Quddus Muhammadiy

0
2843
marta koʻrilgan.

Bir umr kichkintoylarning katta adabiyotini yaratish uchun samarali ijod qilgan otaxon shoirlardan biri Quddus Muhammadiyda shunday misralar bor:

Egri shoxni bogʻbon ham

Kesib tashlar koʻrgan dam.

Shu sabab toʻgʻri oʻzar

Egri esa ozar, toʻzar.

Ha, kimki bola tarbiyasida xuddi bogʻbon kabi yoʻl tutadigan boʻlsa, uning farzandi kelajakda oʻqimishli, aqlli, hushli boʻladi. Zero, Quddus Muhammadiyning ham maqsad-murodi shunday. Otaxon shoirning har bir asaridan kichkintoylarni to^riso^z, oʻqimishli boʻlishga chorlovchi misralarni topish mumkin.

Kichkintoylarning buyuk shoiri Quddus Muhammadiy 1907 yilda, Toshkent shahrida mehnatkash dehqon oilasida dunyoga keldi. Boʻlajak shoirning otasi Muhammad Alibek Abdurahmonbekov savodli kishi edi. U dastlabki maʼlumotni otasidan oldi.

1925 yilda otasi vafot etgach, Quddus Muhammadiy avval amakisinikida, soʻngra esa maktab-internatda tarbiya oladi. Internatda Q. Muhammadiyning birinchi sheʼri – “Chuvalachi” maydonga keladi va bu yerda chiqadigan “Quyosh” nomli devoriy gazetada eʼlon qilinadi.

Shu ilk mashqlaridayoq boʻlajak shoirning nafosat olamini kuzatish va badiiy idrok etish isteʼdodi hamda umumlashtirish mahorati yaqqol koʻrinadi.

U yetti yillik maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, Toshkent qishloq xoʻjalik texnikumiga oʻqishga kiradi. Bu yerda u bolalar uchun sheʼrlar yoza boshlaydi. Uning “Tong oʻyini”, “Paranji”, “Ahmad va asalari”, “Seleksiya stansiyasi” nomli sheʼrlari vaqtli matbuotda bosilib chiqadi.

1931 yildan Q. Muhammadiy maktabda botanika oʻqituvchisi boʻlib ishladi, shu bilan birga Oʻrta Osiyo davlat universitetining biologiya fakultetida oʻqiy boshladi. Bolalar uyidagi va universitetdagi hayot, mehribon murabbiy va muallimlarning gʻamxoʻrliklari Q. Muhammadiy qalbida bir umr oʻchmas iz qoldiradi. Bu yerdagi oʻzaro doʻstlik boʻlajak shoir qalbini togʻdek koʻtarib yuboradi.

Quddus Muhammadiy Oybek, H. Olimjon, Gʻ. Gʻulomlarni oʻzi uchun ustoz deb bilgan, ulardan oʻrgangan, ular bilan doimo ijodiy muloqotda boʻlgan. Ilk sheʼrlaridan biri “Tong oʻyini” orqali ulkan adib Oybek bilan tanishadi. Oybek bu isteʼdodli bolalar shoirini hamisha qoʻllab-quvvatlab, ijodiga gʻamxoʻrlik qilib kelgan.

Bir kuni yozuvchilar uyushmasida mushoira boʻladi. Mushoiraga raislik qilayotgan Hamid Olimjon sheʼr oʻqish navbatini Quddus Muhammadiyga beradi. Q. Muhammadiy zavq bilan “Saʼva sayrarkan” sheʼrini oʻqiydi. Uning ijodiy qobiliyatini payqagan H. Olimjon sheʼr tugashi bilan yoniga chaqirtiradi. Qachondan beri sheʼr yozishini, qayerda ishlashini surishtirib, sheʼr maʼqul tushganini aytadi. Soʻng bolalar uchun sheʼrlarning kamligi haqida toʻxtalib, shunday ajoyib sheʼrlarni koʻproq yozishni taʼkidlaydi.

