Oʻzbek romanining maʼnaviy-ruhiy asoslari

0
1526
marta koʻrilgan.

Qahramon taqdiri misolida xalq taqdiri ifodasi

 

Oybek “Qutlugʻ qon”da, adolatsizlik hukmron voqelikda, kelajak umidlarini, yaʼni zulmat ichra nurni koʻradi. Qutblantirilgan “qora kuch”larga zid holda “yorugʻ kuchlar”ni tasvirlay oladi. Natijada kitobxon qalbiga umidbaxsh tuygʻular ulashadi. Bu Oybek ijodiy uslubiga xos ijobiy qahramonlarni yorugʻ ranglarda tasvirlash realistik tamoyiliga ham, milliy adabiyot anʼanalariga ham toʻla muvofiq keladi. Xatto xalq ijtimoiy ongining uygʻonishi gʻoyaviylikka kuchli tamoyil bilan yondashilganiga qaramasdan, bugungi kunda ham oʻz dolzarbligini toʻla saqlaydi, davrimizga hamohangligi bilan ulkan ahamiyat kasb etadi.

Biroq adib romanda asosiy eʼtiborini ijtimoiy-tarixiy voqelik va xarakterlar munosabati masalasiga qaratishga majbur boʻladi. Tasvirda asosiy urgʻuni ijtimoiy konfliktni ochishga yoʻnaltirib, qahramon taqdiri misolida xalq taqdirini koʻrsatishga intiladi. Xarakterlar dinamikasini yangi tarixiy oʻzgarishlarni tasdiqlashga xizmat qildiradi. Aytish mumkinki, adib eski jamiyat aqidalarining inkori va yangisining tasdigʻi stereotipiga amal qiladi. Uning aksariyat qahramonlari hayot voqealarining butun dramatizmi va fojialari soʻqmogʻidan oʻtgach, ongi uygʻonib, ijtimoiy kurashchilarga aylanishadi. Yaʼni konkret hayotiy vaziyat qahramon taqdirini belgilab beradi.

Shunga qaramasdan, bugungi oʻzbek romanlarining qahramonlari oybekona “koʻpchilik” deb ataluvchi toʻdadan keskin farqlanadi. Ular oʻz istagi boʻyicha oʻylab, koʻngil intilishlari bilan harakat qilishadi. Zotan, Oybek tasvirida milliy ongning uygʻonishi sinfiylik bilan chambarchas bogʻlanib ketadi. Xalq istiqboli “baxtli hayot” uchun kurashda, jabr-zulmga qarshi oshkora isyonda: “hamma boʻrilarni, hamma qonxoʻrlarni, zolimlarni yanchib tashlash”da koʻriladi. Individual qahramon taqdiri xalq taqdirining uzvi ekanligi bilan qadrlanadi.

Bugungi romanchilikda aksincha hol boʻy koʻrsatadi. Yaʼni ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy-ruhiy muvozanatning buzilishi inson ongini uygʻotishga emas, balki tafakkurni tushovlab, odamlarni maydalashtirishga olib kelishi jarayoni idrok etiladi. U. Hamdamning “Muvozanat”, X. Doʻstmuhammadning “Bozor”, L. Boʻrixonning “Jaziramadagi odamlar”, O. Muxtorning “Tepalikdagi xaroba”, A. Nurmurodovning “Qon hidi” singari romanlarida inson shaxsi tamomila individual qiyofalari bilan jonli odam sifatida ifodalanadi. Ular ijtimoiy intilishlarga tamomila boshqacha yondashadilar. Bu qahramonlar orqali koʻpchilikning “olomon”ligi fojiasi yorqin ifoda etiladi. Koʻpchilik alohida insonni tushunishga urinishi lozim. Odamzod fido boʻluvchi qurbon emas. Vatan oʻgʻlonlari gʻoya yoʻlida oʻlishi emas, balki bu dunyoda yayrab-yashashlari lozimligi yangicha rakurslarda inkishof etiladi. Shubhasiz, bu bugungi ijtimoiy-estetik tafakkurning tutumi, milliy ong tadrijining toʻxtami. Demak, uni Oybekdan talab qilish toʻgʻri emas.

Yozuvchining” Navoiy” romanida hayot sinovlarini matonat bilan yengib, oʻzligini anglagan qahramonlar holati jonli tasvirlanadi. Ular orasida Navoiy oʻz erkinligi bilan ajralib turadi. Navoiy siymosi orqali aqidalarida sobit, istiqbolga komil ishonch bilan boquvchi qudratli ruh egasining ezgulik yoʻlidagi harakatlari kitobxon qalbiga dalda beribgina qolmay, yaratuvchanlik va ijodkorlik ruhini ham toʻldiradi.

Mamlakat hayotida toʻxtovsiz siyosiy zilzilalar davom etayotgan 30-yillarning oxiri va 40–yillarning boshlarida imonli va vijdonli adib sifatida Oybek el-yurt taqdiriga befarq qaray olmas edi. U insoniyat ulugʻ falokatlar qarshisida takror qolmasligi uchun, bani odam farzandlari bir-birlariga oʻzaro muhabbat rishtalari bilan bogʻlanmogʻi, yurtda adolat barqaror boʻlishini tiladi. Oybek fikri davr va saltanatlar osha kezib, temuriyzodalar taqdiri misolida tubsiz oʻpqon yoqasiga kelib qolgan imperiyani muqarrar halokatdan ogoh etibgina qolmay, istiqbolda boshlanajak mashʼum boʻrondan ham darak berdi.

Omon Muxtor “Navoiy va rassom Abulhayr” (2006) roman dilogiyasida Oybek anʼanalarini ijodiy oʻzlashtirgan boʻlishiga qaramasdan, badiiy zamindan hayotiy mantiq izlab Navoiy yaratgan rubobiy sheʼriyat bagʻridan koʻngil timsolini topadi. Bu ShAXSning shikasta ruhi, murakkab kayfiyatiyu fuzun dardlarini mutasavvuf-valiylar eʼtiqodi bilan chambarchas bogʻlab idrok etadi. Misralar talqinidan komil va salim maʼnolar topadi. Shuning uchun ham Navoiy kitobxonning koʻz oʻngida goʻzal xayolotiyu istak-mayillari, shirin xotiroti va mujrimona tazarrulari bilan namoyon boʻladi. Bu esa O. Muxtor Navoiyni madaniy-maʼrifiy va ijtimoiy-siyosiy faoliyat markazidagi “tadbirkor” inson sifatida anglamaganligi, nasrimizda ulugʻ gumanist shaxsini tadqiq hamda tahlil etishda muayyan siljishlar yuzaga kelganligini koʻrsatadi.

Darhaqiqat, dilogiyada ulugʻ mutafakkir ijodidan mantiqli umumlashmalar, favqulodda goʻzal maʼnolar topilgan. Xoja Abdulla Ansoriy mozori jorubkashi sharafiga musharraf boʻlish aslida ana shu muborak ostonani supurish – ozoda saqlash bahonasida ajdodlar ruhidan bahramand boʻlmoqdir. Romanda Navoiy maʼnaviy pirlarga eʼtiqodi baland, xayr-saxovatli binokor, himmati baland mehribon inson sifatida fuqaroga shafqat nazari bilan qarab, uning qalbiga yoʻl topuvchi kishidir.

