Qanotli tovushlar

0
426
marta koʻrilgan.

Dunyoning baxti shundaki, uning yaxshi shoirlari koʻp. Shoirlar dunyoni ichkarisidan yulduz boʻlib yoritib turadilar.

Oʻz yoʻli, oʻz uslubiga ega shoir Rustam Musurmon ijodida “ichkari” tushunchasi alohida mohiyat kasb etadi. Shoir olamning javhari boʻlmish Insonga yaxlit mohiyat sifatida yondoshadi, uning “ichkarisi” “tashqari”ning qiyofasini belgilab beruvchi qatlam ekaniga ahamiyat qaratadi. Umuman olganda, “ichkari”-”tashqari” poetik tushuncha sifatida mumtoz adabiyotimizda, zamonaviy sheʼriyatimizda turli rakurslarda atroflicha ishlangan. Rustam Musurmon yangi davr shoiri, shu bois bu eski mavzuni yangicha talqin etadi. Uningcha, “ichkari” ozurda, taʼsirchan, hatto, qaysidir darajada kurashchan emas. Bu oʻrinda “kurashchan” tushunchasiga ijtimoiy maʼno yuklab boʻlmaydi. Dunyoi olam, insonlar oʻrtasidagi munosabatlar mukammallikdan yiroqligini his etgan “ichkari” ozorlangan. Ayni paytda bu ozor tushkunlik emas. Lirik qahramon uzoq kelajakka katta umid, orzu, maqsad bilan koʻz tikadi. Yorugʻ niyatlari ijobat boʻlishiga ishonchi mustahkam. Shu ishonch lirik qahramonni badiiy obraz doirasidan ijtimoiy timsol hududiga olib oʻtadi. U endi ijtimoiy hayotda oʻz “borligi”ni bildirishga tayyor va oʻzini namoyon etishga kirishadi. Lirik qahramonning sheʼrdan sheʼrga oʻsib boruvchi dinamik – tadrijiy yoʻli uni ijtimoiy individ sifatida namoyon etadi. Sharqda inson kamoloti, tashqi va ichki goʻzalligi haqidagi asrlar davomida shakllangan badiiy-estetik qarashlariga koʻra, kishining zohiriy (tashqi) va botiniy (ruhiy-maʼnaviy) goʻzalligi orasida muvozanat, mutanosiblik mavjud boʻlgandagina u haqiqiy goʻzal, komil shaxs hisoblanadi.

Shoirning 1994 yilda nashr etilgan “Ruhimning tovushi” (Toshkent, “Kamalak”, – 1994 yil. Iqtiboslar shu kitobdan – S. A) kitobida shunday sheʼr bor:

 

Koʻkragimga mushtlaydi birov,

Mushtlayverar ichkarisidan:

– Nima boʻldi, ochingizlar-ov,

Bu vujudning tashqarisida?!.

“Oʻzim”ning ichidagi jabrdiydaga nima boʻlganini, haqiqatni aytish ogʻir. Gap shundaki, “Xuddi sendek (yurakdek – S. A.) birovni bogʻlab, Olib ketdi bir sarviqomat…”

“Yurak” sheʼri shunday boshlanadi:

 

Yurak – mening duldulim,

Koʻkragimda qozigʻi…

 

Yurak – “ichkari”ning markazi, “men”ning mohiyati. U oy, yulduzlarni – yuksaklarni koʻzlaydi, ufqlar sari yugurib, “men” – lirik qahramon koʻkragini koʻpchitib yuboradi. Yuqorida taʼkidlaganimiz – shoirning katta maqsadlar sari intilayotgan lirik qahramoni oʻz orzu manzillariga yetmoq yoʻlida mashaqqatlar chekishga va ularni yengib oʻtishga tayyor. Bunday kuchni, shiddatni “men”ga yurak – “ichkari”ning mohiyati beradi: yurak “Meni sudrab ketadi, Qozigʻini sugʻurib…”

Muhabbatni har bir shoir har xil “koʻradi”. Rustam Musurmonning talqinida muhabbatning (“Muhabbat” sheʼrida):

 

Yuragi qoʻshaloq boʻladi,

Oshiqlar tushunar tilini…

 

