“Ranjkom” dostonida shoir orzusining yoritilishi

0
894
marta koʻrilgan.

Katta ijodkorlar har doim millat va jamiyat muammolarini shaxsiy kechinmalardan ustun qoʻya olishadi. Shuning uchun ham jahon adabiyotining eng yirik adiblari va sara asarlarini kuzatganimizda ularda umuminsoniy muammolar koʻtarilganiga guvoh boʻlamiz. Oʻzligini qidirgan Odam esa bu asarlarda oʻzini, hayotini, oddiy turmushni koʻrgani bois, qayta va qayta oʻqishga ehtiyoj sezadi. Bunday asarlar har qanday davrda oʻzining yangidan yangi oʻquvchilarini topaveradi.

Yurtimiz va adabiyotimiz boshidan kechirgan monomafkuraning oʻtgan yillar adabiyotiga taʼsirini taʼkidlash kerak. Lekin ana shu davrlarda ham goh ramzlar, baʼzan ertagu rivoyat tarzida millatning bosh muammosi koʻtarilgan asarlar bisyor. Ana shular orasida Abdulla Oripovning “Ranjkom” dramatik dostoni turadi. Negadir, oʻtgan davr mobaynida sahnalashtirilganini eʼtiborga olmasak, adabiyotshunoslikda bu asarga unchalik ahamiyat qaratilmadi. Aslida shoirning dostonlari ham lirik sheʼrlaridan badiiy jihatdan kam emas. Ulardagi dramatizm, asar va hayot mantigʻining uygʻunligi oʻquvchini oʻziga rom etadi.

“Ranjkom” dostoni 1988 yilda nashr qilingan. Lekin shoir unga manbani ijodga endi kirib kelgan yillaridan yigʻa boshlagan, desak adashmaymiz. Chunki, yer yuzida nafsiga qul, amal va boylik uchun hech narsadan tap tortmaydigan odamlar bor ekan, shoirlar yuragida mana shunday ogʻriqlar boʻlishi tabiiy. Asar qahramonlari unchalik koʻp emas, bor-yoʻgʻi olti nafar. Agar yer yuzini tarozi deb tasavvur qiladigan boʻlsak, “ranjkom”chilar bir taraf, olim, chol, farrosh kampir kabi mazlumlar ikkinchi taraf. Asar yozilgan davr demografik statistikasiga qaraydigan boʻlsak, jami bashariyat soni olti milliarddan oshiqroq boʻlgan, deya taʼkidlanadi. Shoir odamlarni ikki guruhga boʻladi. Birinchisi tabiiyki, manfaatparast zolimlar, ikkinchisi mazlumlar. U dunyoni shunday koʻradi. Boshqacha boʻlishi mumkin emas. Lekin zolimlarning ham yomonlikni koʻrsatib qiladigan, yoki zimdan ish koʻradigan toifasini eslatib oʻtadi. Shuning uchun ham tashkilot aʼzolari uch nafar. Mana shu uch obrazga barcha nafs bandalarining umumiy qiyofasini ustalik bilan joylashtira olgan. “Ranjkom” tashkilotining bir raisi va ikki aʼzosi bor. Ularning “Hashorat” jurnali ham taʼsis etilgan. Tashkilotning bosh vazifasi majlis oʻtkazib, odamlarni ranjitish rejasini ishlab chiqish. Tashkilotning “bosh maslagi” rais nomidan bayon qilingan:

 

Biz maʼnaviy tashkilotmiz – “Ranjkom”miz yaʼni,

Oʻzgalarni ranjitmoqlik bizning ishimiz.

Bab-baravar “siylagaymiz” barcha-barchani,

Duch kelganga qadaladi oʻtkir nishimiz.

