtimoiy sharoitda faoliyat koʻrsata turib, tabiatlari va tutumlaridagi turfaliklar sabab insoniylik sinovlaridan turlicha yoʻsinda oʻtgan yoshlar hayoti aks ettirilgan “Oʻzi uylanmagan sovchi” romanida xuddi bir odam kabi butun millatu jamiyat ham bir maʼnaviy-axloqiy holatdan boshqasiga ogʻriqsiz oʻtolmasligi aks ettirilgan. Shunday davrda ijod qilish chekiga tushgan yozuvchilar oʻz atrofidagi odamlar va ularni yuzaga keltirgan hamda ular tomonidan yuzaga keltirilgan sharoitga kinoyaviy nazar tashlaydi va nuqsonlarni oshiribroq tasvirlashga moyil boʻladi. Ijodkor ochun miqyosida fikrlay boshlaganda, odamning tutumlari va olamning hodisalariga kinoyaviy yondashuv ustuvorlik qiladi. Oʻzini oʻrab turgan ijtimoiy-milliy qobiqni yorib chiqqan ijodkorda hajviy-kinoyaviy tasvir asosiy ifoda vositasiga aylanadi. Negaki, bunday vaqtda estetik tafakkur voz kechilayotgan qadriyatlardan zada boʻlgani holda oʻzlashtirilishi kerak boʻlgan qadriyatlarni aniq tasavvur qilolmaydi. Shunisiyam borki, erkin odam hazil va kulgiga moyil boʻladi.

Oʻzbek tayanadigan maʼnaviy oyinlarning qadimiyligi bilan globallashuv tufayli xalqning bugungi turmush yoʻsiniga kirib kelayotgan yangi tutumlar oʻrtasidagi nomuvofiqlik va oʻzgachaliklardan tugʻilayotgan kulgili holatlarni aks ettirish “Oʻzi uylanmagan sovchi” romanining bosh xususiyatidir. Yozuvchi kulgi hosil qilishda zoʻrakilik va sunʼiylikka yoʻl qoʻymagani holda tasvirga olingan hamma narsada kulgi koʻra bilgan va ulardan kulgi chiqara olgan. Romanda isteʼmolchilik mayli axloq darajasiga koʻtarilib, nimagadir ega boʻlish odamlikning etaloniga aylangan, moddiy isteʼmoldan boʻlak narsalar ikkinchi darajali deb qaralayotgan sharoitda ham ildizlari teran maʼnaviy qadriyatlar eskirmasligi taʼsirli aks ettirilgan.

Ahmad Aʼzam har bir personajni oʻz feʼliga yarasha til bilan taʼminlay olgan. Shu bois, xilma-xil, bir-biriga oʻxshamaydigan, ayni vaqtda, bir-biriga juda oʻxshash odamlarning ichki dunyosi koʻrsatilgan bu roman, shubhasiz, adabiyotimizda oʻziga xos estetik hodisa boʻlib qoladi.

Omon Muxtorning “Muhabbat oʻlimdan kuchli” romanida ezgulik bilan yovuzlik kuchlari oʻrtasidagi adoqsiz va murosasiz kurash muayyan shaxslar taqdiri misolida mistika aralash real aks ettirilgan. Adib yovuzlikning hech qanday sababsiz ezgulikka qattol dushman boʻlishini Ibrohim bilan Gʻayrat Nusrat, undan soʻng Nusrat Gʻayrat, Hasan bilan oʻgʻli Voris va ukasi Husan oʻrtasidagi munosabatlar tasviri asnosida aks ettirgan.

Omon Muxtor uslubiga xos bir jihat, yaʼni, tasvir yoʻsinini toʻligʻicha siniq mozaika asosiga qurish ushbu asarda ham ustuvorlik qiladi. Romandagi soʻzlar qatorining aksariyati siniq, bu siniq qatorlar orqali tasvirlangan timsollarning taqdirlari ham siniq, personajlararo munosabatlar ham siniq, faqat siniqlikning oʻzigina butundir. Omon Muxtor romanlari uslubidagi yana bir jihat ulardagi voqealar rivoji, timsollararo munosabatlar tasvirida dramaga oʻxshashlik borligidir. Asarni mistikaga oshno qilgan jihat tasvirda xronotop, yaʼni, makon va zamon mutanosibligi talabiga amal qilinmaganida ham koʻrinadi. Uning asarlarida odam yoʻqlikdan paydo boʻlishi, qahramon necha asrlar oldin boʻlib oʻtgan voqealar ichiga tushib qolishi, bugunda oʻtmish va oʻtmishda hozir namoyon boʻlishi mumkin.