Bu oʻrinda shoir, bir tomondan, muhabbat ikki kishi – yigit va qiz oʻrtasidagi hodisa ekanligi mantigʻidan kelib chiqib, “muhabbatning yuragi qoʻshaloq boʻladi”, deyayotgan boʻlsa, boshqa tomondan, mazkur satrlarga muhabbat shunday ulkan kuchki, unga bitta yurak torlik va kamlik qiladi; uchinchi tomondan, muhabbat qoʻrqmas, qaytmas, chunki yuragi ikkita; toʻrtinchidan, muhabbat mard, botir, jasur, chunki yuragi ikkita, degan maʼnolarni singdirgan. Sheʼr:

 

Koʻrmadim uningday gadoni,

Or qilar sadaqa soʻrashga, – deb yakunlanadi. Oʻzi gado boʻlsa, sadaqa soʻrashga or qiladimi? Or qilsa, gado boʻlmasdi-ku. Bu teskari mantiqda shoirning eski mavzuni yangicha talqin etgani koʻrinadi, yaʼni gado sadaqa soʻrashga or qiladi. U gʻururli, magʻrur gado. U uncha-muncha narsa emas, uncha-muncha narsani olmaydi ham, muhabbat soʻraydi. U muhabbat gadosi. Uning soʻragani faqat muhabbat. Sheʼrning yana bir maʼno qatlami shundan iboratki, oshiq hamisha gado holatiga tushadi, sadaqaga faqat muhabbat soʻraydi. Odam gadoga koʻp narsa berishi mumkin, muhabbatni esa koʻp hollarda berolmaydi.

Rustam Musurmon sheʼriyatiga butun vujud sifatida qaralsa, bu vujud, birinchidan, zamonaviy goʻzal sheʼriyatimiz: uzoq asrlik badiiy taraqqiyot natijasida va dunyoning eng baquvvat shoirlari va sheʼrlari, asarlari tarjimasidan bahramand boʻlib, ayni qiyomdek yetilgan, shakllanish jarayoni uzluksiz davom etayotgan goʻzal va mukammal bugungi poeziyamizdan; ikkinchidan, xalq ogʻzaki ijodidan, yaʼni hali hayot boʻlgan bobolarimiz, momolarimizning ogʻizdan ogʻizga oʻtib kelayotgan boy va betakror xazinasidan; uchinchidan, yozma folklordan, bitmas-tuganmas badiiy xazinadan; toʻrtinchidan, dunyo adabiyotidagi katta umrzoq badiiy oqim; aslida oqim emas, badiiy sanʼat koʻrinishlari va izlanishlari mujassam boʻlgan ifoda uslubi – modernizmdan; beshinchidan, mumtoz adabiyotimizning cheksiz ummonidan oziqlanadi. Aslida, katta, keng koʻlamli adabiyotda ham, kichik bir sheʼrda ham, agar u chinakamiga yaxshi badiiy asar boʻlsa, bularning barchasi bir paytning oʻzida zuhur etadi. Jumladan, sanʼatkor shoir sifatida Rustam Musurmon ijodida ham shu toʻlalik, uygʻunlik kuzatiladi.

Adabiyotshunoslikda leksik-semantik tahlil degan tushuncha bor. Unga koʻra, asarga, jumladan sheʼrga matn sifatida yondashiladi va bir konkret sheʼr matni oʻziga xos uslub va ifodani aniqlashtirib beradigan, shuningdek eng kichik hajmda mantiqni aks ettiradigan darajagacha parchalanadi. Mana shu eng kichik matn-parchada ijodkorning uslub-qiyofasi namoyon boʻladi. Bu kichik parcha qaysidir shoirda toʻrtlik, boshqa bir shoirda satr, yana kimdadir soʻz, yana kimdadir satrdan katta, toʻrtlikdan kichik yoki soʻzdan katta, satrdan kichik hajmdagi matn boʻlishi mumkin. Badiiy dunyoqarashi sheʼrga sanʼat asari, shoirga sanʼatkor, deb yondashish prinsipida shakllangan Rustam Musurmon sheʼrlariga leksik-semantik tahlil nuqtai nazaridan yondashilsa, u koʻz oʻngimizda alohida, oʻziga xos shoir sifatida gavdalanadi. Bunday tahlil inson xarakterini, feʼl-atvorini alohida “tokcha”larga taxlab oʻrganishga yoki qurilgan imoratni qaytadan gʻishtlarga ajratib chiqishga oʻxshaydi. Aniqroq qilib aytganda, Rustam Musurmon sheʼrning eng kichik, soʻzdan ham kichik unsuri – tovush bilan ishlaydigan shoir sifatida namoyon boʻladi: ohanglar, tovushlar shoiri. Koʻngli, qalbi katta shoirgina emas, katta bilim egasi boʻlgan shoir. Sanʼatkor shoir.

