Poetik mushohadada ramziylik

0
1235
marta koʻrilgan.

Oʻzbek romanchiligi keyingi yillarda yangi bosqichga koʻtarildi. Oʻtgan yillar davomida epik tur oʻzining tadrijiy taraqqiyotini boshdan kechirdi. Shakliy-uslubiy izlanishlar badiiylikning mudom tabiatini belgilab beruvchi omildir. Shunday ekan, badiiy qonuniyatlarni ilmiy tekshirish, muammo mohiyatiga zimdan nazar tashlash, tadrijiy takomilni aniqlashtirish joriy adabiyotshunoslikning dolzarb masalalaridan biri sanaladi. Istiqlol romanchiligi qisqa fursatda “yangilanish” jarayonini bosib oʻtgan boʻlsa-da, mazkur davrda yaratilgan romanlar tabiatida gʻarb anʼanalari taʼsiri maʼlum maʼnoda seziladi. Biroq badiiy shaklning mohiyatida oʻziga xoslik mazmun va mafkura yaxlitligida alohida ahamiyat kasb etishini taʼkidlash joiz.

Istiqlol davri romanchiligi mavzuning badiiy talqini, odamning orzu-umidlari, shaxs intim kechinmalari, inson psixologiyasini tahlil etish yoʻlidan bormoqda. Mohiyatga evrilgan badiiy talqinlarda oʻzlikni anglashga intilish kuchli. Poetik tafakkur miqyoslarini kengaytirishga, shaxs jumbogʻi nima degan savolga javob axtarishga, tushunchalarni mudom oʻzgarishga mahkum ekanligini anglashga intilayotgan adiblarimizdan biri Isajon Sultondir.

2011 yili nashr qilingan “Ozod” romani mavzu va gʻoya, syujet va kompozitsiya qurilishi jihatidan yaxlitlik kasb etgan asarlar sirasiga kiradi. Roman muqaddimasida keltirilgan parchada ham bunga guvoh boʻlamiz: “Hamma insonlar koʻzgudir va turli-tumandir, – dedi u. – masalan, ilm va soʻz ahli botiq oynadir. Ularning aytganlari – kichikdan kattaga, kamdan koʻpga olib boruvchi yoʻllarning ishoratlaridir. Modomiki, jonsiz oynaga voqea-hodisalarni akslantirish xususiyati ato etilgan ekan, jonli koʻzgu egasi ularni istagan maqomga solib akslantira oladi. Dunyoda qushlar turli-tuman, ularning hayot kechirishi va tabiati ham turfa, xalq hudhud, qumri, popishak, kabilarga navosoz, donishmand, yengiltak kabi maʼnolarni yuklagan, bular – qisman aks. Ulardan boshqa qushlar ham bor, el ularni tole qushi, humo qushi yoki jon qushi deb ataydi. Bular – toʻliq, yaʼni hamma qushlarning xususiyatini jamlab, qoʻshimcha moʻjizaviy maʼnolar yuklangan aksdir”.[1]

Mazkur lavha roman ekspozitsiyasida “Koʻzga koʻrinmas muallifning soʻzboshisi” deb nomlanib, asar ramziy-falsafiy, majoziy ishoralar, timsollar jamlujamidan tarkib topganligini his qilish mumkin. Bu ramziy-majoziy talqin ustuvor barcha tafsilotlar “kapsula” ichiga joylanganki, uni fikr va his orqali tushunib yetish mumkin. Qush timsoliga sharh berar ekan, muallif voqeani mikro elementlarigacha qiyoslab koʻradi. Tole qushining yaxlit qiymat olganligini tavsiflaydi. Bu bilan esa roman poetikasida xamirturush vazifasini bajarishiga ishora qilinadi.

