Qaqnus timsoli talqinlari

0
8044
marta koʻrilgan.

Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidagi qushlar timsoli asosiy ramziy obrazlardan sanaladi. Bu timsollarni esa ikkiga ajratib tahlil qilish ahamiyatli. Bularning birinchisi afsonaviy qushlar: Simurgʻ, Anqo, Xumo va Qaqnus hisoblanadi.

Qaqnus haqida Navoiy asarlari lugʻatida shunday deyilgan: «Qaqnus – mavhum bir qush, afsonaga koʻra tumshugʻida juda koʻp teshiklar boʻlib, bu teshiklardan chiqqan ovozlardan goʻyo musiqa oʻylab chiqarilar emish.» Bu obrazning ilk kurtaklarini biz yunon xalq mifologiyasida uchratamiz: Feniks, tarjimada sehrli qush maʼnosini beradi. Uning koʻrinishi burgutsimon va rangi qizil-tillasimon yoxud olov rangda deb tasavvur qilingan. Aytishlaricha, umrining oxirida u turli xushboʻy oʻtinlar bilan oʻz uychasini yondirmish va uning kulidan yangi qaqnus paydo boʻlarkan. Misrliklarning tasavvuri boʻyicha, u oʻtlarning xushboʻy hididan oʻlar ekan, soʻng esa quyoshda yonib ketarmish va uning tanasidan Qaqnus bola chiqar emish. Feniksning Sharq adabiyotida Qaqnus shaklida oʻzlashishi bilan birgalikda ushbu obrazga bir qator motivlar qoʻshildi. Natijada ushbu obrazning taʼsirchanligi, badiiy quvvati ortdi. Bu timsolidan Sharq adabiyoti, jumladan turkiy adabiyotda Navoiydan oldin ham foydalanilgan. Haydar Xorazmiy “Mahzan ul-asror” dostonida oʻzining tasavvufiy ishqi bayonida quyidagi satrlarni keltiradi:

 

Har damu, har lahza bir oʻtqa yonib,

Gʻoyati yoʻq otash ichra oʻrtanib.

Oʻt ichida qaqnusi bechoravor,

Nolai jonsoʻz tuzib sad hazor.

 

Navoiy “Lison ut-tayr”dan oldin ushbu obrazga lirikasida hamda “Farhod va Shirin” dostonida murojaat qiladi. Lekin uni “Lison ut-tayr”da mukammallik va badiiy sanʼatkorlikning barkamol darajasi bilan kuylaydi. Buning sababi uning ustozi Attordan taʼsirlanganligi desak, xato boʻlmaydi.

“Mantiq ut-tayr”da Attorning tasviridagi Qaqnus umr boʻyi xas-xashak yigʻadi va umrining oxirida shunday nola chekadiki, natijada xas-xashak yigʻilgan uyasiga oʻt tushib, uya bilan uning sohibi – Qaqnus ham yonib ketadi. Attor bu anʼanaviy obrazdan umrning foniyligi haqidagi xulosani chiqarish uchun foydalanadi:

 

Qaqnusi sargashta umri ming, hazor,

Bir umr yigʻlab chekar faryodu zor…

Boʻylakim sen ham qutulmassan sira,

Shum ajaldin hiylavu tadbir ila.

 

Navoiy esa bu hikoyatdan “Lison ut-tayr” asarida foydalanadi. Navoiy ushbu hikoyatni Attorda qanday qoʻllanilgan boʻlsa, dearli shundayligicha keltirar ekan, unga Fisogʻurs (yunon faylasufi Pifagorning Sharqona atalishi)ning bu navolarni eshitgani va unga asoslanib, musiqa faniga asos solganligi haqidagi motivni kiritadi. Qaqnusning hayoti, oʻtin yigʻishi va nolasi, shu sababdan atrofga oʻt ketishi haqidagi fikrlar aynan beriladi, uning oʻtidan atrofdagi koʻngullarga oʻt tutashishi haqidagi fikr kuchaytiriladi, lekin xulosa mutlaqo oʻzgacha maʼno kasb etadi. Yaʼni:

 

Shayx goʻyo keldi ul avvalgi tayr,

Kim navo ichra qilib umrida sayr…

 

Yaʼni bu satrlarida Navoiy maʼnaviy ustozi Attorni Qaqnusga qiyoslaydi:

 

Yuz navo zohir qilib minqoridin,

Borcha Haqning yoshurin asroridin.

