‘‘…pomoli boʻlgʻan bosh erur”

0
169
marta koʻrilgan.

Kunduz ul xurshidi raxshondin koʻzumga yosh erur,

Kecha holim zulfi savdosi bila chirmosh erur.

 

Olmagʻan din naqdi birla yiqmagʻan mehrob yoʻq,

Ey musulmonlar, ne kofir koʻz, mufattin qosh erur?!

 

Chok koʻksumdin ichimga solib ul oy koʻnglidek

Asraramkim, hamul oy boshimgʻa otqan tosh erur.

 

Rahm emas berahmliqdur surmasang boshimgʻa raxsh,

Kim, bu koʻp qatla aning pomoli boʻlgʻan bosh erur.

 

Ishq sirrin necha koʻnglum ichra pinhon asrasam

Ham, koʻngul oʻti zabona chekkach, elga fosh erur.

 

Qaysi gul bazminki sugʻa, yoʻqsa yelga bermadi,

Bu chamanda to bulut saqqo, sabo farrosh erur.

 

Benavolar ollida umri abaddin yaxshiroq,

Kim, Navoiy dayr ichinda doxili avbosh erur.

 

* * *

Dnem ot sveta solnsa krasotiʼ

lyutsya sleziʼ iz moix ochey,

Nochyu ya okutan s golovoy

temniʼm omutom tvoix kudrey.

 

Veru unichtojili sovsem

i mixrabiʼ vse povergli v prax

Eti podstrekateli-glaza,

eti luki gibkiye brovey!

Chto tayu v razorvannoy grudi?

Chto, kak serdse, byetsya tam teper?

Eto kamen, v golovu moyu

broshenniʼy lyubimoyu moyey!

 

Pochemu, bezjalostnaya, tiʼ

poshʼadila golovu moyu? –

Tvoy skakun toptal yee ne raz –

ibo prejde tiʼ biʼla shʼedrey!

 

Tshʼetno v serdse taynu ya xranyu,

vse ravno, ved yaziʼki ognya,

Zapiʼlav, razoblachat menya,

sdelayut posmeshishʼem lyudey.

 

Kak je roze ne ustroit pir

dlya vodiʼ i vetra? V svetnike

Polivalshʼik – oblako, zefir –

on metet dorojki pered ney.

 

Tiʼ lyudey neschastniʼx soblaznish

vryad li vechnoy jiznyu – bednyakam

Tak je, kak ix bratu Navoi,

pyanstvovat gorazdo veseley.

 

A. STAROSTIN tarjimasi

 

GʻAZAL ShARHI

 

Sharq adabiyotining, shu jumladan, oʻzbek mumtoz sheʼriyatining yetakchi janri boʻlgan gʻazal Alisher Navoiy ijodida oʻz takomilining yuksak bosqichiga koʻtarildi. Uning gʻazallari keyingi davr shoirlari uchun oʻrnak, namuna boʻlib qolganligi, uning sheʼriyati ular uchun mahorat maktabi boʻlib xizmat qilganligi bejiz emas. Navoiyning:

 

Kunduz ul xurshidi raxshondin koʻzumga yosh erur,

Kecha holim zulfi savdosi bila chirmosh erur.

 

deb boshlanuvchi gʻazali ham oʻziga xos badiiyatga va jozibaga egaligi bilan ajralib turadi. Bunga yuqoridagi matlaʼ misolida ham ishonch hosil qilish mumkin. Undagi har bir soʻz va iboraning muayyan badiiy vazifasi bor va ular muallifning gʻoyaviy-badiiy niyatining amalga oshirilishiga xizmat qiladi, ularning ayrimlari bir-biri bilan tanosub hosil qiladi. Jumladan:

 

kunduz – xurshidi raxshon;

kecha – zulf

zulf – chirmosh

 

Shunday xususiyat gʻazalning keyingi bayti uchun ham xos:

 

Olmagʻan din naqdi birla yiqmagʻan mehrob yoʻq,

Ey musulmonlar, ne kofir koʻz, mufattin qosh erur?!

 

Mazmuni: U olmagan din naqdiyu yiqitmagan mehrob yoʻq. Ey musulmonlar, bu qanday kofir koʻzu bu qanday fitnalik qoshdir?

Muallif mahorati faqat soʻz va iboralarni qoʻllashda emas, balki lirik qahramon obrazi talqinida ham namoyon boʻladi, jumladan, gʻazalda mumtoz sheʼriyatimiz uchun anʼanaviy boʻlgan fidoiy oshiq qiyofasi yangi chizgilar bilan boyitiladi, uning yangi qirralari ochiladi. Lirik qahramonning ishqi, yoriga mehri va sadoqati shu darajadaki, u faqat sevgilisining siymosini emas, hatto uning tomonidan oʻz boshiga otilgan toshni ham yuragining toʻrida asraydi:

 

Chok koʻksumdin ichimga solib ul oy koʻnglidek,

Asraramkim, hamul oy boshimgʻa otqan tosh erur.