Bugungi kun nasridagi yangilanishlarni kuzatar ekanmiz badiiylikning “urf” boʻlayotgan shartlaridan biri ramzdir. Ramziy talqinda muallif pozitiv dunyoqarashi bir muncha erkin harakatlanadi. Adabiyotshunoslik terminlari lugʻatida atamaga quyidagicha taʼrif beriladi:

“Ramz (ar. soʻz boʻlib – imo, ishora, imlash) – simvol; koʻchim turlaridan biri, faqat shartli ravishda va shu matn doirasida koʻchma maʼno kasb etuvchi soʻz yoki soʻz birikmasi; obrazlilik turi. Ramz mohiyatan allegoriyaga yaqin, undan farqi shuki, ramz kontekst doirasida ham oʻz maʼnosida, ham koʻchma maʼnoda qoʻllanadi. Ramzning maʼnosi kontekst doirasida va shartdan xabardorlik boʻlganda reallashadi”[2]. Atamaning keng tushuncha ekanligini, qoʻllanganda turli maʼno turlanishlariga yoʻliqishini ham eʼtibordan soqit qilmagan maʼqul. “Ozod” romanida “fikr va his”, “tafakkur va mantiq” tushunchalari alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois, badiiy shakl ifodasida talqin rang-barangligi yuza kelgan. Joriy holat romanda xilma-xil xarakterlar ziddiyatida tafakkur miqyoslariga rahna soluvchi tushuncha shartliligiga ishora qilinishida qabarib koʻrinadi. Mumtoz shoirlar ijodidan sayqallangan ramziy talqin ustqurmasida olam va odam jumbogʻi aks ettirilgan. Bir qarashda romanda qissaga xos ifodaviy xususiyatlar qabarib koʻrinasa-da, biroq syujet va kompozitsiya yaxlitligi nuqtai nazaridan hamda muallif oldiga qoʻygan falsafiy-ramziy konsepsiya “Ozod”ni toʻlaligicha roman degan xulosaga kelishimizga asos vazifasini oʻtaydi. Toʻgʻri, talqin mustaqilligi muallif erkin boshqaruvi natijasida yuzaga kelishi mumkin, chunonchi ifoda zichligi nazariy aqidani inkor etmaydi:

“Shu tobda koʻkda oq bulutlar suzib bormoqda edi.

Yuksaklarning shamoli ularni suruv-suruv haydab borar, bir ozdan keyin shakli oʻzgarib, shiddat bilan oldinga intilayotgan yosh toylar toʻdasi shaklini olmoqdaydi. Samoviy bu otlarning uzun yollari shamolda hilpirab, adoqsiz tiniq kengliklarda rohatlanib chopishayotgandek tuyulardi. Ortlaridan ergashgan qora bulutlar toʻdasi ogʻir-vazmin suzar, bular gʻoyatda koʻp va qat-qat, bagʻirlarida jalalarni olib kelayotgan boʻlishlari ham ehtimol.

U lola oʻsha bulutlar chiqib kelgan joyda oʻssa kerak, deb xayolidan oʻtkazdi Ozod. Shamol paydar-pay epkin urmoqda, loyqaga qorishgan oʻt-oʻlan isini dimoqqa tutmoqda edi.

Yoʻl aniq: Uchyongʻoqdan oshib oʻtilsa, undan narida Tuz choʻliyu Oydinkoʻl bor. Oydinkoʻldan ham narida yaydoq biyobon, biyobon ortida esa toshloqlar yastanib yotadi. Keyin togʻu tosh boshlanib ketadi, yanayam ichkariroqda, ikki togʻ orasida sip-silliq baland qoyalar boʻy choʻzgan, oʻsha qoyalarning eng tepasiga chiqib borilsa bas”[3]

