Qozoq adabiyoti

0
1678
marta koʻrilgan.

Qozoq yozma adabiyoti ancha kech shakllandi. XIX asrgacha qozoqlarda adabiyot, asosan, xalq ogʻzaki ijodiyoti shaklida rivojlandi. Qadim zamonlardan beri ogʻizdan-ogʻizga koʻchib kelgan xalq maqollari, ashula va qoʻshiqlari, ertak va dostonlarida qozoq mehnatkashlarining ogʻir ahvoli, ozodlik uchun olib borgan kurashlari aks ettirilgan.

Qozoq xalq qoʻshiqlari, ertak va dostonlari turli-tuman mavzularni qamrab olgan. Ularda qozoq mazluma ayollarining ohu figʻoni ham, xalq qoʻzgʻolonchilarining mardlik-shijoati ham, tadbirkor, dono Aldarkoʻsaning maroqli sarguzashtlari ham, Qoʻblandi botir, Ertargʻin va Qambar botir singari halq bahodirlarining qahramonliklari ham oʻz aksini topgan. Qozoq xalq ogʻzaki ijodi asarlarida turli ijtimoiy tabaqalarning hayotini aks ettiruvchi shaxslar obrazi bilan bir qatorda afsonaviy va majoziy obrazlar ham uchraydi. Topishmoq va ertaklardagi boʻri, ajdaho, dev, semurgʻ qush, dostonlardagi uchqur otlar yaxshilik va yomonlik timsoli sifatida gavdalanadi.

Qozoq xalq ogʻzaki ijodida qahramonlik dostonlari salmoqli oʻrin tutadi. “Qoʻlbandi botir”, “Qambar botir”, “Ertargʻin” dostonlarida qahramonlik, doʻstilik hamda vatanparvarlik gʻoyalari romantik boʻyoqlarda aks ettirilgan. “Qiz jibek”, “Qoʻzi koʻrpesh va Bayan suluv” hamda “Suluv shash” singari ishqiy-lirik dostonlar ham juda koʻp. Bu dostonlarda pok insoniy muhabbat tarannum qilinib, feodalizm jamiyatining yaramas tomonlari ochib tashlanadi, eski urf-odatlar ayovsiz fosh qilinadi. Masalan, “Qoʻzi koʻrpesh va Bayan suluv” dostonida tasvirlanishicha, oshiq va maʼshuqaning chin insoniy muhabbatiga Bayan suluvning boy xonadondan, Qoʻzi koʻrpeshning esa kambagʻal oiladan boʻlganligi toʻsqinlik qiladi. Mana shu qarama-qarshilik oshiq va maʼshuqlarning fojiali halok boʻlishiga olib keladi.

Qozoq xalq ogʻzaki ijodidagiprogressiv oqim XIX asrning boshlariga kelib shakllangan qozoq yozma adabiyoti uchun zamin boʻldi.

Qozoq klassik adabiyotining asoschilari Choʻqon Valixonov, Ibroy Oltinsarin va Abay Qoʻnonboyev qozoq xalqi bilan rus xalqi, shuningdek, qozoq adabiyoti bilan rus adabiyoti oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlikning jarchilari edilar. Choʻqon Valixonov rus fani va madaniyati bilan tanishgan oʻqimishli kishi edi. Olim va maʼrifatparvar Ch. Valixonov koʻp sayohat qildi, ilmiy ekspeditsiyalarda yurdi. U Qozogʻistonni, qoʻshni Qashqar oʻlkasini oʻrganishga oid bir qancha ilmiy asarlar yaratdi. Choʻqon Valixonovning folklorist va publitsist yozuvchilik faoliyati ham katta ahamiyatga ega.

Choʻqon Valixonovning zamondoshi Ibroy Oltinsarin oʻzining shoirlik va maʼrifatparvarlik faoliyatini bolalarni oʻqitish ishi bilan bogʻlab olib bordi. Umr boʻyi oʻqituvchilik kasbi bilan shugʻullangan Ibroy Oltinsarin bolalarni yangi usulda tarbiyalashga alohida eʼtibor berdi. U maktab bolalarini rus adabiyotining namunalari bilan tanishtirish maqsadida rus tilidan tarjimalar qildi, adabiyot majmuasini yaratdi. Oʻzi ham sheʼrlar yozib, bolalarni oʻqishga, ilm olishga daʼvat etdi.

Qozoq klassik adabiyotining otasi Abay Qoʻnonboyev oʻz sheʼriy va nasriy ijodi hamda maʼrifatparvarlik faoliyati bilan demokratik tendensiyadagi qozoq adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qoʻshdi. U qozoq xalq ogʻzaki ijodidagi ilgʻor anʼanalar taʼsiri ostida xalq manfaatini kuylovchi asarlar yaratgan atoqli shoir va maʼrifatparvar darajasiga koʻtarila oldi.

Abay sheʼriyatnin xalq hayotiga yaqinlashtirdi, oʻz lirikasida ilgʻor gʻoyalarni tarannum etdi, xalq hayotining turli-tuman muhim ijtimoiy masalalarini oʻz zamonasining ilgʻor ziyolisi sifatida hal qildi.

XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida Qozogʻistonda savdo va sanoatning birmuncha jonlanishi zaminida mahalliy burjuaziya sinfi shakllandi.

 

Akram UZOQOV

 

“Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi xalqlari adabiyoti” (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent, 2007) oʻquv qoʻllanmasidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.