“Qaro koʻzum…”

0
6832
marta koʻrilgan.

Qaro koʻzum, kelu mardumlugʻ emdi fan qilgʻil,

Koʻzum qarosida mardum kebi vatan qilgʻil.

 

Yuzing guliga koʻngil ravzasin yasa gulshan,

Qading niholigʻa jon gulshanin chaman qilgʻil.

 

Takovaringgʻa bagʻir qonidin hino bogʻla,

Itingga gʻamzada jon rishtasin rasan qilgʻil.

 

Firoq togʻida topilsa tuprogʻim, ey charx,

Xamir etib, yana ul togʻda koʻhkan qilgʻil.

 

Yuzung visoligʻa yetsun desang koʻngillarni,

Sochingni boshtin-ayogʻ chin ila shikan qilgʻil.

 

Xazon sipohigʻa, ey bogʻbon, emas moniʼ,

Bu bogʻ tomida gar ignadin tikan qilgʻil.

 

Yuzida terni koʻrib oʻlsam, ey rafiq, meni

Gulob ila yuvu gul bargidin kafan qilgʻil.

 

Navoiy, anjumane shavq jon aro tuzsang,

Aning boshogʻligʻ oʻqin shamʼi anjuman qilgʻil.

 

 

Gʻazal tahlili

 

Hazrat Alisher Navoiyning ushbu mashhur gʻazali L. Kmetyuk tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingan.

Har bir tarjima til imkoniyatlari va mezonlari darajasida amalga oshiriladi. Maʼnoni saqlab qolishga urinish ohang, badiiyat, qofiyaning buzilishiga sabab boʻlishi mumkin. Albatta, tarjimonning mumtoz adabiyotimiz durlari sanalmish Navoiy gʻazallari tarjimasiga qoʻl urishi, yaʼni”Navoiy panjasiga panja urishi” ga intilishi ibratli. Tarjimalarga nazar solsangiz, mutarjim L. Kmetyuk gʻazalning umumiy gʻoyasini berish maqsadida oʻz tilida turli ekvivalentlar qidirganligi va tinimsiz izlanganligini sezasiz. Ammo tarjimon asliyatni oʻzi tushunib olishi bilan birga, bu tushunchalarni oʻquvchilar ongiga singdirishning yoʻlini ham izlashi kerak. Bu jarayon uchun neki talab qilinsa, chorasini koʻrish uning chekiga tushadi. Endi yana bir bor gʻazalga nazar tashlasak:

Baytlarning mazmunini teran tushunish badiiy sanʼatlarni qayta yaratishning asosiy omilidir. Yuqoridagi baytda zohiriy, dunyoviy mohiyatga koʻra, lirik qahramon visol ilinjida mahbubaga iltijo qilayotir: “Qora koʻzli goʻzalim, kelsang-chi, muruvvat va vafo yoʻlini, odamiylik rasmini tutsang-chi”. Odamning koʻz qorachigʻida koʻz gavhari joylashgan boʻladi, koʻz mana shu gavhar vositasidagina borliqni koʻra oladi. Ana shu tabiat qonunini nazarda tutib, shoir ikkinchi misrada yana iltijo qiladi: “Koʻzimning qorachigʻida gavhar kabi vatan tutsang-chi, toki men koʻzim yorishib, olam goʻzalliklaridan bahramand boʻlsam”.

L. Kmetyuk sheʼriy parchani inglizchaga quyidagicha tarjima qilgan:

 

Come my dark eyed one come and show your kindness,

Weave a nest for yourself, in the depth of my pupils.

 

Koʻrib turganimizdek, ikkinchi misra tarjimasi asliyatni toʻlaqonli ochib bera oladi. Yaʼni gʻazaldagi oshyon, istiqomat maʼnolarini anglatuvchi vatan soʻziga maʼno jihatdan mos ekvivalent nest (“in”) soʻzi qoʻllangan, yaʼni “koʻzlarimning tubida oʻzingga vatan, in qilib olgin” maʼnosining anglashilishi asliyatga muvofiq tushgan. Tarjimadagi bu misrani botiniy va zohiriy jihatdan tahlil qilsak, xar ikkala maʼno saqlanib qolganligini koʻramiz.