Rustam Musurmon sheʼrlarida tovush alohida maʼno, butun mantiq, hatto koʻp qatlamli maʼno jo boʻlgan mustaqil unsurga, daxlsiz obʼyekt darajasiga koʻtariladi. Tovush – maʼno, tovush – manzara, tovush – qiyofa shakl-shamoyillariga evriladi. Aksariyat hollarda tovushdan, tovushning oliy bosqichi, mukammal tadriji – qoʻshiq darajasiga oʻsib boradi, tovushdan qoʻshiqqa aylanadi. Bu jihatdan ustoz shoir Ikrom Otamurodga bagʻishlangan “Ruhimning dovushi” sheʼri yoki “Ruhimning dovushi” iborasining oʻzi ham Rustam Musurmonning ijodiy portreti boʻla oladi.

“Ruhimning dovushi” iborasini qoʻllar ekan, u tovush, tovushlar shoirning ruhidan, ruh qaʼri, qavatlari va qatlamlaridan chiqib kelishiga ishora qiladi. Qiziq jihati, u soʻzni “tovush” emas, aynan “dovush” tarzida qoʻllaydi. Xalq jonli tilida ham dovush tarzida ishlatiladi. Sanʼatkorona shu bir oʻzgarish ham sheʼrning jonli, tirik boʻlishini, aynan Rustam Musurmonga xos uslubni taʼminlaydi. Shoir – ruhda tajassum topgan. Ruh cholgʻusi nafas olmoqda, hayotning sharti esa navo. Shoir men – nayga, naydan nafas olayotgan havoga oʻtadi. Shunda:

 

Kuy barhayot, musiqa mangu…

I-fu-u-uv…

I-fu-u-uv…

I-fu-u-uv…

 

Ushbu tovushlar nayni, nay ushbu tovushlarni puflamoqda. Sheʼrdagi “men” = “jon”; “men” “jon”ga teng. Jon tong oʻlgʻunchah (ahamiyat bering, oʻlguncha emas, oʻlgʻunchah; bu oʻrinda “cha” qoʻshimchasi bulbul sayrashiga qiyosan “chah” tarzida qoʻllanilmoqda. “Cha” qoʻshimchasiga bunday ijodiy, yangicha yondoshuv “Gul ekurman jahoo-na…” sheʼrida ham aks etgan; satrda “bulbul” soʻzi borligi uchun “cha”ni “chah” tarzida qoʻllash oʻzini oqlaydi, aks holda, shunchaki adabiy oliftalik uchun ishlatilgan sunʼiy topilmaga aylanadi) bulbulning tomogʻidan chiqayotgan jon. Soʻng esa “gungʻunchah ham qizil gulning qulogʻidan kirayotgan jon”. Ahamiyat bering, jon tomogʻidan chiqqanda ogʻriqdan bulbul sayrab yuboradi; jon qulogʻidan kirganda gulgʻuncha va qizil gul – yor ingrab yuboradi: “Ih-hu-u-uvv…”

 

Tor tortilgan, torning qornida

Yuragimning pardasidir u.

Bir dunyoning ikki yarmiga

Teng boʻlinib aytadi turku…

 

Torning qornida uncha-muncha emas, yurak pardasi. Demak, tor – yurak. Yurak ikki boʻlinib, dunyoni ham ikkiga boʻlgan. Boʻlingan yurakning har bir qismi dunyoga eshittirib dard aytmoqda. “Ih-ha-a-a…”. Bu bandda shoirning rassom nigohi “ishga tushadi”: chindan ham, bizning tasavvurimizdagi yurak shakli qay darajadadir tor qorniga oʻxshaydi. Ikkalasi ham tasavvurimizdagi olam shakliga oʻxshab ikkiga boʻlinib, jon chekib, dard chekib yotibdi.