Romanda oʻqirmanning chinakamiga badiiy zavq olishiga imkon bermaydigan jihatlar ham yoʻq emas. Chunonchi, asarda: “Spartakning vatandoshlari Ikor va Dilol parvozidan tortib”, degan jumla bor. Omon Muxtorday tarixiy dalillarni puxta biladigan adib tomonidan yunon miflarining qahramonlari xususida bu qadar parishon maʼlumot berilishi mutlaqo kutilmagan holdir. Bu oʻrinda, yunon miflaridagi qahramonlar: qanot yasab, koʻkka uchgan ota-bola: Dedal va Ikar koʻzda tutilgan.

Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” asari oʻzbek romanchiligida alohida voqea boʻldi. U inson intellekti, odamiyligi va yovuzligi imkoniyatlari haqidagi falsafiy-ramziy romandir. Romanda odamzod paydo boʻlgandan buyon uning maʼnaviyatini kemirib, tirikligida azoblarga giriftor qilib, oʻlgach, doʻzax olovida kuyishiga sabab boʻlayotgan manfaatparastlik, qanoatsizlik va nafs atalmish illatlar yetovidagi kimsalarning qismati aks ettirilgan. Bu asar har bir odam va butun bashariyatga qilingan ogohlantirish, odamzodni yovuzlik va oʻz kuchiga ortiqcha baho berishdan qaytarishga boʻlgan bir badiiy daʼvat desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Professor Dilmurod Quronov va shoir Rahimjon Rahmatning “Boqiy darbadar” asari haqidagi maqolalarida asarga muayyan ijodiy tajribaning mahsuli sifatida qarash seziladi. Bizningcha, yozuvchi romanda tasvirlanishi lozim boʻlgan shaxslar, ularning taqdirlari va holatlarini shunchalar yaqqol his qilganki, asar oʻz shakli bilan dunyoga kelgan.

Roman bilan tanishgan oʻqirmanda, dastlab asarning syujet chizigʻidagi yetakchi yoʻnalishlar, timsollarning istak-urinishlari tasviri Chingiz Aytmatovning Avdiy va Filofey kabi qahramonlari tutumlariga oʻxshab ketadi degan oʻy keladi. Lekin romandan kelib chiqadigan maʼnolarni chuqur idrok etish natijasida kishi Isajon Sulton masalaning mohiyatini islomiy nazar bilan toʻgʻri anglaganini his etadi. Buyuk irodaga boʻysungan insonning insof, imon va ezguligi bosh qahramon boʻlgan ushbu asarda ruhiy tadqiqlardan koʻra voqealar tasviri yetakchilik qilganday tuyulsada, voqealar makonda emas, oʻqirmanning qalbi va shuurida kechgani uchun asar individning eposi boʻlmish roman talabiga toʻla javob beradi.

Nazarimizda, asarda professor Ziyoning oʻgʻli obrazi tabiati bir qadar kengroq tasvirlanishi, asoslanilishi va takomilga yetkazilishi lozim edi. Har bitta odamning mavjudligi uning makoni, millati va imonidan tashqarida boʻlmasligini anglagan, ana shu qadriyatlarga mehr qoʻyilgandagina global falokatlardan emin boʻlinishini tushungan, tabiiy kataklizmlar insonning maʼnaviy aynishlari natijasi ekanini koʻra olgan yigitning bu haqiqatlarni his etishi yoki uning shu fikrga kelishiga turtki boʻlgan sabab aks ettirilganda, roman saviyasi yuksalgan boʻlardi.

