«Quroq»ning koʻzi

0
593
marta koʻrilgan.

XX asr avvalida yangi oʻzbek adabiyoti dunyoga keldi, taraqqiy etdi, rivoj topdi, yuksaldi. Tasodifni qarangki, asr soʻngida u yana qaytadan yangilanish tomon yuz burayotir. Holbuki, bu jarayonda ijod etayotgan Erkin Aʼzam anʼanaviy realizm oqimini maʼqul bildi va unga sodiq qoldi. Sodiqlikda ham gap koʻp…

Bugungi kunda oʻz uslubiga ega boʻlish masalasi anchayin kamyob, nodir hodisaga aylanmoqda. Erkin Aʼzam oʻzbek adabiyotida oʻz uslubiga va usuliga ega ijodkor. Adabiyotshunoslikda shu vaqtgacha yozuvchi shaxsiga, ijodiga baho berishda, faqatgina yaratgan asarlariga bogʻlanib, yozuvchi shaxsi, u kechirgan hayot, uni oʻrab turgan muhit eʼtibordan chetda qoldi. Biz koʻpincha, yozuvchi kimdan taʼsirlangan, qaysi kitoblarni oʻqigan, qaysi dargohda saboq olgan, ustozi kim yoki hech boʻlmaganda, u kimga taqlid qilishi bilan qiziqib koʻramiz. Mana shu qiziqishlar orasida oʻralashib, yozuvchi shaxsini butunlay tadqiq doirasidan chetlashtirib qoʻyamiz. Balki, xuddi shu jihat bugungi adabiy jarayon va tanqidchilikdagi ayrim nuqtalarga aniqlik kiritib, asar zamirida yashiringan mohiyatga yetishimizda koʻprik vazifasini bajarishi mumkin boʻlardi. Birgina Erkin Aʼzam qahramonlari tilining burroligi, keskirligi, hozirjavobligi, kesatiq va pichingga moyilligi yozuvchining zuvalasi oila muhitida iylanib shakllangan tafakkur tarzi, ona tilining bilimdoni ekanligi bilan izohlanishi mumkin.

Biz bilgan (oʻzi toʻliq bilamizmi?) Erkin Aʼzam qaysi kitobni oʻqib yoki qaysi dargohda taʼlim olib bunday soʻzbilgich boʻldiykin… Agar shunday boʻlsa, bu dargohda u bilan birga oʻqiganlar qancha-yu, yozuvchi boʻlgani qancha. Adib soʻzning jonini, yuragini his qilish, taftida isinishga qanday noil boʻldiykin? Bizningcha, buning tub ildizlari hammasi borib oilaviy muhiti, uning shakllanishi, nasliy imkoniyati va ato qilingan isteʼdodiga borib taqaladi. Uning “Ertak bilan xayrlashuv” kitobida “Gapni oʻzimdan boshlasam” deb yozilgan kichik hasbi holda yozuvchi bibisi va “har bir gapiga maqol-matal qoʻshib gapiradigan va bularning barchasini oʻzlari toʻqiydigan” onasi haqida bir ogʻiz gapirib oʻtadi. Yoʻl-yoʻlakay aytilgan kichik izohda katta isteʼdod undirilgan zamin haqidagi samimiy eʼtirof bor. Matalsiz, maqolsiz gapirmaydigan ona va bibisi yozuvchini bolaligidanoq soʻzga oshno qilgan. Yozuvchi soʻzni xuddi mohir chevar quroq quraganday quraydi. Quroq qurashning ham oʻz qonun-qoidasi bor. Quroqning asos “koʻzi”ni, “yurak”ini yanayam yorqinroq ochish, jilvasini boʻrttirish uchun boʻlaklarni tanlay-saralay bilmoq kerak. Ranglar oʻzaro uygʻunlashib, biri ikkinchisining jilosini yanayam oshishiga xizmat qilmogʻi darkor. Bu quroqda har bir “mato”ning oʻz rangi, oʻz jilvasi boʻladi. Boʻlaklar butunning mukammal, yaxlit holga kelishiga safarbar etiladi. Yozuvchi mana shu qoidani mukammal oʻzlashtirgan, parchalarni tanlab, saralab joy-joyiga qoʻya oladi. Oʻz ishining mohir ustasiga aylana biladi!

