Rasul Hamzatov

0
709
marta koʻrilgan.

(1923–2003)

 

Dogʻiston shoiri Rasul Hamzatov Dogʻistonning Xunzax tumaniga qarashli Sada qishlogʻida xalq shoiri Hamzat Sadasa oilasida dunyoga keldi. U bir necha yil oʻqituvchilik qildi va keyinchalik 1945–1950 yillarda Moskvada M. Gorkiy nomidagi adabiyot institutida tahsil oldi. Rasul Hamzatovning ijodi 1937 yilda lirik sheʼrlar yozishdan boshlangan. U shu vaqtga qadar kitobxonlarga “Haroratli ishq va kuydurguvchi gʻazab” (1943), “Mening Vatanim” (1950), “Bizning togʻlar” (1947), “Akam qissasi” (1952), “Dogʻiston bahori” (1955), “Tugʻilgan yilim” (1950), “Qalbim togʻlarda” (1959) singari oʻnlab sheʼriy toʻplamlarini, shuningdek, “Togʻ qizi” (1958) va “Otam bilan suhbat” (1953) dostonlarini taqdim etdi. Bu sheʼr va dostonlarning mazmun mundarijasi xilma-xildir.

Rasul Hamzatov “Tugʻilgan yilim” sheʼrlar toʻplami uchun 1952 yilda Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Isteʼdodli tarjimoni Rasul Hamzatov A. S. Pushkin, M. Yu. Lermontov va N. S. Tixonov asarlarini avar tiliga muvaffaqiyat bilan tarjima qildi.

 

Rasul Hamzatov ijodidan:

 

Onamga

 

Togʻda oʻsdim, shumtakaligim

Bilar edi yaqinu yiroq,

Qaysar edim, bas kelmas hech kim,

Soʻzlaringga osmasdim quloq.

 

Biroq yillar oʻtdi… oʻtdi oʻt yoshlik,

Hech narsani pisand qilmasdim.

Endi boʻlsa huzuringda tek,

Bir goʻdakdek sezaman oʻzim.

 

Ikkalamiz tanhomiz, mana

Qalbimda yoʻq gʻam-gʻashdan nishon.

Sening yumshoq kaftingga yana

Oq soch boshim qoʻyay, onajon.

 

Dil oʻrtanur, dilimda gʻash bor,

Boshboshdoqlik qilgandir asir.

Durustgina senga eʼtibor –

Qilolmadim, bu emasdir sir.

 

Hayot bu dam boʻlib girdobday,

Olib ketur komiga solib.

Dil siqilur yana paydar-pay,

Onam, seni unutdimmi deb.

 

Sen boʻlsang-chi qilmasdan taʼna,

Koʻz tashlaysan xavotirlanib.

Xoʻrsinib goh, bildirmay, ona,

Artasan koʻz yoshing oʻrtanib.

 

Yulduz soʻnggi manzili tomon

Uchib borar solib koʻkka iz.

Oʻgʻling kelib qoʻyar, onajon,

Oq soch boshin kaftingga bu kez.

 

Doʻstlik haqida qissa

 

Soʻrsalar mendan agar: “Ne bilan hayot aziz?”

“Yov koʻz yoshi, doʻstlarning quvonchi-la”, – deyman tez.

 

Mening yurtim tik qoya, ulkan toshlar aro jo,

Dovrugʻi ancha katta, yeri kichikdir ammo.

 

Ertakdagi bogʻ emas, kam hosilli yeri bor,

Doʻstlikdan qudrat topmish, sevgisi hur va bisyor.

 

Bir kun shu qorli togʻlar kabi sochi oppoq chol

Qazo chogʻi kelganin payqab boʻlibdi behol.

 

Biroq uni oʻlim band qilib olmoqdan avval,

Kechgan umrin soʻroqlab, beribdi shunday savol:

 

“Qanday yashab, ne taxlit oʻtkargan eding umr,

Qani aytib ber debdi, tortinmasdan birma-bir”.

 

Soʻylay boshlabdi shoʻrlik kelgan chogʻda soʻnggi on

Koʻrgan-kechirganlarin qisqacha qilib bayon.

 

Oʻzin pok asraganmish boʻlmayin deb nobakor,

Gunoh yoʻlga kirmabdi, ichib-chekmabdi zinhor!

 

Erta tongdan to oqshom kelgunicha bechora

Besh vaqt namozni oʻqib, yeb-ichibdi uch bora.

 

Oʻgʻrilik ne bilmabdi, ne bilsa bildirmabdi,

Halol-u pok yashabdi, olmabdi ham bermabdi.

 

Oʻlim tinglab chol soʻzin debdi sodda, beparvo:

“Ha, yashabsan, ey ota, goʻyoki bir avliyo.

 

Ey keksa, soching oʻxshar ulkan qorli togʻlarga,

Qilgandirsan ezgu ish dil tortar oʻrtoqlarga.

 

Shul sababdan ularning koʻnglin qilmay deb vayron,

Ortga suray qazoying muhlatini, bobojon.

 

Qilib har bir eng yaqin doʻstlaringdan armugʻon,

Bir yildan umrin olib, senga berayin quvon!”

 

Murdadek boʻzaribdi cholning yuzi shu onda,

Doʻsti tugul yoʻq ekan dushmani ham jahonda.

 

Oʻlim qilibdi xitob: “Unday boʻlsa, e dono,

Tirik yursang-da, oʻlik ekansan-ku doimo.

 

Hozirlik koʻr men bilan birgalikda ketursan,

Kimga ham darkordirsan, kimni ham shod etursan?”

 

“E oʻlim, soʻzlaringni maqbul deb tan olurman,

Ashaddiy yov boʻlsang ham, bu gaping haq bilurman”.

 

Insondirmiz, demakki, doʻstlarsiz umr mahol,

Doʻstlarsiz qazo topmoq undan ham ogʻir, malol.

 

Doʻstlarsiz kichik xalqim yanchilardi batamom,

Ulugʻlandi doʻstlikdan, doʻstlar bor, yashar omon.

 

Bizlarga doʻstlik darkor, u haqda qoʻshiq darkor,

Havodan ham, nondan ham shunga mushtoqmiz ming bor.

 

Xanjarlardagi yozuvlar

 

Dushmanlarcha qoʻl ursang,

Tigʻim senga, ey odam!

Doʻstona qoʻling choʻzsang,

Mana, ushla dastamdan.

 

Xanjarni qoʻlga ol-u, ammo oʻzingdan ketma,

Xanjar uchun yaxshi joy qin ekanin unutma!

 

Xanjarim bor deb xursand

Koʻrsatma oʻzing chaqqon,

Bitta oʻzing emassan

Bunaqa xanjar taqqan.

 

Qizdirsa ham quyosh ming karra,

Qon qotmaydi damida zarra.

 

 

Xanjar ahmoqda boʻlsa,

Tinchlik bermaydi hech ham.

Xanjar oqilda tursa,

Boʻla bergin xotirjam.

 

Moʻylovga ustara bor, emanga bolta tayyor,

Togʻliq doʻstim, xanjaring qindan chiqarma bekor!

 

Surnay emas u, lekin

Unda bor ikki ohang.

Bir kuyi – oʻlim ekan,

Bir kuyi – erk uchun jang.

 

Zanglar bossin yuzimni,

Kimni oʻldirgan boʻlsam.

Laʼnatlayman oʻzimni

Qotil qoʻlida koʻrsam.

 

Akram UZOQOV

 

“Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi xalqlari adabiyoti” (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent, 2007) oʻquv qoʻllanmasidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.