“Qush tili” tilsimlari

0
776
marta koʻrilgan.

“Qush tili” asrlardan asrlarga oʻtib kelayotgan eng qadimgi ibora hisoblanadi. Maʼlumki, ulugʻ shoir Alisher Navoiy bolalik chogʻlaridayoq Shayx Farididdin Attor qalamiga mansub “Mantiq ut-tayr” dostonini yod olgan va soʻnggi nafasgacha shu durdona asar hayajoni bilan yashagan. Navoiyning “Lison ut-tayr” asarini shu dostonga javob tariqasida bitgani tasodifiy hodisa emas. Bu xususiyatni asar muallifining oʻzi ham koʻp marotaba takror etgan. Xususan, “Lison ut-tayr”ning bir bobi “Oʻzining Shayx ruhi madadidan anga tatabbu qilganga qaqnus timsoli” deb nomlangan. Durdona asarda soʻzga ikki xil maʼno yuklanadi. Birinchisi soʻz – kalom, ikkinchisi – soʻz kuymoq maʼnosida. Zotan “Soʻzana” soʻzi forsiyda kuyish maʼnosini bildiradi. Mazkur atama oʻzagi soʻz hisoblanadi. Ana shunga ishora sifatida Navoiy yozadiki:

 

Oʻrtadim olam elini, oʻzni ham,

Qush tilidin oʻzga qilmay soʻzni ham.

Budur umidimki bu soʻzi fano,

Barcha kuyganga baqo bergay yano.

 

Yaʼni: men qush tili iborasini takrorlab oʻzimni ham, olam ahlini ham ancha qiynab, oʻrtab qoʻydim. Bundan umidim shuki, oʻtkinchi soʻz ishq olovida kuyganlarni baqo olamiga, mangu olamga daxldor qilsin.

Navoiy shu bayt vositasida shoirlarni – soʻz kishilarini mangulikka daxldor boʻlishligiga ishora qiladi. Haqiqatan ham shunday. Soʻz kishilari jismonan bu dunyoni tark etganlaridan soʻng ham sheʼrsevarlar qalbida yashab kelaveradilar. Zotan, Farididdin Attor koʻz yumganiga qariyb sakkiz asr boʻldi, u hamon ruhan yashamoqda. Bu xususiyat Navoiy shaxsiyati va ijodiga ham taalluqlidir.

Inson shaxsiyati nihoyatda murakkabdir. Soʻzga oʻta sadoqatli odamlar va aksincha soʻzdan dovruqqa, nufuzga erishishda bir vosita sifatida foydalanadigan kimsalar avval ham boʻlgan, hozir ham bor. Xuddi shu nuqtai nazardan qaralganda Navoiyning kuyinishlari ham oddiy holat emas. Zotan bugungi kunda chin sheʼriyat bilan birga maddohlik sheʼriyati yonma-yon yashab kelayotgani maʼlum. Maddohlikdan qutulishning yagona yoʻli qadimda sinalgan usullardan foydalanib asar bitish, turli xil bayozlar tartib berishdir. Shundagina adabiyotga qiziquvchilarning saviyasi oʻsadi. Oʻtgan 2011 yil Alisher Navoiy tavalludining 570 yilligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 20 yilligi sifatida tarixga muhrlandi. Bu muborak sanalarga bagʻishlab bir qancha kitoblar chop etildi. Shulardan biri, menimcha, “Tafakkur” nashriyotida bosmadan chiqarilgan “Qush tili” xalqaro antologiyasidir. Ushbu xalqaro antologiya oʻzbek, rus, turk, ingliz, nemis, ispan, polyak, fransuz tillarida nashrdan chiqarilgan. Antologiyaga qirqdan ortiq mamlakatlarda yashab qalam surayotgan yetmish yetti nafar shoirning qush mavzusidagi hamda “qush” soʻzi ishlatilgan sheʼrlari jamlangan.