Mazkur sheʼrning har bandi yetti satrdan iborat, tovushlarning choʻziq-qisqaligi ham, unli-undoshligi ham maʼno kasb etadi: satrlarning toʻrttasi sheʼr, uchtasi tovush, yaʼni sheʼrni toʻldiruvchi tovushlar. Shoir sheʼrda eng kichik detallar – harflar, tovushlarni ham nazarda tutadi, yaʼni har bandda nay navosi sifatida singrayotgan tovushlar aynan takrorlanmaydi, balki turlanib, tovlanib, har gal buralib keladi: “I-fu-u-uvv… Ih-hu-u-uvv… Ih-ha-a-a… Ja-qa-la-aa…” Tovushlar tovlangan sari maʼno ham tovlanadi; tovushlar qay tomonga oʻzgarsa, maʼno ham oʻsha tomonga oʻzgaradi. Maʼno va tovush “qoʻl ushlashib” kelarkan, qoʻllar silkinishlarda qoʻyib yuborilmaydigan darajada bir-birini qattiq siqib tutgan.

Rustam Musurmonning “Toʻlgʻoq”, “Gul ekurman jahona”, “Qoʻriqchi”, “Bul kecha…”, “Choʻmilish”, “Oʻllalla”, “Sevgi”, “Gul bazmi”, “Xirgoyi”, “Jonim, ishq faslida gul ekdingizmu” kabi sheʼrlari unli va undosh tovushlarning qisqa va uzunligi asosiga qurilgan. Shu bilan birga bu sheʼrlarda maʼno va mantiq muvozanati ham saqlangan.

“Toʻlgʻoq” sheʼrida soʻzlar “havoolar”, “ichimmdan”, “sinn-diring”, “issiiq”, “Dudoogʻ”, “qadoogʻ”, “choʻoʻgʻgʻ”, “joon” shaklida ishlatiladi. Baʼzan unli, baʼzan undosh tovushlar ikkilantiriladi. Bu bilan soʻzda urgʻu oʻzgaradi. Sheʼrda – butun matnda asosiy yoki tayanch soʻzlar paydo boʻladi. Tovushlar soʻzlarning maʼnosini kengaytiradi. Sarlavhada taʼkidlanganidek, butun sheʼr tovushlar toʻlgʻogʻiga aylanadi.

Tovushlarning kuchaytirilishi hodisasiga “Ruhimning tovushi” kitobida qayta-qayta duch kelasiz: “gull”, “jahoo-na”, “gul-zoor”, “kushood”, “gulmoohim” kabi soʻzlarda baʼzan oddiy tinish belgisi – chiziqcha (-) hisobiga ham bunday holat oldingi shu singari holatga nisbatan boshqacha qirrada namoyon boʻladi. Bunday oʻrinlarda chiziqcha (-) oʻlik belgiga emas, jonli, tirik unsurga aylanadi va matn bilan faol muomala-munosabatga kirishadi.

Shoir ayrim soʻzlarga qoʻshimcha tovush qoʻshish bilan ham sheʼrning estetik taʼsirchanligini oshirishga erishgan:

 

Gul ekurman jahona

Gulzor oʻlmagʻunchah,

Jon chekurman, jonona

Dildor oʻlmagʻunchah.

 

Ayrim soʻzlarning “turpogʻ”, “dayro”, “ketti”, “oʻtti”, “yooor”, “iffor”, “gufftor” shaklida qoʻllanishi, soʻzlardagi fonetik oʻzgarishlar, hatto “Kashta” sheʼrida bir soʻzning ikki koʻrinishda – “yamoq” va “yamooqq” shaklida qoʻllanilishi, baʼzan bir soʻzning oxirgi tovushi keyingi soʻzning birinchi tovushi bilan birlashib-uyushib: “… necha-ga-yo, yor-allayor; kechaga-yo, yor-allayor”, “dam, o; dam” tarzida kelishi sheʼrning ohangdorligini, jarangdorligini oshirishga xizmat qiladi. Umumiy matnda bu kabi soʻzlarning tabiiyligi, jonli tilga yaqinlashtirilgani misralarning musiqiy teranligini oshiradi.

“Choʻmilish”, “Iqror” sheʼrlarida (“Xirgoyi” kitobidan, Toshkent, “Yozuvchi” nashriyoti, 1997 yil. Iqtiboslar shu kitobdan – S. A ) bir soʻzning boʻgʻinlarga – katta tovushlarga boʻlingan holda takrorlanishi natijasida shoir yangi soʻz yasashga, tovushlar vositasida bir soʻzdan boshqa soʻzga, boshqa maʼnoga oʻtishga erishgan:

 

Lib-o-sim-lib-o-sim-lib-o-sib…

 

Yoki:

 

Koʻy-la-gim-koʻy-la-ki-koʻy-la-tibb –

La-kuy-la-kuy-la-kuy-laaa-a…

 

