Poetik obrazlar jilosi

0
242
marta koʻrilgan.

Oʻtgan asrning 80-yillarida zamonaviy oʻzbek sheʼriyati gurkirab oʻsdi. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi kabi zabardast ijodkorlar qatoriga Usmon Azim, Shavkat Rahmon, Yoʻldosh Eshbek, Tilak Joʻra kabi otashqalb shoirlar kirib kelishdi. Albatta ular orasida Xurshid Davron oʻz ovozi, oʻz sozi bilan ajralib turadi.

Sheʼriyat tuygʻular gulshanidir. Biz Xurshid Davronning Vatan, tabiat, jamiyat, sadoqat, ishq haqidagi sheʼrlarini oʻqiganimizda qalbimiz shu gulshandan taralgan nafosat ifori bilan toʻyinganday boʻladi. Boisi, Xurshid Davron obraz yaratishda oʻziga xos uslubga ega. Shoir oʻz sheʼrlarini nafis tashbehlar bilan bezatib, ularga oʻzgacha sayqal berishga astoydil harakat qiladi. Lirik qahramonning ruhiy olamini noyob poetik topilmalar va tasvir vositalari yordamida ifodalaydi.

Xurshid Davron yaratgan obrazlar orasida Vatan obrazi alohida oʻrin tutadi. Shoir Vatan obraziga eng vazmin, Istiqlol dardi, davr yukini yuklaydi. Shoirning “Moviy rangli osmonga boqdim” sheʼriga nazar tashlaylik. Taniqli adabiyotshunos Ulugʻbek Hamdam taʼriflagandek, bu bitikdagi obrazning kuchi, jozibasi shundaki, u shoir ifodalamoqchi boʻlgan fikr, his-tuygʻu va kechinmani maʼno jihatidan tovlantirib beradi.

Dastlab sheʼrni oʻqigan kitobxonda shoir tasvirlagan tabiat manzaralariga qiziqish paydo boʻladi. Shoir oʻquvchini moviy rangli osmon, “zumrad dala” goʻzalliklari bilan oshno qiladi, “pishib yotgan bogʻlar” sari chorlaydi. Tong nurlarining toʻlqinlarini koʻrgan shoirning yuragida yulduz chaqnaydi. Uning bagʻri shamollarga aylanadi. Shoir “Hayotni yonib kuyladim” deya eʼtirof etadi. Aytmoqchi boʻlgan asosiy fikrini esa sheʼrning eng soʻnggi qatorlariga joylaydi:

 

Har kimning ham boʻlsin osmoni,

Oʻt gullari boʻlsin qalbining.

Erkday ulugʻ Oʻzbekistoni,

Cheksizligi boʻlsin har kimning.

 

Agar ushbu sheʼrning 1973 yilda yozilganligini hisobga olsak, oʻsha turgʻunlik yillarida “Erkday ulugʻ Oʻzbekiston” deyish uchun shoirga qanchalik jasorat kerak boʻlganligini tasavvur etish qiyin emas. Shoir ramz orqali erk va Vatan obrazini ishonarli ifodalay olgan.

Istiqlol orzusi shoirga tinchlik bermaganligini Xurshid Davronning “Shunday yashil mening Vatanim” sheʼrida ham koʻrish mumkin. Sheʼr 1976 yilda yozilgan. Sheʼrning hali yurtimiz mustaqillikka erishmagan bir tarixiy pallada yozilganligini qayd etadigan boʻlsak, masalaning mohiyatini yanada teranroq anglaymiz. Boisi oʻsha davrlarda buyuk ogʻalar eʼtirof etgan vatandan boshqa vatan yoʻqligini uqtiruvchilarni hisobga olsak, shoir “bahorning ilk bargiday yashil”, “gul atridek yosh Vatan” haqida kuylashi, uning timsolini yaratishining oʻzi sheʼriyatimiz tarixida katta bir voqea edi:

 

Vatan, sensan bagʻrimga monand,

Bagʻrim kabi musaffo, yorugʻ.

Sen onamga oʻxshaysan, Vatan,

Onam kabi tabarruk, ulugʻ.

Shunday yorugʻ mening Vatanim,

“Men sevaman” soʻzidek yorugʻ.

Shoir nazarida dunyodagi eng yorugʻ maskan, “ona kabi tabarruk, ulugʻ” goʻsha bu Vatandir. Shuning uchun ham shoir Vatanini jonidan ortiq sevadi. Uning uchun har narsaga tayyor. Mana shu tarzda Xurshid Davron sheʼriyatida Vatan bir ulkan poetik obraz, muqaddas goʻsha, ulugʻ sajdagoh sifatida boʻy koʻrsatdi.

Xurshid Davron sheʼriyatida bahor, gul, kuz va qish, qor kabi rang-barang obrazlar uchraydi. Shoirning “Derazamning raxidan qorni…” sheʼri bunga misol boʻla oladi. Deraza raxida turgan qorni hammamiz ham koʻrganmiz. Lekin shoir uni boshqacha nigoh bilan koʻradi. Sheʼrda tuvakdagi gul va qor obrazlari bor. Deraza raxidagi qorni tuvakdagi gul kuzatganini koʻrganmisiz? Shoir kitobxonning eʼtiborini shu voqeaga tortadi.

 

Qanday yaxshi kuzatmoq toʻyib

Tashqarida yoqqan oq qorni.

Hech boʻlmasa oldingga qoʻyib

Oʻtkir sharob, bir burda nonni.

Biroq nechun chidamas yurak,

Kiyinaman asta, bemador –

Qiyin ekan uyda oʻtirmoq

Tashqarida yoqqanida qor.