 

Shoir rais tilidan, bu tashkilotga izoh berar ekan, bular oʻzgalar kabi zimdan emas, balki oshkora yomonlik qilishni kasb qilgan nokaslar, deb uqtiradi. Aslida ham shunday. Tabiatan hasadgoʻy, ichi qora, manfaatni onasining salomatligidan ham ustun qoʻyadigan odamlar negadir bir-birlarini qorongʻuda ham topib olishaveradi. Tashkilotga aʼzo boʻlib kirishning birinchi sharti – qasam ichish. Bu holat bizning azaliy qadriyatlarimizga xos emas edi-ku! Bunday balo va tashkilotga yoʻl ochganlar kim va maqsadi nima edi, degan savol tugʻiladi. Asar ishtirokchilari asta-sekinlik bilan oʻzlarini “namoyon” qilib borishadi. Hamma zamonda boʻlgani kabi, sodda, gʻoʻr yoshlarning ishonchiga kirib, safimizni kengaytirib olishimiz kerak, deyishadi. Bu esa hamma vaqt barcha – narkobiznes, oʻgʻrilik, fahsh, talonchilikni kasb qilib olgan uddaburon “ranjkom”chilarning bosh dasturulamali boʻlib kelmoqda. Shoir koʻpni koʻrgan, hayotiy tajribaga ega inson sifatida yoshlarning bunday oqimlarga qoʻshilib ketishidan bundan qariyb oʻttiz yillab oldin ogoh etgan edi. Ularning maqsadi aniq – yoʻlida uchragan har kimni qora loyga chaplash, chohning eng chuqur yeriga itqitib yuborish. Shu oʻrinda bu tashkilotning bir aʼzosi raisga haqli savol beradi: “Agar yosh bolaga duch kelsak uni qanday ranjitamiz?” Raisning javobini qarang? Yosh bolani erkalang, suyib qoʻliga shirinlik tutqazing, soʻng sekin qulogʻiga “sening otang tamomila boshqa odam” deb ayting, deya javob beradi. Bu esa oʻta dahshatli va oqibati ayanchli manzara kasb etishi tabiiy.

Ular kambagʻal, chorigʻini zoʻrgʻa sudrab yurgan kishini koʻrsa, boylikdan gap ochishni, koʻzi ojiz kimsaga esa, quyosh va olam goʻzalligini tavsiflashni niyat qilishadi. Bu esa shundoq ham ezilib, hayotdan toʻyib yurgan kishini sindirish emas-mi? Afsuski, hayotda bu tashkilotning aʼzolari hali ham bor va ular juda koʻpchilikni tashkil etishadi.

“Ranjkom” chilar suhbatlashib turgan xonaga Savdoyi olim kirib kelishi bilan asarda dramatizm yanada kuchayadi. Ularning xatti-harakatini koʻrib oʻquvchining beixtiyor nafrati oshib ketadi. Bu tabiiyki, shoirning mahoratiga yana bir dalildir. Bechora olim noyob nusxa kapalagining ketidan quvlab, taqdir taqazosi bilan shu yerga kelib qoladi. Aslida olim, noyob hashorat ustida ilmiy ish qilayotgan va tashkilot jurnaliga murojaat qilgan edi. Lekin ming afsuski, bu yerda oʻtirganlar uchun uning ilmi-yu nazariy qarashlarining bir pullik ham qiymati yoʻq. Chunki Savdoyi olimdan hech qanday manfaat chiqmaydi-da. Shunda ham bechora cholni ranjitib, Maskovdan vakillar kelib, kapalakni olib ketgani va uning egasini taklif qilib, bilet tashlab ketganlarini roʻkach qilishadi. Bu bir bechora olimni masxaralashdan boshqa narsa emas edi.

Asarni oʻqish jarayonida kulishni ham, yigʻlashni bilmay qoladigan vaziyatlar tasviri juda koʻp. Masalan, tashkilotga ixtiyoriy ravishda qoʻshilgan aʼzo bir oʻrinda qilmishini aytib:

 

Koʻchamizda bir lektor bor, Xudoyqul oti,

Yozgʻuvchi deb tegar edi gʻashimga nuqul.