Asliyatda, oshiq goʻzaldan muruvvat va vafo yoʻlini tutishini, odamiylikni odat qilishini soʻraydi (fan qilmoq – odat (kasb) qilmoq).

Har ikkala soʻzning qoʻshiluvidan yuqoridagi maʼno hosil boʻlgan va bunda dunyoviy jihatdan oshiq oʻz maʼshuqasiga endi uzoq ayriliqdan soʻng odamgarchilik qilib, vafo qilishni soʻraydi. Soʻfiyona talqin etilganda esa – iltijo, jamol orzusi, yaʼni Ollohning lutfu ehsoni tajallisidan umidvorlik. Soʻfiy uchun oʻz nigohida, qorachigʻida ilohiy nur jilvalanishi, olamni shu muborak nur orqali koʻrish oliy baxt. Ammo tarjimada fan qilgʻil undalmasi oʻrniga show your kindness (olijanobligini koʻrsat) buyruq gapi berilgan. Vaholanki, oshiq yor vasliga yeta olmay ginalab, maʼshuqadan insoniy olijanoblik, soʻfiy esa Allohdan vaslidan benasib qilmaslikni soʻraydi. Tarjimada qoʻllangan ekvivalent bunga qarama-qarshi maʼno kasb etgan. Maʼshuqaning olijanob emasligidan iztirob chekayotgan oshiq va Allohning nazaridan chetda qolayotgan soʻfiy tarjimada uchramaydi.

Navoiy baytda Sharq badiiy sanʼatlaridan tardi aks (qaro koʻzum va koʻzum qarosida), tajnis sanʼatidan (mardum va mardumligʻ) unumli foydalanadi. Tarjimada shoir foydalangan sheʼriy sanʼatlar Sharq sheʼriyati uchun xarakterli ekanligini hisobga olib, ularning tarjimada uchramasligini tabiiy hol deb baholash mumkin. Ammo baytlar orasidagi qofiyadoshlikning yoʻqligi gʻazal ohangining uslubiy jihatdan buzilishiga olib kelgan. Ushbu baytni quyidagicha tarjima qilganda tarjimada adekvatlik yuzaga kelgan boʻlar edi:

 

Come my dark eyed one come and learn then kindness

In the depth of my pupils, weave for yourself a nest

2-bayt:

Yuzung guliga koʻngil ravzasin yasa gulshan,

Qading niholigʻa jon gulshanin chaman qilgʻil.

 

Bu baytni navoiyshunos olim Nusratilla Jumaxoʻja shunday sharhlaydi:

– Mazkur baytda tasvir ancha sodda va muayyan, biroq bu bayt ham bir qancha ramziy iboralardan tarkib topgan boʻlib, ularni sharhlamasdan mazmun-mohiyatini anglab yetish qiyin: 1. Yuzung guli – zohiriy maʼnosi – “yor chehrasi”. Botiniy maʼnosi – “Haq jamoli”. 2. Koʻngul ravzasi – koʻngil bogʻi, inson ruhiyat olami. 3. Qading niholi yorning niholdek qaddi-qomati, jon soʻzi tarkibidagi (arab yozuvida) alif harfi, ilohiy maʼshuq qomati. 4. Jon gulshani oshiqning vujudi, bagʻri, alif harfining maskani boʻlmish jon soʻzi – manzurning javlongohi.

Birinchi misra “sening yuzing mening koʻnglim bogʻida gul ochsin” maʼnosidagi visol ilinjini taʼkidlab keladi. Shuningdek, bu misrada birinchi baytning mantiqiy davomi ham anglashilib turibdi. Maʼlumki, koʻz – koʻngilning oynasi. Yor jamoliga muyassar boʻlgan koʻngil yorishadi. Koʻz qorachigʻida makon qurgan yor jamoli chuqur tomir yozadi, koʻngilda aks sado beradi, koʻngil bogʻida ishq chechaklari gullaydi, boʻstonga aylanadi. Shuning uchun lirik qahramon “Sening alifdek qomating niholi mening joni dilim bogʻida yashnasin va yuzing guli bu bogʻni gulshanga evirsin,” – deya ilinj-iltijo izhor etmoqda[1].