Antologiyaning ilk sahifalarida Navoiy haqida ingliz tilida Garri Dik, Tursunov, Sodiqova maqolalari, Navoiy ijodidan namunalar fransuz, rus, ingliz, nemis, polyak tillarida yoritilgan. Bizningcha bundan koʻzlangan maqsad ulugʻ oʻzbek shoiri asarlarini jahon miqyosida targʻib etishdir. Zotan, Navoiy shaxsiyati, ijodi hali, deylik, Jaloliddin Rumiy darajasida jahon boʻyicha u qadar mashhur emas. Ayniqsa, Lotin Amerikasi mamlakatlarida Navoiy ijodi unchalik ham targʻib etilmagan. Hatto ziyoli qatlamni bundan bexabar deyish ham mumkin. Bu – birinchi xususiyat. Ikkinchi xususiyat shundan iboratki, bugungi kunda adabiyot ixlosmandlari Yevropa va Amerika, Afrika qitʼalarida yashab qalam surayotgan shoirlar ijodini deyarli bilmaydilar. Ushbu antologiya mana shu boʻshliqni toʻldirish maqsadida ham tayyorlangan.

Uchinchi xususiyat shuki, bu antologiya vositasida bundan besh asr avvalgi va XXI asr boshidagi sheʼriyat oʻzaro tutashtiriladi. Olis oʻtmish va bugungi davr oraligʻidagi masofa “olib qoʻyiladi”. Bir muqova ostidagi qadimgi davr va hozirgi sheʼriyat namunalari oʻrin olgani qiziqarlidir.

Toʻrtinchi xususiyat – gʻarb tillarini yaxshi biladigan tadqiqotchilar jahonning mashhur shoirlari sheʼrlarining qay darajada tarjima qilinganligini aniqlashlari mumkin. Bu amal esa ilmiy ishlarga mavzu izlashda asqotadi.

Beshinchi xususiyat – antologiyaga kirgan sheʼrlarning aksariyatida voqelikka koʻchirilgan shakl oʻzbek oʻquvchilari uchun unchalik tanish emas. Postmodern oqimi unsurlariga ega sheʼrlar oʻquvchiga erishroq tuyulishi ham mumkin. Ammo oʻzbek oʻquvchisi kitob mutolaasi jarayonida hozirgi vaqtda jahon miqyosida oldingi oʻrinlarga chiqqan avangard yoʻnalishlar havosidan nafas ola boshlaydi. Bu juda ham gʻaroyib hodisa hisoblanadi. Ana oʻsha beshta xususiyatga eʼtibor qaratsak, xalqaro antologiya ahamiyatini tushunamiz. Ushbu antologiyada sheʼrlari jamlangan Prayag Sayqiya (Hindiston), Kristofer Merril (AQSH), Viven Plab (Yangi Zelandiya), Sofiya Bejsinska (Polsha), Jene Doti (AQSH) kabi shoirlar ijodi oʻta sinchkov oʻquvchilarimizga bir qadar tanish. Chunki ularning sheʼrlari vaqtli nashrlarimizda va “Ilonbaliq” xalqaro antologiyasida chop qilingan. Bu shoirlar ham noanʼanaviy usullarda qalam tebratib, shu barobarida xalqaro adabiy aloqalarni rivojlantirishda oʻz hissalarini qoʻshib kelmoqdalar. Masalan, Prayak Saykiya, Choʻlpon, Usmon Nosir, Rauf Parfi, Abdulla Oripov kabi qirq sakkiz oʻzbek shoiri sheʼrlari assam tiliga oʻgirilib Hindistonda nashr etilgan. Kristofer Merril esa jahonda dovruq qozongan. Ayoʻva dasturi rahbari sifatida bir qancha adiblarimiz bilan shaxsan tanishgan, ularning ijodlaridan xabardor boʻlgan. Xullas, antologiyaning ayrim mualliflari oʻzbek adabiy doiralari bilan mustahkam aloqani yoʻlga qoʻyishgan. Bu esa adabiy jarayonimiz tobora kuchayib borayotganidan, yaqin kelajakda shoirlarimiz jahon miqyosiga chiqishi mumkinligidan dalolat beradi.