Oʻtgan yili bosilgan romanlar orasida bir qanchasi millat tarixining turli davrlarini aks ettirishga bagʻishlangan. Shunisi diqqatga loyiqki, tarixni tasvirlashga tutingan hozirgi yozuvchilar oʻtmishdagi voqealarga bogʻlanib, ularning qanday kechganini koʻrsatishdan koʻra tarixni yaratgan odam va uning koʻnglidan kechgan ruhiy toʻlgʻamlarni aks ettirishga koʻproq eʼtibor qaratadilar. Endilikda, yozuvchilar tarixiy hodisa va tarixiy shaxs tasviriga bir qadar erkin yondashib, tarixning yuzaga kelishi va taraqqiyotida konkret inson tutgan oʻrinni koʻrsatishga eʼtibor berayotirlar. Taniqli yozuvchi Muhammad Alining “Ulugʻ saltanat” tetralogiyasining uchinchi kitobi “Mironshoh mirzo” asari bu jihatdan ahamiyatlidir. Avvalo, tetralogiyaning uchinchi kitobi badiiy jihatdan oldingilariga nisbatan puxtaligini qayd etish lozim. Bu kitobga kelib, yozuvchi, nihoyat, Amir Temur siymosida faqat ehtirom koʻrsatiladigan sohibqironni emas, adabiy personajni ham koʻrishga koʻnika boshlagani seziladi. Asarda Mironshoh, Xonzoda, Sogʻinch bika, Sulton Baxt, Shoh Mansur kabi oʻziga xos konsepsiyaga ega timsollar esda qoladigan qilib ishlangan.

Romanda chinakam badiiy topildiq boʻlgan anchagina tasvirlar, timsollar mavjudligi asarning qiziqarli va oʻqishli chiqishini taʼminlagan. Garchi, bu kitobda ham tarixiy soʻzlar keragidan koʻpayib ketgan boʻlsada, uning tili oʻziga xos va jozibali. Asarda Sogʻinch bikaning: “Shahzoda ham… meni sevarmikin? Men-ku kuyib-yonib yuribmen, u-chi? Sevarmikin?.. Oʻylarmikin?.. Kuyib-yonarmikin?..” tarzidagi gumonli oʻylari ishonarli berilgan. Qizning romantik feʼli, bolalarcha oʻylashi, toʻgʻri-notoʻgʻri qarorlarni shartta qabul qilishi uning tabiatidan kelib chiqib tasvirlangan. Romandagi: “Zulukday qoshlari chimirildi, ikki chakkasidagi qora zulfi alamdan gajakday qayrilib oʻzini sochlar orasiga urdi, chap yuzidagi kichkina chiroyli xoli esa, nima boʻlyapti oʻzi, deganday atrofga hayron boqardi”, tarzidagi tasvirlar mumtoz romanlar anʼanasi darajasida ekani bilan eʼtiborni tortadi.

Amir Temurning: “Men mamlakatlarni birlashtira olurmen, bunga kuchim yetadur, ammo zoʻrlik bilan ikki koʻngilni bir-biriga bogʻlashdan ojizdurmen”, shaklidagi iqrori yoki muallifning u haqdagi: “Samarqandalik vaqtlarida hech kim uning… qaysi bogʻdaligini bilmas, u hech qayerda emas, hamma joyda edi”, kabi tasviri badiiy topilma darajasida. Temurbekning: “Dunyoda urush otini oʻchirish uchun bel bogʻlagʻonmen, Mamat! Ajabo, bel bogʻlagʻon sarim urush chiqadur, bu qanday sir-sinoat?.. Nahotki, qilich aralashmay qadam tashlash mushkul bu olamda!” yoʻsinda ozorlanishi tasviri ezgulikka talpingan shunday qudratli odamning yovuzlik qarshisidagi ojizligini tabiiy koʻrsatadi. Umarshayxning oʻlganini eshitgan Temur holatining: “Sohibqiron ohista ortiga oʻgirildi, koʻzlariga toʻlib ana toʻkilaman, mana toʻkilaman, deb turgan yoshlar endi unga boʻysunmay qoʻyishdi. U hech kimga boqmay, shohchodirga kirdi… Lahza oʻtmay, bir marta oʻkirgan ovoz eshitildi”, yoʻsinidagi tasviri ham haqqoniy, ham taʼsirchan chiqqan. Romanda hal qiluvchi jangni boy berib, oʻlim va tiriklikning nozik chegarasiga kelib qolgan odamning ruhiy holati: “Shoh Mansur beixtiyor qaradi-yu… shuurida ortga chekinmoq lozimligini angladi! Chekinmoq kerak, chekinmoq kerak… Butun niyatlardan, oʻchu qasoslardan, saltanat taxtidan, sulola sharafidan chekinmoq kerak, chekinmoq kerak”, yoʻsinida jonli chizilgan.

