Qadimgi davr oʻzbek adabiyotining dastlabki majmuasi

0
2520
marta koʻrilgan.

Shoir, dramaturg, adabiyotshunos Fitrat birinchilardan boʻlib adabiy parchalarni oʻz tarkibiga jamlashtirgan xrestomatiya yaratdi. U yaratgan majmua oʻz davri uchun katta yangilik edi. Bayozlarning kengayib, takomillashib borishi natijasida, majmualarning ilk namunalari paydo boʻla boshlagan bir davrda, Fitratning “Oʻzbek adabiyoti namunalari” asari ilk toʻplam sifatida dunyoga keldi. Asar 1928 yilda arab yozuvida nashr ettirilgan. “Oʻzbek adabiyoti namunalari” majmua boʻlibgina qolmay, Fitratning adabiyotshunoslikka oid qarashlarini oʻzida jamlagan yetuk asar hamdir. Olim oʻz asarida adabiyotshunoslikda muhim sanalgan davrlashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratib, oʻsha davr asosida adabiy parchalarni taqsimlaydi. Majmua uch boʻlimdan tashkil topgan. Birinchi boʻlimda “Qabilaviy davr adabiyoti” namunalari, ikkinchi boʻlimda “Feodallik davri adabiyoti”ga oid parchalar, uchinchi boʻlimda “Savdo sarmoyasi davri adabiyoti” namunalari jamlangan. Olim har bir asarni boʻlimlar boʻyicha taqsimlayotganda, ularni qaysi davrda yaratilganligiga emas, balki mazmun-mohiyatiga eʼtiborini qaratadi. Xususan, Fitrat “Devonu lugʻatit turk” asaridan keltirilgan parchalarning bir qismini “Qabilaviy davr adabiyoti” sifatida qayd etsa, “Alp Ertoʻngʻa” marsiyasini “Feodallik davri adabiyoti” namunasi tarzida berib oʻtadi. Chuqurroq tahlilga tortayotganimiz, Oʻrxun-Yenisey bitiktoshlari majmuaning “Feodallik davri adabiyoti” qismidan oʻrin olgan.

Feodallik davri adabiyoti qanday adabiyot oʻzi? Bu borada Fitrat shunday qaydni keltiradi: “Qabilachiliq davrida boshlangʻan doston adabiyotining feodalliq davrida ham kengayib, badiiy kamchiliklarini toʻldirib, tugallanib davom qilgʻani maʼlum. Bu davrning dostonlari voqealarni har vaqt katta feodallar tegrasida yurguzib, shu munosabat bilan ularni maxtaydirlar”. (Fitrat. Oʻzbek adabiyoti namunalari. Toshkent-Samarqand. Oʻznashr, 1928.50-bet). Shu munosabat bilan ayni shu xususiyatni oʻzida aks ettirgan “Kultegin” bitiktoshi majmuaning ikkinchi boʻlimidan oʻrin olgan. Fitrat feodallik davrining ilk namunasi sifatida berilayotgan Oʻrxun-Yenisey bitiktoshlaridan, aynan, “Kultegin” yodnomasidan parcha keltirganligining sababini quyidagicha izohlaydi: “Bu davrning bizga eson-omon kelgan eng burungʻi namunasi Yenisey Oʻrxunda topilgan toshbitiklardirkim, eng muhimlari milodiy oltinchi asrda ulugʻ bir davlat qurgʻan Tukyu turklarning sakkizinchi asrdagi xonlari Bilka qoon bilan uning inisi Kultakinning yodnomalaridir. Men bu kitobda feodalliq davrining birinchi namunasi etib, “Kultakin” yodnomasidan bir boʻlagini xulosa qilib oldim”. (Fitrat. Oʻzbek adabiyoti namunalari. Toshkent-Samarqand. Oʻznashr, 51-bet). Demakki, olim “Kultegin” yodnomasini boshqa bitiktoshlardan muhim deb bilgan. Majmuada keltirilgan parchalar u qadar katta hajmga ega boʻlmasa-da, olim toshbitikning asl mohiyatini ochib beruvchi matnlarni tanlab olgan. Bugungi kunda Oʻrxun-Yenisey yodgorliklari turli manbalarda nashr etilgan. Ularning toʻliq variantlari ham mavjud. Feodallik adabiyoti namunasi sifatida keltirilgan “tukyu” feodalligi davridan qolgan Oʻrxun-Yenisey yozuvidagi yodgorliklar qadimgi turkiy adabiyotning alohida bir qatlami sifatida turkiyshunoslikda, oʻzbek adabiyotida kam oʻrganilgan. Bu yodgorliklarning oʻziga xos badiiy hamda til xususiyatlarini oʻrganish esa jahon turkiyshunosligida, adabiyotshunosligida yetakchi mavqeni egallaydi. Ayni paytda, bu yodgorliklar qadimgi turkiy qavmlarning ijtimoiy, siyosiy tarixi, dini, urf-odatlari, tarixini oʻrganishda ham muhim manba hisoblanadi. Bir soʻz bilan aytganda, turkiy yozuv yodgorliklari Turk xoqonligi va undan oldingi davr manzarasidir.