2-baytdagi 1-misraning inglizcha tarjimasi:

 

Turn the garden of my heart into a flowerbed, for the blossom

that is your face,

 

Taʼkidlash lozimki, mazkur misra soʻzma-soʻz tarjimada aniq ifoda etilgan.

Tarjimon asliyatdagi mazmunni mahorat bilan saqlab qolgan, shu baytdagi ikkinchi misrada arab yozuvigagina xos boʻlgan harfiy sanʼat, tashbehi izmor, yaʼni yashirin[2] tashbeh qoʻllangan. Jon soʻzi uch arabiy harfdan, yaʼni “jim”, “alif”, “nun” dan iborat. Alif harfi jonning ichida (markazida) joylashgan. Bu yerda chamanning ichida ekilgan niholga oʻxshatish mavjud:

 

Qading niholigʻa jon gulshanin chaman qilgʻil.

 

Koʻrinib turibdiki, bunday soʻz oʻyinini inglizchada berish qiyin. Ingliz tili hind-yevropa oilasining german guruhiga mansubligi va yozuvning turkiy imlo qoidalariga mos tushmasligini hisobga olib, ingliz tilida bu sanʼatning qoʻllanmasligi tarjima xatosi hisoblanmaydi. Shuning uchun bunday hollarda misraning sharhi havolada berilishi maqbul yechimdir. 2-baytning 2-misrasi:

 

And the rest your slender form so like the sapling in the garden

that is my heart

 

(Soʻzma-soʻz tarjimasi: “Qolgan chiroyingni xuddi koʻnglim bogʻida nihol kabi rostlagin”).

Bu misra grammatik jihatdan ham asliyatga muvofiq, baytdagi ikki misra and (va) bogʻlovchisi bilan bogʻlangan. Gapning maʼno jihatdan turi – buyruq ohangidagi gap va bu gap tarjimada ham oʻz grammatik shaklini saqlagan. Biz yuqoridagi asliyatda shu misrada tashbih sanʼati qoʻllanganligini kuzatdik. Alifning nihol – qadga ishora qilinishi, yorning jon gulshanida qaddini tik tutishi, yaʼni alifdek tik qaddi-qomati bilan turishi koʻzda tutilgan. Ingliz tilidagi form soʻzining ishlatilishi bu yerda ayni muddaodir.

Tarjimonning form soʻzini qoʻllashi Navoiy koʻzda tutayotgan “Qaddi qomatni tik tutib, koʻngil bogʻida qoʻnim topish”iga mos tushadi.

3-baytning, 1-misrasi:

 

Takovaringgʻa bagʻir qonidin hino bogʻla,

Itingga gʻamzada jon rishtasin rasan qilgʻil.

 

Takovar, yaʼni tez yurar yoʻrgʻa ot mumtoz sheʼriyatdagi anʼanaviy timsollardan. Gʻazallarda maʼshuqa otliq qiyofada chiroyli nazmiy misralarda tasvirlanadi. Seviklining otiga iltifot koʻrsatish orqali oʻz muhabbati va sadoqatini izhor qilishi barcha mumtoz shoirlarimiz uchun umumiy xususiyat. Masalan, Navoiy lirik qahramoni maʼshuqa ot yeldirib, uning yonidan oʻtib ketishini, hijron balosiga yana mubtalo boʻlishini istamaydi (N. Jumayev sharhi – G. O.). Oshiq oʻzining bagʻir qoni ot oyogʻiga xino boʻlishini, gʻamzada joni mahvash yonida yelib yurgan iti boʻynida arqon boʻlishini orzu qiladi. Xino bogʻlash udumi Yevropa uchun mutlaqo yot. Tabiiyki, ingliz oʻquvchisiga shoirning yorga, otiga “xino bogʻlashi”ni soʻraganda, nimaga ishora qilayotgani tushunarsiz tuyulishi mumkin. Oyogʻiga hino bogʻlangan kishining tez yura olmasligi ingliz oʻquvchisiga maʼlum emas. Ammo yor otiga insonga xos udumni bajartirish, oshiqning yurak bagʻridan olingan qonni yorning otiga xinolikka sadqa qilishdek buyuk hurmat, Sharqona sevgi va ilohiy ishqni oʻzga millat oʻquvchisiga shundayligicha koʻrsata olish Navoiy gʻazallaridagi beqiyos jiloni yorqinroq anglash imkoniyatini berardi. Milliy koloritga xos xino soʻzi matn ichida transliteratsiya qilinib, ekvivalentsiz leksikani uzatish usullaridan biri hisoblangan izohli tarjimadan foydalanilgan holda, bu soʻzga matn soʻngida izoh berilishi mumkin edi. Ammo bu bayt quyidagicha tarjima qilingan:

3-bayt 1-misrasining inglizcha tarjimasi:

 

Splash the hooves your brave steed in me heart’s blood.

 

Bu tarjimada xino qoʻyish bilan bogʻliq tasvir yoʻq. Unda “yurak qoni”ni yor otiga sachratish soʻralmoqda. Tarjimon navoiyona mulohazani anglamasa-da, undagi tasvirni berishga ishtiyoqi kuchliligidan otni jayron otga aylantiradi. Darhaqiqat, jayron otning badani qon sachragandek tuyuladi. Xino esa otning oyoq qismini boʻyash uchun ishlatiladi. Adekvatlikni taʼminlash uchun bunday yoʻldan bormasdan xino soʻziga va uning nima sababdan baytda qoʻllanayotganligiga quyidagicha alohida izoh berib oʻtilsa, goʻzal milliy kolorit anʼanasi tarjimada aks etardi va bunda Navoiyning oʻziga xos uslubi yorqinroq namoyon boʻlardi:

 

Bandage a henna under your steeds feet,

And weave a leash for your dog from the tendons of my sad soul, indeed.

 

Sheʼriy tarjimaning murakkabligi shundaki, baʼzi realiyalarni tarjimon izohda tushuntirishga majbur. Ammo toʻrt qator sheʼrda beshta izoh keltirilsa, bunday tarjima oʻquvchiga estetik zavq bermasligi mumkin. Garchi sheʼr tarjimasida satr osti izohlarning birmuncha kamroq boʻlishi maqsadga muvofiq boʻlsa-da, Navoiy gʻazallarini chet tillariga oʻgirishda baytlardagi falsafiy maʼno, milliy koloritdagi soʻzlarni oʻquvchiga aniq yetkazish uchun izohli tarjima usuli maʼqul yechim hisoblanadi.

3-baytning 2-misrasi:

 

Itingga gʻamzada jon rishtasin rasan qilgʻil.

 

Maʼlumki, it – insonning hamrohi, uning qoʻriqchisidir. Shoir, shu maʼnoda, yorning qoʻriqchisi boʻlishga havas qiladi. Navoiy oʻzini oʻsha it oʻrnida, hech boʻlmasa boʻynidagi arqoni boʻlishni xohlaydi.

Inglizcha tarjimasi:

 

And weave a leash for your dog from the tendons of my sad soul.

 

Bu misralar semantik jihatdan aniq tarjima qilingan. Itga iltifot qilish nafaqat Sharq, balki Gʻarbda ham mavjud. Love me love my dog ingliz xalq maqoli (“Meni sevsang, itimni ham sev”) da it soʻzi ramziy maʼnoda qoʻllangan boʻlib: 1) “yomon odatlarimni ham sev”; 2) “menga tegishli boʻlgan hamma narsani sev” maʼnosini anglatadi. Ushbu ibora orqali Navoiy gʻazalidagi obraz (yaʼni yorning itiga iltifot) Gʻarbda ham sevgan insoniga boʻlgan hurmat ifodasidir. Bu orqali Sharq va Gʻarb lirikasining uygʻun semantik jihatlari namoyon boʻladi.

4-bayt:

Firoq togʻida topilsa tuprogʻim, ey charx,

Xamir etib, yana ul togʻda koʻhkan qilgʻil.