Quddus Muhammadiy ijodiga xos boʻlgan muhim xususiyatlardan biri hozirjavoblikdir. Shoir asarlarida ona-Vatanga muhabbat, aʼlo oʻqish, xulq-odobda boshqalarga namuna boʻlishga daʼvat etish, fan va texnikani oʻrganish masalalari asosiy mavzulardan hisoblanadi.

Ikkinchi jahon urushi davrida Quddus Muhammadiy Islom Shoirga adabiy kotiblik qiladi. Bu yerda u xalq ogʻzaki ijodi namunalari bilan yaqindan tanishadi. Islom Shoirdan koʻp narsalarni oʻrganadi.

Shoirning birinchi sheʼrlar toʻplami 1946 yilda “Oʻquvchiga esdalik” nomi bilan bosilib chiqadi. Shundan keyin uning 60 dan ziyodroq turli nom va tillardagi kitoblari chop etiladi.

Quddus Muhammadiy doimo zarur mavzularda asarlar yaratib keldi. Har bir sheʼrni kundalik hayotimizdan olib yozdi. Yozganda ham qiziq yozdi, qizgʻin yozdi, soz yozdi. Bolalarni oʻqishga, hunar oʻrganishga, odobli boʻlishga, mehnatga chorlaydi, qiziqtirdi. Buni shoirning “Oʻquvchiga esdalik” sheʼrida koʻrish mumkin. Asarda maktab oʻquvchisining maʼnaviy qiyofasi va vazifalariga mufassal toʻxtalib, oʻqish, bilim oʻrganish zarurligini taʼkidlaydi:

Boʻlay desang bogʻbon,

Yo Vatanga posbon,

Yo osmonda uchuvchi,

Yo dengizda suzuvchi,

Nimani qilsang tilak,

Bariga oʻqish kerak.

Sanʼatkorning qaysi turkumda yaratgan asarini olmang, barchasida hayotbaxsh ruh, bolani nimagadir chorlash, yaxshilik, aʼlo oʻqish, axloq-odobli boʻlishda boshqalarga oʻrnak koʻrsatish, qushlar va jonivorlarga mehribon boʻlishdek ibratomuz maʼno va mazmun yotadi.

Shoir oʻquvchi bolalar hayotining faqat eng muhim, hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan masalalarinigina qalamga oldi va ularni badiiy jihatdan yorqin va ifodali qilib tasvirlashga urindi. Bu esa u tomonidan ishlatilgan tasvirlash vositalarining naqadar oʻrinli va mazmundorligini tasdiqlaydi, obrazli ibora eng qisqa ifodali va mazmundor ibora ekanini isbotlaydi.

Quddus Muhammadiy sofdil, aʼlochi oʻquvchi bolalarni samimiy sevadi, oʻz sheʼrlarida bunday bolalarni maqtaydi. “Aʼlochi Sodiq”, “Sinov”, “Mening orzum”, “Bizning uyda”, “Yasha, Omon!”, “Besh”, “Solijonning darsxonasi” va boshqa sheʼrlari aʼlochi oʻquvchilar haqida yaratilganligi bilan muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. Shoir bu sheʼrlari orqali aʼlo oʻqish, tinmay mehnat qilish bilangina ilm-fan sirlarini egallash mumkinligini bolalar qulogʻiga quyadi.

Quddus Muhammadiy ijodining yana bir qirrasi satirik va yumoristik asarlari bilan bogʻliq. “Nomsiz erkatoylar haqida”, “Dum”, “Ahmadjonga uyat”, “Lapashang”, “Ravshanjonning qoʻli tilga kirdi” kabi koʻplab sheʼrlarida bolalar xarakteridagi yaramas odatlar ayovsiz tanqid qilinadi. Ayniqsa, shoirning “Dum” sheʼri shu jihatdan eʼtiborlidir. Ulgurmovchi, uyga berilgan vazifani tayyorlamay “dum” bilan yuruvchi oʻquvchilar haqida nasr va nazmda yozilgan koʻpgina asarlarni bilamiz. Ammo Quddus Muhammadiy “dum” chilar ustidan kulish uchun mutlaqo yangi soʻz va qiyofa topgan.