Mazkur lavhada “Shamol” xarakter ramzi. Qahramonning olamu odam sirlarini bilishga boʻlgan ishtiyoqi gʻoya mohiyatini tahlil qilishga yoʻnaltiriladi: Shakl va mazmun uygʻunligini dalillash barobarida oʻquvchini keskin fikrlar ziddiyatiga tayyorlab boradi. “Yoʻl aniq: Uchyongʻoqdan oshib oʻtilsa, undan narida Tuz choʻliyu Oydinkoʻl bor. Oydinkoʻldan ham narida yaydoq biyobon, biyobon ortida esa toshloqlar yastanib yotadi” jumlasining oʻzidayoq roman fabulasi oʻz tajassumini topgan. Ayni paytda, Ozod Uchyongʻoq va Tuz choʻli, Oydinkoʻl haqida muayyan tasavvurga ega emas. Unga yoʻl koʻrsatuvchi shamol (qismat ramzi) syujet voqelarini izchil harakatlanishiga zamin hozirlaydi. Binobarin, tafakkur qilishga odatlangan kishilargagina olam sirlari oʻz mohiyatidan dars beradi. Ozod – roman kompozitsiyasida tafakkur timsoli. Uning turli xil fikriy va ishqiy sarguzashtlari aynan shamol yordami (ishorasi) bilan yuksak mohiyatga evriladi. Adib ushbu romanida azal va abad oʻrtasidagi mangu kurash, omonsiz jang, inson oʻzagi sanalmish maʼrifatni tahlil va tadqiq qilishni maqsad qiladi. Unda qoʻllanilgan ishora va tafsilotlar negizida erkin fikrlashga oʻrganayotgan, oʻzini tanishga ichki ehtiyojni hayot aʼmoliga aylantirayotgan ozod inson obrazini koʻramiz. Ayniqsa, har bir detal, tasvir, mikro nuqtalarigacha voqelik dramatizmi qahramon qalbida uygʻongan his-tuygʻular bilan akslanadi, ziddiyatga kirishadi. Demak, tasvirlanayotgan voqelik zamirida mushohada zalvori tafsilotlararo teranlashib boradi. Bu haqda adabiyotshunos olim Abdugʻafur Rasulov shunday yozadi: “Aslida romandagi barcha qiyofalar va obrazlar Ozodning oʻzidir, deb oʻylash tarafdoriman. Akslar deganda ham mana shu mantiq nazarda tutilmaganmikin? Agar u maʼno kengliklari sari yoʻlga chiqmasa, otasi kabi boʻlar va ekinzorda mehnat bilan kuni oʻtarmidi? Boylik sari intilsa, qismati uzumzorlar egasining taqdiri kabi armon va taassuflar aro pushaymonlik soʻqmoqlarida tentirash boʻlarmidi? Er yetilayotgan barcha yigitlar eranlardir. Ozod oʻzining eranlik xususiyati tufayli dillarga orom beruvchi – Diloromga intildi. Ha, ayol Dilorom, biroq, Vatan ham diloromdir”[4]. Darhaqiqat, olim eʼtirofida ikki xususiyat koʻzga tashlanadi: birinchidan, asarda voqelik hikoyachisi shamol barcha hodisalarning bashoratgoʻyi, qissagoʻyi, bilimdoni tarzida roman kompozitsiyasini yaxlitlashtiradi, ikkinchidan, har bir akslanayotgan timsol va taqdirlar bosh qahramon shuurini oʻziga mahliyo qiladi. Buning zamirida adib qadim mifologik tasavvurlardan joriy tasavvurlargacha qamrab oladi. Oraliqda botiniy hislar zohiriy tushunchalarni idroklaydi. Ozod aynan ushbu taqdirlar negizida ulgʻaya boradi. Adib “Ozod” timsolida shartli ravishda Fariduddin Attorning “Mantiq ut-tayr”, Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr”, Jaloliddin Rumiyning “Ichindagi ichindadir” asarlaridagi bosh gʻoyaga mutanosiblikni payvandlaydi. Ezgulik va yovuzlik, ofat va balolar qayerdan kelishi, barcha balo qazolarning sababkori kim yoki nima degan savollarga mantiqiy javob axtarayotgan qahramon intellekti namoyishi qabarib koʻrinadi. Bir qarashda, Ozod timsol, ishora va ramzlarni oʻzida jamlaydi. Aslida, tashqi biologik olam bilan ziddiyatga kirishayotgan mudom tole qushini izlab sargardon kezayotgan shaxs ruhiyati har bir qalbda yashirin. Yozuvchi Isajon Sulton aynan ushbu jihat: qalb va qiyofa suvratini chizishni oʻz oldiga aniq maqsad qilib qoʻyadi.

Romanda shunday lavhalar borki, ular bamisoli rangin va serjilo sheʼr kabi mutolaa qilinadi. Isajon Sulton qahramonlar ruhiy olamini ifodalashda Dostoyevskiy, Tolstoy, Kafka, Kamyu, Folknerlar yoʻlidan bormaydi. Uni xarakterlarning teran psixologik holatidan koʻra, faoliyatidagi ruhiy evrilishlari, iroda yoʻnalishi eʼtiborini tortadi. Boshqacha aytganda, real borliqdan koʻra, oʻz taxayul dunyosidagi Ozodlarni haqqoniy inkishof qilish qiziqtiradi. Badiiy sanʼatning samoviy nuqtalaridan turib nazar tashlansa, avvalo, syujet va gʻoya qabarib koʻrinadi. Gʻoya yozuvchi tafakkurining jamlanmasi. Syujet qayta ishlangan, sayqallangan, poetik idroklangan asar tayanch nuqtalari sanaladi. Isajon Sulton uslubiga xos xususiyatlardan biri shuki, aynan, koʻz oʻngida zohir olam ravishini emas, ichki olam suvratini idroklash tamoyili yetakchilik qilishini kuzatish mumkin. Bunga quyidagi lavhada ham shohid boʻlamiz:

“Aslida soʻz hechdir. U – bagʻridagi maʼnosi tufayli haybat kasb etdi. Ularga iroda jamlaguvchi Tangrimning oʻzidir. Yaʼni, olamda gapirmaydigan narsa yoʻq, hammasi oʻzining holidan xabar berib turadi, ammo odam bolasigina soʻzlarga maʼno joylaydi. Shu bois, boshqalar uchun ham soʻz ayta oladi, unga Tangri maʼno baxsh etgani uchun duoga aylanadi. Avom ham, olim ham ana shu sabab duoga intiladi. Birovdan yaxshilik istasa, “meni duo qiling” deydi. Duo esa taqdirni oʻzgartiradi. Bahaybat bir shakl olib, osmon toqiga yetib boradi, soʻng hodisaga aylanib, yana yer yuziga qaytadi.

Qargʻish ham taqdirni oʻzgartiradi. Soʻzning qudratini ana shularga qarab anglab yeta olasan.

Bizgacha behisob soʻzlar aytildi. Ularning hammasi oʻz joyiga borib oʻrnashdi. Bir kishi bor edi, uning aytgan soʻzlari oʻzi uchun gulu gulzor boʻldi. Boshqa bir kishining aytgan soʻzlari esa dahshatli maxluqlarga aylanib ketdilar – endi ular oʻz egalarini kutmoqdalar.

Avom ham, olim ham soʻz aytdi. Avomning soʻzi zaif, olimniki salmoqli edi. Shu sabab avomning xatosi kichik, olimniki halokatli boʻldi”[5].

Isajon Sultonning “Ozod” romanida syujet va kompozitsiya tigʻizligi yaxlitlik intizomiga boʻysundirilgan. Ramziy talqin negizida kechayotgan muloqot zalvori favqulodda kechinmalarga aylanib ketadi. “Koʻr kishining hikoyasi” faslidan olingan ushbu lavhada qahramon his qilayotgan maʼnolar bilan yana-da jonlantirilgan. Asarda koʻr kishining aslida koʻr emasligi, bir paytlar koʻzi ochiq boʻlganligi haqida axborot beriladi. Biroq uning koʻp siru asrorlarni bilib olishida ochiq koʻzga muhtoj emasligi, qalb koʻzining ochiqligini koʻrsatadi. Ozod bu hikoyadan oʻziga tegishli xulosalar chiqarish barobarida, mustaqil fikrlash qobiliyatini sinovdan oʻtkazadi. Demak, hol tili – barcha yaratilgan jonliyu jonsiz predmetlar gapirish xususiyatiga ega ekanligi, hodisotlarning kutilmaganda roʻy berishi, azaldan taqdirga bitilgan qismat deya, anglab qoladi. Taqdirning puchmoqlarida roʻy berayotgan hodisotlar, aslida qahramonning tashqi dunyoga bergan savollariga javob yangligʻ yuzaga chiqadi. Ayniqsa, “avom ham olim ham soʻz aytdi” jumlasida yana-da tiniq mantiqqa duch kelamiz. Oddiy avom soʻzi zaif, olimniki salmoqli ekanligi tafakkur darajalarini chamalab kelayotgan personaj ruhiyatini yanada kengroq inkishof qilishga kalit vazifasini oʻtaydi. Shu oʻrinda bilim toʻgʻrisida gapirgan adib Jon Golsuorsi haq. U aytadi: “Asrimizning xatarli tomoni bizning nodon boʻlib qolishimizda emas, balki bizning oʻylash-oʻylanish qobiliyatini yoʻqotib borayotganimizda. Oldimizda turli-tuman vazifalar borgan sari koʻproq koʻndalang boʻlib bormoqda, lekin biz krossvordlarga yoki detektiv romanlardagi jumboqlarga topgan yechimlarimizdan tashqari hayot oldimizga qoʻygan savollarga javob bera olamizmi? Javob bersak ham, toʻgʻri javoblarimiz borgan sari kamayib ketmoqda. Biz borgan sari osonroq va joʻnroq narsalarga moyillik bildiramiz. Ammo bilimga olib boradigan yengil yoʻl hamisha eng olis yoʻl boʻlib chiqadi. Oʻzimiz mustaqil ravishda erishadigan bilimimiz har narsadan qadrliroq va mustahkamroq boʻladi”[6].