Oʻziga, xirmaniga dogʻi oʻt urib,

Ham oʻzin, ham oʻzgalarni kuydurib.

 

Yuqoridagi satrlarda Navoiy Attorning sanʼati, mahorati va tasavvufdagi darajasiga mos timsolni uning oʻz asaridan topa biladi va unga yangi maʼno yuklashi orqali anʼanaviy obrazdan novatorlik yarata olish mahorati yana bir bor namoyon qiladi.

Aynan shu oʻrinda Navoiy oʻzini Qaqnusning kulidan paydo boʻladigan Qaqnus bolasiga oʻxshatishi ham Attorga ehtiromini hamda uning oʻrniga munosib daʼvogarligini koʻrsatib turibdi. Navoiy bu daʼvoni mavjud adabiy anʼanalardan chetlashmagan holda, kamtarinlik bilan izhor etadi:

 

Men demonkim ul otodur, men oʻgʻul,

Ul shahi oliysifot, men banda, qul…

Har nekim koʻrdi otomdin roʻzgor,

Ham oni boʻldi manga omuzgor.

 

Navoiy “Lison ut-tayr”ning XIII boʻlimini Attorga bagʻishlaydi va “Quvvatul ahror va qiblatul abror Shayx Fariddin Attor qaddisallohu ruhahugʻa madhu sano ogʻozi va oʻz arzu niyozi” deb nomlaydi. Unda Navoiy Attorning asarlariga va tasavvufiy faoliyatiga:

 

Nazmu nasridinki tahrir aylabon,

Vahdat asrorini tafsir aylabon,

 

deb munosabat bildiradi. Mana shu boʻlimda Navoiy Attor ruhiga murojaat qilib, oʻzini qoʻllab-quvvatlashini soʻraydi. CLXXIV boʻlimda esa aynan mana shu murojaat amalga oshganligi, yaʼni Navoiyning Attor ruhi tomonidan qoʻllab-quvvatlanganligi aytiladi. Navoiy Attorni Qaqnusu, oʻzini Qaqnusbacha deyishi faqatgina sanʼat nuqtai nazaridan boʻlmay, muallif bu daʼvoga qandaydir maʼnoda oʻzini haqli deb hisoblagan. Bu daʼvoning isbotini aynan naqshbandiylik taʼlimotida yoqlanadigan uvaysiylik nazariyasidan izlash kerakka oʻxshaydi.

Maʼlumki, Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da Attor haqida fikr bildirib, shunday yozadi: “ …baʼzi debdurlarki, uvaysiy ekandurlar va Mavlono Jaloliddin Rumiy q.s.ning soʻzlarida mazkurdurki, Shayx Mansur Halloj ruhi yuz ellik yildan soʻngra Shayx Fariddidin Attor ruhiga tajalli qildi va oning murabbiysi boʻlibdur.” Attorning uvaysiy ekanligini, Mansur Hallojning ruhi uni tarbiya qilganligini eʼtirof etgan Navoiy oʻzi ham Attor ruhiga iqtido qilishi – ergashishi va undan ruhiy madad kutishi mumkingina emas, tasavvuf taʼlimoti va amaliyoti oʻz takomiliga yetgan XV asr sharoitida zarur edi.

 

Oʻrtadim olam elini, oʻzni ham,

Qush tilidan oʻzga qilmay soʻzni ham,

 

satrlarida esa Navoiy bu asar oʻzining eng soʻnggi (badiiy) asari ekanligiga ishora qilayotganday boʻladi.

 Demak, yuqorida taʼkidlaganimizdek, Navoiy Attorni Qaqnusu, oʻzini Qaqnusbachaga oʻxshatishi faqatgina sanʼat nuqtai nazaridan boʻlmay, tasavvuf falsafasining uvaysiylik nazariyasiga binoan oʻzini ham Attorning ruhidan maʼnaviy tarbiya olgan deb hisoblaganligi uchun aytayotgan ekan. Zero, hazrat Navoiy bu borada haqli edi. U Attor ruhi orqali tarbiyalangan va kamolga yetgan ijodiy faoliyatining choʻqqisi boʻlmish “Lison ut-tayr” dostoni uni tushunib, mutoala etishga qodir kitobxonlarning qalbiga maʼrifat olovini yoqib, yashab kelmoqda.

 

Zuhra MAMADALIYEVA,

Mirzo Ulugʻbek nomidagi OʻzMU aspiranti

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 6-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.