Sheʼr quvnoq misralardan tashkil topgan boʻlib, bolalarning ruhiga, pedagogik-ruhiy xususiyatiga mos tushadi:

Bir maktabda gap mish-mish,

Turgʻunning dumi bormish.

Dum bilan yurish inson shaʼniga yarashmasligi, ikkichi, qoloq, ishyoqmas Turgʻunlarning bunday yaramas dumdan qutulib ketishi zarurligi asarning mantiqiy xulosasidir.

Shoir ijodiga nazar tashlasak, mehnatga muhabbat mavzusi alohida oʻrin tutishini aytish mumkin. “Bobomning mehnati”, “GES qurilishi”, “Mirob”, “Bu binoni kim qurgan?”, “Etik”, “Madraim payvandchi”, “Mamajon shofyor” va boshqa shu kabi sheʼrlarda mehnat simfoniyasi jaranglab turadi. Bu yerda shuni ham taʼkidlab oʻtish zarurki, mehnat ahlini sevish, ularning bunyodkor faoliyatlarini qadrlash birinchi oʻrinda tasvirlanadi.

“Etik” sheʼrining qahramoni Solijon degan bola. U hali kichkintoy boʻlishiga qaramasdan mushohadasi oʻtkir, odobli. U “Oʻrdak burunli kavkazcha etigiga gard yuqtirmaydi”. Shunga koʻra uni olifta bola ekan, deb oʻylash ham mumkin.

Shoir Solijon bilan uning etigi orasidagi munozaraga diqqatni qaratadi. Etik oʻzining chiroyliligini koʻz-koʻz qilmoqchi boʻladi:

Koʻp chiranma husningga,

Rahmat deb qoʻy bir marta

Seni tikkan ustangga.

Solijonning “oʻrdak burunli kavkazcha”, etigini “puf-puflab” kiyib yurishi uning tikilishiga sarf qilingan mehnatni yaxshi bilishidan, eʼzozlashidan. Bolalar tabiatan olam sirlarini bilishga astoydil qiziqadilar. Shoirning “Dunyoda eng kuchli nima?” sheʼri ana shu qiziqishning badiiy ifodasi sifatida eʼtiborga loyiq. Shoir filni “togʻni ortsang koʻtaradi”, sherni “filni ham tikka yeydigan”, suvni “daryo, soy, irmoqlari, buloqlari koʻp”, sovuqni “daryolarni tosh qotirgan”, issiqni “qish, sovuqni qochirgan”, togʻlarni “togʻ-u toshni qulatar”, quyoshni “qarimaydi, uchmaydi” deb har xil mavjudot va hodisalarga xos eʼtiborli xususiyatlarni gʻoyat jonli, qiziqarli ifodalab, ularni bolalarning suhbati orqali sheʼriy ravishda ifodalaydi. Buni oʻqigan bola hodisalarning maʼnosi nimadaligini, ularning hayotdagi oʻrnini tushunib oladi. Bu bolaning fikrini, qobiliyatini, ongini, dunyo haqidagi tushunchasini oshiradi. Ayniqsa, yosh kitobxon dunyoda kuch-qudrat, aql-zakovatda insonga teng keladigan hech narsa yoʻq ekanligini bilib oladi:

Oʻsha kuchli oʻzimiz,

Borliqning egasimiz…

Xotiringiz boʻlsin jam,

Dunyoda kuchli odam!

Maktab oʻquvchilari har yili necha ming tonnalab temirtersaklar yigʻib topshiradilar. Bu hol anʼanaga aylanib ketgan. Maktab oʻquvchilari bu ishga astoydil kirishib, “kim koʻp toʻplashadi” oʻynaydilar. Natijada musobaqalar qizib ketadi. Shoir temir-tersak yigʻish chogʻida oʻquvchilarning qizgʻin mehnatini, temir-tersaklarning xalq xoʻjaligidagi oʻrnini, ulardan nimalar tayyorlanishini “Temirlar oʻyini” sheʼrida ifodalaydi.