Aslida xalq orasida biror bir voqea, hodisaga baho berish, biror narsa haqida maʼlumot berishda chinakam chechan kishilar soʻzni chevar “quroq” quraganday mahorat bilan qoʻllaydi. Chechaning qisqa gapining oʻzidayoq bir necha qavatli oqim mavjud boʻladi. Bunda birgina maʼlumotning oʻzida xabar, baho, munosabat, saviya boʻlishi tabiiy. Tinglovchiga esa bu shunchaki kundalik gapday tuyuladi. Xalqona usulni uslub darajasida adabiyotga payvand etish, bu holni sanʼat maqomiga olib chiqish oʻta mushkul ish. Bizning nazarimizda E. Aʼzam uslubidagi qon tomir ana shu xalqona usulni uslubga, tabiiy badiiyat hodisasiga aylantira olganligida koʻrindi.

“Boʻyimday boʻy topdim-u, koʻnglimday koʻngil topmadim…”

Erkin Aʼzamning “Zabarjad”, “Suv yoqalab”, “Shovqin” asarlarini tadqiq obʼyekti sifatida tanlab oldik. Uning qahramonlari hech kimga oʻxshamaydi, “nostandart”, qoliplarga “sigʻmaydi”: begʻaraz, samimiy, ammo quv va shumligi oʻziga yetar darajada, jamiyatga moslasha olmaydigan, “hammabop” boʻla olmaydigan oʻjar, oʻr, qaysar… Ular maqsad uchun oshkora inqilobchi boʻlib jonlanmasa-da, lekin zimdan, ich-ichidan qalb amri yoʻlida oʻzi bilan oʻzi kurashadi, isyon qiladi. Istab-istamay ular haqida oʻylab qolasiz… Ikkilanasiz… Baʼzida koʻnglingiz yorishadi… Nima boʻlganda ham ular tirik jon. Oʻzi uchun oʻzi gapiradi. Qahramon hayotdan olingan bir tip boʻlsa, xato qilish unga ham xos. Oʻzining orqasidan oʻzgalarni ergashtiruvchi “ideal”lik xususiyati Erkin Aʼzam qahramonlariga biroz begona. Qahramonlar oʻrniga beixtiyor oʻzingizni qoʻyib koʻrasiz ham… Qahramon his-tuygʻulari, iztiroblari sizga ham tanish, guyo begona emas. Bu his bitgan yarani, oʻchgan olov kulini qayta titkilaydi. Yozuvchi qahramonlarining oʻzi bilib-bilmay, istab-istamay maqsad yoʻlida telbanamo tentirashi, gʻayritabiiy, aqldan tashqari qilayotgan “hunar”lari, qiliqlari ajablanarli boʻlsa-da, nima uchundir ularning xatti-harakatlaridan gumon qilmaymiz, baribir xayrihoh boʻlaveramiz. Nima boʻlganda ham biz bu qahramonlarga ishonaveramiz, ular bilan birga kuyib pishamiz, yaxshi koʻraveramiz… Xuddi shu ishonchda Erkin Aʼzamning isteʼdodi, badiiy quvvati, mahorati jam.

Yozuvchi qahramonlari oʻzi bilan oʻzi murosadan charchagan, bezgan, shu koʻyda tentiragan, tiriklikka oʻzgacha nigoh bilan qarashni afzal bilgan insonlar guruhidan tashkil topgan. Bu qahramonlar jamiyat bilan kurashda bayroq koʻtarib shiorlar orqasida yashamaydi, balki inqilobni oʻz koʻnglidan oʻtkazadi. Yozuvchi bu obrazlarga goh Zabarjad, goh Bolta Mardon, goh Farhod deb nom qoʻyadi. Teranroq nazar solsak, bularning bari shartli nomlar. Shartli nomlar ostida faoliyat koʻrsatuvchi obrazlar timsolida faqatgina oʻzi bilan kurashda oʻz maslagiga sodiq qolgan, hayotda oʻz fikriga sobit insonlar guruhi jamlanadi. Bular vositasida yozuvchi jamiyatning dardlariga malham qidiradi, maʼnaviy tanazzulning sabablariga chora istaydi. Uning asarlari tub magʻzi – javharini tutib turuvchi gʻoya bu inson koʻngli yagonaligi, ulugʻligi, azizligi, uning izmiga amal qilish, yuragi tubidagi xohish-istaklariga quloq tutish, faqat uning uchun yashash zarurligini yana bir marta eslatishdir. Yozuvchi asarlarida qahramon koʻngil rozi oʻz-oʻzi bilan kurashadi, murosayu madora yoʻliga oʻtadi, alal-oqibat isyon qiladi. Holbuki, ular yuritgan murosa bir muddatlik, omonat boʻlsa-da, aynan shu muvaqqat sulh inson hayotini tub burilishlar tomon boshqarib yuboradigan kuchga ega! Aslida, oʻz-oʻzi bilan murosa nima? Murosa: inson qalbidagi aql va koʻngilning sulh tuzishimikin… Sulhning shartlari, talablari bormi?