 

Sheʼrda yorning oshiqqa rahmi va berahmligi ham oʻzgacha bir tarzda badiiy talqin etilgan. Unda lirik qahramon sevgilisiga shunday xitob qiladi:

 

Rahm emas berahmliqdur surmasang boshimgʻa raxsh,

Kim, bu koʻp qatla aning pomoli boʻlgʻan bosh erur.

 

Mazmuni: Agar boshimga ot surmasang, bu rahm emas, berahmlikdir, zero bu koʻp marta oting oyogʻi ostida toptalgan boshdir.

Oʻz ishqini sir saqlash – oshiq uchun eng mushkul ishlardan biri. Lirik qahramon oʻz qalbidan oʻrin olgan bu nodir tuygʻu va u bilan bogʻliq kechinmalarini yashirin tutish uchun nechogʻliq harakat qilmasin, buning uddasidan chiqolmaydi, uning siri tezda elga oshkor boʻladi:

 

Ishq sirrin necha koʻnglum ichra pinhon asrasam

Ham, koʻngul oʻti zabona chekkach, elga fosh erur.

 

Gʻazalning janr xususiyatlaridan biri shuki, unda bir emas, bir necha mavzu – motivlarga murojaat qilish, ularni rivojlantirish mumkin. Shu jihatdan gʻazal ijodkorlarga katta imkoniyatlar beradi. Navoiy gʻazallari shoirning mazkur janr imkoniyatlaridan samarali foydalanganligini koʻrsatadi. Jumladan, oʻzining ishqiy mavzudagi gʻazallarida shoir oʻrni-oʻrni bilan ijtimoiy, falsafiy, didaktik motivlarga ham murojaat qiladi. Matlaʼdan to beshinchi baytgacha lirik qahramonning ishq bilan bogʻliq kechinmalari va holatini tasvirlagan muallif oltinchi va yettinchi baytlarda falsafiy oʻy va mulohazalarga erk beradi. Sheʼrda bu fikrlar toʻgʻridan-toʻgʻri, ochiq tarzda emas, badiiy libosda, obrazli ifodalar yordamida bayon etiladi:

 

Qaysi gul bazminki sugʻa, yoʻqsa yelga bermadi,

Bu chamanda to bulut saqqo, sabo farrosh erur.

 

Gʻazal falsafiy ohang va fikr bilan yoʻgʻrilgan quyidagi maqtaʼ bilan yakunlanadi:

 

Benavolar ollida umri abaddin yaxshiroq,

Kim, Navoiy dayr ichinda doxili avbosh erur.

 

Tahlil qilingan sheʼrda tasvirlangan tuygʻu va kechinmalar, ifodalangan fikrlarning, umuman, gʻazal badiiyatining tarjimada qay darajada aks ettirilganini kuzatish, albatta, maroqli. Gʻazalning rus tiliga tarjimasi A. Starostin tomonidan amalga oshirilgan. (Alisher Navoi. Sochineniya v 10-ti tomax. T. 1. str. 87. T. 1968 g.) Birinchi baytni tarjimon quyidagicha oʻgirgan:

 

Dnem ot sveta solnsa krasotiʼ

lyutsya sleziʼ iz moix ochey,

Nochyu ya okutan s golovoy

temniʼm omutom tvoix kudrey.

 

Sharq mumtoz adabiyotida, shu jumladan, Navoiy sheʼriyatida ham oshiq obrazi koʻp hollarda nomurod, yaʼni u ishq savdosiga giriftor, muhabbat yoʻlida azob chekadi, lekin oʻz maqsadiga yetisha olmaydi. Yuqoridagi baytning ikkinchi misrasida ham uning yor zulfi savdosiga mubtaloligi haqida soʻz boradi. Tarjimada bu maʼno uncha taʼkidlanmagan boʻlsa-da, Alisher Navoiy baytining ruhi va lirik qahramon holati oʻz badiiy ifodasini topgan.

Yorning qosh-koʻzlari bilan bogʻliq ikkinchi bayt tarjimasi, umuman olganda, yomon emas:

 

Veru unichtojili sovsem

i mixrabiʼ vse povergli v prax

Eti podstrekateli-glaza,

eti luki gibkiye brovey!