Temirlar oʻyinini ifodalashda shoir bolalarbop vosita, ohang topgan. Sheʼrni oʻqir ekansiz, temir-tersaklarni jonlantirish asosida ularning har biriga oʻziga xos tasvir topishi va gʻoyani obrazli ifodalay olishini kuzatish mumkin:

Temirlar jarang-juring,

Oʻynashib diring-diring,

Deyishar: “yuring-yuring”,

Tushdilar qiziq – tansa,

Sakrashar assa-assa.

“Temirlar oʻyini”dagi “siniq pero”, “buzuq ruchka”, “eski chelak”, “choʻloq ketmon”, “zang bosgan mix”, “keraksiz kalit”, “uzuq zanjir”larning oʻz holiga achinishi, bolalar mehnati, tashabbusi tufayli ular ham xalq xoʻjaligini rivojlantirishda yaroqli boʻlishidan xushnudligi yanada aniq, jonli, loʻnda ifodalanadi: endi ular keraksiz boʻlib, har yerda sochilib yotmaydi. Zavodlarda eritilib, qayta quyilganidan soʻng mehnat qurollariga aylanadi, yana oʻz oʻrnini topadi.

Shoir sheʼrning ikkinchi qismida maktab bolalari oʻzlari toʻplagan temir-tersaklarni zavodga topshirgach, undan nimalar boʻlishini tushuntirishga oʻtadi:

…Elektr salqi simlar,

Trolleybus, dizellar.

Poyezd, vagon, poʻlat iz,

Daryoni shart toʻsgan GES…

Hattoki qisqich, chelak,

Tegirmonda sim elak,

Palovimiz kapgiri,

Chovli, kastrul – bari.

Quddus Muhammadiy sheʼrning qiziqarli, bolalarbop boʻlishi uchun jonlantirish usulidan ustalik bilan foydalanib, temir-tersaklar ahamiyatini ularning oʻzlari tilidan soʻzlatadi. Har qaysisiga xos va mos sifatlarni topadi. Deyishar: “Yuring, yuring”, “biz qachon boʻlamiz Z1L?”, “Traktorga vint boʻlib, paxta maydonin koʻray”, “Qurilishga boramiz”, “Temir mehnatkash doʻstim” kabi jonlantirishlar sheʼrning gʻoyaviy-badiiy tomondan yuksak boʻlishini taʼminlab, uning taʼsir kuchini oshirgan.

Shoir sheʼrning yengil vaznda, ravon va ohangdor boʻlishi uchun yorqin qofiyadosh soʻzlar topa olgan:

Siniq pero dikillab,

Buzuq ruchka likillab…

Temir ishin bilaman,

Qayda koʻrsam ilaman,

Maktabga topshiraman

Zavodga oshiraman.

Tabiat goʻzalligiga boʻlgan buyuk muhabbat shoirga hamisha hamrohdir. Maktabda muallimlik qilib yurgan paytida barg mavzusini oʻtar ekan “Bargjon” sheʼrini yozadi. Shu tariqa uning “Momaqaymoq”, “Qoqi oʻt”, “Bogʻimizda bir nok bor”, “Tut”, “Tolim gullaydi-yu nega meva tugmaydi?”, “Tok daraxti bir xil-u uzumi nega har xil?”, “Shaftoli doktor”, “Asalari va Ahmadjon” kabi sheʼrlari paydo boʻldi.

Shu jihatdan shoirning Hamza nomidagi respublika davlat mukofotiga sazovor boʻlgan “Tabiat alifbosi” turkumiga kirgan beshta toʻplami eʼtiborlidir. Shoir bu toʻplamlarga kirgan sheʼrlarida tabiat hodisalari, narsa va buyumlar, koinot moʻjizalari haqida poyetik xulosalar chiqargan. Bu xulosalar gʻoyat bolalarbopdir. Chunonchi, zilzilani yerning gimnastika qilishi deb taʼriflasa, chuvalchangni “er traktori” deb ataydi, gilosning qizilligini kichkinaligidan uyalishidan degan xulosaga keladi. Xullas, tabiat mavzusidagi har bir sheʼrida shu tariqa bolalar xususiyati va tushunchasiga xos ibratli fikr ifoda etiladi.

Quddus Muhammadiy yosh kitobxonlar qalbida tabiat va inson kuychisi sifatida har doim eʼzozli boʻlib qoladi.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.