 

Koʻhkan “togʻ qazuvchi” degan maʼnoni anglatadi. Farhod Shirinning yurtiga borib, togʻni qazib suv chiqargani uchun ham koʻhkan laqabini olgan. Shuningdek, “firoq, rashk, hajr, oh ila dard” Farhod nomini anglatadi. Ushbu bayt inglizchaga mohirona oʻgirilgan:

Tarjimasi:

 

O Heaven, if at the foot of the mountain of separation my dust is discovered,

Knead it into the dough and sculpt from it powerful stone mason.

 

Tarjimada barcha mezonlarga mos adekvatlik mavjud.

 

5-bayt:

Yuzung visoligʻa yetsun desang koʻngillarni,

Sochingni boshtin-ayogʻ chin ila shikan qilgʻil.

 

“Bir qarashda bu baytda murakkab ibora va timsollar yoʻq”, – deydi ushbu bayt talqinida N. Jumaxoʻja, – “masalan, yuz dunyoviy maʼshuqa chehrasini, ayni paytda Alloh husn-jamolini anglatadi… Keyin koʻngillar deganda oshiqlar obrazi tushuniladi… Mutolaada muxlisni chin ila shikan soʻzlari koʻproq oʻylantiradi. Oʻzaro maʼnodosh bu forsiy soʻzlar oʻram-oʻram, halqa-halqa, zanjirsimon-silsilaviy, qat-qat, pechu tobli, qarmoqsimon, ilgaksimon sifatlarini maʼshuqa sochlariga nisbatan ifodalayotir… Gʻazaldagi maʼshuqa obrazi – benihoya yuksak, ulugʻvor, yetishib boʻlmas siymo. Oshiq koʻngillar esa xokisor va notavon. Oshiq koʻngillar bilan maʼshuqa jamoli oraligʻida soch – poyonsiz hijron timsoli yotibdi. Shuning uchun lirik qahramon maʼshuqadan madad soʻraydi: “Agar oshiqlaringga rahming kelsa, ular visolingdan bahramand boʻlishini istasang, sochingni boshdin-oyoq qarmoq, ilgak va oʻramlar kabi jingalak qil, toki aftoda oshiqlaring shu “chin” ila “shikan”lar vositasida oyogʻingdan boshingga koʻtarilsin, “yuzing visoliga yetsun”. “Chin ila shikan” obrazlari orqali Haqning diydorini izlab soʻfiylar bosib oʻtadigan soʻfiylik suluki silsilalari nazarda tutilgan boʻlsa ham ajab emas”[3]. Tarjimada chin ila shikan qilgʻil birikmasi orqali “sochni jingalak qilish” maʼnosi berilgan boʻlib, oʻquvchida faqat “maʼshuqa sochlarining uzunligi va oshiq koʻngullarga yaxshi koʻrinish uchun sochni boshdin oyoq jingalak qilish” haqida tasavvur paydo boʻladi.

Baytning inglizcha tarjimasi:

 

If you wish to encapture hearts in loving with you,

Curl your long hair into ringlets.

 

Bu oʻrinda ringlet (“jingalak”, “gajak”) “chin ila shikan qilmoq” birikmasining maʼnosini toʻliq ochib bera olmaydi. Asliyatdagi “boshdin-oyoq” soʻzlari ham tarjimada uchramaydi. Bu soʻzlarning tushib qolishi maʼshuqa sochlariga berilgan sifatning yoʻqolishiga olib kelgan. Sochni boshdan-oyoq jingalak qilishdan maqsad ham yorqin ifoda etilmagan. Baytning birinchi misrasi esa asliyatga zid. Gʻazalda, yuqorida taʼkidlanganidek, yor vasliga yetishishga zor oshiqlar (yaʼni yorning ishqida allaqachon ado boʻlganlar) ning nolasi bayon etilsa, tarjimada yorga uni sevib qolishlarini istasa, sochlarini jingalak qilish maslahat berilmoqda. Bu oʻrinda If you wish to encapture hearts in loving with you ni If you wish for your lovers getting meet with your face ga almashtirsa, maʼno adekvatligi yuzaga kelgan boʻlar edi. Shunda bayt inglizchada quyidagi koʻrinish kasb etgan boʻlardi:

 

If you wish for your lovers to meet with your face,

Curl your hair up to down into rod like chains.

 

6-bayt:

Xazon sipohigʻa, ey bogʻbon, emas moniʼ,

Bu bogʻ tomida gar ignadin tikan qilgʻil.