Asarda sohibqironga Sogʻinch bikaning sirli ravishda yoʻqolib qolgani haqidagi xabarni aytish jarayonining soʻnggi soniyalarida buni bildirish mumkin emasligini sezib qolgan Saroymulkxonim ustalik bilan gapni boshqa yoqqa burib yuborishi mahorat bilan tasvirlangan. Bibixonimning malika ayollar qismati haqidagi: “Qismatimiz shundoqdir. Boshqa na ilojimiz bor? Ammo hamma sir oʻsha “mehr qoʻyishimiz oson”ligining juda qiyinligidadur, malikam!” tarzidagi taʼkidida kuchli badiiy va hayotiy haqiqat aks etadi. Romandagi xorazmlik usta Matpano timsoli ham ishonarli va oʻziga xos tasvirlangan. Bu timsol tasviri oʻziga yuklangan badiiy vazifadan tashqari, Temurning shaxsiyatini ochishga xizmat qilganligi bilan ham eʼtiborga loyiqdir. Romanda Sahroi Kabirda bir tomchi suvga zor boʻlgan bahodirlar holati tasviri ham juda taʼsirli chiqqan.

Qayd etilgan yutuqlar bilan birga, “Ulugʻ saltanat” romani tasvirining ayrim oʻrinlarida salqilik borligini, hamisha ham oʻqirmanda shavq uygʻotadigan taʼsirchan ifoda yoʻsini taʼminlanmaganligini aytish joiz.

Omon Muxtorning “Xotin podshoh” romanida turkiy xalqlar hayotidagi burilish davri boʻlmish islomning kirib kelish vaqtida Buxoro salatanatini boshqargan Oynur timsoli mehr bilan tasvirlangan. Garchi, romanda xolis bayon usuli tanlanib, yozuvchi tasvirda bevosita ishtirok etmagan boʻlsada, muallif oʻqirmanni goʻyo bir yoʻlboshlovchi kabi qadimiy Buxoro boʻylab yetaklab yurganday va shaharning oʻtmishi bilan tanishtirganday boʻladi. Asarda arab xalifasi Muoviya, uning Ubaydulloh ibn Ziyod, Sayyid ibn Usmon, Qutayba ibn Muslim kabi lashkarboshilari hamda sotqin Xitfar Buxorxudot timsollari jonli tasvirlangan.

Adib eʼtiqodu imon uchun borgan janglar tasvirlangan bu romanida sevgining sehrli qudratini bir-biriga qarama-qarshi turgan turkiylar bilan arablarning yetakchilari: Oynur va Sayyid ibn Usmon siymolarida aks ettiradi. Bir-biriga yogʻiy boʻlgan ikki yosh oʻrtasida beixtiyor paydo boʻlgan natijasiz va azobli sevgi tasviri asarga ayricha joziba baxsh etgan. Yozuvchi asardagi aksar personajlarni oʻz ichki olamiga ega betakror shaxslar sifatida tasvirlay olgan. Bunda adib kichik bir tafsil orqali muayyan timsolga xos jihatni ifodalash yoʻlidan boradi. Jumladan, Oynurga tegishli: “Xotin podshoh qarorgohga kirib kelganida bir dam gangidi. Sirasini aytganda, u – jurʼat, oʻktamlik bilan yurtni qoʻlida itoatli tutsada, yosh juvon (kechagi qizaloq) edi” yoki Sayyid ibn Usmon haqidagi: “U ayolmi, erkakmi oʻzidan aqlliroq kishi oldida doim bir nima deyishga qurbi yetmay, sarosimalanardi”, singari qisqa tasvirlar yordamida har bir timsolning ichki dunyosini koʻrsatishga erishadi. Koʻngil mayli, visol ishtiyoqi bois, biri olis sahrodan Buxoro tomon, ikkinchisi Buxorodan sahro sari ot surib, bir-biriga yetay deb qolganda, koʻngil mayli bois ortga qaytgan Sayyid va Oynur holatlari tasviri taʼsirli chiqqan. Shuningdek, yozuvchi badiiy adabiyotda ilk bor Buxorodagi turkiylar bilan forsiylar munosabatidagi nozik jihatlarning ildizi borasida ishonarli toʻxtamlarga keladi.