Birinchi iqtibosda misrani: “Libosim libosin osib” shaklida oʻqish mumkin. Albatta, bunday tovush oʻyinlari sheʼrning umumiy maʼnosi, sheʼr ruhi doirasida boʻlsagina oʻzini oqlaydi. Aks holda, sunʼiy, zoʻrma-zoʻraki shaklbozlikka aylanib qoladi. “Choʻmilish” sheʼrida choʻmilish manzarasi aks etganligi, “hoʻl”, “quruq”, “libos” soʻzlari matnning tayanch soʻzlari ekanligi uchun ushbu tovushlar silsilasi oʻzini oqlaydi.

Yuqorida keltirilgan ikkinchi iqtibosda “kuylagim”, “koʻylak”, “kuyla” soʻzlarini yasash mumkin. “La” tovushi notaning oltinchi tovushi “lya”ga uygʻunligi, tovushdoshligi bilan sheʼrning musiqiyligini oshiradi. Shu sheʼrdagi “ur-sin”, “chal-sin”, “yon-sin”, “sin-sin” tarzida ajratib yozilgan soʻzlarning ikkinchi boʻgʻini mustaqil soʻz – “sin” bilan shakldosh. “Sin” soʻzining maʼno taqozosi tufayli soʻzlarning ajratib yozilishi oʻzini oqlaydi.

“Iqror” sheʼrining birinchi bandida “Sim-sim-o-chil-chil-sim-sim-ochil-gin-o-chil… Chil-chil-chil-chil” boʻgʻinlaridan “sim-sim, ochil, ochilgin, ochil; chil-chil, sin” soʻzlarini oʻqish mumkin. Ikkinchi bandda “teshar”, “kesar” soʻzlariga “shar-sharr-shar-sharr” taqlid tovushlari mantiqan toʻgʻri bogʻlangan. “Tigʻ ustida… Temir kovush kiyib ham poʻlat qoʻlqop – zil-zil-zil-zil” misralarida temir kovush, poʻlat qoʻlqopning ogʻirligiga ishora tarzida “zil” soʻzining boʻgʻinlashtirilishi oʻz oʻrniga tushgan.

 

Oʻtti, oʻtti, oʻtti-yovv…

Hamma oʻtiib ketti-yovv…

Ul sarvinoz oʻtmadi-uvv…

 

Besh bandli “Jonim, ishq faslida gul ekdingizmu?” sheʼrida ushbu iqtibos toʻrt marta takrorlangan. Ushbu uch misraning soʻnggi soʻzlariga diqqat qarataylik: “oʻtti-yo” ga “v” tovushi qoʻshilib “yov” tovushi yasalgan, bu, bir tomondan, ohangdorlikni kuchaytirsa, ikkinchi tomondan yangi “yov” soʻzini yasaydi. “Yov”ga “v” tovushi qoʻshilganda “yov”ning tovush maʼnosi ham kuchayadi, yaʼni qattiq yoki jiddiy yov. Demak, oʻtgan – yov, yov oʻtdi, kuchli yov oʻtdi. Bu yov – bevafo yor. Bevafo yorning maʼnosi esa keng. Endi shu iqtibosdagi “oʻtmadi-uvv” soʻziga toʻxtalaylik. “Oʻtmadi”ning oʻzida lirik qahramonning oʻksinishi, ozurdaligi seziladi. Soʻzga qoʻshilgan “uvv” yigʻi tovushini, aynan “uvv” shaklida – “v” tovushining ikkilantirilib, kuchaytirilib ishlatilishi qattiq yigʻi – siqtash ovozini yuzaga chiqaradi. Sheʼrxonning koʻz oʻngida gʻoyat ozor chekkan lirik qahramon qiyofasi gavdalanadi.

Bu oʻrinda “oʻtti” shoir tomonidan oʻrinli tanlangan soʻz. Negaki, mazkur soʻz katta falsafiy maʼnoga ega. Dunyo oʻtadi, inson oʻtadi, umr oʻtadi, hatto muhabbat ham oʻtadi. Mavjud boʻlgan va kelgan narsalarning hammasi oʻtadi. Shoirning muvaffaqiyati shundaki, u ana shunday biroz gʻamgin xulosaga olib keluvchi mantiqqa mos shakl, eng muhimi, ohang – zarur tovushlar topa olgan.