Yozuvchi qalb va qiyofa birligini taʼminlash yoʻlidan borib, oʻtgan umrini sarhisob qiladigan xokisor eʼtiqod kishisi, oʻz maqsadlarini aniq belgilab olgan fidoyi insonning shiddatli ruhi, adolat va haqiqat tantanasi uchun kurashdagi mehr-shafqatini ulugʻ darajasiga munosib tarzda tasavvur qiladi hamda tasvirlay oladi. Romanda oʻychil inson tafakkuri va hissiyoti toʻla namoyon boʻlgan. Asar Navoiyni toʻlaroq anglash, uni fikr tarzi, axloqiy qanoati, eʼtiqod yoʻsini jihatidan his va idrok etish imkonini beradi.

Bu hol mutlaqo tasodif mevasi emas. Illo, zamonaviy oʻzbek adabiyoti, xususan, nasri inson maʼnaviyati qirralarini tekshirish, ruhiyatidagi koʻz ilgʻamas sezimlarni tadqiq etish sari intilmoqdaki, Navoiyni anglashimiz ham shunga hamohang tarzda kechmoqda. Umuman, mazkur roman-dilogiya yozuvchining yuqori va ancha mukammallashgan uslubiy yutugʻi boʻlibgina qolmay, navoiyshunoslik, navoiyxonlik olamida oʻziga xos badiiy tajriba, shuningdek, oʻzbek adabiyoti taraqqiyotida koʻzga tashlanadigan muhim yangilik hamdir.

Albatta, oʻzbek romanchiligi qahramon taqdiri misolida xalq taqdirini ifodalashdek oybekona anʼanadan butkul voz kechmadi. Bu hol O. Yoqubov va P. Qodirov yaratgan qahramonona xarakterlar talqinida davr ideallarining tasdiqlanish tarzida davom etdi.

Odil Yoqubovning “Diyonat” (1973) romanida ulkan imkoniyatlarning odam feʼliga taʼsiri alohida shaxsning parvozi hamda inqirozi, yaʼni kuchli va ojiz tomonlari fonida koʻrsatiladi. Insofli va diyonatli odam boʻlish nechogʻli qiyin ekanligi, taqdirga tadbir topish mushkulligi, halollik va haqiqat qarshisida kiborlik, yolgʻon, qalloblik mahv boʻlishi ifodalanadi. “Oqqushlar, oppoq qushlar” (1988) romanida yozuvchi, butun umri mehnat bilan oʻtsa-da, eʼzoz topmagan Shorahim shovvozni shaxsiy hayotini taftish etish jarayonida tasvirlaydi. Behalovat kunlar, yigitlik sarguzashtlari, bokira sevgi tarixi, jang maydonidagi jasoratlar haqidagi xotiralar, umr yoʻldoshi Oysuluv oldidagi qarzlar, ayriliq azoblari uning koʻnglida xazin nidolar, alamli faryodlar tugʻdiradi. Murakkab va gʻaroyib tabiatli bu insonni adib zavq-shavqlarga toʻla nurli kunlari, alam-iztiroblari, tabiatidagi turfa ziddiyatlar, kuchli va zaif jihatlari bilan turli rakurslardan kuzatadi. Muhimi, Shorahim Shovvozning mardona ruhi va qahri oldida Muhaffar va Fotihdek kimsalar dovdirab qoladilar.

Bu ikkala romandagi Normurod domla, Shorahim shovvoz kabi qahramonlar eʼtiqodidan qaytmagan halol, haqgoʻy, adolatparvar, diyonatli ekanligi bois davriga sigʻmagan kishilar boʻlishsa-da, ular oʻsha romanlar yaratilgan davr ideallarining tasdigʻiga xizmat qiladilar.

“Adolat manzili”(1994) romanida adib eʼtiqod yoʻlida jonini ham, qonini ham ayamagan shiddatkor va oʻktam qariyaning jamiyatning inson taqdiriga munosabatidan chiqargan xulosasi orqali hukumat intilishlarini keskin inkor qiladi. Mustamlakachilik kayfiyatidagi siyosiy-huquqiy kuchlarning tuban usul va nayranglarini fosh qilish orqali ularning asl qiyofalari ochib tashlaydi. Yarim asrlik umrini Hukumat ishiga bagʻishlagan Veteran noinsof, diyonatsiz, battol, haromxoʻrlar, muttaham amaldorlarga roʻbaroʻ boʻlar ekan, oʻzini bolalarcha ojiz sezib, oʻkinch-armon bilan: “Yoʻq, shoʻro hukumati yoʻq endi!… Essiz bu hukumatga bagʻishlagan yarim asr umrim!”, – deya xitob qiladi. Shu nuqtada Veteranning insof, iymon, diyonat, inson taqdiri haqidagi qarashlari Normurod domla, Shorahim shovvoz kabi qahramonlardan keskin farqlanadi.

Koʻrinadiki, anʼanaviy realizm doirasi obʼyektiv sharoit bergan imkonlar hamda muayyan yozuvchi hayotiy tajribasi, tafakkur tarzi, tasvir mahoratining ortishi hisobiga fikriy salmogʻi, qamrov diapazoni va ifoda tarziga koʻra ijobiy tomonga oʻzgarib, takomillashib borgan.

Ammo yuqorida tanishganimizday, O. Yoqubov zamonaviy mavzudagi romanlari konflikti va pafosini davr ruhiga moslashtirishga, ijtimoiy adolatning qaror topishini zamon maydonga chiqargan mardona kishilarning hatti-harakati va intilishlari bilan izohlashga harakat qiladi. Bunday hususiyatlari bilan Said Ahmadning “Jimjitlik”, Erkin Samandarning “Daryosini yoʻqotgan qirgʻoq”, Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalallar” tipidagi asarlari “Diyonat”, “Oqqushlar, oppoq qushlar”, “Adolat manzili” romanlariga bir qadar yaqin turadi.

Bizningcha, adabiy qahramonlarni ijtimoiy hayot shiddatiga bogʻlab qoʻyish pirovardida adabiyotni jamiyatning ijtimoiy-ahloqiy muammolarini hal qilish vositasi deb bilish ekanligi sababli bunday asarlarda hamisha ham inson ruhiyati dramatizmi yetarlicha inkishof etilmaydi. O. Yoqubov “jabr diyda” insonlardan qahramonona xarakter yaratishga uringani, ular kurashchanlikdan mahrum boʻlib qolishidan xadiksiragani tufayli zamonaviy mavzudagi romanlari tarixiy romanlari darajasiga yuksala olmaydi.

Pirimqul Qodirov oʻz romanlarida buyuk tarixiy siymolardan tortib, talabalar, choʻponlar, olovkorlar, ziyolilar, choʻlquvarlar taqdirigacha ifoda etar ekan, avvalambor inson isteʼdodi, iroda yoʻnalishi va taqdirini uning kasb-kori bilan chambarchas bogʻliq deb biladi. Nazarimizda, bu hol adibning diqqat markazida tarixni yaratayotgan inson mehnati, yaʼni davr ruhi masalasi turganligi, inson shaʼni, qadri, erki, masʼuliyatiga eʼtibor yetakchi konsepsiya darajasiga koʻtarilganligi bilan izohlanadi. Shuning uchun ham yozuvchi romanlarida ijtimoiy hodisalarning inson taqdiriga taʼsiri, kasb psixologiyasi masalalari qalamga olingan.