Ayni vaqtda, “Xotin podshoh” asarida usluban badiiy yaratiqdan koʻra maʼrifiy yoʻnalishdagi tadqiqotga oʻxshab qolgan oʻrinlar borligini taʼkidlash kerak. Asarda keragicha rivojlantirilmagan badiiy topilmalar, yakunlanmagan taqdirlar borligi ham oʻqirmanda eʼtiroz uygʻotadi.

Jumaqul Qurbonovning “Sardoba” asari inqilobiy toʻntarish yillarida Qashqadaryo choʻllarida yashagan kishilar hayotini aks ettirishga bagʻishlangan. Romanning koʻp oʻrinlari katta harorat bilan yozilgan. Muallif tasvir qamrovini keng oladi. Asarda tasvirlangan bir necha taqdirlarni tutashtiruvchi umumiy nuqtalar topishda rivoyat va afsonalardan oʻrinli foydalanilgan.

Zulfiya Qurolboy qizining gʻoyat qiziqarli syujet va shirali tilga ega “Mashaqqatlar girdobi” romanida asosan shiddatli voqealar tasviriga intilingani uchun ham timsollarning ruhiyati, ularning individual qiyofasini aks ettirish borasida kutilgan samaraga erishilmagan. Asarda qahramonlarning koʻngil holatlari, ruhiy kechinmalaridan koʻra, ular kechirgan sarguzashtalarni tasvirlashga koʻproq eʼtibor qaratilgan. Garchi, asardagi deyarli barcha tasvirlarda mantiqiy izchillik, sabab-oqibat bogʻliqliklari boʻlishiga erishilgan esada, alohida shaxsning individual dunyosiga kirishga yetarlicha eʼtibor qilinmagani uchun voqealarning xayrli oqibati borasidagi axborotni taʼkidlash ustuvorlik qilgan. Ayni shu holat ravon tilda, juda savodli yozilgan asarning yetarlicha salmoqli estetik yukka ega boʻlmasligiga olib kelgan.

Nurilla Abbosxonning “Shoʻrqishloq” romani fojiaviy ruh va yumoristik ohang uygʻunlashgani bilan eʼtiborni tortadi. Qahramonlar tabiati va taqdiri barcha anʼanaviy romanlardagi kabi toʻligʻicha ijtimoiy muhitning oqibati sifatida qaralgan bu asarda bir qishloq ahlining keyingi yuz yillik turmushini tasvirlash orqali millat maʼnaviyati va axloqida yuz bergan evrilishlarning sabab va omillarini koʻrsatishga urinilgan. Asarda obrazlar tabiatini yaxshi ochilgan oʻrinlar bor. Chunonchi, Sotimboy traktorchi, xotini Orifa, oʻgʻli Malik munosabatlari ishonarli tasvirlangan. Yozuvchi personajning asl mohiyatini ochishda baʼzan yumordan oʻrinli foydalangan. Garchi, bir oz oshirib yuborilgan boʻlsada, Salim kaptarbozning afgʻonlar qoʻliga tushib qolgandagi holati ham oʻziga xos tasvirlangan. Erining boshqa ayolga uylanganini bilgach ham uning yuziga chopmagan mushfiq Oyxon, haqiqiy hayotda emas, balki oʻzining telba-teskari oʻylari ogʻushida yashaydigan noshud Oktyabr timsollari ham esda qolarli chizilgan.