 

Endi lirik qahramonni na uydagi issiq joy, na tuvakdagi gul, na tinchgina kitob oʻqish, na tashqaridagi qorni kuzatish qiziqtiradi. U kiyinib tashqariga otiladi. Tabiat goʻzalligidan, qor yogʻishidan zavqlanadi. Sizni ham birga qor boʻroniga, qish zavqidan sarmast boʻlishga daʼvat etadi. Shoir sheʼrining taʼsir kuchi ham xuddi mana shundadir.

Shoirning “Boʻldi, yetar, termulmang oyga…” degan sheʼrida “men”i va oy obrazi bor. Shoirning lirik qahramoni “Boʻldi, yetar, termulmang oyga, ha, bilaman, oy juda goʻzal – Toʻyib boʻlmas bunday chiroyga” deya xitob qiladi.

 

Yerga boqing: xuddi shu chogʻda

Yulduzlardan ulkan maysalar

Bosh koʻtarib chiqib kelmoqda, –

 

deya oʻquvchiga murojaat qiladi. Bu fikrda shunday ramz bor: Oy qanchalar goʻzal boʻlmasin, u lirik qahramonning istiqlol, ozodlik, hayot haqidagi ehtiyojlarini qondira olmaydi. Lekin ona zamin bagʻridan koʻtarilayotgan maysalarda esa hayot bor, goʻzallik bor. Boisi maysalar yerdan bosh koʻtarib kelmoqda. Ular tabiatni goʻzallikka burkab, insonga va borliqqa hayot baxsh etadi.

Shoirning “Shukur Burxon haqida qoʻshiq” sheʼrida xalqimizning sevikli sanʼatkori, betakror isteʼdod sohibi Shukur Burxon timsoli yorqin boʻyoqlarda chizilgan. Xurshid Davron Shukur Burxonni taʼriflar ekan, uning haqiqiy sanʼat fidoiysi ekanligi haqida “Choʻkkan devor qaddin tiklaydi, Shukur Burxon chiqqach sahnaga”, deydi. Shukur Burxonning kuchli sanʼatkorligi “Endi undan kuchli odam yoʻq, Yengar man-man degan yigitni” satrlarida yaqqol namoyon boʻladi.

 

Tanaffusda yana horgʻinlik

Yelkasiga tashlaydi kuchin,

Yuragida uxlar Ulugʻbek

Soʻng sahnada hayqirmoq uchun.

 

Bu satrlarni oʻqigan kitobxon koʻz oʻngida Shukur Burxonning tanaffusda oʻtirgan kuyi kuch yigʻayotganligi, uning yuragida Ulugʻbekdek ulugʻ zotlar orom olayotganligi gavdalanadi.

Bolalik! Inson umrining gultoji, betakror bahori. Kim ham bolaligini sogʻinmaydi deysiz. Shoir ham bolalik haqidagi bitiklarida yillar uning bolaligini oʻgʻirlab ketganligini, doʻstlari sochlaridagi “oq tolalarga hayron boqqanligini” tasvirlarkan, goh yillarni koyisa, goho bogʻlar tomon yuz buradi. Shoir bolalik haqidagi tuygʻularini shunday ifodalaydi:

 

Kunlar xazon kabi sargʻardi,

Uchib ketdi yaproqlar kabi.

Ul kun qalbga dunyo sigʻardi,

Bugun sigʻmas oʻzimning dardim.

 

O, bolalik, mening quvonchim,

Ey, koʻz yoshi toʻymagan ochun.

Kecha doʻstlar bilan men ichdim,

Sening boqiy qudrating uchun.

 

Shoir yoshlik va bolalikning oʻtib ketganligini “Kunlar xazon kabi sargʻardi” satrlari orqali ifodalaydi. U “sargʻaydi” soʻzini “sargʻardi” deb qoʻllashi bilan sheʼrdagi maʼno yanada kuchayib, uning taʼsirchanligi ortadi. “Uchib ketdi yaproqlar kabi” degan oʻxshatishdan mohirona foydalanadi. Bolaligida shoir qahramonining qalbiga butun dunyo siqqan boʻlsa, bugun uning ichida hatto tariq aylanmaydi. Shundanmi, oʻzining dardi ham yuragiga sigʻmaydi. Biroq bolalik qanchalar yiroqlashib ketgan boʻlmasin, inson doimo oʻz bolaligini qoʻmsaydi, bola boʻlib qolgisi keladi. Bolalik ana shunday betakror tuygʻu.

Xurshid Davron oʻz tuygʻularini koʻz-koʻz qilmaydi. Oʻquvchini hayotiy haqiqat bilan yuzma-yuz qilib, undagi taʼsirlanish, munosabat bildirish va xulosa chiqarishni koʻproq oʻquvchining oʻziga qoldiradi. Tuygʻular chinligi, holatning samimiyligi, kechinmalar tabiiyligi misralarga joziba baxsh etadi. Shoir ifodalayotgan timsollar uning ijodiy maqsadi yoʻlida xizmat qiladi.

Xurshid Davron oʻzi yaratgan rang-barang obrazlarni oʻquvchiga majburlab tiqishtirmaydi, uni hamdardlikka chorlamaydi. U bitiklarida goʻyo oʻz ruhiyatini oʻzi tashqaridan kuzatayotganday boʻladi. Bu holat oʻquvchiga sheʼrdan diliga yaqin boʻlgan sezimlarni tuyish, ulardan zavqlanish imkonini beradi. Sh bilan birga oʻquvchini mushohada yuritishga, bahsga chorlaydi.

 

Kamola BOTIROVA

 

“Yoshlik”, 2014 yil 11-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.