Adib ijodxonasini hayoti va isteʼdodiga xos belgi-sifatlar garmonik birligida imkon qadar kuzatish, ijodiy tajribalarini muayyan darajada umumlashtirishga urinish shuni koʻrsatadiki, maishiy hayotni butun tafsilotlari bilan izchil va batafsil koʻrsatish adib uslubiga xos yetakchi xususiyatdir. Nazarimizda, jamiyat maʼnaviy hayotida xalq ruhiyati va tarix saboqlariga qiziqishning kuchayishi, qolaversa, yozuvchi ijodining ichki tadrijida kuzatiluvchi kuchli va yorqin xarakterlarni tasvirlashga boʻlgan intilish pirovardida uning Bobur va boburiylar mavzusiga qoʻl urishiga olib kelgan.

Tarixiy romanlardan yozuvchining koʻzlagan maqsadi turli davlatlaru sulolalarning paydo boʻlishi, rivoji, inqirozi va qayta qad rostlashi jarayonlarini mufassal berishdan iborat. Ammo bu vazifa albatta badiiy asar doirasidagina hal qilinishi shart emas. Uni zoʻr tarixchi olim ham bemalol uddalashi mumkin. Bizningcha, P. Qodirov tarixiy romanlarida hujjatlarga tayanish salmoqli oʻrin tutishi yozuvchining tasvir obʼyektini teran bilishi hamda izchil va batafsil ifodalash uslubi bilan bogʻliqdir.

Taʼkidlash lozimki, istiqlol yillaridagi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy-maʼnaviy oʻzgarishlar taʼsirida evrila boshlagan ijtimoiy tafakkur dunyoni estetik idrok etish tarzida muayyan burilishlarni yuzaga keltirdi. Natijada adabiyotimizning ilgarigi bosqichlarida kuzatilmagan, ijtimoiy muhit va insonni yangicha rakurslarda anglash, tafakkur hamda kechinmaga asoslanish ijodiy bosqichiga oʻtila boshlandi. Ratsionallik va hissiy-emotsionallik yagona aktga birlashdi. Hatto, aytish mumkinki, irratsionallikning bir qadar bosimroq boʻlishi, ijtimoiy fikr salmogʻining inson botiniga koʻchishi koʻzga tashlandi. Ijod ahlining dunyoni estetik idrok etishida yuz bergan bunday oʻzgarishlar ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy psixologik omillar taʼsirida, aniqroq aytganda, jamiyat ijtimoiy-psixologik kayfiyatining surʼat va miqyoslariga hamohang tarzda yuzaga keldi, badiiy matn mehvariga koʻchdi. Ilgari bolshevistik gʻoya bosimi ostida qalam tebratgan O. Yoqubovning “Adolat manzili”, P. Qodirovning “Ona lochin vidosi” singari asarlari uslubida kuzatilgan tozarish jarayonlari aslida jamiyatda yuzaga kelgan yangi ruhiy-psixologik kayfiyat ifodasi tufayli paydo boʻldi. Zotan oʻzgargan kayfiyat-holatlar oʻziga mutanosib shakl va uslubni ham taqozo etadi. Shu maʼnoda oʻzbek adabiyotida kechayotgan jarayonlar sobiq ittifoq respublikalari adabiyotlari, keng maʼnoda esa, yagona psixologik maydonga aylangan dunyo voqeligiga hamohang boʻlishi tabiiydir. Binobarin, oʻz-oʻzi, millatining tarixiy taqdiri, buguni va ertasi, qadriyatlarini qayta baholashga ehtiyoj va zarurat sezgan ijodkorlarimizning olamni estetik qabul qilishi ularning ifoda tarzida inʼikos etishi gʻoyatda tabiiydir.

 

Shaxs dramasi va tarixiy-badiiy haqiqat

 

Muhammad Alining “Ulugʻ saltanat” tetrologiyasi dastlabki uch kitobida tariximizning eng ulugʻ siymosi – sohibqiron Amir Temur hamda bir qator temuriyzodalar taqdiri serqirra idrok etilgan va ifoda qilingan. Asarda Amir Temur murakkab insoniy xarakterga ega betakror fenomen sifatida talqin etilgan. Sohibqiron solih farzand, jonkuyar ini, oqibatli ogʻa, mehribon ota, sevimli erkak singari qirralari bilan namoyon boʻlgan. Yozuvchi kitobxonni Amir Temurning ichki olamiga olib kiradi va ularga sohibqironning hamma kabi his-tuygʻuga ega, ushalmagan armonlari, oilaviy muammolari bor inson ekanligini koʻrsata olgan. Adib asarlarida sohibqironning biz koʻnikkan ideal, hech qachon adashmaydigan, sovuqqon qiyofasi oʻrnini baʼzan qudratli, baʼzi vaziyatlarda esa, ilojsiz qoladigan oddiy bir inson egalladi. Ilgari oʻquvchini sohibqironning harbiy salohiyati faxrlantirgan boʻlsa, endi u tirik inson tarzida gavdalana boshladi. Uning nafaqat ijtimoiy-siyosiy, balki oilaviy-maishiy tuzuklari ham diqqat va tahsinga sazovor ekanligi ayon boʻladi. Shu bois, romanda aks etgan tarixiy haqiqatlar muallifning badiiy topilmalari bilan uygʻunlashib, goʻzal badiiy effekt hosil qilgan.

“Ulugʻ saltanat” romanida tarixiy voqealar koʻlami emas, balki muallifning muayyan hodisa va qahramonlar haqidagi fikri koʻlami hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bunday konsepsiya esa asarga epik koʻlam baxsh etgan. Adib shaxs dramasi orqali yurtda parokandalikka barham berilib, kuchli saltanat bunyod etilgan tarixiy zamonni koʻrsatgan.

Erkin Samandarovning “Tangri qudugʻi” romanida tarixiy shaxslar fojiasi badiiy toʻqimaga nisbatan kengroq oʻrin tutadi. Ammo adib qahramonlar ruhiyatini ochishda madadkor ruhlar bilan tush orqali muloqotga kirishish motivi, shuningdek, kompozitsion parallelizm usulidan ham foydalanadi. Shu orqali real voqealar mazmunini qiyosiy tarzda ifoda etish, obrazlar xarakterini boʻrttirish, umumlashtirish, ijtimoiy-maishiy muammolarni izohlashga erishadi. Bu hol poetik tafakkur rivojlanishining mahsuli boʻlgan turli badiiy tasvir usuli va vositalari xalq tafakkuri bilan birga oʻsib, takomillashib, boyib borishini koʻrsatadi.

Asad Dilmurod “Pahlavon Muhammad” romanida Navoiydek ulugʻ shaxs faoliyati va ijodining yoʻnalishida, taraqqiyoti va takomilida muhim rol oʻynagan Pahlavon Muhammad Abusaid hayotini xalq va vatan manfaatlari uchun fidoyilik namunasi, poetik ijodini esa ezgulik gʻoyalarining ifodasi sifatida maʼnaviy-maʼrifiy va irfoniy mazmunda yoritadi. Inson va hayot falsafasi haqida teran fikrlari va qarashlarini ilgari suradi.