Oʻz holicha qiziqarli va ayrim obrazlar ancha tabiiy aks ettirilgan ushbu romanning asosiy kamchiligi barcha timsollarning muallif yetovida yurishida namoyon boʻladi. Ular oʻz tabiatlaridan kelib chiqib yashamaydi, balki koʻproq muallif bergan rollarni “oʻynaydi”. Asarda voqea, harakat, chopachop koʻp, oʻy, ruhiyat tasviri esa juda kam. Eng achinarlisi, asar tilida shira, joziba, individuallik yoʻq. Muallif qahramonlaridagi har bir jihatning ijtimoiy asosini koʻrsatishga urinadi. Bosh qahramonlar yashagan oiladagi bemehrlik ildizlarini: “Yoqub, Shokir va Nasiba hovlini boshiga koʻtarib, shovqin solib urishib-talashardilar. Bular tinch turishganda Rahmon aka bilan Karima opa janjal koʻtarishardi. Nazira bilan Sulton esa endi tetapoya qila boshlagan boʻlib, ular hali janjal qilishni bilishmasdi”, tarzidagi tasvir orqali bermoqchi boʻladi. Niyat maʼqul, lekin ifoda yoʻsinida badiiy asarga xos joziba yoʻqligi sabab tasvir oddiy axborotga oʻxshab qolgan.

Muallif bir vaqtlar maʼrifati bilan mashhur boʻlgan oila aʼzolarining jaholatga botishi sababini gazeta maqolalaridagi kabi juda joʻn va yalangʻoch izohlaydi: “Bir zamonlar bu xonadonda ilmu maʼrifatli Zunnur eshon, uning oʻgʻli Eshondada eshon, oltin suvi yuritilgan naqshinkor kitoblarni oʻqishgan. Otasi va ammavachchasi mulla Hakimning ayanchli oqibatini koʻrgan Rahmonali, bu yorugʻ dunyoda tinchroq yashagisi kelib, ajdodlar maʼrifatidan voz kechdi. Bu xonadonda soʻqir Obidadan tashqari hech kim kitob oʻqimaydi”. Keltirilgan misollar tasvirning qashshoqligi va ifoda yoʻsinining shirasizligi haqida aniq tasavvur uygʻotadi. Asarda son-sanoqsiz imlo va tinish belgi xatolariga yoʻl qoʻyilgan. Ham muallif va ham timsollar tilida qaratqich bilan tushum kelishiklari farqlanmaydi. Xudobexabar, dahriy Safar Nugʻmonov haqida asarda: “… gʻoyat isteʼdodli boʻlib, oʻn sakkiz yoshigacha diniy madrasada (taʼkidlar bizniki – Q. Y.) tahsil olgan, keyin Rossiyada rus tilini oʻzlashtirgan otashin kommunist edi. Nugʻmonov eshiklarni yaltiroq etigi bilan tepib ochib, hujradagi kitob solingan sandiqni agʻdarishga buyurdi”, tarzida biri-ikkinchisini inkor etadigan axborot beriladi. Timsolning isteʼdodi hech narsada namoyon boʻlmaganiday, madrasa koʻrgan odamning tutumi ham kishini ishontirmaydi.

Quyidagi tasvir esa gʻaribligi bilan oʻqirmanda eʼtiroz uygʻotadi: “Gʻaflat bosib, Shokirning daydi mushti cholning moʻysafid chehrasiga urildi. Chol koʻzi qorayib, supa yoniga yiqilib qoldi…

“Kechiring xoʻjayin, – dedi aybdor Shokir boshini egib. – Kechiring…”. Muallif tilidan berilayotgan bu tasvirda mushtga nisbatan “daydi”, chehraga tatbiqan “moʻysafid” aniqlovchilari qoʻllanishi, yiqilayotgan cholning koʻz oldi emas, “koʻzi qorayishi”, Shokirning oʻz otasini “xoʻjayin” deb aytishi kabi oʻrinlarda mantiqsizlik yaqqol koʻrinadi. Muallif nima uchundir otasi, bolasi, xotini, jiyani kabi qarindoshlikni anglatuvchi atamalar oldidan deyarli hamisha “oʻz” soʻzini keltiradi.

Umumlashtirib aytganda, zamonaviy oʻzbek romanchiligida romaniy tasvirning yangicha qatlamlari oʻzlashtirilib, milliy romanchilik yangi timsollar bilan boyib borayotgani kuzatiladi.

 

Qozoqboy YOʻLDOSH,

professor

 

“Sharq yulduzi”, 2011–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.