Qizgʻaldoq qishlogʻidagi toʻykurashda…

0
198
marta koʻrilgan.

Har doim gazeta-jurnallarni kuzatib borar ekanman, oddiy bir badiiyat muxlisi sifatida ularda chop etilgan asarlarni eʼtibordan chetda qoldirmayman. Oʻqib, oʻzimga manzur kelgan biror badiiy ijod mahsuli boʻlsa, uni albatta, kitob javonimda avaylab saqlayman. Adabiyotga ixlosmand doʻstlarim, tanishlarimga ham ana shu ijod namunasi haqida gapirib, uni oʻqib chiqishni tavsiya qiladigan odatim bor.

Toʻgʻri, kitob javonimda kishi oʻqiganda ichiga singib ketadigan, oʻquvchining qalbini larzaga soladigan, qayta-qayta oʻqishga chorlaydigan bunday asarlar koʻp boʻlmasa-da, bor. Xususan, “Yoshlik” jurnalining 2013 yil 6-sonini avaylab-asrab kelaman. Unda yosh ijodkor Nurilla Chorining “Boʻron tingan kecha” hikoyasi chop etilgan.

Hikoyani ilk marta oʻqiyotgan vaqtimda unga taniqli adib Murod Muhammad Doʻstning “Lolazor” romanidagi quyidagi jumlalar iqtibos qilib keltirilgani eʼtiborimni tortgandi:

“… Jonuzoq arab sal guppiroq odam edi. Uning nazarida bu yorugʻ dunyoda atigi ikkita hurmatga loyiq odam bor edi: biri – galatepalik rais Raim Gʻaybarov, ikkinchisi – qamashilik rais Norboʻta Sharof”.

Nurilla Chorining “Boʻron tingan kecha” hikoyasida ham qamashilik rais, kurash va koʻpkarilarda bakovullik qilib, el-ulus orasida katta obroʻ-eʼtibor qozongan oʻsha Norboʻta Sharof haqida gap boradi.

Keling, hikoya mazmuniga eʼtibor qaratamiz.

Qamashining Chim qishlogʻidan boʻlgan Norboʻta Sharofning yoshligi ogʻir yillarda oʻtdi. Qahatchilik, yoʻqchilik, nochorlik hamlasi ularning oilasi uchun ham begona emasdi.

Oradan yillar oʻtib, u ham tengdoshlari qatori qishlogʻida ochilgan kechki maktabda xat-savod chiqardi. Elning koriga yarashdek maqsad qoʻygan Norboʻta   oʻtgan umrining olti yilini tuman ijroiya qoʻmitasi raisligi, qolgan yigirma yilini esa jamoa xoʻjaligini boshqarish ishiga sarf etdi.

Norboʻta rais el kezar ekan, doim yonida Ibrayim aminning bolasi – Shaymardon polvonni oʻzi bilan olib yurar va aksariyat kurashlarda gʻolib boʻlardi.

Qahraton qish kunlarining birida Qizgʻaldoq qishlogʻilik Tashkan miroxur uzoq yillardan buyon niyat qilib yurgan ishini boshladi (miroxur – podsholarning otboqarlari boshligʻi, hikoyada oqsoqol oʻrnida qoʻllangan). Tashkan oʻgʻil koʻrmadi, shu boisdan toʻqqizinchi qizini “oʻgʻlim” atab, toʻy boshladi.

Aslida Tashkan boy odam emasdi, lekin koʻnglining benihoya kengligi, joʻrabozu oshnabozligi ziyoda edi.

Toʻyga qahraton qish boʻlsa ham yurtning har tarafidan mehmonlar yogʻildi. Mezbonlar esa kelayotgan mehmonlarni “qoʻniqxona”ga (uyiga) olib ketishar, mehmoni kelmay kechikayotganlari esa toʻyboshilar bilan janjallashishdan ham toymasdi.

Mana bu satrlarga eʼtibor bering.

– Hoʻv, Tirkash buva, bizga qoʻnoq yoʻqmi? – deya ichkariladi murtiga qor ingan qoruvli yigit.