 

Oltinchi baytda shoir bogʻbon va bogʻ soʻzlarini ramziy – yaratuvchi va borliq maʼnosida qoʻllaydi. Mehrsiz maʼshuqa jamoliga yetishish orzusida umri xazonga sovrilishiga ishora qiladi. Bogʻbon oʻz bogʻini har qanday xavf-xatardan muhofaza qilishi mumkin, ammo yovga qarshi bogʻ tomiga igna qadab chiqsa ham, tabiat qonuni boʻlmish “xazon lashkari”, yaʼni fano vaqti yaqinlashgach, tashrif buyuruvchi oʻlimdan asray olmasligini taʼkidlaydi. Bu lirik chekinish orqali shoir, hayotning oʻtkinchiligi haqida falsafiy mushohada yuritadi va bayt yettinchi bayt bilan uzviy bogʻlanadi. Tarjimada bu bayt maʼnosining butunlay aksini koʻrish mumkin.

Tarjima:

 

There is little the gardener can do stop the advance of the fall,

Should he even spike the roof of his garden with pine needles.

Koʻrib turganimizdek, bu asliyatga mutlaqo ters tarjima boʻlib, ingliz oʻquvchisida gʻalati taassurot qoldirishi aniq. Chunki tarjima ke-yingi bayt tarjimasi bilan asliyat semantikasi nuqtai nazaridan umuman bogʻlanmaydi. Shoirning nimaga ishora qilayotgani mavhumligicha qolmoqda. Shoirning “yor vasliga yeta olmay umri xazon boʻlishi mumkinligi” va keyingi 7-baytda aytilganidek, “agar shu yoʻlda vafot etib ketsa, maʼshuqaning yuzidagi ter “gulob” bilan yuvilsa, xazon boʻlgan umriga afsus chekmasligi, sababi, oʻlimdan soʻng, kech boʻlsa-da, yor vasliga yetgandek oʻzni his qilishi” haqidagi goʻzal toʻqimalar oʻquvchi uchun tushunarsiz holatga kelib qolgan. Shu bayt quyidagicha tarjima qilinsa, tarjimada badiiy adekvatlikni saqlab qolish mumkin, yaʼni quyidagicha:

 

No gardener can stop the advance of the fall,

Even he spikes the roof of his garden with pine needles all.

 

Keyingi bayt yuqoridagi lirik chekinishni davom ettirmoqda.

 

7-bayt:

Yuzida terni koʻrib oʻlsam, ey rafiq, meni

Gulob ila yuvu gul bargidin kafan qilgʻil.

 

Yana N. Jumaxoʻja talqiniga murojaat etamiz. Baytda shoir tiriklikning omonat va gʻanimatligi, oʻlimning muqarrarligi haqida oʻy surgan edi. Shunday mahzun kayfiyatdagi lirik qahramonning armoni bitta – maʼshuqa visoli. Birinchi misra mazmuni “yuz” va “ter” obrazlari orqali ifodalangan edi. Ikkinchi misrada bu obrazlarga muvoziy ravishda “gulob” va “gul bargi” obrazlari qoʻllanadi. Gulob maʼshuqa yuzidagi ter timsoli boʻlsa, gul bargi yuzning ramzi. Oshiq maʼshuqa teridan tayyorlangan gulobda choʻmiltirilish va uning gul yuziga burkanish uchun oʻlimdan soʻnggi visolni orzu qiladi. Bu murakkab ramziy ifodalarga tarjima jarayonida qisqacha izoh berib oʻtish joiz. Inglizcha tarjimada “ey rafiq”, yaʼni doʻstga murojaat O my friend (“O doʻstim”) undalmasi bilan berilgan. Muallif gapi doʻstga qaratilib tarjima qilingan:

 

O my friend, should I suddenly die at the sight seeing of perspiration

on your face…

 

Koʻrib turganimizdek, your (sening) egalik olmoshining qoʻllanilishi orqali goʻyo oshiq doʻstining yuzidagi terni koʻrib, bandalikni bajo keltirishini aytayotgandek maʼno vujudga kelgan. Asliyatda esa shoir yuzida deganda maʼshuqa yuzini nazarda tutgan. Agar tarjimadagi your egalik olmoshining oʻrniga her – uning (ayol kishi uchun) egalik olmoshi ishlatilsa, tarjima asliyatdagi ayni maʼnoni ochib berardi:

 

O my friend, should I suddenly die seeing perspiration on her face…

 

7-baytning 2-misrasi inglizcha tarjimasi quyidagicha:

 

Bath me in rose water and lay me to rest in a shroud made of rose petals.