Jol Golsuorsi talqinida muhokama zalvori koʻzga tashlanadi. Yaʼni, “Ozod” fikrlovchi inson uchun borliqning universal modelini koʻz oʻngiga keltirish, olamning yaralishi, odamning xatolari, narsa va maxluqotlarning unga boʻysundirilishi, qalb hamisha hayrat va hayajon ogʻushida ikkilanishi kabi xususiyatlar jamuljami boʻrtib koʻrinadi. Bu tushuncha tadrijida “akslar falsafasi” yaxlitlik kasb etadi. Jon Golsuorsining “… bilimga olib boradigan yengil yoʻl hamisha eng olis yoʻl boʻlib chiqadi”, degan fikri romandagi ramziy ishoralarni teran anglab yetishga zamin hozirlaydi:

“Xatolar va adashishlar… Agar xato qilmasaydim, bugun bunday boʻlmas edi deb oʻylaydi u. Hayotimda bir nechta katta xatolarga yoʻl qoʻydim. Oʻsha xatolarimu gunohlarim voqealarga aylanib, hayotimni oʻzgartirib yubordi. Baʼzan natijani koʻramanu sababini topolmayman, lekin bu natija oʻsha – oʻzim hosil qilgan sabab tufayli bunyod boʻlganini bilaman. Qaniydi ortga qaytsam, qaniydi oʻsha xatoniyu gunohni sodir qilgan manzilga yetib borsam! Qaniydi moʻjiza yuz bersayu aynan oʻsha yerdan – xato sodir boʻlgan hayotimni yana boshlasam… bugungi kunim boshqacha boʻlmasmidi… deb xayol qiladi bu kishi.”

Pushaymon va afsus yomon narsa. U hech nimani oʻzartirmaydi. Koʻzni yoshlantiradi, dilni achchiqqa toʻldiradi, xoʻrsiniqlar paydo qiladi. Ular odamning qalbida ilon singari yashaydilar. Kishi oʻz pushaymon va afsuslarini hech kimga aytmaydi, hatto yonginangizda umr kechirib yurgan kishining qalbidagi turfa pushaymonlaru afsuslardan bexabar… bir kuni, mana shunday bahor kechasida, qiygʻos gullagan oʻrik ostida… oʻpkasi toʻlib ketganini sezib qolasiz. Ulkan gavdali bu kishi yosh boladay hiqillab yigʻlaydi. Koshkiydi u xatolarni qilmasaydim… koshkiydi daqiqalarim qiymatini, yaqinlarim qadrini oʻshanda bilsaydim degan armon koʻz yoshlarini paydo qiladi”[7].

Mazkur lavhada oʻz taqdiridan nolib “Uzumzorlar egasiga aylanib qolgan moʻysafid iqrorlari keltiriladi. Uning qismati ogʻzidan chiqqan birgina soʻzi tufayli boshqa mohiyatga evrilib ketish hodisasi hikoya qilinadi. Yaʼni, bosh qahramonga tafakkur qilayotgan “bogʻbon” taqdirida mudom afsusdan boʻlak narsa yoʻq. U avval oʻziga toʻq toshkesar edi, soʻngra dehqonga aylandi, oqibatda uzumzor egasiga aylanishi taqdiri azal hukmi degan gʻoyani yuzaga keltirmoqda. Ozod tasavvuriga rahna solayotgan va uni hol tili bilan tushuntirishga ishora qilayotgan tasvir va talqinlarda – tole Lolasi tomon yaqinlashishga zamin yaratadi. Chunki taqdir Lolasidan bu moʻysafid benasib. Moʻysafidning “Pushaymon va afsus yomon narsa. U hech nimani oʻzartirmaydi” iqrorida Ozodning yanada borliqning inja sirlarini anglash lozim ekanligiga ishora mavjud. Roman voqealari bir-birini toʻldiruvchi mustaqil hikoyat va rivoyatlardan iborat ekanligini inobatga olsak, janr shakli oʻz-oʻzidan real mohiyat kasb etadi. Negaki, izchil bayon usuli adibga qulay vaziyatni tuhfa qilgan. Unda muhokama qilinayotgan voqelik zalvori oʻz-oʻzidan borliq konsepsiyasiga tutashadi. Asarda “fikr va his” tushunchasi muhim faktorlardan biri ekanligi, bular oʻz navbatida qahramon tabiatidagi evrilishlarni dalillash barobarida xarakter dramatizmini mustaqil boshqarib boradi.