Asarda realistik uslub yetakchilik qilsa-da, romantik-fantastik boʻyoqlar epik bayon taʼsirchanligini yanada orttirishga yordam beradi. Romanda Pahlavon Muhammad va uning shogirdlari insof va diyonatni dastur, sabru bardoshni qurol deb bilishadi, ruhiy erkinlikni ardoqlashadi. Ular bilak kuchini shuur va sezimlar bilan uygʻunlashtira oladilar. Pahlavon koʻngil odami ekanligini kengroq ochishda uning taʼb va hol kishisi ekanligiga, tabiatida andak rindona kayfiyat-holatlar mavjudligiga eʼtibor qaratilgani ham muhim rol oʻynagan.

 

Qahramon maʼnaviyatidagi evrilishlar dinamikasi

 

Soʻnggi yillargacha oʻzbek nasri bir jihatdan davr taqozosi, ikkinchi tomondan ayrim ijodkorlarda yetarlicha jurʼat taqchilligi bois anchagina yakrang boʻlib kelgan edi. Keyingi yillarda nasrimiz mavzu jihatidan-da, mazmun nuqtai nazaridan-da, janr jihatidan-da anchagina rang-baranglik kasb etib bormoqda. Ijtimoiy hayotda boʻlayotgan keskin oʻzgarishlar ijodkorlarni izlanuvchanlikka, kurashchanlik, fidoiylikka undadi. Adabiyotning barcha koʻrinishlarida loqaydlik, jurʼatsizlik, shaxsning parchalanishiga qarshi keskin va jiddiy kurash boshlandi. Oʻziga xos va mos boʻlgan yoʻllar kashf etishga urinayotgan, bunga bir daraja erishayotgan yozuvchilarimiz safi ancha kengayib borayotgani quvonchli holdir. Chunki soʻz sanʼatida mahoratni toʻla namoyon etishgina badiiyat olamini yanada kengaytiradi, adabiyotimizni jahoniy katta nasr sari yetaklaydi. Badiiy uslubini yangilab borayotganlar safida Togʻay Murod ham bor edi.

Yozuvchining “Otamdan qolgan dalalar” ramziy romanini hamma ham birday tushuna olmaydi. Chunki anʼanaviy nasrga nigohi oʻrgangan oddiy kitobxon uchun mazkur tipdagi asarlarni oʻqish maxsus tayyorgarlikni talab etadi. Birinchidan, roman jahon adabiyotining peshqadam vakillari yaratayotgan aynan shu tipdagi asarlarga anchagina yaqin turadi. Ikkinchidan, mazkur roman oʻziga xos milliy, oʻzbekona ruh bilan sugʻorilgan. Uchinchidan, roman voqealari sokingina hikoya kilinmaydi. Aksincha, hayot voqea-hodisalari, holat va harakatlar tasvirida anchagina keskin oʻtishlarni, syujet va ohang shiddatini kuzatish mumkin. Bunday faktorlar yozuvchining nasrdagi izlanishlari bilan chambarchas bogʻliq holda yuzaga chiqmoqda. Shakl mazmunni ifodalash vositasi boʻlgani bois mazmun oʻzgarishi yangicha shaklni ham talab qiladi. Shakl va mazmun mutanosibligi hamda muvofiqligining saqlanishi xarakterlar ruhiy olamini yanada teranroq aks ettirish, poetik gʻoyani roman magʻziga singdirish imkonini bergan.

Toʻrtinchidan, etnik xususiyatlarni nosir toʻla aks ettira oladi. Soddadil, tanti surxondaryoliklarning tabiatida, feʼl – atvorida mavjud boʻlgan oʻziga xos keskirlikni ifodalay biladi. Beshinchidan, romandagi tabiat obrazlari inson ruhiyatini ochishga boʻysundirilgan. Oltinchidan, romanning badiiy tili sheva-lahjalariga nihoyatda boy boʻlib, syujet chiziqlari, monolog va uning turfa koʻrinishlari, xususan, ichki monolog va dialoglarning magʻizdorligi taʼminlangan. Yettinchidan, oʻziga xos tasvir uslubiga mos tarzda romanga muvofiq shakl tanlangan. Obrazlar talqinida haqqoniylik taʼminlangan. Sakkizinchidan, roman jozibali badiiy ifodalarga nihoyatda boy. Asarning tili xalqchil va ravshandir. Romanda fikr mavhumligi uchramaydi. Toʻqqizinchidan, tasvirda qisqalik va aniqlik taʼminlangan, detallar oʻrinli qoʻllangan. Oʻninchidan, nafaqat jamiyatning oʻzida, balki odamlar tabiatida, atrof-muhitda sodir boʻlayotgan nuqsonlarning tub ildizlari va mohiyati haqqoniy koʻrsatilgan.

Yozuvchi “Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi” romanida adolat talablari hamda oxirat soʻrogʻini oʻylaydigan, tarixda oʻz oʻrninni belgilashga urinayotgan, mehnatkash va vijdonli, tabiatan kamtar, halol, pokiza insonni tasvirlaydi. Roman oʻz tuzumiga sadoqat bilan xizmat qilib, qoʻqqisdan kirib kelgan “qayta qurish” davrining qaynoq va ehtirosli yondoshuvi tufayli hali tirikligidayoq unutilgan va beqadr boʻlgan yurt farzandlari, ularga noxolis munosabatda boʻlgan avlodlar fojiasi, demakki, inson qadri haqida bitilgan. Shu boisdan ham roman yetakchi qahramoni Botir firqa umr shomida achchiq hayot yoʻlini qayta idrok etibgina qolmay, balki… jamiyat va odamlar tabiatini ham xolis baholaydi. Shuhratparast, mansabparast, munofiq kimsalarning intilishlaridan qattiq ruhiy iztirob chekadi. Chunki roman oʻtgan asrning soʻnggi yillari sabogʻi, xalq yakdilligini taʼminlash, Vatan ravnaqi yoʻlida sidqidildan mehnat qilish zarurligi, yurt istiqboli haqida bitilgan asardir. Unda muborak ona yurt, mustaqillik uchun kurash tarixi, musibatlardan omon chiqqan millat shaʼni teran hamdardlik bilan ifoda etilgan. Nohaqlik va malomatlarga sabr-qanoat bilan dosh bergan, mehr-oqibatli, ertadan umidvor, maʼnaviy qudrati tengsiz va yengilmas xalq tafakkuridagi jipslik gʻoyasi oʻz ifodasini topgan.

Shukur Xolmirzayev “Olaboʻji”, “Dinozavr” romanlariga xos koʻlamdorlik roman qahramonlarining hayotiy hodisaga munosabati, fikriy-hissiy olami qamrovida oʻz ifodasini topadi.

Badiiy ifoda jarayonida ona tabiat goʻzalligi va mahobatidan tuyilgan hayratlarning koʻngil dagʻalligiga qiyoslanishi yozuvchi ijodiy kredosini anglashda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki Sh. Xolmirzayev insonni borliqning bir boʻlagi deb biladi. Bir-biridan ajralib qolgan bu ikki olamni uygʻunlashtirishga intilish, pirovardida odam bolasida tuygʻular nazokati, hamnafaslik hissini yuksaltirish istagi, ifoda samimiyatidan kelib chiqadi. Togʻlarga xos yuksaklik, ulugʻvorlik, tabiatga xos bepardozlik, bagʻrikenglik, tantilik singari xislatlarni adib yaratgan aksariyat qahramonlarda kuzatish mumkin. Shubhasiz, bu hol inson va tabiat egizakligi haqidagi yozuvchi qarashlarining mahsulidir.