Maʼlumki, shoirning kuchi sheʼrda usul qoʻllash, ramz-timsollarni ishlatish, sheʼr ruhini vujudga keltirish, qisqacha qilib aytganda, soʻz vositasida moʻjiza koʻrsatish amallari orqali aniqlanadi. Xalqaro antologiya mualliflari ijodiga shu mezon asosida yondashgan maʼqul.

Venesuyelalik shoir Antoniya Truxilio qalamiga mansub sheʼrning ilk satrlariyoq oʻquvchi diqqatini oʻziga tortadi:

 

Bu qush oʻlimidan oldin

Tumshuqchasini ochishga va sayrashga intiladi

Bargni emas

Uni qoʻllab turgan daraxtni

Kesib oʻtmoqchi.

 

Qush orqali yaratilayotgan voqelik oʻta sirli. Qush shoxga qoʻnib oʻtirarkan, yonidagi yaproqni emas, yaxlit daraxtni oʻylaydi. U oʻlyapti, yaʼni jismidan ruhi chiqish arafasida turibdi. Uning fikrlari telbalik va haqiqat oraligʻidagi fikrlardir. Bu telbalik uchib, boshqa haqiqat keladi. Ana oʻsha chizgilardan soʻng shoir holatlar roʻyxatini oʻquvchiga taqdim etadi. Va uning nigohi endi dalalarga qadalmaydi. Anavi daraxtlardan oltin ham kutmaydi. Bu qush oʻlimidan oldin oʻz dunyosiga, yaʼni ichida tovlanayotgan oʻsha shoxga uchadi. Demak, qush endi koʻk sari emas, oʻzining ichiga, yaʼni ruhiy dunyosiga qarab uchyapti. Gap ozodlik xususida ketmoqda. Har qanday shakl ozodlikka rahna solishi mumkin deya uqtiradi shoir. Va sheʼrning ikkinchi boʻlagida bu mulohazalarini yanada “quyuqlashtiradi”.

 

Boshqa qush

Chinakam qush

Sahifaga tushishdan

Bosh tortmoqda

Shoir endi Qush va Ozodlik gʻoyalarini yonma-yon qoʻyadi. Ozodlikka erishuv yoʻllarini bosqima-bosqich taʼriflab boradi. Pirovardida “u boʻshliqni tanladi” deya yozadi. Ayon boʻladiki, Sharq mumtoz sheʼriyati va Gʻarb zamonaviy sheʼriyati Lotin Amerikasi sheʼriyati negizida ispan nazmi ruhiyati aks etishini unutmaslik joiz. Orasidagi rishtalar u qadar uzoqlashmagan. Bu xuddi suvning muzga aylanishi yoxud bugʻga evrilishiga oʻxshash holat. Afsuski, Sharq va Gʻarb sheʼriyatini bir-biridan ayro tarzda tadqiq etishni taklif qilayotgan olimlar ham bor. Ular faqat sheʼrning shakliga diqqat qilmoqdalar. Holbuki birlamchi belgi sheʼr ruhi hisoblanadi.

Shoirlar qush deganda aynan qushni nazarda tutishmaydi. Qush – inson orzusi timsoli, u – insoniylashtirilgan obraz. Biz fikrimizni qushgacha kichraytirsak, asl gʻoyani anglay olishimiz ham mumkin. Qushni insoniylashtirishga norvegiyalik shoir Isterin Iralu sheʼri misol boʻla oladi:

 

Pagʻa-pagʻa tushar ekan qor

Shamol hilpiratgan

Sariq-yashil paltoli

Juvonning naq ustida

Sirgʻalib-sirgʻalib uchadi chorloq

Ikkisini hilpiratar qor.