– Mehmonning hali qadami uzilgani yoʻq, – dedi Eshon bepisand nazar tashlab. Toʻyxonadagi bunday tortishuvdan koʻngli togʻdek koʻtarilgan Tashkan odamlar orasidan siyliqib tashqariladi. Koʻzidan yosh qalqib, toshdi… Yelkasi nortuyaning oʻrkachiday silkindi, qayta-qayta uchib-uchib tushdi.

U zamonlarda toʻylar kurashsiz, koʻpkarisiz oʻtmasdi. Tashkan ham kurash beradigan boʻldi. Kurashga Norboʻta Sharof bakovul boʻldi. Ammo, Qizgʻaldoq ahli oʻsha kuni tang ahvolda qoldi. Chunki Norboʻta Sharofning polvoni Shaymardonga qarshi koʻkrak kerib chiqadigan mard yoʻq edi. Shunda qishloqning oriyati uchun Buxor mulla bir tadbir topdi. U yoniga Qulmat degan oʻspirinni chaqirib dedi:

– Bolam, Qulmatboy, Qulmuxammadboy, hozir Izilloqqa – Boʻri toʻpdan Oʻroqning uyiga borasan. Sizdan Tashkan miroxur xafa, de. Bormasangiz miroxurning koʻp yillik tuguni yana chiyralib qolar ekan, degin. Buxor mulla aytdi, degin. Chop, toʻyxonayu qoʻnoq tushgan uylardagi istagan otingni min. Faqat Norboʻta Sharofning toʻrigʻiga tegmasang boʻlgani. (Qarang, Norboʻta Sharofning oʻzigina emas, toʻriq oti ham qanchalar eʼzozlangan…) Chop, bolam, chop…

Koʻp vaqt oʻtmay Oʻroq mullaning yoniga keldi. Mulla Buxor unga dedi:

– Sizdan boshqa birov Shaymardonning yoqasidan ushlayolmaydigan koʻrinadi, inim.

– Ey, bu nima deganingiz boʻldi? Men olishga ishqibozman. Oʻzim tengi bilan ham olishaman, toʻgʻri. Lekin katta polvonlar bilan qachon olishuvdim.

Ha, Shaymardon yosh, novqur, kuchga toʻlgan, ayni paytda davralarning zoʻri boʻlib kelayotgan yigit. Oʻroq esa undan yoshi ancha katta, buning ustiga har doim oʻrta darajadagi polvon boʻlgan. Shu bois, u Shaymardon bilan kurash tushishni qatʼiy rad etadi, mulla Buxor esa qattiq turib, uni davraga tushishga unday boshlaydi.

U ishonch bilan Shaymardonning yelkasidan tutadi:

– Qoʻrqmang, polvon, sizni Shaymardon yiqita olmaydi. Aytganimday boʻlmasa, Buxor tilidan kofur deysiz.

Xullas, mullaning ancha jon koyitishidan soʻng, hayron qolgan Oʻroq maxsum Shaymardon polvon bilan kurash tushishga rozi boʻladi.

Adib voqeaning davomini shunday hikoya qiladi:

Davrada Shaymardon polvonning qoʻlini baland koʻtarib, talabgor izlayotgan bakovulning qavatiga yurak yutib birov yaqinlashmadi. Bundan elsaroyliklar qancha mamnun boʻlsa, qizgʻaldoqliklarning boshi shuncha xam edi. Shu bois, Oʻroq maxsumning davraga kirganini birov bilmay qoldi.

Norboʻta Sharof Shaymardon polvonning talabgori Oʻroq polvon ekanini elga eʼlon qildi. Ularning chakmoni ustidan bakovulning oʻzi belbogʻ bogʻladi. Tomoshatalablarning butun vujudi koʻzga aylangan: lab juftlamay, kiprik qoqmay davraga tikiladi. Polvonlar avval qoʻshqoʻllashib salomlashdi. Soʻng Shaymardon oʻngdan davra aylandi. Raqibi unga ergashdi. Bir-biriga yuzlangancha chap oyogʻidan oʻngini yarim qadam oldinga tashlagan polvonlar biroz engashdi. Goʻyo qanot qoqib turgan xoʻrozlarday bir-biriga tikildi.

Shaymardon polvon raqibiga tikilgancha… oʻn yashar bolaga aylandi.