 

Navbatdagi baytni oʻgirar ekan, tarjimon baytning mazmun-maʼnosini toʻgʻri ifodalash bilan bir qatorda uni chuqurlashtirishga, taʼsirchanligini oshirishga intilgan. Navoiy baytida yor tomonidan otilgan toshni lirik qahramon oʻzining chok boʻlgan koʻksiga solib asrashi haqida soʻz ketsa, tarjimada ushbu mazmun saqlangani holda oʻsha toshning oshiq bagʻrida xuddi yurakdek urib turishi qoʻshimcha qilinadi:

 

Chto tayu v razorvannoy grudi?

Chto, kak serdse, byetsya tam teper?

Eto kamen, v golovu moyu

broshenniʼy lyubimoyu moyey!

 

Bayt tarjimasida A. Starostin asliyatdagi ifoda yoʻsini, shakli va vositalarini aynan saqlashga intilmaydi. Buni bayt mazmunining ritorik soʻroqlar yordamida ifodalanganida koʻrish mumkin. Asliyatda muallif bu vositadan foydalanmagan. Soʻroq gap shaklidan tarjimon keyingi baytni oʻgirishda ham foydalanadi:

 

Pochemu, bezjalostnaya, tiʼ

poshʼadila golovu moyu? –

Tvoy skakun toptal yee ne raz –

ibo prejde tiʼ biʼla shʼedrey!

 

Qayd etish joizki, bu oʻrinda asliyatdagi ifoda usuli va shaklining saqlanmagani baytning badiiy mazmunining toʻgʻri va toʻla aks ettirilishiga mone boʻlmaydi, aksincha, tarjimaning muvaffaqiyatli chiqishiga xizmat qiladi.

Gʻazalning beshinchi bayti rus tilida quyidagicha yangraydi:

 

Tshʼetno v serdse taynu ya xranyu,

vse ravno, ved yaziʼki ognya,

Zapiʼlav, razoblachat menya,

sdelayut posmeshishʼem lyudey.

Navoiy baytida koʻngil oʻtining alangalanishi va shu tufayli oshiq ishq sirini saqlay olmasligi haqidagi fikr oʻz badiiy ifodasini topgan. Tarjimada koʻngil oʻti emas, umuman oʻt haqida soʻz yuritilgan va natijada maʼnoda mavhumlik yuzaga kelgan. Bundan tashqari lirik qahramonning kulgi boʻlishi haqidagi qoʻshimcha (“sdelayut posmeshishʼem lyudey”) bayt mazmuniga uncha yopishmagan va bu bejiz emas, zero, Navoiy baytida bunday gap yoʻq.

Yuqorida aytib oʻtilganidek, mazkur gʻazalning ayrim baytlarida falsafiy motivlar ham mavjud. Bunday baytlarni oʻgirish tarjimondan katta mahorat talab qiladi. Oltinchi baytda “Bu chamanda bulut saqqo, sabo farrosh boʻlgandan beri qancha gul bazmini suvga va yelga bermadi (barbod qilmadi)” degan maʼno-mazmun ifodalangan. Muallif bu oʻrinda hayotning va umrning oʻtkinchiligi haqida falsafiy fikrni ana shunday obrazli ifodalar zimniga jo qilgan. Endi ushbu baytni tarjimon qanday oʻgirganligiga eʼtibor qarataylik:

 

Kak je roze ne ustroit pir

dlya vodiʼ i vetra? V svetnike

Polivalshʼik – oblako, zefir –

on metet dorojki pered ney.

 

 

Bu misralardan shunday maʼno chiqadi: qanday qilib atirgul suv va shamol uchun ziyofat uyushtirmasin? Gulzorda bulut suv sepuvchidir, yel esa uning oldida yoʻlakni supuradi.

Koʻrib turganimizdek, tarjimada Navoiy baytining mazmuni ham, uning zimniga jo qilingan falsafiy maʼno ham oʻz aksini topmagan.

Gʻazal maqtaʼsida mujassam boʻlgan maʼno-mazmun ham tarjimada toʻliq va toʻgʻri ifoda etilgan, deyish qiyin:

 

Tiʼ lyudey neschastniʼx soblaznish

vryad li vechnoy jiznyu – bednyakam

Tak je, kak ix bratu Navoi,

pyanstvovat gorazdo veseley.

 

Ulugʻ shoir va mutafakkirning har bir misrasi yoki bayti olam-olam maʼnoni va badiiyatni oʻz ichiga olgan sheʼrlaridan oʻz oʻquvchilarimizni ham, boshqa xalqlar vakillarini ham toʻla-toʻkis bahra olishlarini taʼminlash, bu buyuk sheʼriyatning dunyo oʻquvchisi oldida oʻzining butun mahobati va goʻzalligi bilan namoyon boʻlishiga erishish lozim. Bu esa navoiyshunos olimlar va tarjimonlardan katta mehnat va masʼuliyatni talab qiladi.

 

Qodirjon ERGASHYeV,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.