Adib qahramonlari hech kimga oʻxshamagan noodatiy qarashlari va oʻzini tutishi bilan sizni ham oʻyga, mulohazaga chorlaydi… Siz ularni yomon koʻrmaysiz va nima uchundir yaxshi koʻrib ham qolmaysiz… Bu obrazlar qay yoʻsinda boʻlsa-da, sizning qalbingizga sekingina kira olishi yoki his-tuygʻularingiz tirqishidan moʻralashi mumkin. Bu aslo tasodif emas. Aslida, odamzod shu hisning iskanjasida oʻzi bilib-bilmay umrguzaronlik qilmaydimi… Shunday mushohada uygʻotishining oʻzi adib asarlarining badiiy quvvatidan darak bermaydimi?!

Tolstoyning “Asar gohida bir satr uchun yoziladi”, degan soʻzlari badiiyatning tub mohiyatini belgilash barobarida, asar bosh gʻoyasiga ishora qiladi. Ijodkorning bor niyati, maqsadi mana shu satrlarga joylangan boʻladi. Sheʼriyatda har bir sheʼrning oʻz kalit soʻzi, “yuragi” boʻlib, qolgani esa mana shu satrlarni asoslash uchun xizmat qiladi. Zehn solib qaralsa, gohida ayrim asarlarda mana shu kalit soʻzni topish mumkin ekan. Biz bu soʻzga shartli ravishda “shohsatr” deb nom berdik. Erkin Aʼzam asarlariga shu nuqtai nazar bilan yondoshib, yaʼni oʻsha “bir satr” yaʼni shoh satrni izlab, yozuvchining “Zabarjad”, “Suv yoqalab”, “Shovqin” asarlaridagi baʼzi oʻrinlarga diqqat qaratdik. “Zabarjad” qissasi “indamas” (oʻz oti oʻzi bilan-S. T.) va Zabarjadning xufyona uchrashuvi bilan boshlanadi. Yoʻq, bu suhbat ham emasday… Chunki bunda soʻzlovchi, javrovchi birgina, u ham boʻlsa Zabarjad. Bizningcha, qissa aynan mana shu suhbat uchun yozilgandek… Bor gap shu yerda, qolgani yozuvchi maqsadini oydinlashtirish, kuchaytirish, boʻrttirish, asoslash, dalillash uchun xizmat qiladi. Bundan keyin badiiy kodga ochqich “shifr” matn ostiga sozlab joylashtiriladi. Bevosita kuzatishlar ochqichni topishimizga yordam beradi. “Zabarjad degan bir… qiz deymizmi endi, juvonmi…” Endi unga chuqurroq razm solish uchun uning “ichkarisi tomon moʻralasak”, “shugina kerakmidi sizlarga? Mana, tamom!” Koʻnglingiz joyiga tushdimi, jonim? Battar boʻling!” (97-bet). Shu oʻrinda Zabarjadda ikkilanish, boʻlinish yuz beradi: aql va koʻngil tilga kiradi. Biri ikkinchisiga iddao qiladi. Ammo afsus-nadomat bormi, bu “taʼna-malomatda”… Bizningcha, qaytaga “yaxshi boʻldi”, oʻzimdan oʻzim “qutuldim” deydi. Oʻz-oʻzidan qutulish… tutilishmi? “Oʻzimdan oʻzim” kim? Koʻngil aqlga izoh berayaptimi yoki aql koʻngilga yupanch boʻlmoqchimi… “Oʻgʻil bola… Mana koʻrasiz, oʻgʻil boʻladi. Aniq, a-aniq! Oʻzingizga oʻxshagan: qoravoy, indamas. Agar… mabodo qiz boʻlib qolsa, duch kelgan birortasiga shartta tegib olaman, Zabarjad soʻzim!” Teranroq nazar solinsa, qizgina faqat farzand koʻrish istagida shu ishlarni qildimi… Bu yupanchmi, bahonami, taʼnaning oldini olishmi? Yana aynan shu “indamas”dan. Nima uchun? Oʻylab qolasan: oʻziga shu yoʻlni tanlagan Zabar (biz ham uni erkalab chaqiramiz-S. T.) “indamas”ga koʻngil istagi orqasida oʻzini topshirdimi yoki aql bilan chora izladimi? Aqlga itoat etuvchi, unga boʻysunuvchi sevgi bormi… Yoʻq boʻlsa, nega u aql bilan murosa qiladi… Yurak aql bilan murosa qila oladimi…

