Poʻlat Moʻmin

0
2615
marta koʻrilgan.

(1922–2004)

Bolalarning sevimli shoiri Poʻlat Moʻmin yoshligidanoq adabiyotga havas qoʻydi. U Toshkent pedagogika bilim yurtida oʻqib yurgan vaqtida adabiyot toʻgaragiga faol qatnashdi. Adabiyotni qunt bilan oʻqidi, oʻrgandi. Oʻrta maʼlumot olgach, hozirgi Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika universitetining oʻzbek tili va adabiyoti fakultetiga oʻqishga kirib, uni muvaffaqiyatli tamomladi, aspiranturada oʻqidi, maktablarda oʻqituvchilik qildi. Soʻngra Oʻzbekiston davlat nashriyotida ishladi. Poʻlat Moʻmin qayerda ishlamasin, doimo adabiyotga muhabbat bilan qaradi, uni qunt bilan mutolaa qildi, oʻrgandi. Kichik-kichik sheʼrlar yoza boshladi. 1944 yilda “Bahorga sayohat” nomli birinchi sheʼri bosilib chiqdi. Birinchi sheʼrlar toʻplami esa 1949 yilda “Sayrang, qushlar” nomi bilan nashr etildi. Kitob adabiy jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi. Toʻplamdan munosib oʻrin olgan “Sayrang, qushlar”, “Obod oʻlkam”, “Haykal”, “Alla va Jalla” (ertak) singari asarlari mazmundorligi, qiziqarliligi bilan kitobxonlarning eʼtiborini oʻziga jalb etdi.

Bolalarga atab ijod etish, bu sohada muvaffaqiyat qozonish uchun qobiliyat va istakning oʻzigina yetmaydi. Belinskiy taʼrifi bilan aytganda, bolalar yozuvchisi boʻlib tugʻilish kerak. Bu bolalar yozuvchisi mohir pedagoglarday bola qalbining bilimdoni boʻlsin, nozik taʼb egasi, goʻdak tabiati va psixologiyasining bilimdoni, mehribon va bolajon, kamtarin va samimiy, bolalarcha soddadil ham dono boʻlsin, degan mazmunni taqozo etadi. Biz Poʻlat Moʻmin ijodida ana shunday oliyjanob xususiyatlar mujassamligini his etamiz. Shoir butun umrini bolalar orasida oʻtkazib kelmoqda. U oʻz yosh kitobxonlarining oʻy-fikrlarini, orzu-umidlarini yaqindan biladi. Ularning dillaridagini tillarga chiqara biladi.

Shoirning tinimsiz ijodiy mehnati tufayli “Hunardan unar”, “Toʻgʻri oʻsgan gul boʻlar”, “Aql qayerda boʻlar?”, “Oʻrinbosarlar”, “Oltin nay”, “Bir yarim Karim”, “Endi adashmaydi”, “Barcha bola doʻst boʻlsa”, “Rahmatga rahmat”, “Gazpolvon ertak aytar”, “Chang yutar botir”, “Doʻsting qancha koʻp boʻlsa”, “Oftob va odob”, “Yaxshilarga oʻxshasam”, “Bu juda soz”, “Eson va omon”, “Oltmish olti oltin qoʻl”, “Ustozlar izidan”, “Bolalarning baxti kulgan”, “Bir yuz bir oltin qoʻl” sheʼriy toʻplamlari: “Chanoqvoy bilan Qovoqvoy”, “Bahodirning botirligi”, “Oq fil yoʻqoldi”, “Suqatoy-konfetvoy”, “Ona bolam deydi” kabi ertaklari, pesalari yuzaga keldi. Bu kitoblarga kirgan eng yaxshi sheʼr va qoʻshiqlari, doston va ertaklari bolalar adabiyoti xazinasiga munosib hissa boʻlib qoʻshildi, uni boyitdi. Bu asarlardan bir qanchasi jahon xalqlari tillariga tarjima qilinganki, bu faqat shoirning emas, balki oʻzbek bolalar adabiyotining ham yutugʻi, obroʻsi hisoblanadi.