Shoir yana bir badiiy usulni oʻz ijodiy tajribasida qoʻllar ekan, ijodkor-sanʼatkor sifatida oʻzi ham, aytish mumkinki, usul ham yana bir bor sinovdan oʻtadi. Bu usul, ayniqsa, uning “Xirgoyi”, “Umr tasviri” singari sheʼrlarida yaqqol koʻzga tashlanadi. “Umr tasviri”da koʻpdan-koʻp sifatlar bilan siylangan dunyoga shoir original taʼrif beradi:

 

Dunyo – teskariga qarab turgan qiz…

 

Teskari qarab tursa, qizning uzun sochi koʻrinadi. Soch uzun, qora. Sochga, demak, qizga oshiq va oshufta lirik qahramonning niyati oq. Demak, qora soch bilan oq niyat lirik sheʼrning ichki dinamikasida birikadi, soch niyatga, niyat sochga, yaʼni qora oqqa, oq qoraga qoʻshib oʻriladi. Sheʼr syujetining ichki rivojlanishi qorani tunga, oqni kunga olib chiqadi. Bu endi umrning manzarasiga aylanadi. Albatta, har qanday umr ham oq va qoradan, kun va tundan, yaʼni manfiy va musbat xossalardan iborat. Shoir sheʼrning, matnning umumiy mantigʻidan kelib chiqib, umr manzarasini qiz sochining shaklida koʻrsa, umr mazmunini oʻrilgan qiz sochining halqalarida – kun va tunda, oq va qorada va shu halqalarning – kun-tun, oq-qoraning silsilasida, shu silsilaning “men” bilan vobastaligida koʻradi. Bu vobastalikda, doimiylik, marom mavjud. Hazrat Alisher Navoiy: “Mening zavolimu sening kamoling – tun ila tong…” misrasida Inson tirikligining ikki ulkan qutbini zarradek bir nuqtada jamlagan. Shoirona, sanʼatkorona nigoh bilan koʻrgan manzarasini Rustam Musurmon ham soʻzlar vositasida musavvirona chizadi:

 

kun-tun

man

tun-kun

man

kun-tun

man

tun-kun

man

kun-tun

man

yoʻq.

 

“Xirgoyi” sheʼrining umumiy manzarasi chindan ham xirgoyiga oʻxshaydi: barcha soʻzlar boʻgʻinlarga ajratilgan. Sheʼr matnidagi tayanch soʻzlardan biri – “taram-taram”. Yaʼni “koʻylagimning yoʻli taram-taram”. Boʻgʻinlashtirilganda bu soʻz xirgoyiga juda mos: “ta-ram-ta-ram”. Sheʼr shunday shakllantirilganki, butun matn yaqqol holda taram-taram koʻrinadi. Shoir matndan shakl, shakldan matn yasaydi. Maʼno-mazmunning uygʻunligini ham taʼminlaydi. Va ijodiy muvaffaqiyatga erishadi.

Yuqorida Rustam Musurmon ijodi mumtoz sheʼriyatimiz va xalq ijodidan toʻyingan, degan edik. “Kitobiy” gʻazali, “Darvesh”, “Irsoli masal yoxud yechimi mushkul chiston” singari sheʼrlari mumtoz sheʼriyatimiz quyoshida pishgan, tob yegan misralar arqogʻidan iboratdir:

 

Base Rustam, sigʻin yora, yorangni yor bugun yora,

Kitobdagi oʻshal yora kitob tuzgan Kitobiyman.

 

“Kitobiy” gʻazali maqtaida “yor” va “kitob” soʻzlarining bir necha maʼno ottenkalari sanʼatkorona tarzda ochib berilgan, bir soʻzning bir necha maʼnolari oʻz oʻrnida qoʻllanilgan. Tajnis sanʼatidan toʻgʻri foydalanilgan.

 

Dedi: “Gar kashkulingda

Dinor yoʻqdir qalandar,

Quvonursan, kulursan –

Koʻngling toʻqdir, qalandar?!”

“Darvesh” sheʼri arxitekturasi mumtoz adabiyotimizning anʼanalari doirasida “Dedi…”, “Dedimki…” shaklida qurilgani va mazmun, ohangning mutanosibligi bilan qadim zamonlarda barmoq vaznida aytilgan sheʼrlar taassurotini beradi.