Adib romanlari personajlarining orzu-armonlari, dard-tashvishlari, oʻy-mushohadalari inson maʼnaviyatiga xos fazilat hamda nuqsonlar, ijtimoiy-maishiy muammolarga daxldordir. Shuning uchun ham kitobxon ularni tahlil etadi, oʻz xulosalarini chiqarishga urinadi. Adib zamon va zamondosh, ijtimoiy adolat tamoyillarini alohida odamning vijdon va iymon prizmasi orqali kuzatadi. Uning maʼnaviy bisotini milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan vobastalikda tasvirlaydi. Yozuvchi millat qismatiga daxldor, ayni paytda ilojsizlik tuygʻusi bilan bogʻliq iztirob-kechinmalarning turli darajalarini ochish, ijtimoiy oʻzgarishlarning inson qalbiga taʼsirini badiiy gavdalantirishga intiladi.

Odatda qishloq odamlarining tabiatida asriy anʼana va udumlarga bogʻliqlik bir qadar turgʻun xarakterda boʻladi. Ammo ijtimoiy hayotda sodir boʻlgan ulkan oʻzgarishlar, 80-90-yillarning iqtisodiy qiyinchiliklari taraqqiyotning oldingi bosqichlarida millat tabiatida koʻzga tashlanmagan ruhiy holatlarni ham yuzaga chiqardi. Bunday oila va roʻzgʻor tashvishiga oʻralib, real vaziyatdan chiqish yoʻllarini topa olmay qolish hollari ayrim insoniy munosabatlarning darz ketishiga ham olib keldi. Ammo millat tiynatidagi insoniy mehr-sahovatni soʻndira olmadi. Yozuvchi mazkur jarayonlarda ham insof, vijdon, imon aqidalari talablaridan kelib chiqib obrazlarni tahlil etish yoʻlidan boradi. Mehr-muruvvat, qadr-qimmat, sabr-bardosh, insoniy hamdardlik, betaʼma saxovat, samimiyat mavjudligi millatning oʻzgarishlardan omon chiqishini kafolatlaydi, degan ishonch va umidvorlikni asarlariga singdira oladi.

Yuqorida biz kuzatishga intilgan jihatlar romanchiligimizga: Qurbon, Oyparcha (“Qil koʻprik”), Bekdavlat (“Yoʻlovchi”), Ulton (“Olaboʻji”), Mahkam (“Dinozavr”) singari qator jonli obrazlarning kirib kelishiga, kitobxonning sevimli qahramonlari qatoridan joy olishiga olib keldi.

Bahovuddin Naqshband va Ahmad Yassaviy falsafiy qarashlarini hayot maʼrifatini orttirish vositasi deb bilgan yozuvchi zamonaviy roman (“Dinazavr”) doirasida insoniy komillik hududlarini orifona qarashlar hisobiga kengaytirishga harakat qiladi. Yaratilish va yaralish, yashash va munosabatlar uygʻunligini insoniy axloqqa bogʻlab tushungan Sh. Xolmirzayev mazkur davomiylikni qadim turkiy va islomiy madaniyat asosida yuksak axloqiy sifatlarni tarbiyalash – komil amaliyot orqaligina saqlab qolish mumkin deb biladi. Shuning uchun ham romanda amalning aqlga muvofiqligi konsepsiyasini ilgari suradi. Ijtimoiy-psixologik vaziyat markaziga ijodkor insonni qoʻyib, muammolar mohiyatini ham ijtimoiy, ham ruhiy-psixologik planda yoritishga intiladi. Romanda ajdodlarimzning tafakkur dunyosi boyliklari oʻziga xos tarzda mujassamlashgan boʻlib, qahramonlarning turlicha qarashlari orqali uygʻoq va harakatdagi olijanob fikr hamda kechinmalar ifodalangan.

Binobarin, “Dinozavr” romani Sharq adabiyoti va falsafasi, islomiy ruh iqlimlariga xos fayz bilan toʻyingan. Asarda millatimizning muayyan davrdagi ijtimoiy-siyosiy hamda ruhiy holati tahlil va tadqiq qilingan. Adib zamondoshlarimizni Naqshbandiy va Yassaviy koʻtarilgan ruhiy maqomlarga yetkazishni orzulagan. Oʻtmishdoshlarimizni bilish va anglashni oʻzimizni bilish va anglamoq bilan barobar sanagan. Ularni bizga yanada yaqinlashtirishga, kitobxon qalbida olis bobolarimizga muhabbat tuygʻusini tarbiyalashga intilgan. Yaratish va bunyodkorlik teran tomir rishtalari bilan mustahkam zaminga asoslanishi lozimligini his qilgan va anglagan. Adibning romanni yozish jarayonida milliy-madaniy zaminga xos oʻlmas obidalarga faol murojaat qilishining oʻziyoq fikrimizni dalillashga asos boʻla oladi.

Romanda ijtimoiy zulmni tugʻdirgan davrga, qahramonlarga adib munosabati oshkora ifodalanadi. Hodisalarga analitik munosabat bildiriladi. Umuman bu holni qoralamagan holda, gʻoya ustivorligi oqibatida yozuvchi romanda badiiylikni taʼminlashga yetarlicha erisha olmganligini ham alohida taʼkidlash lozim. Aslida Sh. Xolmirzayev romanlarida publitsistik maqola va ocherklarga xos xususiyatlar yetakchiligi, tasvirning birmuncha quruqroq chiqqanligi kuzatiladi. Chunki adib shaxsni xilma – xil tomondan koʻrsatish, uni butun murakkabliklari, kuchli va zaif tomonlari bilan berishga erisha olmaydi. Yozuvchi qalamga olgan makonni Murod Muhammad Doʻstning “Lolazor” romanidagi singari alohida insonning badiiy olami deyish qiyin. Chunki u hodisalarni koʻproq ijtimoiy jarayonlar bilan bogʻliqlikda tasvirlashga, sunʼiy muammolar quyib, uning yechimini topishga urinadi.

Roman janri tasvir koʻlamining kengligi, xalq hayotining muayyan davrini har tomonlama tahlil eta olish imkoniyatiga egaligi, murakkab xarakterlar, insoniy taqdirlarni ifoda etishga qodirligi jihatidan har qanday davr va millat adabiyotining qiyofasini belgilaydi. Bugungi oʻzbek romanchiligidagi shakliy-uslubiy va ifodaviy izlanishlarga nazar solinsa, janr taraqqiyotida teran ichki siljishlar sodir boʻlayotganligi koʻrinadi. Bu hol hayotiy hodisalar haqidagi fikr salmogʻining ortishiga, insoniy tuygʻular ifodasiga eʼtiborning kuchayishiga olib keldi.