Kimda-kim aʼlo va yaxshi baholarga oʻqish uchun astoydil intilsa, harakat qilsa, zahmat cheksa, shubhasiz, u maqsadga erishadi, samarali bilim oladi. Agar bu intilish jismoniy mehnat bilan qoʻshib olib borilsa, yanada muvaffaqiyatli boʻladi. Poʻlat Moʻmin taʼlim va jismoniy mehnatga bagʻishlangan sheʼrlarida mehnat va mehnatsevar bolalar haqida fikr yuritadi. Baʼzan ishyoqmas, dangasa, yalqov oʻquvchilarni tanqid qiladi, ularning kamchiliklarini ochib tashlaydi. Masalan, “Besh oldim, besh!” degan sheʼrini olaylik. Asar qahramoni uzoq vaqt past bahoga oʻqib yuradi, fanlarni koʻngildagidek oʻzlashtira olmaganligidan doʻstlari, ota-onasi va oʻqituvchilar oldida oʻzini gunohkordek his qiladi. Oʻquvchi bunday qiyin ahvoldan faqat koʻproq dars tayyorlashi, kitob oʻqishi bilan qutulib ketishi mumkinligiga ham ishonmaydi. Nima boʻladi-yu, bir kuni u uyga berilgan topshiriqni qayta-qayta oʻqiydi, dars va kitobdan boshqa hech narsani oʻylamaslikka harakat qiladi. Natijada ertasi kuni “besh” baho oladi. Shu-shu bola kitobni sevib qoladi. Qunt qilish, berilgan topshiriq ustida koʻp mehnat qilish lozimligini tushunib yetadi. Oʻzidagi bunday ijobiy oʻzgarishdan xursand boʻladi. Boladagi bu quvonch va hayajonni shoir yosh kitobxon ruhiyatiga mos ravishda chizib beradi:

Shunday qilib, doʻstlarim,

Aytsam yurak soʻzlarim,

Yurishib qoldi ishim,

Koʻpayib ketdi “besh”im.

Bolalar shoirining “Tuganmas kon”, “Oʻqituvchi baho qoʻyganda”, “Koʻchalarni toʻldirib”, “Sizga nima boʻldi, oʻgʻil bolalar?”, “Yuqumli “2”lar”, “Bilsa boʻlar ekan-ku!”, “Sentabrdan kim sevinar?” kabi sheʼrlari ham aʼlo va yaxshi oʻqish uchun intilayotgan, harakat qilayotgan bolalar toʻgʻrisida yozilgandir.

Baʼzan oʻquvchi-yoshlar orasida mugʻambir-u pismiq bolalar ham topilib qoladi. Shoirning “Qoʻl koʻtarib qoʻlga tushdi” degan asari ana shunday bolalarga bagʻishlangan. Asar qahramoni aslida dangasa, ishyoqmas, qoloq oʻquvchi. U buni oʻqituvchisiga sezdirmaslik uchun har kuni dars paytida “Men aytaman, deb koʻtaradi qoʻl”. Oʻqituvchi esa bolaning bunday mugʻambirligini sezmaydi, u darsni yaxshi oʻzlashtiribdi, deb undan soʻramaydi. Oxiri bir kuni “Mayli, ayta qol” deydi. Shunda haligi bola savolga javob bera olmay, oʻqituvchi va oʻrtoqlari oldida izza boʻladi:

Darvozasiga

Urilganday gol

Qoʻlga tushgandi

U koʻtarib qoʻl.

Shoir sheʼrlarida kichkintoylarning jismoniy ishga intilishlari ham yaxshi ochib beriladi. Uning “Oftob chiqdi olamga”, “Yer chopildi – javob topildi” sheʼrlari fikrimizning dalilidir. “Oftob chiqdi olamga” asarida u xalq ogʻzaki ijodidan unumli foydalangan. Sheʼrda bolalarning harakati, urinishi, kattalar ishiga koʻmaklashishi nihoyatda taʼsirli va shirali ifodalangan.

Poʻlat Moʻmin haqiqatan ham oftob – bu olam-olam quvonch, shodlik, mehnat, yashash, yasharish ramzi ekanligini kichkintoy bolalar timsoli orqali yanada yorqinroq, taʼsirliroq aks ettirishga harakat qiladi:

Oftob chiqdi olamga,

Chopib bordim dalamga,

Dadam koʻchat ekardi,

Salom berdim dadamga.

Poʻlat Moʻminning “Yer chopildi – javob topildi” asarida mehnatdan zavqlanish tuygʻusi yorqin ifodalangan. Asar qahramoni dastlab uyga berilgan topshiriq – misollarni ishlay olmaydi. Shunda u jismoniy mehnat qilishga kirishadi – yer chopadi, terlab-pishadi. Natijada koʻngli yorishadi, fikri oydinlashadi. Uyga berilgan misollarni ham yechadi, yerni ham chopadi.

Barcha savolga

Javob topildi.

Shu bahonada

Yer ham chopildi.