Sen – dindor deb eʼlon qildim oʻsha zahoti,

Chunki dedim, sening isming aynan Xudoyqul.

 

Bunday munosabatni kutmagan bechora odam nima qilarini bilmay, bu ismni qoʻygan yetti avlodini boʻralab soʻkishgacha boradi, toʻgʻrirogʻi, shunga majbur qilishadi. Koʻcha-koʻyda maʼruza oʻqib, hammani ogʻziga qaratib yurgan bechora voiz bir zumda beburd boʻlib, ranjkomchining oyogʻiga yotib yalinadi:

 

Dedi: – Koʻnglim toʻlmas edi, asli ismimdan,

Oʻz vaqtida tanqid qilding dardingni olay.

Ixtiyoriy voz kechaman “Xudoy” qismimdan,

Mayli ismim yarim boʻlsin, “Qul” boʻlib qolay.

 

Bir bechora bir kunda ismidan ham voz kechishga tayyor! Kecha oʻtgan tariximizda afsuski, shunga yaqin holatlar boʻlgani haqida gapiriladi. Bechora Xudoyqul qul boʻlishga tayyor boʻlganida, “ranjkom”chining tili yana baland keladi. Bu dorilamon zamonlarda qulu quldorlik yoʻq boʻlib ketganini pisanda qiladi. Shunday qilib, bir bechora oʻz ixtiyori bilan kuppa kunduzi ismidan ayrilib qoladi. Rais uning bu qilmishini alqagani ikkinchi aʼzoga yoqmaydi va oʻzi qilgan undan ham battar ishni gapirib beradi. Tabiatan ovchilikka qiziqqan ikkinchi aʼzo safidagi boshqa bir ovchini koʻrolmagani bois, hasad oʻtida yonib, ataylab anjuman tashkil qiladi. Tabiatda oʻtgan bu anjumanning bosh masalasi haligi ovchini badnom qilish edi. Oʻlkada yoʻq boʻlib ketgan barcha noyob jonzodlar xunini undan talab qilishadi. Bechora odam oʻtirgan joyida vafot etadi. Bechora odam bu razil kimsalardan oʻlib qutiladi.

Agar “Ranjkom” chilarni bir jamiyat deb qabul qiladigan boʻlsak, oʻsha uzoq yil davom etgan monomafkurachilarning oddiy odamlar ustidan “qilib qoʻygan nomaqbul ish”lari yaqqol ayon boʻladi. Buni shoirning rais nomidan aytgan izohi ham isbotlaydi:

 

Shu sababdan ochiq-oydin bir gapni aytay,

Fidoyilik degan narsa havoyi bir gap.

Oʻzing uchun har yumushga boʻla olgin shay,

Seni aldab ketishmasdan ulgurgin aldab.

 

Yoki bir oʻrinda “uni yoʻlga solgay faqat qilich yo firib” degan fikrni aytib oʻtadi. Xalqimiz oʻtgan davrda bu holatlarning har ikkisini ham boshdan kechirdi.

Bu tashkilotchilar ertadan kechgacha yaqin kelajakda qiladigan noxush ishlarning rejasini tuzish bilan ovora boʻlib turgan bir vaqtda xonaga farrosh kampir kirib keladi. Farrosh kampir obrazi Abdulla Oripov asarlarida koʻp uchraydi. Shoir bu obrazga murojaat qilishining ikki sababi bor. Birinchidan bu kasb egalari yoʻlu yoʻlakni, xonalarni har qanday changu gʻubor va iflosliklardan tozalaydi. Ikkinchidan, ulardagi samimiyat, toʻgʻrisoʻzlik va biroz dagʻallik xislatlaridan shoir unumli foydalanadi.

 

Adiba DAVLATOVA

 

“Yoshlik”, 2015 yil 6-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.