“Qildi javr izhor doʻst”

0
1139
marta koʻrilgan.

Qildi dushman rahm, baskim qildi javr izhor doʻst,

Ey koʻngul, dushman top emdi, tutmagʻil zinhor doʻst.

 

Har zamon dushmanlarim ozurdadur, ey doʻstlar,

Baski, har dam yetkurur men zorgʻa ozor doʻst.

 

Dushman ar jonimni afgor aylasa, qildim bihil,

Javr tigʻidin chu koʻnglum aylamish afgor doʻst.

 

Kecha dushmanlargʻakim, nolamdin uyqu kelmadi,

Ranjamen mundin dagʻikim, boʻlmadi bedor doʻst.

 

Men oʻlar holatda, dushmanlar koʻrunub doʻstvash,

Nevchun oʻlmaykim, kelur boshimgʻa dushmanvor doʻst.

 

Kulsa dushman ayb emaskim, koʻrmadim oz ham vafo,

Garchi qozgʻandim qilib jonim fido bisyor doʻst.

 

Charxning mehriga magʻrur oʻlmagʻilkim, gʻadri bor,

Hargiz oʻlmas kimsaga ul dushmani gʻaddor doʻst.

 

Soqiyo, qil doʻstluq, tut bodakim yoʻqtur gʻami,

Boʻlsa olam dushmani har kimga sendek bor doʻst.

 

Itlaring gʻavgʻo qilur goʻyo Navoiy oʻldikim,

Boshi uzra jamʼ oʻlub afgʻon qilurlar yor-doʻst.

 

* * *

 

Vrag pojaleet inogda, no ne razdelit gore drug,

Yedva nadvinetsya beda – tebya pokinet vskore drug.

 

O serdse! Drujbiʼ ne ishʼi. S vragami sladit ya mogu,

No lish stradaniye neset na jiznennom prostore drug.

 

Kogda mne dushu ranil vrag, sluchalos, ya yego proshʼal,

I ya proshʼal, kogda terzal kinjalnoy bolyu v ssore drug.

 

Kogda nochami ya ne spal, budil moy ston, podchas, vraga,   

No v bezmyatejnom, sladkom sne vstrechal so mnoyu zori drug.

 

Kogda ya, muchas, umiral – kazalsya drujelyubniʼm vrag,

A drug? Vrajdebnosti ne skriʼl v svoyem xolodnom vzore drug.

 

Puskay xulyat menya vragi – ot nix inogo ya ne jdu.

No tot, komu ya otdal jizn, – on toje v etom xore – drug.

 

Kovaren rok: tiʼ schastliv biʼl, no vot uje idesh ko dnu.

K tebe na pomoshʼ ne pliʼvat v jiteyskom burnom more drug.

 

Ey, vinocherpiy!  Drugom  bud – naley  vina!  Vragov  ne schest,

No yest u vsex takoy, kak tiʼ, v kabatskom razgovore drug!

 

Uje zaviʼli psiʼ krugom, kak budto umer Navoi,

Druzey-priyateley moix ya viju v etoy svore, drug.

 

* * *

Hayot oʻta murakkab, inson xilqati, uning ichki dunyosi, tashqi dunyoga munosabati yanada murakkabroq. Chinakam adabiyot bularning barchasini oʻzida aks ettira olishi zarur. Alisher Navoiy sheʼriyatida, shu jumladan gʻazaliyotida biz ana shu xususiyatni koʻramiz. Bu jihatdan shoirning “Navodir ush-shabob” devoni tarkibiga kirgan “doʻst” radifli gʻazali xarakterlidir. Unda insoniy munosabatlar va lirik qahramonning ular bilan bogʻliq kechinmalari chuqur va ishonarli tarzda tasvirlangan. Matlaʼda dushmanidan rahm, doʻstidan esa javr koʻrgan lirik qahramonning holati, koʻnglidan kechgan fikrlari uning oʻz soʻzlari bilan, koʻngliga murojaat qilib “endi zinhor hech kim bilan doʻstlashma, aksincha, dushman top” deya qilgan xitobi orqali ochib beriladi:

 

Qildi dushman rahm, baskim qildi javr izhor doʻst,

Ey koʻngul, dushman top endi, tutmagʻil zinhor doʻst.

 

Doʻstning doʻstga har damda yetkazayotgan ozori shu qadarki, hatto dushmanlar ham bundan taʼsirlanadilar, ularning ham koʻngli ozor chekadi:

 

Har zamon dushmanlarim ozurdadur, ey doʻstlar,

Baski, har dam yetkurur men zorgʻa ozor doʻst.

 

Doʻst doʻstning koʻnglini afgor qilayotgan ekan, unda dushmandan nimani kutish mumkin? Uni ayblamasa ham, undan xafa boʻlmasa ham boʻladi.