 

Ikkinchi misra semantik jihatdan asliyatga mos, ammo rose water va rose petals soʻzlariga izoh berilsa, gʻazal maʼnosini aniqroq anglashga xizmat qiladi.

Gʻazalning maqtaʼsi quyidagicha:

 

Navoiy, anjumane shavq jon aro tuzsang,

Aning boshogʻligʻ oʻqin shamʼi anjuman qilgʻil.

 

Bayt mazmun-maʼnosini shunday tushunish va sharhlash mumkin: “Jon” markazida “alif” tursagina, jon boʻladi. Alif esa Allohning yakkayu yagonaligini bildiruvchi timsoldir. Agar Olloh vasli (Uni anglash) dan zavq olmoqchi boʻlsang, jon (inson va koinot ruhi) markazi va manbasi boʻlgan Ollohni qalbing markaziga qoʻy. Baytning zohiriy maʼnosi shunday tasavvurga asoslanadi: Anjumanda sham yoqiladi. Agar sen shavq anjumani tashkil etmoqchi boʻlsang, jonning boshogʻli oʻqini markazga qoʻyib uni shamʼ sifatida ishlat. Demak jonning oʻqi shamdek yonib atrofni yoritish xususiyatiga ega ekan.

Inglizcha tarjimasi:

 

Navoi, if you can put your heart all into a bouquet of joy,

Pick a sheaf of water of wheat and touching a flame to it let this candle be the revelation of the nosegay.

 

Koʻrinib turibdiki, ushbu misra ingliz tiliga aniq, semantik jihatdan toʻliq tarjima qilingan.

Koʻplab tarjimalarda koʻrinib qoladigan qusurlardan biri – istilohlar, tarixiy nomlar va original matn mansub boʻlgan xalq mentaliteti, qadriyatlariga xos boʻlgan elementlarning tarjima qilmasdan qoldirilishidir. Masalan, I desire, O Hizr, to make a piligrimage of the soul to Kaaba[4] deb tarjima qilingan misrani oʻqigan ingliz kitobxoni oʻzining gʻarbona dunyoqarashidan kelib chiqib lirik qahramonning qandaydir “Hizr” ga murojaati mohiyatini tushunmaydi. Shuningdek, baʼzi gʻazallarda uchraydigan mashhur tarixiy shaxslar, adabiy qahramonlarning nomlari notanish boʻlgani bois Gʻarb kitobxoni ushbu tarjimadan toʻliq qoniqmaydi.

Alisher Navoiyning zakovati, isteʼdodi favqulodda boy va rang-barang. Shoir tasviriy vositalardan foydalanishda ajoyib namunalar yaratadiki, badiiy mahoratning bu oʻziga xos tomoni Navoiy dahosiga sidqidildan xizmat qilgan va xizmat qilayotgan tarjimonlar oldiga til, uslub va milliy anʼanalar bilan bogʻliq koʻpdan-koʻp muammolarni dadil, mustaqil hal qilish vazifasini koʻndalang qoʻyadi. Alisher Navoiy asarlarining klassik uslubi va ohangini boshqa tilda qayta yaratish uchun oʻsha tilning Navoiy zamonasiga parallel davridagi arxaik soʻzlar lugʻatidan foydalanish samarali natija beradi. Masalan, Navoiy gʻazaliyotini ingliz tiliga oʻgirishda, unga davriy jihatdan muvofiq keluvchi inglizzabon shoirlar asarlari leksikasidan foydalanilsa yuksak uslub, davr ruhiyati tarjimada yorqinroq ifoda etilishi mumkin. Bunday tajriba “Farhod va Shirin” dostonini rus tiliga tarjima qilishda amaliyotda qoʻllangan boʻlib, rus poeziyasi tarixi bisotidan sey, uzret, ochi, vlastelin, vladiʼka, vseviʼshniy, tvorets, nebo (xudo maʼnosida), arxangel, chelo kabi soʻzlarning tanlab olinishi va bu ishning natijasi oʻlaroq asar tarjimasidagi uslub, qadimiylik, shartli arxaika jilosining berilishi va Navoiy davri koloritining tarjimada qayta yaratilishi tajribaning muvaffaqiyatli ekanligidan darak beradi[5].