Jumladan, U. Hamdamning “Muvozanat” romanida millat kishisining bugungi oʻylari, intilishu izlanishlari, ruhiy-maʼnaviy iztiroblari jonli obrazlar orqali tiniq tasvirlangan. Ruhiy sokinlikka intilib, dildagi ishqni roʻyobga chiqarish yoʻllariyu usullarini topolmay, tasavvuf sahrosida esankirab qolib, oʻz maqsadiga yetolmagan Amir fojiasi; oʻzini tolesiz sezib, xayolidagi hayotni reallikka koʻchirishni tilagan, xiyonat iztiroblarida oʻrtangan Zahro; ijtimoiy-maʼnaviy jihatdan yakkalanib, ruhiy qiynoqlar ichra oʻrtanayotgan Said; barcha havaslari roʻyobga chiqsa-da, yuragi huvillab qolgan Mirazim tanholigi; bashariyatning yorugʻ kelajagini ilm-maʼrifatdagina koʻradigan, moddiy, maʼnaviy-ruhiy qutblarni uygʻunlashtirish zarurligini tushunib yetgan Yusuf va boshqa oʻnlab qahramonlar kitobxonlar dilidan joy oldi. Buning sababi inson tafakkuri va ruhiyatidagi zilzilalar ichra muvozanatga ehtiyoj sezish iztirobini teran tuygan qahramonlarning aniq holatu vaziyatlardagi kechinmalari shaxsning qayta shakllanishi konsepsiyasiga muvofiq tarzda ifodasini topganligidadir.

Roman faqat moddiy olamda yashashning maʼnosi haqidagina emas, balki ruhiyatda kechayotgan jarayonlarni real hayotga koʻchirmoq, moddiy maʼmurlik asosida insonparvarlikni taʼminlab muvozanatga erishmoq toʻgʻrisida bitilgan. Romanning syujet chiziqlari muallif konsepsiyasiga uzviy payvandlanadi. Obrazlarning hayot yoʻli va taqdiri muallif falsafasining u yoki bu qirrasini oʻzaro psixologik bogʻliqligi jihatidan fikran tutashtiradi. Asarda ziddiyatli oʻy-fikrlar taraddudi va irodaning toʻxtami haqida soʻz boradi. Anglashiladiki, milliy adabiyotimizning qahramoni fikrlovchi oʻychil kishiga aylanmoqda. Chunki bugungi adabiyot, oʻziga xos badiiy-estetik hodisa oʻlaroq, tubdan oʻzgargan milliy ongning, yangilanayotgan estetik tafakkurning mahsuli. Binobarin, oʻzlikni va olamni anglash, izohlash hamda tasvirlashda rang-barang yoʻllardan borish, taraqqiyot yoʻsinlarini muayyan shaxslarning ruhiyati manzaralari orqali ifodalash imkoniyatlari kengaygan. Shu maʼnoda muayyan roman tafakkuri mantigʻidan u yozilgan davr tafakkurining darajasini keltirib chiqarish mumkin.

 

Shaxsning parchalanish jarayoni tadqiqi

 

Asad Dilmurod “Fano dashtidagi qush” romanida jahon romanchiligi tajribalarini oʻzlashtirishga, ularni Sharq adabiyoti, xususan, Navoiyning “Lison ut-tayr” asari, Jaloliddin Rumiyning “Ichindagi ichindadur” risolalari bilan uygʻunlashtirishga, fikr ifodasida timsollarga tayanib ish koʻrish, majozlar tilida soʻzlashga harakat qildi. Inson ruhiyatining ikki olam oʻrtasidagi talpinishlarini, nafs tufayli oʻz-oʻzida adashgan, aldangan va asliga qaytishga intilayotgan kimsa iztiroblarini qalamga oldi. Xudbinlik, xiyonat, qabohat, jurʼatsizlikni qoraladi. Eʼtiqod butligi, iroda mustahkamligini ulugʻlar ekan, tarixiy shajaralar bilan payvastalik, koʻngil tilagi yoʻlidagi fidoyilik, bolalikka xos poklikni asrash orqali yaratganni tanish va anglash mumkin, – degan fikrni ruhiyat manzaralari orqali ifodaladi.

Yovuz niyatli kimsalar tomonidan oʻtmishidan judo qilingan, bolaligi oʻgʻirlangan, oʻy-mushohadadan mahrum etilib, jaholat komiga tashlangan, aqidaparastlik girdobida maʼnaviy inqirozga giriftor qilingan Saidbek Umar oʻz-oʻzini taftish etadi. U Yodgor valiy koʻmagida – vositali taʼsir ostida oʻnglanadi. Tasavvur va xotiralar olami bilan real dunyo voqea-hodisalarining qorishiqligi kitobxondan birmuncha fikriy mushohadakorlikni, majoziy obrazlar mohiyatini anglash yoʻlida ijodiy zoʻriqishni talab qiladi. Roman ruhiy olam haqida, aniqroq aytganda, ruhiy-maʼnaviy tobelikdan kelib chiquvchi jaholat, manqurtlik – YORTILIK falsafasini inkor etuvchi BUTUNLIK haqidagi asardir.

Shoyim Boʻtayevning “Qoʻrgʻonlangan oy” ramziy romani matniga davr fojiasi singdirib yuborilgan. Roman badiiy toʻqimasida adolat bilan zoʻravonlik, huquq bilan jinoyat, olijanoblik bilan pastkashlik, insoniy va hayvoniy fazilatu hirslar toʻqnashadi. Muallif ulardan yorqin hayotbaxsh xulosalar chiqara oladi. Nosir qishloq hayotining jozibasi, odamlarning turfa feʼli, samimiyati bilan kitobxon qalbini yoritadi. Inson va iymon, halollik va nafs, tabiat va jonzot oʻrtasidagi muvozanatning yangi, oʻziga xos qirralarini koʻrsatishga harakat qiladi.

Romanda Alimatov, Noʻmon qirtish, Abdusamat lakot, Toʻqqizboyev, Oʻlmas qassob, Hamroboy, adabiyot muallimi, bolalar shoiri kabi ulugʻ maqsadlardan mosuvo boʻlgan, Doni brigadir, Rahmon, Karim singari razil va pastkash kimsalar davrasida qolgan Murtazo shaxsining parchalanish jarayoni gʻoyatda ishonarli chizilgan. Moʻmin-qobilgina, halim va boʻz yigit Murtazo qalbida ezgulikka cheksiz mehr, qabohatga kuchli nafrat mujassam edi. Uning qalbida inja bir olam boʻy koʻrsatib, goʻzal tasavvurlar kamol topayotgan edi. Taassufki, uning atrofini qurshagan kishilar tasavvurlar olamini ostin-ustin qilib yuborishadi. Qahramonda tashqi muhit taʼsirida uygʻongan ishtiyoqsizlik, ishonchsizlik aniq maqsad sari intilish tuygʻusini mahv etadi.

Jamiyat hayotida kechayotgan jarayonlarni maʼnaviy-axloqiy muammolar bilan bogʻlab talqin qilgan E. Aʼzamning “Shovqin” romanida madaniyat, axloq, insof va diyonatning antipodi – axloqsizlik, xudbinlik, milliy-genetik ildizlardan begonalashuv (duragaylashuv) hollarining ijtimoiy-maishiy, ruhiy-psixologik ildizlari ayovsiz fosh etiladi. Insoniy mehr-muruvvat, yurt tuygʻusidan yiroqda kechgan sarson-sargashtalikdagi umr, darbadar hayot tarzining inson ruhiyatiga taʼsiri Ravshan Akobirov obrazi orqali koʻrsatiladi. Milliy ongning tushovlanish sabablari “madaniy inqilob” vaʼda qilganlarning xalqdan pinhon tub maqsadlariga daxldorligiga bogʻlab talqin qilinadi. Bandaning xotirjamligi uning dunyo shovqinlariga qoʻl siltab, oʻz taqdiriga peshvoz yurishi, azaliy qadriyatlarga sadoqati bilan izohlanadi. Bizningcha, Farhod Ramazonning kechmishi taʼqibidan qutula olmay, oʻz-oʻzi va zamondoshlari qilmishlarini ochiq-oydin qoralashi adib tasvir yoʻsiniga xos kinoyaviy-satirik uslub bilan bogʻliqdir. Nazarimizda, jamiyatning ilgʻor qismi – ziyoli inson ekanligi, oʻzi tushgan real vaziyat-holatlarda imkonsizligi jihatidan roman qahramoni Farhodni “Dinazavr”dagi Mahkamga qiyoslash mumkin.