 

Sheʼr bor-yoʻgʻi olti satrdan iborat. Qoʻllangan usul u qadar murakkab ham emas. Ammo “sariq-yashil paltoli juvon” iborasi orqali qushning insoniylashtirilgani gʻaroyib. Sheʼrda qor va shamol harakati soʻnggi satrlarni “ochib yuboradi”. “Sirgʻalib-sirgʻalib uchadi chorloq, ikkisini hilpiratar qor”. Qor va Shamol obrazlari Qush va Inson obrazlari bilan yaxlit holda chiziladi. Bu chiroyli tasvirga aylanadi, aynan shu kichik sheʼr yodimizga yapon xakku va tankalari ruhini soladi. Bu sezgi tasodif emas. Zotan, Gʻarb shoirlari ham yapon sheʼriyatidan taʼsirlanishmoqda. Jumladan, antologiyaga amerikalik shoir Jene Doti xakkulari kiritilgani bunga dalil boʻla oladi.

Sheʼrlari ingliz, ispan, oʻzbek, moʻgʻul tillariga tarjima qilingan arab shoiri Said Gouda (Gankonk) qalamiga mansub “Maʼyus qushim” sarlavhali sheʼrning ilk satrlaridanoq Sharq sheʼriyati anʼanalari yaqqol koʻrinadi. Shoir “Oltin qafas” obrazi orqali mumtoz sheʼriyatimizga imo-ishora qiladi. Zotan, ulugʻ Navoiy ham shu turdagi obrazlarni gʻazal, ruboiylarida koʻp ishlatgan. S. Gouda oddiy tasvirdan murakkab usullarga oʻta boshladi:

 

Qushlar doʻkonidan sotib olganim

Oltin qafasdagi don-dunga serob

Anhor oqib turgan mavoda oʻsgan

Qushim xomush, betob

Ayvonga ilaman

Jannatiy ovoz-la

Uygʻotishin istayman har tong

 

Ammo qushning boshi egik. “Qushim xomush-xomush, Sayrga chiqqanda qaddin gʻoz tutar. Samoga boqadi noumid, sogʻindimikin yo muhabbatini”. Oʻzbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyeva qalamiga mansub “Batamom uygʻonsam…” sarlavhali sheʼr lirik qahramoni uygʻonish hissiyoti bilan ozodlikni yonma-yon qoʻyadi. Sheʼr xulosasi tubandagicha:

Oʻzimcha kimningdir

Gʻamini yedim

Kimningdir kuniga

Yuribman yarab.

Batamom uygʻonib

Ololsam deyman

Uchib ketarmidim

Koʻklarga qarab.

 

Sheʼr inglizcha tarjimada ham berilgan. Inglizcha tarjimada sheʼr shakli, ruhi saqlab qolingan. Badiiy tarjima muvaffaqiyatli chiqqanmi-yoʻqmi, bu alohida mavzu. Biz uchun ahamiyatli jihati, oʻzbek shoirasi sheʼri ovozasi yetti iqlimga yetganligidir.

Zamondoshlarining shohidlik berishicha, Alisher Navoiy Shayx Farididdin Attor qalamiga mansub “Mantiq ut-tayr” dostonini oʻqigach shunday behushlik holatiga tushgan ekan: yosh Alisherni ramz-timsollar jodulab qoʻyadi va uning real hayotga qaytgisi kelmaydi. Oqibatda boʻlgʻusi shoirning yaqinlari bu joduga toʻla kitobni uning qoʻlidan olib yashiradilar. Ammo Navoiy allaqachon matnni toʻlaligicha yodlagan ekan. Bu ham sheʼriyatning moʻjizakor kuchga ega ekanligidan dalolat beradi.

Antologiyaga kirgan aksar sheʼrlarda shunday sehrli kuch hukm surayotganiga ishonchingiz komil boʻladi. “Qush tili”ning asosiy tilsimlaridan biri ham til moʻjizalariga borib taqaladi. Sakkiz tildagi uygʻunlik, ruh yaqinligi mazkur kitobda yuz ochib turganday goʻyo.

 

Odinabonu QULMURODOVA,

OʻzDJTU talabasi

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 3-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.