Qadimgi turkiy yodnomalar xususida toʻxtalganda, ularni xalq ogʻzaki ijodi namunasi boʻlmish dostonlar bilan bogʻlab oʻrganish joiz boʻladi. Chunki olimlarimiz turkiy yodnomalarni eposlar zaminidan oʻsib chiqqan adabiyot sifatida baholashadi. Eposlar zamiridagi syujet, badiiy tasvir vositalarining ishlatilishi yodnomalarda ham aks etgan. Ulardagi tasvirlash yoʻsini ham bir-biriga oʻxshab ketadi. Olimlarimiz bu oʻxshashlikni eposlarning eng asosiy xususiyati boʻlmish anʼanaviy uch qismdan iborat bayon qilish usuli bilan bogʻlashadi. Ular: boshlanma, voqealar rivoji (mazmun taraqqiyoti) va tugallanma. Ushbu xususiyat turkiy yodnomalarda ham oʻz aksini topgan. Solishtiramiz: xususan, Kultegin (731 yili yaratilgan), Bilga xoqon (735 yili yaratilgan), Toʻnyuquq (716 yili yaratilgan) yodnomalari bu jihatdan alohida ahamiyatga ega. Yodnomalardagi bunday xususiyatni turkiyshunos olimlar V. Tomson, P. Melioranskiy va P. Falyovlar aniqlagan edilar. Xususan, P. Melioranskiyning “Kultegin” yodnomasiga bagʻishlangan magistrlik dissertatsiyasida “yodnomalardagi koʻtarinki ruh eposlarning mahsulidir”, degan fikri toʻgʻri ekani oʻz isbotini topdi. Bu tasvir quyidagi ifodalarda aks ettirilgan: “Uza kök tangri asra yagʻiʼz yar qiʼliʼntuqta akin arsa kisi ogʻliʼ qiʼliʼnmiʼs. Kisi ogʻliʼnta uza achum apam Bomiʼn qagʻan, Istami qagʻan olurmiʼs. Oluriʼpan, turk boduniʼn alin, torusin tuta birmis, itu birmis – Yuqorida koʻk osmon, ostida qoramtil yer qilingʻanda ikisi aro odam bolasi paydo boʻlgʻan Odam bolasida ulugʻ bobom Bumin xoqon, Istami xoqon boʻlgʻan ekan. Boʻlib turk qavmining elini, qonunini tutib yaxshilatib borgʻan”. (Fitrat. Oʻzbek adabiyoti namunalari. Toshkent-Samarqand. Oʻznashr, 1928.51-bet).

Yodnomadan keltirilgan parchada boshlanma, voqealar rivoji (mazmun taraqqiyoti) va tugallanma bor. Yeru osmonning hamda insoniyatning yaratilishi – boshlanish, Bumin va Istami xoqonlarning faoliyati – mazmun taraqqiyoti, qonun-qoidalarga rioya qilishlari esa tugallanmadir.

Qadimgi turkiy yodgorliklar yozma adabiyotning oʻziga xos turi sanaladi. Yodgorliklarda mualliflarning qahramonlarga, maʼlum voqealarga munosabati aks ettiriladi. Ayniqsa, feodallarning, umuman, hokim sinfning omma bilan munosabati, ommaga qarashlari, feodal shaxsni ideallashtirish yodnomalarning muhim xususiyatlaridan biridir. Epos qahramonlariga yondosh obrazlarga asos solinganini yodnomalardagi jang lavhalarida koʻrish mumkin.

