Qahramonning ruhiy tugʻyoni

0
1196
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻlmas Umarbekovning “Sevgim, sevgilim”, “Urush farzandi” singari asarlarida maʼnaviy azoblardan yurak-bagʻri alamga toʻlib ketgan insonlar obrazi tasvirlanadi. Bunday xarakterlar insonni chuqur, nozik anglamoqni taqozo etadi. Odamni bilmoq olamni anglamoqdir. Shu maʼnoda Oʻlmas Umarbekov turli badiiy vositalardan mohirona foydalana oladigan katta ijodkor edi.

Adib mohir qissanavis sifatida ham kitobxonlar orasida keng tanilgan. Uning oʻndan ortiq qissalari zamonaviy, tarixiy, ishqiy-sarguzasht va harbiy mavzularda yozilgan. “Kimning tashvishi yoʻq”, “Urush farzandi”, “Sevgim, sevgilim”, “Yoz yomgʻiri”, “Choʻli iroq” kabi qissalari shakl va mazmuniga koʻra eʼtiborlidir. Xususan, uning “Sevgim, sevgilim” qissasi oʻtgan asr oltmishinchi yillar adabiy tanqidchiligida juda koʻp bahslarga sabab boʻlgan. Buning boisi, qissada tasvirlangan voqea va taqdirlarning fojiaviyligida edi. Bu davrgacha yozilgan zamonaviy qissa, hatto romanlarda voqea va xarakterlar tasviri, ularning yechimi oʻzgacha kechgan. Yaʼni, asarda tasvirlangan voqea va qahramonlar taqdiri har qancha fojiaviy holatda boʻlmasin, oxir oqibatda, katta magʻlubiyatlar, qiyinchiliklardan soʻng “baxtli” kelajak “inʼom” etilardi. “Sevgim, sevgilim”da esa ana shu “qoida” buzilib, oʻzgacha tasvir usuli qoʻllandi.

“Sevgim, sevgilim” qissasi muhabbat mavzuida bitilgan eng yaxshi asarlar jumlasiga kiradi. Muhabbat, shafqat, mehribonlik, saxovat, eʼtiqod, din, odob-ahloq, izzat-ikrom, tavoze, muruvvat, jasorat, gʻayrat-shijoat, bagʻrikenglik, xilm va nafsni oʻldirish – hammasi odam bolasining ziynati, koʻngil bezagi, boyligi. Aytish mumkinki, sanalgan xislat-fazilatlarning barchasi oʻz ziddiga ega. Masalan, qaydaki muhabbat bor ekan, oʻsha joyda nafrat ham mavjud. Qolaversa, biz koʻpincha muhabbat deb oʻylaydigan tuygʻu oniy, oʻtkinchi, nafsoniy-hirsiy boʻlishi mumkin. Chin muhabbatsiz tiriklikni tasavvur etish qiyin. Muhabbat boʻlmasa, insonga mol-dunyo, obroʻ-eʼtibor tatimaydi. Yosh oʻtib muhabbat oʻladi, oʻrniga izzat-ikrom keladi, deyishadi. Shunday boʻlishi mumkinmi? Muhabbat oʻrnini izzat-ikrom bosa oladimi? Yoʻq! Muhabbat zamirida maʼnaviyat turgandagina, u oʻlmasdir. Eʼtiqod zamirida maʼnaviyat turgandagina, u olijanobdir. Saxovat, mehr-shafqat zamirida maʼnaviyat turgandagina, ular odamiylikning ulugʻvor fazilatlariga aylanadi. Muhabbat insonning eng qudratli ruhoniy, jismoniy dunyolarini har tomonlama qamrab, chulgʻab olguchi, oʻziga boʻysundiruvchi hissiyot.

Oʻlmas Umarbekovning “Sevgim, sevgilim” qissasi bosh qahramoni Oʻktam endigina institutni bitirib, yosh agronom sifatida uzoq qishloqlardan biriga ishga yuborilgan. U yerda oʻsha jamoa raisi Usmon akaning qizi Oypopuk bilan tanishib, chin ishq-muhabbat izhoridan mast boʻlishadi. Qissa quyidagi samimiy, haroratli satrlar bilan boshlanadi:

“Yoshlik endigina qanot chiqargan uchirma qushga oʻxshaydi. Hech narsadan tap tortmaydi, hech narsadan choʻchimaydi. Butun borliq unga yangicha, sirli boʻlib tuyuladi. Hamma narsani koʻrgisi, bilgisi, hamma narsada oʻzidan qandaydir iz qoldirgisi keladi. Lekin bu izning qanday boʻlishini, unga sevinch baxsh etadimi, yo gʻam keltiradimi, toʻgʻrirogʻi, bilishni istamaydi. Agar shu istak unda hamma narsadan kuchli boʻlganda edi, oʻzini bunchalik tutmasmidi?! Kim biladi, balki men xato qilayotgandirman. Rostini aytganda, buning hozir mendan boshqa hech kimga ahamiyati yoʻq. Biroq men oʻzimni uchirma qushdek his qilib, oʻsha paytlar notanish joylarga ketib qolganimdan sira afsuslanmayman.”[1]

Oypopukning otasi Usmon aka urush qatnashchisi. Shu yolgʻiz qizini deb uylanmagan. Usmon aka boshliq xoʻjalik esa uning saʼy-harakati va tashkilotchiligi tufayli boy-badavlat jamoalar qatoriga koʻtarilgan. Shunday baxtiyor va farovon onlarda baxtsiz tasodif roʻy beradi. Usmon aka bilan doʻsti Qosim aka hibsga olinadi, sababini hech kim bilmaydi. Shunda Oʻktam ozgina ehtiyotsizlikka yoʻl qoʻyadi, bu ehtiyotsizlik unga juda qimmatga tushadi.

Birgina ehtiyotsizlik bilan aytilgan gap ikki sevishganlarnigina emas, butun ikki oilani baxtsizlikka boshlaydi. Oypopukning taqdiri fojiaviy tus olgach, hamma narsa barbod boʻladi, orzu-armonlar puchga chiqadi. Oʻktam qancha afsus-nadomatlar chekmasin, hayotini avvalgi holatga qaytara olmaydi.

Oddiy hayot sinovidan oʻtolmaslik oqibatida har ikki yosh oʻrtasidagi ishonch yoʻqoladi va fojia yuz beradi. Shunda Oʻktam: “Inson ishonch bilan tirik. Unga ishonish kerak. Agar insonga ishonmasa, falokat yuz beradi, afsuski, men buni keyin tushundim. Mendaqalar esa ozmi? Men ularga achinaman. Insonga ishonaman, ular nima foyda koʻrishadi? Nima orttirishadi. Faqat gʻam va iztirob. Men-chi? Men gʻam va iztirobdan tashqari yolgʻizlik orttirdim. Gʻamim bir umrga yetadi, yolgʻizligim esa men bilan doim esh”, deydi. Bu xulosa, bu saboq faqat asar qahramonining sevgi va unga sadoqati haqidagi iztiroblari emas, balki yozuvchi olgʻa surgan gʻoyaning qahramon ruhiy tugʻyoni orqali ifodalanishi ham edi. Ayni chogʻda shaxsga sigʻinish davri fojialarining oddiy qishloq ahliga keltirgan kulfati umumlashmasi deyish ham mumkin. Qissada yozuvchi odatdagidek tasvir yoʻnalishidan chiqib, fojiaviy taqdirlar tasviri orqali sevgi, imon, sadoqat, burch, masʼuliyat, odamiylik kabi noyob tuygʻularni har qanday holatda omon saqlab qolish, parvarishlashga daʼvat etadi. Bu hayot haqiqatiga mos edi.

Oʻlmas Umarbekov bir qator ajoyib qissalarida janrning yangi qirralarini kashf etadi. Bunga “Yoz yomgʻiri” qissasini misol qilib keltirish mumkin. Oʻzbek adabiyotida bu vaqtda detektiv janr deyarli shakllanmagan edi. Oʻlmas Umarbekovning “Yoz yomgʻiri” qissasi syujet toʻqimasining murakkabligi, favqulodda voqealarning keskinligi, sarguzasht xarakteri bilan eʼtiborni oʻziga tortadi. Qissa qizgʻin bahslarga sabab boʻldi.

“Yoz yomgʻiri” qissasidagi voqealar tramvay haydovchisi bilan bir yoʻlovchining butalar orasida oyogʻi koʻrinib yotgan oʻlikni tasodifan koʻrib qolishidan boshlanadi. Ana shu sirli jinoyat sabablarini ochish, fojia manbalarini oʻrganish va uni kitobxon muhokamasi vositasida umumiylashtirish qissadan hissa chiqarishga yetaklaydi. Ham asar janrini, ham unda yozuvchi tomonidan ilgari surilgan maʼnaviy-axloqiy muammolar yechimini topishga chorlaydi. Qiziqarli syujet va detallar asosida voqealar rivojini ochib beradi.

Asarda jinoyat ishini ochish jarayonidagi izlanishlar, militsiya xodimlari va izquvarlar olib borgan mashaqqatli qidiruvlar juda ishonarli va qiziqarli qilib tasvirlangan. Asar soʻngida jinoyatchilarning asl basharalari oʻta mohirlik bilan ochib beriladi.