Qizginaning niyati nima? Koʻngil davosimi yoki farzand ilinji. Hayotda beiz ketgandan koʻra bir farzand orttirishmi? Zabarjad bahonaning ortiga bekinish ilinjida tugʻilajak bolasini “indamas”ga alishtirmoqchimi? Farzand koʻrish istagi boʻlsa, otasining kimligi muhimmi, bu kim uchun zarur? “Indamas” bilan Zabarni bogʻlab turgan rishta vaqtincha boʻlsa-da, shu farzand istagimi? Bu bir shartnomaga oʻxshab ketmaydimi? Dadasiga indamasning oʻxshatilishi ham qiziq. Oʻxshatiladimi… yoki dadasini qoʻmsaganda unga suyanadimi, dadaning belgilari undan qidiriladimi? Ota singari u ham ideal insonmi? Otasiga oʻxshaganligi uchun ham uni oʻz koʻngil “ostonasi”ga kiritdimi? Aslida bu “ostona” juda tor, unda bir insonga joy bor. Bunda faqatgina yurak orqali oʻtiladigan yoʻlak bor. Aldov, zoʻrlik, soxtalikka joy yoʻq bu “makon”da.

Tirik jon, isyonkor koʻngil, odamlar tugul, oʻzi bilan ham murosa qila bilmaydigan oʻr qizni yengiltak deb oʻylashingizga izn bermaydi-da, ammo “indamas” bilan nosharʼiy uchrashuvga borishdan oʻzini qaytara bilmaydi. “Bu ishda boy bergan men-ku, sizga nima? Lekin oʻzim hecham afsus qilmayapman. Endi sizdan boshqa biron erkak bu ostonani koʻrmaydi. Zabarjad soʻzim!” Bu qasam bilan teng. Mabodo, Zabarjad ham boshqalar singari “men qasam ichaman” desa, ulardan farqi qolmaydi, soʻzining oʻzi qasam. Bu oʻziga ishonchmi yo shunchaki oʻjarlikmi. U ham boshqalar qatori yaratilgandan olib yaralgan issiq jon! Aslida, oʻzini oʻzidan ozod qila olgan, ruhi ozod odamgina seva olishi mumkin. Zabarjad oʻzini majburlab, Abdulaziz akanikiga borishini ham taqdirga tavakkalmi, deb oʻylab qolasan. Ammo bu aqli raso, shaddod qiz yana bilganini qiladi, baxtni shu “omonat, indamas”dan topadi.

Erkin Aʼzam doimo “indamas”ni (“Zabarjad”) parda ortida tasvirlaydi. Biror marta yuzini, ovozini eshittirmagan, sigaret tutuni orasida oʻzi ham havoga singib ketgan odam oʻzi bormidi yoki koʻlanka, sharpami… Farhodda (“Shovqin”)da esa aksincha. Vika nima uchun Farhodga bogʻlanganini oʻzi anglab yetmaydi, fikrsiz, obraz mantigʻi yetarli dalillanmagan. Yozuvchi faqat Farhodning muhabbatini muhim deb biladi, Vika faqat seviladi. Vikaning sevishi aytilmaydi, koʻrsatilmaydi. Bu ham yozuvchining niyati va maqsadi bilan bogʻliqdir, ehtimol. Yoki “Shovqin” romanining bahstalab oʻrinlaridan biridir…

Yana bir gap. “Zabarjad” asari soʻngida shu vaqtgacha asardan tashqarida boʻlgan muallif bevosita hikoyachidan ishtirokchiga aylanadi. Bu holning maʼnosi bormikin… Muallif asar mohiyatini ochishga bir oz shoshganday… Hadik oʻrinlimi? Bizningcha, bu shart emasday…