Ulugʻbek Hamdamning “Sabo va Samandar” romanida ikki yoshning chorasiz qolishi ijtimoiy nohaqlik, aqidaparastlarcha johillik bilan izohlanadi. Musibatlar sababi ikki yosh koʻngilning dardi, gʻam-tashvishlarini mensimaslikda. Oshiq-maʼshuqning aql-hushdan begonalashuvi pokiza orzu-umidlar oyoqosti qilinishi, yashash ilinji soʻnishi bilan bogʻliq. Darhaqiqat, umidsiz ishq girdobiga tushgan ikki dil na hayot quvonchlari, na shirin jon tashvishini qilishadi. Demak, yozuvchi xarakterlararo konfliktni yetakchi qahramonlar dardi-dunyosiga tamomila qarama-qarshi boʻlgan olam bilan ziddiyat, yaʼni ijtimoiy konflikt darajasiga koʻtara oladi. Ishq faryodi va zorlari, judolik iztiroblarini satrlarga muhrlashga intiladi. Darhaqiqat, romanda dastlab maqsadsiz, umidsiz yashashni tilamagan, turmush koʻrgiliklariga qarshi bir qadar zaifona tarzdagi isyon namoyon boʻladi. Keyin esa yozuvchi uni ikki yoshning olomonga, olomonlik olamiga qarshi isyoni darajasiga yuksaltirishni uddalaydi.

Luqmon Boʻrixonning “Temiryoʻl yoxud titrayotgan togʻ” romanida oila qurmoq, baxtli yashamoq uchun koʻngil birligini muhim deb bilgan yigit-qizni kufr amallarga qoʻl urganlikda aybsitgan olomon aqidaparastligi tanqid qilingan. Chunki oʻzlarini oila va jamiyat tinchligining himoyachilari deb bilgan aksariyat qahramonlar “donjuan”cha “axloqsizlik”ni goh kompaniya manfaatlari, goh oila shaʼnini oʻylab teran anglab yeta olmaydilar. Natijada baxtga erishmoqni tilagan qiz loqaydlik va zulm qarshisida betadbir qoladi. Oʻzlarini “madaniy kishi” sanagan kimsalar qalbida turli xil darajadagi hissizlik va loqaydlik mavjud. Ular hamisha ham inson bolasiga doʻst, sirdosh, aka-uka, qadrdon-qarindosh boʻla olmaydilar. Yozuvchi oʻkinch bilan aytmoqchi boʻlgan fikr ham ana shu. Adib kitobxonni “qora mehnat odami” boʻlishdan yuksalishga undaydi. Darhaqiqat, jamiyatning kuchi, togʻu toshlarni yorib oʻtmoqlikdagina emas, balki oʻzligini anglagan, birodarini tushungan odamlardadir.

 

Gʻarbona asosni Sharqona ruh bilan tutashtirish zarurati

 

Bugun muayyan shaklu shamoyil kasb etib, adabiy yoʻnalishlari anchagina muayyanlashgan yaqin yigirma yillik oʻzbek romanlarida milliy-adabiy anʼanalarning qayta boʻy koʻrsatishi hamda ilgʻor jahon romanchilik maktablarining samarali taʼsiri kuzatiladi. Darhaqiqat, romanchiligimizga 80-yillardan eʼtiboran hayotga yangicha tafakkur bilan yondashuvchi oʻzgacha uslub kirib keldi. Lirizm oʻrnini izchil realizm, romantik sentamentallikni birmuncha qatʼiyat egalladi. Roviy timsoliga eʼtibor ortdi. 90-yillardan eʼtiboran qahramonlarga boʻlgan munosabatda murakkabliklar koʻzga tashlana boshladi. Bularning aksariyati oʻtgan asrning 20-30–yillari anʼanalariga u qadar toʻgʻri kelmaydi. Chunki endilikda romanlarimizda xalq taqdiri qahramon taqdiri yoʻsinida aks eta boshladi. Nosirlarda anchagina jurʼatlilik va qatʼiyat, olamga maʼrifatli gʻoya bilan qarashga intilish paydo boʻldi. Roman poetikasida asotirlar, afsona va rivoyatlar katta oʻrin tutib, kompozitsiya tarkibiga singib keta boshladi. Hatto parallel majoziy yoʻnalishni tashkil etib, roman matnida mustaqil va tugal oʻrin tutdi. Ularning adabiy-badiiy funksiyasida oʻzgarishlar sodir boʻldi. Natijada, koʻplab yangi koʻrinishdagi: tarixiy-konseptual, tarixiy-polifonik, tarixiy-biografik, mistik-fantastik singari romanlar paydo boʻldi.

Shuning uchun boʻlsa kerak, adabiyotshunosligimizda keyingi yillarda yaratilayotgan oʻzbek romanlaridagi Gʻarb va jahon romanchiligi anʼanalariga ergashish hollarini kuzatish tamoyili ustuvor boʻlmoqda. Albatta, oʻzbek romanining F. Kafka, A. Kamyu, J. Joys, U. Folkner, G. G. Markes, X. Xesse, F. M. Dostoyevskiy va boshqa oʻnlab vakillari ijodiga qiyosan oʻrganilishini mutlaqo ijobiy hol sifatida baholamoq lozim. Shuningdek, biz M. Baxtin, Yu. Borev, Xose Ortega-i-Gasset, Z. Freyd, E. Fromm singari adabiyotshunosu estetlarning nazariy qarashlari asosida tahlilu tadqiq etish anʼanasi shakllanayotganligi kabi “ergashish” va oʻzlashtirish jarayonini ham zinhor inkor etmoqchi emasmiz.

Ayni paytda, ayrim tadqiqotlarda bir qadar sunʼiylik hollari kuzatilishidan ham koʻz yumib boʻlmaydi. Jumladan, milliy roman genezisini gʻarb va rus romanchiligiga bogʻlash va modern roman tabiatini Xose Ortega-i-Gasset nazariyasi asosida ochishga urinishlar koʻzga tashlanmoqda. Vaholanki, har qanday “modern” hodisasi milliy tafakkurning yangilanishi asosida yuzaga keladi. Bu jarayonda birlamchilik mavqei hamisha Sharqona tafakkur tarzi tomonida boʻladi. Tashqi taʼsir esa hamisha ikkilamchidir.