Qissa qahramonlarining ruhiyati, ularning ichki kechinmalari yozuvchi niyatini amalga oshirish uchun xizmat qiladi. Munisxonning eri Rahim Saidovning oʻzi ham dastlab xotinidan shubhalanadi: “Rahim Saidov qoʻliga oʻz avtoruchkasini oldi. Nimadan boshlash kerak? U oʻylanib qoldi. U hech mahal bunday noqulay ahvolga tushib qolishin xayoliga keltirmagan edi. Falokat, motam, aldanish… Nahotki Munisxon, sevikli xotini uni yosh boladek oʻynatib kelgan. Oʻzining undan boʻlak, faqat oʻzi biladigan oʻzga hayoti boʻlgan? Nahotki, uning hamma kulib boqishlari, ishdan kelganda yugurib borib quchogʻiga otilishlari, hamma iliq faqat sevimli odamga aytadigan gaplari boʻhton, koʻzboʻyamachilik boʻlsa!?

Rahim Saidovning xoʻrligi kelib ketdi, oldidagi oppoq qogʻozga “taq” etib yosh tomchiladi”.[2]

Bu satrlar qahramon ruhiyatini ochib beruvchi chizgilardir. Darhaqiqat, asar qahramonlaridan biri Rahim Saidov oʻta mushkul ahvolda qolgan. Uning sevimli yostiqdoshi, suyangan togʻi, nahot oʻzga bilan boʻlgan? Odamga, ayniqsa, erkak kishiga bundan ogʻir kulfat yoʻq, uning or-nomusi bir pul endi. Ayolining xiyonati erkak uchun oʻlim bilan teng. Bunday yashagandan koʻra oʻlgani ming marta yaxshi. Qissada mana shunday inson ruhiyati bilan bogʻliq tasvirlar lavhalar, ogʻriqli holatni ochib berishlar nihoyatda taʼsirchan chiqqan. Bu parchalarni kitobxon beeʼtibor va loqayd oʻqiy olmaydi. Adib, hatto Rahim ich-ichidan kuyib-yonayotganligini uning oppoq qogʻozga “taq” etib koʻzyoshi tomganini shunday jonli tasvirlaganki, buni oʻqigan kitobxon larzaga tushadi. Axir, erkak kishining yigʻlashi oson emas.

Mana Rahim Saidov ruhiyatida kechgan boʻronlar tasvirlangan yana bir lavha: “U nima deyishini bilmadi. Militsiya idorasidan chiqqandan beri u xotiniga achinmasdi ham, undan nafratlanmasdi ham. Lekin koʻz oldidan kapitan koʻrsatgan buyumlar ketmasdi, qulogʻi ostida uning gaplari jaranglardi.

“Xotiningizni hamma tanishlarini bilarmidingiz? Hech kimdan gumoningiz yoʻqmi? Nahotki, hech narsa sezmagansiz?..

Qanday uyat! Qanday dahshat!.. Hech kimga aytib ham boʻlmaydi buni! Balki bular hammasi taxmindir? Militsiya masalani har tomonlama tekshiradi. Yaxshimi, yomonmi ajratib oʻtirmaydi. Ular hamma narsani taxmin qilishga, hammadan gumon qilishga majbur. Bu ham shunday boʻlsa-chi? Kapitanning savollaridan uning oʻzidan ham gumon qilishayotgani maʼlum boʻlib qoldiku? Rahim Saidov oʻz xotinining qotili. Tavba, aql bovar qilmaydi. Shunday ekan, Munisni ham har narsada gumon qilishlari mumkin. Lekin taqinchoqlar kimniki?

Munisni koʻmib kelishgan kuni hamma tanish-bilishlar anchagacha oʻtirishdi. Hech kim hech narsa soʻragani yoʻq. Uyalishdimikin? Shunday qimmatbaho narsalarni soʻrashga kim uyalardi?”[3]

Rahim Saidov oʻzi soʻrab-surishtirishlarni boshlaydi. Atelyedagi va sartaroshxonadagi tanishlaridan Munis haqida maʼlumot yigʻishga kirishadi. Rahim Saidovning bu harakatlari oila obroʻsi, erkaklik shaʼni uchun kurashning, oʻzi sevgan ayolning or-nomusi uchun kurashning bir koʻrinishi edi.