“Kashta”, “Qoʻriqchi”, “Oʻllalla”, “Sovchi”, “Ovutish” sheʼrlari xalq ogʻzaki ijodining boy xazinasidan erkin bahramand boʻlgan, bu xazinadan olinganlarni oʻz inja isteʼdodi bilan boyitib, yangicha sheʼriy namunalar yaratgan shoirning topildiqlaridir.

 

La-lay-chilar qaboq uyib ketsin-ey,

Oʻz yogʻida oʻzi kuyib ketsin-ey!

Shum sovchilar Sanamjonga kelguncha,

Mening ikki koʻzim oʻyib ketsin-ey!

 

“Sovchi” sheʼridan olingan ushbu toʻrt satr soʻzlari, soʻz qurilishi, ohangi bilan xalq qoʻshiqlariga juda yaqin, dafʼatan u shoirning sheʼridan parcha ekanligi xayolingizga kelmaydi ham.

Tasvir va ifodadagi yangiliklar, badiiy vositalardan oʻrinli foydalanish har qanday sheʼriyatning “chiroyini ochib yuboradi”.

 

Qorlar qoyalardan oʻzin tashlaydi,

Togʻlarning eng chuqur daralariga.

Chechaklar emaklab chiqa boshlaydi,

Qishning boʻysunmagan qalʼalariga.

 

“Eng qadimgi turku” sarlavhali ushbu sheʼrda qadim ohanglar – yoz bilan qishning urishishi yangicha talqin etilgan. “Qishning boʻysunmagan qalʼalari”, “Chechaklarning emaklab chiqishi” – qish bilan yozning tortishishi, soʻz sanʼatining boqiy mavzusi – yaxshilik va yomonlik, ezgulik va yovuzlikning kurashida, yaxshilik va ezgulikning gʻalabasini qadim sanʼat fonida aks ettiradi. Qishning boʻysunmagan qalʼalari – hali qish va qor iskanjasidan toʻla ozod boʻlmagan togʻlar, qoyalar; u yerlarga chechaklar qatʼiyatli askarlardek emaklab chiqadi. Maysalar, chechaklar pastdan tepaga qarab unib, koʻkarib boradi. Negaki, past iliqroq, baland joylar esa nisbatan keyinroq koʻkaradi. Tabiatning bu hodisasini sinchkovlik bilan kuzatgan shoir “chechaklar emaklab tusha boshlaydi” deb emas, aksincha – chiqa boshlaydi, deb oʻrinli ishlatgan. Negaki, oʻt-oʻlan avval pastda, keyin tepada jonlanadi.

“Meni tushunsaydi odamlar…” sheʼrining lirik qahramoni – oshiq. Yor – uning uchun butun borliq va butkul maqsad. U kitob shakliga kirishni istaydi, shunday kitobki, yorning qoʻlidan hech tushmasa. Yor uni shunchalar hijjalab, berilib oʻqisaki, u yor qoʻlida titilib ketsa… katilib ketsa…

 

Har kun darsxonada goʻzal toliba

Qoldirmay oʻqisa varoqlarimni.

Har kun oshxonada goʻzal sohiba

Bildirmay toʻgʻrasa yuraklarini…

 

Titili-ib ketsaydim, kati-ilib ketsaydim…

 

Rustam Musurmon keyingi yillarda nasrga ham qoʻl urdi. Ayniqsa, uning “Muqanna” qissasi mavzusi, tili va uslubi bilan ajralib turadi. Muallif mavzuni qalamga olishdan oldin koʻplab manbalarni sinchiklab oʻrgangan. Qissa nasriy doston kabi oʻqiladi. Asarda oʻquvchiga voqealarga, faktlarga asoslangan yangilik berish birlamchi emas, kitobxonga hissiy-ruhiy taʼsir oʻtkazish uslubi ustuvorlik qiladi. Shu jihati va shoirona pafosi bilan qissa tarixiy mavzudagi boshqa koʻpgina asarlardan ajralib turadi. Qissani oʻqishni boshlagan kitobxon tugatmaguncha undan uzilolmaydi.

Rustam Musurmon ijodiy imkoniyatlari keng, ijodiy zahirasi boy, soʻzning chin zargari boʻlgan sanʼatkor shoir. U sheʼrda, tarjimada, nasriy asarlarda ham birdek baland pardani ushlay oladi. Shubha yoʻqki, u halol ijodiy mehnati bilan adabiyotimiz rivojiga munosib ulush qoʻshadi.

 

Salim ASHUR

 

“Yoshlik”, 2014 yil 7-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.