Erkin Aʼzamning keyingi asarlaridan biri “Suv yoqalab”da Bolta Mardon oʻzini koʻndirib yashashdan zada boʻlgan inson umri nihoyasida dilidagini tiliga koʻchirishga majbur. Bundan bu yogʻiga bu armonni koʻtarish koʻngil uchun ogʻirlik qiladi. Yuragi tubidagi dardni kimgadir aytib, yengillashgisi keldi. Bolta Mardonning yuragi tubida oʻzidan oʻzi bekitgan siri bor. Uni zoʻrlasangiz ham, yalinsangiz ham, ayta olmaydigan gidiri bor. Yillar davomida bu dard eskirib borgan sari kuchayib armon alamga aylandi. Bolta Mardon yuragidagi bu yukdan qutulish uchun zimmasidagi yukni yelkalaydigan odam qidiradi. Dardni birovga aytib, undan qutulib boʻlarmikin? Aytsa kimga aytadi? Bu avvalgisidan ham ogʻirroq yuk. Buning uchun koʻngil mahrami, sirdosh, “juragi bor” mard boʻlmogʻi lozim. Oqil ota oʻylay-oʻylay bu mardni topadi. U sirga faqat hali uylanmagan, oʻqimishli kenja oʻgʻil munosib mahram boʻla oladi deb oʻylaydi. Farzandlar orasidan hali uylanmagan kenjaning loyiq koʻrilishida ham gap koʻp… Mana biz qidirgan satrlar: “Tagʻin bir gap, oʻgʻlim. Ertaga bir kun orqamda qolmasin-da. Sen endi yosh bola emassan, bilib qoʻyganing maʼqul. Noligan – noshukr deydilar. Enangni aytaman-da, yaxshi xotin. Yuvosh. Oʻzim ham undan biron yomonlik koʻrmadim. Lekin koʻngil qurgʻur he-yech… Bilmadim – nimaga…” (88–bet). Umrining intihosida u barcha dovonlardan eson-omon, imon but holda oʻta bilgan. Mundoq qaraganda, hayotda kami qolmagan. Ammo nimadir uning koʻnglini oʻksitadi, dilini qaytadan yaralaydi. Uning koʻngli yarim. Umuman adib asarlarida ochiq mazmunda aytilganidan aytilmaganlari koʻp… Jamiyatning yiring bosgan dardlari bu kemtiklikni yanayam boʻrttirish uchun sabab, vosita boʻlib xizmat qiladi. Oʻz ayolidan hech bir yomonlik koʻrmagan, bolalarining onasi, “yuvosh”, mushtipar ayol unga sodiq boʻlgan boʻlsa-da, oʻjar koʻngilni koʻndirish qiyin. Boʻyiday boʻy topdi-yu, koʻngilday koʻngil topmadi… Bu sirli sogʻinishni, koʻngli nimadir tusashini Bolta Mardonning oʻzi anglay bilmay halak. Oʻzi bu tuygʻuning tarkibini, vaqti-soatini, davosini kim biladi? Inson zotini bir umr qiynagan bu dardga kim yechim topa bilgan? Hech boʻlmaganda hali uylanmagan oʻgʻilning bu kabi armonlarga oshno tutinmaslik chorasi emasmikin?

“Shovqin” romanidagi Farhod koʻngil ilinjida “quloq” bahona yurt kezadi. Hayot mazmunida oʻzini qidirish, taftish etish Farhod uchun taskin, oʻziga yupanch. U Vikani koʻrgandan keyin koʻngil isyon qilib, asta-sekin yurak ehtiyojiga aylanadi. Farhod bir oz vaqt bu isyonni aql bilan bostirishga muvaffaq boʻladi. Isyon qoʻzgʻolonga yoʻl beradi. Majburiyat ostida zoʻrlab bostirib turilgan isyon alangasi tobora shiddat olib, lovillab, gurillab ketadi Bu asardagi shohsatrni shu lavhada deb bildik. “Qarang, hayot oʻzi gʻala-gʻovur shovqinga toʻla-ku, toʻgʻrimi? Koʻngilni oʻylang, koʻngilni avaylang, inim. Koʻngil – oʻzingizniki, qolgan shovqin-suron esa dunyoga tan. Odamzotning millati son-sanoqsiz boʻlishi mumkin, lekin uning oʻzi yagona, bir nusxalik xolos! Koʻngil ham shunday – bittagina, yakka-yagona.” Zabarjad, Bolta Mardon, Farhod qarashlarini ifodalagan bu oʻy-fikrlar yozuvchining hayot haqidagi falsafasi, iqroridir. Har bir yaratilgan asar ham yozuvchining oʻzi anglagan va shuni maʼqul bilgan hayot falsafasidir.

 

Sanobar TOʻLAGANOVA

 

“Yoshlik”, 2014 yil 12-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.