…Peshindagidek boʻron qoʻpgan kun. Uning peshonasidan bir odam oʻpdi. Mahkam quchoqlab, manglayini manglayiga tiradi va: “Bu olamning savdolarini bir kun oʻzing yechasan, menga oson tutma, otangni ham kutma. Shu kungacha gʻayridin olib ketgan biror odam qaytmadi. Kishining moliga teginma. Qoʻling halol, nima ish qilsang-da, bir kun biz tomonga Xudoyqul deb izlab bor. Yetimni Yaratgan yaxshi koʻradi, boshini yormaydi. Oʻzingni ehtiyot qil…” deb, ikki qop somon ostidan faqat boshi koʻrinib turgan oq burun, olaqashqa samanga marhumani yukladi. Shaymardon biyaning ortidan yigʻlab chopdi. Yiqildi, qorga agʻanadi. Shu yotgancha oldinga tikilib qoldi. Tim qora dum qorda sudralib borardi…

Avval sarbon, keyin biya, soʻng qorda qolgan dum izi boʻronda koʻrinmay     ketdi. Biyani yetaklab ketgan odam –   bodomqovoq, qiyiqkoʻz, oʻsik qosh, keng burun, kulcha yuzli, bugʻdoyrang kishi edi. U qartayish oʻrniga yosharib, kichrayib, bugun qarshisida turibdi.

Shaymardon bu odamni ikki marta izladi: avval urushga ketish arafasida daraklab keldi. Bildiki, biya yetaklagan sarbon elning mullasi ekan, oʻtib ketibdi. Onasi omonatini topshirganida «ur-tiq», «ot-ot» zamon edi. Otasi ham shuning qurboni ekanini keyin angladi. Ikkinchi marta urushdan qaytgandan soʻng qidirdi. Xudoyquldan qoraxat keldi, deb eshitdi. Shu bilan togʻa tomiridan, ona avlodidan umidini uzib ketdi. Xudoyqulning el ichra Oʻroq otini olganini esa, kimsadan eshitmadi. Bugun u qarshisida!..

Polvonning qomati “alif” boʻldi. Raqibining yoqasini tutishga chogʻlangan qoʻllari toʻqsonga toʻqnashib, asoga kuchi kelmaydigan ilklarday shalvirab qoldi. Birdan ortiga tislanib, qoʻlini osmon qadar koʻtargancha “kurashmayman” ishorasini berdi.

Davra – hangu mang. Nima boʻlganini hech kim bilmay qoldi.

Osmon toqidagi uzun pardek bulutning qishloq tepasidagi joyi tugundek. Goʻyo somonyoʻlida borayotgan “nortuyalar” horib, davra ustida choʻkkan. “Yoʻlovchilari” el-ulusni kuzatgan, kuzatganu shu kuzatishda jim tarqalayotgandek edi. Olomon ham qanday yigʻilgan boʻlsa, yana shunday tarqadi.

Tuni bilan qoʻnoqxonalarda Oʻroq maxsum va Shaymardon aminning taqdiridan gurung qizidi. Qishloq ahli bomdodda Shaymardon polvonning qabristonda qiroat bilan fotiha oʻqiyotganini eshitdi.

Qizgʻaldoqdan qaytayotgan otliqlar orasida ikki kishi unsiz soʻzlashdilar. Norboʻta Sharofning koʻzlari “olishganda otangni ayama, deyishardi. Bu yogʻi qanday boʻldi, Shaymardon?” deganini uqqan polvonning koʻzlari “Bir kun bu tanni tuproqqa topshirar boʻlsam, manzil-makonimga qoʻyar odamning qanday yoqasidan olay, oqsoqol?!” derdi. 

Hikoya yakunida Norboʻta Sharof koʻnglidagi gaplar quyidagi jumlalar bilan tugaydi:

“Olam yasharsa, Norboʻta Sharof yosharsa, Shaymardon emas, men olishaman, deb davraga otilib kirsa… Eh, qani endi shunday boʻlsa. Shundaylar boʻlsa…”

Xullas, adib oʻquvchini Norboʻta Sharof bilan tanishtirish asnosida, xalqimizning milliy anʼanalari, urf odatlari, qishloq odamlariga xos jaydarilik, tantiligu mehr-oqibatni shu qadar chiroyli taʼriflaydiki, beixtiyor oʻzingizni ana shu odamlar orasida his etasiz.

 

Oʻrolboy QOBIL

 

qashqadaryogz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.