“Kultegin” bitiktoshi ikki qismdan iborat boʻlib, birinchi qism kichik bitik, ikkinchi qism ulugʻ bitikdan iboratdir. Yoʻllig tigin bitiktoshning muallifi sanaladi. Fitrat oʻz majmuasida “Kultegin” bitiktoshining ulugʻ bitik qismidan namunalar keltiradi. Ulugʻ bitik qismida Kulteginning jasoratlariga alohida eʼtibor beriladi. Kichik bitik esa qadimgi turk davridagi notiqlik sanʼatidan xabardor etadi.

“Kultegin” bitiktoshi 1889 yilda turkiyshunos olim N. M. Yadrinsev tomonidan topilgan. Ayni shu davrdan eʼtiboran, mazkur bitiktoshni oʻrganishga boʻlgan harakat boshlangan. Yodnoma marmardan ishlangan. Qalinligi 41 sm, balandligi 3 m 15 sm, kengligi tub qismida 1m 24sm boʻlib, yuqoriga qarab torayib borgan. Yodgorlikda notiqlik sanʼatiga xos goʻzal namunalar keltirilgan. Har ikki qism ham Koʻk tangriga eʼtiqod ruhi bilan boshlanadi. Turkiylar bilan yonma-yon yashagan tabgʻachlarning bosqinchiligi, hiylakorligi kabi salbiy illatlar qoralanadi. “Kultegin” yodgorligidagi kichik va katta bitik janr xususiyatiga koʻra xotira asarga oʻxshab ketadi. Bu ikki qism bir-biri bilan uzviy bogʻliq. Bitiktoshning avvali anʼanaviy olamning yaratilishi toʻgʻrisidagi mif bilan boshlanadi. Keyinroqda esa, bitiktoshni bitgan shaxs oʻzini tanishtirib, hayot xususida oʻz mulohazalarini bildirib, nima sababdan Kultegin sharafiga yodnoma oʻrnatayotganligini izohlaydi. Ulugʻ bitik qismini madh qism deb atasa boʻladi. Chunki bu qismda turkiylarning xoqonlari, ularning jasorati madh etiladi. Xususan, dastlabki turk xoqonlari – Bumin va Istami xoqonlar madhiga keng oʻrin ajratilgan. Bu ikki qism oʻrtasidagi voqealar tizimi bir-biri bilan mantiqan bogʻlangan. Kichik bitikdagi “ne-ne soʻzim esa mangu toshga urdim”, kabi satrlardagi “soʻz”ning javobi ulugʻ bitikda oʻz ifodasini topgan. Ulugʻ bitikda koʻplab tarixiy shaxslarning nomlari qayd etilgan.

Olim majmuada ulugʻ bitikdan namunalar keltirar ekan, ularning tarjimasini ham berib oʻtadi. Fitrat oʻz davrida birinchilardan boʻlib, Oʻrxun-Yenisey bitiktoshlaridan namunalar keltiradi. Olim majmuada bitiktoshlarning transkripsion shaklini bermaydi. Buning sababini turlicha izohlash mumkin. Avvalo, yoddan chiqarmaslik kerakki, 1928 yilda arab yozuvi davlat yozuvi sanalgan. Oʻz-oʻzidan maʼlumki, arab yozuvida bitiktoshlarning transkripsiyasini, shaklini berish imkonsiz edi. Ikkinchidan, oʻsha davr ilmi uchun bitiktoshlardan namunalar keltirishning oʻzi katta yangilik hisoblangan. Bu yangilik oʻz davri uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan. Uchinchidan, Fitrat oʻz majmuasini ilmiy asar sifatida emas, balki keng ommaga moʻljallangan badiiy asar sifatida tuzgan. Shu sababli ham badiiy asar sifatida undan namunalar keltiradi, xolos.

Ushbu mulohazalar sirasidan anglash mumkinki, Fitrat oʻz majmuasini badiiy asar sifatida yaratdi va shuning uchun ham bitiktoshlarni badiiylikka yoʻgʻrilgan holda erkin tarjima qildi, uni ilmga tanishtirdi.

 

Orzigul HAMROYEVA,

aspirant

 

“Sharq yulduzi”, 2011–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.