Shu sababli lirik qahramon uning koʻnglini afgor qilgan dushmanni avf etadi:

 

Dushman ar jonimni afgor aylasa, qildim bihil,

Javr tigʻidin chu koʻnglum aylamish afgor doʻst.

 

U tun boʻyi nola qildi. Bundan dushmanlar hech uxlay olmadilar, ammo doʻst bedor boʻlmadi:

 

Kecha dushmanlargʻakim, nolamdin uyqu kelmadi,

Ranjamen mundin dagʻikim, boʻlmadi bedor doʻst.

 

Oʻlim toʻshagida yotgan lirik qahramon koʻziga dushmanlar ham doʻstdek boʻlib koʻrindilar, lekin uning boshiga kelgan doʻstning koʻrinishi dushmanvor edi:

 

Men oʻlar holatda, dushmanlar koʻrunub doʻstvash,

Nevchun oʻlmaykim, kelur boshimgʻa dushmanvor doʻst.

 

Gʻazalning navbatdagi bayti quyidagicha:

 

Kulsa dushman ayb emaskim, koʻrmadim oz ham vafo,

Garchi qozgʻandim qilib jonim fido bisyor doʻst.

 

Mazmuni: Dushman ustimdan kulsa ayb emas, chunki men jonimni fido qilib koʻp doʻstlar orttirdimu ulardan ozgina ham vafo koʻrmadim.

Sheʼrning yettinchi bayti oʻz mazmuniga koʻra ajralib turadi. Unda doʻstdan shikoyat motivi oʻrnini charxdan shikoyat motivi egallaydi, oldingi baytlarda doʻstning dushmanligi, u yetkazgan ozor haqida soʻz ketgan boʻlsa, bunda charxning dushmanligi, gʻaddorligi, hech kimga doʻst boʻlmasligi haqidagi fikrlar oʻz ifodasini topgan:

 

Charxning mehriga magʻrur oʻlmagʻilkim, gʻadri bor,

Hargiz oʻlmas kimsaga ul dushmani gʻaddor doʻst.

 

Keyingi baytda shoir soqiyga murojaat qiladi:

 

Soqiyo, qil doʻstluq, tut bodakim yoʻqtur gʻami,

Boʻlsa olam dushmani har kimga sendek bor doʻst.

 

Mazmuni: ey soqiy, menga doʻstlik qil, boda tut, zero butun olam dushman boʻlsa ham, sendek doʻsti bor kishining gʻami yoʻq.

Gʻazal maqtaʼsi nashrda quyidagicha xato berilgan:

 

Itlaring gʻavgʻo qilur goʻyo Navoiy oʻldikim,

Boshi uzra jamʼ oʻlub afgʻon qilurlar yoru doʻst.

 

Koʻrinib turibdiki, bunda qofiya buzilgan. Toʻgʻrisi shunday boʻlishi lozim:

 

Itlaring gʻavgʻo qilur goʻyo Navoiy oʻldikim,

Boshi uzra jamʼ oʻlub afgʻon qilurlar yor-doʻst.

 

Mazmuni: Itlaring gʻavgʻo qilyapti, goʻyo Navoiy oʻlganu yor-doʻstlar uning boshida yigʻlamoqda.

Navoiyning mazkur gʻazali N. Panova tomonidan rus tiliga tarjima qilingan

(Alisher Navoi. Sochineniya v 10 tomax. T.,1. str. – 229).

 

Birinchi bayt tarjimasida tarjimonning baytning badiiyatini taʼminlovchi asosiy vositani ilgʻab ololmagani koʻrinadi. Asliyatda dushmanning rahmi va doʻstning javri bir-biriga qarama-qarshi qoʻyiladi va shundan kelib chiqib, endi doʻst emas, dushman topish kerakligi haqidagi fikr ifoda etiladi. Tarjimada bu aks etmagan, unda umuman doʻst javri haqida soʻz yoʻq, uning oʻrnini doʻstning hamdard boʻlmasligi, (ne razdelit gore drug) boshga kulfat tushganda tashlab ketishidan shikoyat egallagan:

 

Vrag pojaleet inogda, no ne razdelit gore drug,

Yedva nadvinetsya beda – tebya pokinet vskore drug.

 

Ikkinchi bayt tarjimasi asliyatdan ancha uzoq. Navoiy baytining asosiy maʼnosi, yaʼni doʻstining lirik qahramonga yetkazgan ozori dushmanlarni ham ozurda qilgani unda oʻz ifodasini topmagan:

 

O serdse! Drujbiʼ ne ishʼi. S vragami sladit ya mogu,

No lish stradaniye neset na jiznennom prostore drug.