Navoiy dahosini xorijiy oʻlkalarda targʻib etish, uning badiiyat olamidagi oʻziga xos dunyosini koʻrsatib berish – davr talabi. Biroq lirik tarjimaning oʻzi kifoya qiladimi? Alisher Navoiy badiiyati shu qadar barkamolki, uni anglab yetish yuksak komillikni talab etadi. Baʼzida oʻzbek tilida tushunish mushkul boʻlgan Navoiy gʻazaliyoti sirlarini chet tilida aniq ifoda etib boʻladimi? Bu savol Navoiy ijodi tadqiqi bilan bogʻliq koʻpgina sohalar uchun yangi yoʻnalish va vazifalar tizimini belgilab beradi. Gʻarbning Alisher Navoiyga mehr qoʻyishi nafaqat tarjimonning kasbiy mahoratiga, balki uning Navoiyni kashf etishga boʻlgan ulkan fidoiyligiga ham bogʻliqdir. Alisher Navoiy badiiyatini chet tilida aniq aks ettirishning ikki yoʻli mavjud: 1. Ingliz tarjimonida Navoiyni his etish intuitsiyasini shakllantirish lozim. Buning uchun keng tarmoqli ishlarni amalga oshirish (Navoiy asarlarining inglizcha izohli lugʻatlari, Navoiy asarlari obrazlarining genezisi, sharqona sheʼriy sanʼatlar, ohang va qofiya haqidagi ilmiy adabiyotlarning inglizcha tarjimalarini yaratish, atoqli navoiyshunoslarning Navoiy gʻazallariga bergan sharhlarini toʻplab tarjima qilish) lozim. 2. Ingliz tarjimonlari navoiyshunoslar bilan hamkorlikda ish yuritishlari zarur. Shundagina Navoiy badiiyatini toʻligʻicha chet tilida targʻib etish mumkin.

Yuqorida koʻrib oʻtilganlar asosida aytish mumkinki, gʻazalning falsafiy yuki, botiniy va zohiriy maʼnolari tarjimada aks etmas ekan, tarjimon Gʻarb kitobxonini yuksak Sharq falsafasidan bahramand eta olmaydi. Gʻazaldagi sanʼatlar mohiyati toʻla anglanib, tarjimada qayta yaratishga harakat qilinsa, Navoiy dahosini tushuntirishda samarali qadam boʻlardi.

 

Shuhrat SIROJIDDINOV,

filologiya fanlari doktori,

Gulnoza ODILOVA,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–4


 

[1]  N.Jumaxoʻja ‘‘Satrlar silsilasidagi sehr’’. Toshkent: 1996, 23-bet.

[2] Tashbihi izmor (yashirin oʻxshatish). Bu xil tashbihda shoirning diqqati boshqa narsaga qaratilgandek tuyuladi-yu, ammo uning asl maqsadi oʻxshatish boʻladi. Qarang: Hojiahmedov A. Sheʼriy sanʼatlar va mumtoz qofiya. – Toshkent: Sharq, 1998, 20-bet.     

[3]  N.Jumaxoʻja. Shu manba.– 28-bet..

[4] A. “Pearls from Ocean”. Ummondan durlar. Gʻazallar, hikmatlar va ruboiylardan namunalar. Tarjimalar toʻplami / Tuzuvchi Y.Parda. – Toshkent: Sharq, 2000. – 113-bet.

[5] Bu haqda qarang: Salomov Gʻ., Joʻrayev K., Olimov S. Tarjima sanʼati. 4-kitob. Toʻplovchi T.Joʻrayev. – Toshkent: Adabiyot va sanʼat, 1978. – 134-bet.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.