“Kapitan qancha oʻylanmasin, bu savolga javob topolmadi. Uning taxminlari koʻp edi. Birinchi taxmin – muhabbat. Olloyorov Saidovani yaxshi koʻrib qoladi. Uni qoʻlga olishga harakat qiladi. Saidova koʻnmaydi, eri bor. Buni Olloyorov ham biladi. Nima qilish kerak? Saidovaning molga oʻchligini payqagan Olloyorov qimmatbaho sovgʻalar qila boshlaydi. Aftidan, Saidova shunga koʻnikadi, keyinchalik esa oʻrganib qoladi. Nega eridan ajramaydi? Shunday qilish oson edi. Er-xotinni bogʻlaydigan bolalar yoʻq oʻrtada. Buning ustiga Olloyorov yolgʻiz. Balki unga uylanishni Olloyorov istamagandir? Shunday yashash unga qulay tuyulgandir?

Kapitan oldidagi qogʻozga nimanidir yozmoqchi boʻladi, lekin uning boʻsh yeri qolmagan edi. Tortmasidan yangi qogʻoz olib, bitta belgi qoʻydi. Diqqat bilan qaraganda bu belgi oʻq-yoy teshib oʻtgan yurakni eslatardi.

Ikkinchi taxmin – Saidovaning oʻzi. Ollyorov bilan ishqiy aloqada boʻlmagan. Saidova undan qarzga mol ola boshlagan. Nihoyat, qarz koʻpayib ketgan. Olloyorov unga ishonmay qoʻygan. Fojia shunda yuz bergan. Kapitan yana bir belgi qoʻydi. Birozdan soʻng unga savol qoʻydi.

Kapitanni chuqur oʻylantirib qoʻygan uchinchi bir taxmin ham bor edi. Ular ishqiy munosabatda boʻlishlari ham mumkin. Olloyorov oʻzi shu narsalarni sovgʻa qilgan. Saidova olgan. Lekin evaziga nima bergan? Oʻzinimi? Nahotki, u shunchalik qimmat tursa? Olloyorovning atrofida chiroyli ayollar koʻp boʻlgan, hozir ham koʻp. Nega u Saidovani tanlaydi? Pulga oʻch odam bekordan-bekorga serxarajat boʻlmaydi.

Kapitan qogʻozga “sh” harfidek uchinchi belgi qoʻydi-da, uni doiraga oldi…”. 3

Muallif shu tariqa asar qahramonlarining ichki dunyosi, ruhiy kechinmalari, oʻylari orqali voqealar rivoji qanday kechayotganligi haqida fikr yuritadi.

Qissaning “Yoz yomgʻiri” deb nomlanishida ham katta ramziy maʼno bor. Zero, yozda yoqqan yomgʻir bexosiyat, zararli boʻladi. Ekin-tikin, bogʻ-rogʻlarga shira tushadi, katta maʼnaviy-iqtisodiy zarar keltiradi. Asarda esa jamiyatda yuz berib turadigan va boylik, zebu ziynatga intilish orqali turli fojialarga mubtalo boʻladigan shaxslar-taqdirlar kechmishi kitobxon uchun saboq tariqasida koʻndalang qoʻyiladi.

Umuman olganda, Oʻlmas Umarbekov asarlarida tasvirlangan har bir qahramon oʻzgacha bir olam. Farzandi uchun jonini fido qilishga tayyor ona, ilk sevgi mojarolarini boshdan kechirayotgan oshiq, oʻqituvchi, savdogar va yana boshqa kim boʻlishidan qatʼi nazar, ular ongu shuurida, yurish-turishida Oʻlmas Umarbekov qalami bilan chizilgan boshqacha bir ruh manaman deb koʻzga tashlanib turadi. Bular adibning qahramonlar ruhiyatini chuqur anglab, ularning siymosini toʻlaqonli aks ettira olganligini koʻrsatuvchi jonli manzaralar, inson suvratlaridir.

 

Rezyume

 

Maqolada “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” Oʻlmas Umarbekovning qahramon ruhiyatini ochishdagi oʻziga xos uslubi haqida soʻz boradi.

 

The article sheds light on the peculiar style of the “Peaople’s writer of Uzbekistan” Olmas Umarbekov in depicting the spirit of the protagonist.

 

Dannaya statya posvyashʼena analizu svoyeobraznogo stilya Narodnogo pisatelya Uzbekistana Ulmasa Umarbekova v raskriʼtii duxovnogo mira glavnogo geroya.

 

Nazokat SOTTIBOYEVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–5

 


[1] Oʻ.Umarbekov. Tanlangan  asarlar. T., “Sharq”, 2009, 5-bet.

[2] Oʻ. Umarbekov. Tanlangan asarlar. T., 2009, 190-bet.

[3] Oʻ. Umarbekov. Tanlangan asarlar. T., 2009, 197-bet.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.