 

Uchinchi bayt quyidagicha oʻgirilgan:

 

Kogda mne dushu ranil vrag, sluchalos, ya yego proshʼal,

I ya proshʼal, kogda terzal kinjalnoy bolyu v ssore drug.

 

Koʻrib turganimizdek, birinchi misrada lirik qahramonning oʻz dushmanini kechirgani, ikkinchi misrada doʻstini kechirgani haqida soʻz bormoqda. Asliyatda esa bunday emas. Navoiyning mazkur baytida qanday maʼno-mazmun ifodalangani haqida biz yuqorida toʻxtalib oʻtdik.

Keyingi ikki bayt tarjimasi, har qalay, oldingi baytlar tarjimalaridagi singari xato va kamchiliklardan bir qadar xoli ekanligi bilan ajralib turadi:

 

Kogda nochami ya ne spal, budil moy ston, podchas, vraga,   

No v bezmyatejnom, sladkom sne vstrechal so mnoyu zori drug.

 

Kogda ya, muchas, umiral – kazalsya drujelyubniʼm vrag,

A drug? Vrajdebnosti ne skriʼl v svoyem xolodnom vzore drug.

 

 Lekin, afsuski, navbatdagi bayt tarjimasi haqida bunday deb boʻlmaydi. Baytning birinchi misrasidagi “kulsa dushman” tarjimada “dushmanlar meni yomonlasa yomonlayversin” (Puskay xulyat menya vragi)ga, ikkinchi misradagi koʻp doʻstlar bitta doʻstga aylanib qolgan:

 

Puskay xulyat menya vragi – ot nix inogo ya ne jdu.

No tot, komu ya otdal jizn, – on toje v etom xore – drug.

 

Buning oqibatida tarjimada baytning badiiyatiga putur yetgan, uning taʼsir kuchi kamaygan, zero biron kishining ustidan kulish unga uni yomonlashdan koʻra kuchliroq taʼsir koʻrsatadi, koʻp doʻstlarning vafosizlik qilgani tufayli koʻngilga yetadigan alam bilan bitta doʻstning qilmishi tufayli yetadigan alam barobar emas.

Endi yettinchi bayt tarjimasiga nazar solamiz:

 

Kovaren rok: tiʼ schastliv biʼl, no vot uje idesh ko dnu,

K tebe na pomosh ne pliʼvet v jiteyskom burnom more drug.

 

Bayt tarjimasida garchi qismat (rok) tilga olingan boʻlsa-da, lekin, asosan, hayotdagi doʻstdan uning vafosizligi, ogʻir damda yordamga kelmasligidan shikoyat qilinadi. Holbuki, asliyatda yuqorida aytib oʻtilganidek, mazkur baytga kelib motiv oʻzgargan, doʻstdan shikoyat motivi oʻrnini charxdan shikoyat motivi egallagan, charxning gʻaddorligi, uning hech kimga doʻst boʻlmasligi haqidagi fikr oʻz badiiy ifodasini topgan, binobarin, bu oʻrinda tarjima asliyatga mos emas.

Soqiyga qilingan murojaatdan iborat boʻlgan navbatdagi bayt rus tilida shunday yangraydi:

 

Ey, vinocherpiy! Drugom  bud – naley  vina! Vragov ne schest,

No yest u vsex takoy, kak tiʼ, v kabatskom razgovore drug!

 

Mazmuni: Ey, soqiy! Doʻstlik qil – sharob quy! Dushmanlarning son-sanogʻi yoʻq. Biroq barchaning mayxonadagi suhbatda sen kabi doʻsti bor.

Bu oʻrinda Navoiy baytining badiiy mazmuni uncha toʻgʻri va toʻliq yetkazib berilmagani ayon boʻladi, zero asliyatda lirik qahramon soqiydan unga doʻstlik qilish – may tutishni soʻrar ekan, unga qarata “kimning sen kabi doʻsti boʻlsa, butun olam dushman boʻlganda ham gʻam yemaydi” deydi.

Tarjimon gʻazalni qisqartirmagan, uning oxirgi toʻqqizinchi bayti tarjimasida eʼtirozga sabab boʻluvchi kamchilik yoki qoʻpol xato koʻzga tashlanmaydi.

 

Uje zaviʼli psiʼ krugom, kak budto umer Navoi,

Druzey-priyateley moix ya viju v etoy svore, drug.

 

 Hayotni, insonni, uning kechinmalarini butun murakkabligi bilan tasvirlagan bunday sheʼrlar Navoiy lirik merosida koʻpchilikni tashkil etadi. Ularning gʻoyaviy-badiiy mazmunini chuqur va atroflicha tahlil va tadqiq etish, bu mazmunning tarjimalarda qay darajada aks ettirilganini kuzatish ulugʻ shoir ijodini oʻrganishda muhim ahamiyatga molikdir.

 

Qodirjon ERGASHYeV,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–11

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.