Poʻlat Moʻminning “5” baho qoʻshigʻi”, “Xursandmisiz?, Xursandmiz!”, “Sentabrim”, “Uch baho – puch baho” singari qoʻshiqlari oʻqish, ilmli boʻlish mavzusiga bagʻishlangan. Oʻz ustida koʻp ishlash, kitob oʻqish, dars qoldirmaslik “aʼlo” oʻqishning mustahkam noydevori ekanligini shoir “Uch baho – puch baho” qoʻshigʻida yoritib beradi. Onalarni, keksalarni hurmat qilish, eʼzozlash (“Achom-achom buvijon”, “Mehribonim onajon!”), oʻzaro hurmat, doʻstlikni joyiga qoʻyish (“Bir jahon bolalarmiz”), har bir shodiyona, bayramlarni zoʻr tayyorgarlik bilan kutib olish, chevarlik kasbini bolalikdan bilib borish (“Koʻylagim”) mavzulariga bagʻishlab shoir oʻnlab qoʻshiqlar yaratganki, bunday qoʻshiqlar bolalarning jon-dilidir.

Poʻlat Moʻmin axloq va odob kuychisi hisoblanadi. Bu masala koʻproq uning “Birovlar”, “Bir odamning afsusi”, “Soʻzi shunaqa – oʻzi shunaqa”, “Behzodni bilasizmi?”, “Ulgʻaydimi aqlingiz?”, “Qoʻling oltin – yoʻling oltin”, “Birinchi boʻl, birinchi!” kabi sheʼr va qoʻshiqlarida ochib beriladi.

Poʻlat Moʻmin “Alla bilan Jalla”, “Ziyrak fil va ziqna baqqol”, “Har kimniki oʻziga, oy koʻrinar koʻziga”, “Unutgan oʻgʻil”, “Oltin nay”, “Dono bola”, “Bilganni qari – bilmaydi pari” singari ertak, dostonlarida xalq ogʻzaki ijodi namunalaridan unumli foydalangani koʻrinib turadi.

Poʻlat Moʻmin dostonchi shoir sifatida ham juda qadrlidir. Uning “Oltin nokli bogʻ”, “Koʻcha – koʻpchilik uchun”, “Eh, rosa shirin ekan!”, “Xolning jiyron velosipedi”, “Koʻngil istar yaxshilik” degan poyemalari allaqachon kichkintoylarning sevimli asarlariga aylanib ketgan. Shoirning dostonlarida bolalar oʻrtasidagi doʻstlik, birodarlik, oʻqituvchi va jonajon maktabga muhabbat, birlik, baynalmilallik kabi masalalar ilgari surilgan. Bolalar hayotida sodir boʻladigan yutuq va kamchiliklar badiiy boʻyoqlarda, qiziqarli lavhalarda chizib berilgan. Bir soʻz bilan aytganda: maktab oʻquvchilarining hayoti zavq-shavq bilan tasvirlanadi.

Poʻlat Moʻmin oʻzining ertak-pesalari bilan ham yosh kitobxonlar oʻrtasida shuhrat qozondi. Uning “Qovoqvoy bilan Chanoqvoy”, “Suqatoy-konfetvoy”, “Ona bolam deydi, bola onam deydi” nomli fantastik ertak-pesalari uzoq vaqtlardan beri bolalarning quvonchiga quvonch qoʻshib kelayotir.

Qovoqvoyning dangasaligi, lapashangligi, erkaligi, tantiqligini oʻtkir kulgi ostiga oluvchi va Chanoqvoyning bilimdonligi, donoligi va mehribon doʻstligini ulugʻlovchi “Qovoqvoy bilan Chanoqvoy” bolalarni yaxshilikka daʼvat etadi.

Bu asardagi yaxshi fazilatlar dramaturgning boshqa bir ertak-pesasi “Suqatoy-konfetvoy”da ham koʻringan. Tematika va gʻoyaviy yoʻnalishi, uslubi jihatidan bu ikki asar bir-biriga yaqin. Unda ham ilm, odob, halollik va mehnatsevarlik ulugʻlanadi. Voqea Bilim xola, Janjal xola, Qurt oʻrtasidagi kurash asosida rivojlanadi.

Poʻlat Moʻminning butun eʼtibori, ijodining mohiyati bolalarga pokiza hayot yoʻlini koʻrsatib berishga intilishdan iborat:

Aql, Odob, Fan yoʻli,

Yoʻllaming eng maʼquli.

Kimki yursa uch yoʻldan,

Ishi keladi oʻngdan.

Yoʻllar eltar maktabga,

Yetkazadi maqsadga.

Bugina emas, bolalar Poʻlat Moʻminning oʻnlab topishmoqlarini ham sevib oʻqib oʻrganadilar va zehnlarini charxlaydilar.

 

 

Mamasoli JUMABOYEV

  

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.