Rus adabiyotshunosi A. Iezuitov qayd etishicha: “Xarakter – juda keng tushuncha (u oʻzida ruhiyatni ham mujassamlashtiradi) va shu bilan birga ruhiyatga nisbatan tashqi hodisadir. Xarakterdagi asosiy narsa – insonning amaliy faoliyati va bu faoliyatga turli-tuman ichki ragʻbatlar natijasining aniq koʻrinishdagi taʼsiridir. Ayni paytda, xarakter faqatgina ichki dunyo tasviri bilangina aniqlashmaydi, balki uni oʻrab olgan va harakatga undovchi tashqi muhit, sotsial-tarixiy sharoit bilan ham belgilanadi”[8]1. “Ozod” romanida timsollar rang-barangligi, ular orasidagi toʻldiruvchi vazifani bajaruvchi turfa predmetlar xarakterlar namoyishiga kuchli taʼsir oʻtkazadi. Yaʼni, poetik mushohada bosh qahramon atrofida uyushganini taqozo etadi. Bir tomondan, mavjudlik jumbogʻini anglashga talpingan qahramon mudom yovdan himoyalanish uchun tinimsiz ziddiyatga kirishadi. U yetti qavat yer tagida ham nimadir orom olayotganini qalb koʻzi bilan koʻra boradi. Bu adib uslubiga xos poetik shakl natijasida yuzaga kelgan desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

 

Rezyume

 

Ushbu maqolada Isajon Sultonning “Ozod” romanidagi postmodernistik talqinlar qiyosan tadqiq etilgan boʻlib, roman voqeligining oʻziga xos xususiyatlari, yozuvchining inson mohiyatiga boʻlgan yangicha nazariga eʼtibor qaratiladi.

 

V nastoyashʼey statye sopostavitelno issleduyutsya postmodernisticheskiye interpretatsii romana Isajona Sultona “Ozod”; avtor issledovaniya udelyaet vnimaniye na xarakterniʼe osobennosti deystvitelnosti, otrajennoy v romane, i na tochku zreniya pisatelya, po-novomu rassmatrivayushʼego sushʼnost jizni chelovechestva.

 

In this paper, we investigate contrastive postmodern interpretation of “Ozod” novel Isadjon Sulton and paid attention to the specific properties of reality, a view of the writer, in a new way the essence of human life.

 

Xursandbek TOʻLIBOYEV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–11

 


[1] Isajon Sulton. Ozod. –T.: “Sharq”, 2012. – 7 bet.

[2] Dilmurod Quronov va boshq. Adabiyotshunoslik terminlari izohli lugʻati. –T.: “Akademnashr”. 2010 y. – 125-bet.

[3] Isajon Sulton. Ozod. – T.: “ShARQ”. 2012 yil. – 12-bet.

[4] Rasulov Abdugʻafur. Akslar falsafasi. – T.: “ShARQ”, 2012. – 420-bet.

[5] Isajon Sulton Ozod. – T.: “Sharq”. 2012 yil. – 75-bet.

[6] Jon Golsuorsi. Adabiyot va hayot. Jahon adiblari adabiyot haqida. – T.: “Maʼnaviyat”, 2010. – 68-bet.

[7] Oʻsha asar, – 64-bet.

[8] Iezuitov A. Problema psixologizma v estetike i literature. V kn.: Problema psixologizma v sovetskoy literature. – L.: Nauka, 1970. Str. 56.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.