Oʻzbek romanlari ichki tabiatida paydo boʻlgan jiddiy oʻzgarishlarni qiyosiy va qiyosiy-tipologik aspektda oʻrganishni niyat qilgan ayrim adabiyotshunoslarimiz esa XX asr oʻzbek romanchiligi hikoya tarzining jahon adabiyoti kontekstidagi oʻrni va rolini belgilashda M. Baxtin, X. Ortega-i-Gasset, D. Dyurishin va V. Kojinovlar konsepsiyasigagina tayanadilar. Jumladan, Oʻ. Xoshimov romanlarining hikoya tarzi va kompozitsion-uslubiy tarkibidagi oʻziga xosliklarni U. Folkner ijodi bilan qiyoslashga urinish hollarini uchratamiz.

Shubhasiz, Oʻ. Hoshimov izlanishlari jahon adabiyotida kechgan badiiy-estetik taraqqiyotga hamohang, muayyan qonuniyatlarga tayanuvchi jarayondir. Ammo “Ikki eshik orasi” asari arxitektonikasi va bayon tarzi U. Folknerning “Kogda ya umirala” asaridan koʻra, 60-yillardan eʼtiboran romanchiligimizda kechgan jiddiy shakliy-uslubiy izlanishlar bilan ham chambarchas bogʻliqdir. Jumladan, A. Muxtorning “Chinor” romanidan boshlanib, 80-yillarning ikkinchi yarmida yangi bosqichga koʻtarilgan taraqqiyot tendensiyalari, xususan, hikoya tarzi va uslubiy yangilanishlarning transformatsiyaga uchrashi hodisasini misol qilish mumkin. Binobarin, hali rus tiliga tarjimasi ham “Ikki eshik orasi” nashridan keyin amalga oshirilgan U. Folkner romanini qiyosga tortishdan koʻra, uni yuqoridagi jarayonlar bagʻrida olib kuzatish mazkur roman mohiyatini kengroq inkishof qilish imkonini bergan boʻlar edi.

Bizningcha, mazkur asarni xalq ertaklari, “Xudoynamak” va “Shohnoma”dan oʻrin olgan afsona va rivoyatlar yoxud Nizomiyning “Haft paykar”, Xisrav Dehlaviyning “Hasht bihisht”, Alisher Navoiyning “Sabʼai sayyor” ishqiy-sarguzasht dostonidagi qoliplovchi hikoya kompozitsion silsilasiga bogʻlangan yetti mustaqil hikoya qoʻllash adabiy anʼanalari, obrazlar ruhiyatidagi ziddiyatli kechinmalar, fabula va bayon tarziga ijodiy yondoshish yoʻsinida tekshirish mumkin. Shunda ham uni jahon adabiyoti aspektida tadqiq qilgan boʻlamiz. Chunki Sharqona ruh yorqin namoyon boʻlmagan hech bir roman milliy-estetik hodisa boʻla olmaganidek, ayrim asarlarning esh kelishi ham doim ijodiy oʻzlashtirish samarasi boʻlavermaydi. Illo, jahon adabiyotiga xos aksariyat belgi-xususiyatlar Sharq adabiyotiga mutlaqo begona emas.

Masalan, O. Muxtorning shaklan ixcham, mazmunan keng, intihosi yorugʻ romanlarini kuzataylik. Jumladan, “Ming bir qiyofa” romanidagi Kultepaga borishga shahd etgan Nasriddin va uning eshagi bilan bogʻliq “Afandining bolaligi” hikoyati, “Egilgan bosh” romanidagi “Mullaning boshi bormidi?” ertagi, dengizdagi sayyoh haqidagi naql, “Koʻzgu oldidagi odam”dagi tilsimli oyna bilan bogʻliq voqealar, “Aflotun”dagi sirli quduq motiv-epizodi, “Tepalikdagi xaroba”dagi xotira va xayol parvozlari bilan bogʻliq gʻaroyibotlar, “Ffu” romanidagi hashamatli saroyning kutilmaganda gʻoyib boʻlishiyu Haydar Maxsum “tilsim”lari tasvirlangan oʻrinlar, “Ayollar mamlakati va saltanati” romanidagi “Bir yolgʻonda qirq yolgʻon” ertagi taʼsiri, Afandining oʻz yolgʻoniga ishonishi bilan bogʻliq latifa, bayon ohangidagi ertakka xoslik oʻrinlari fikrimizni dalillaydi.

Agar diqqat qaratilsa, yozuvchining “Ffu” romani rivoyat shaklida boʻlib, unda ezgulik va yovuzlik kurashi aks etgan. “Ayollar mamlakati va saltanati”da voqeiy hikoya ustuvorlik qiladi. “Aflotun”da insoniyat tafakkurining inqirozi va fikrning qayta uygʻonish jarayonlari: (Suqrot, Aflotun, Farobiy falsafasi, millatning mustaqillikka yetib kelish yoʻllari) ertaklar syujetiga yangicha shakl berish orqali ifodalanadi. “Ming bir qiyofa” da Lutfiy hayoti va muhabbat tarixi tiklanadi. “Tepalikdagi xaroba”da Mashrab, Bayron, Mirza Gʻolib; Amir Temur, Bobur, Akbar; “Ayollar mamlakati va saltanati” asarida Nodirabegim, “Aflotun”da esa Bahovuddin Naqshband, Fayzulla Xoʻja, Abdurauf Fitrat, Ismoil Somoniy, “Odamlar kulishlari kerak”da Sher Muhammad Bek singari tarixiy shaxslar siymosi fozil odamlarga intiqlik, sogʻinch, ajdodlar bilan mustahkam shajaraviy bogʻliqlik asosida tiklanib, zamona dardiga malham izlanadi. Yozuvchi ulardagi jurʼat va ishonchdan ruh oladi.

Anglashiladiki, nosir asarlari sharqona milliy ruh, falsafa bilan yoʻgʻrilganligi xalq ogʻzaki ijodi namunalari – rivoyat va ertaklar syujetidan samarali foydalanish, mumtoz adabiyot mehvaridagi salim maʼnolarni idrok etish: (fikr, xayol, tasavvur, xotiralar bilan hayotiylikning qorishiqligi) natijasi boʻlib, ularning shakl-shamoyili, syujet tuzilishi, ifoda tarzini ana shu milliy ildizlardan tashqarida izohlash imkonsizdir.

Zotan, adibning aksariyat qahramonlari tiynatida oʻziga xos bir valiylik mavjud boʻlib, ular olam va inson muammolari, yashashning maʼno-maqsadi haqida oʻylaydigan BUTUN ODAMlar. Ularning ifodasi esa, atayin qidirib topilgan shaklbozlik boʻlmay, olamiy tafakkurga hamohang yuksak mezonlarda fikrlashga moyil yozuvchi dunyoqarashi, hayotsevar ruhining asar yozilayotgan onlardagi kayfiyat-hollariga uygʻunlashuvi manzaralaridir. Oʻzbek romani qay bir jihati (milliy kolorit, milliy ruh, oʻzbakiy tasavvur tarzimizga xos ruhiy murakkabliklarning u yoxud bu qirralarini aks ettirish yoxud shaxsni murakkab tizim sifatida qalamga olishi, til, arxitektonika, fikr va tafakkurga asoslanishi va b.) dan olib qaralganida ham tom maʼnosi ila milliy hodisadir. Binobarin, zamonaviy romanchiligimizda kechayotgan uslubiy-struktural oʻzgarishlarni N. V. Gogol, M. Bulgakov, F. Kafka yoki boshqa biron rus va Gʻarb adabiyoti namoyandasi asarlari bilan qiyoslashda parallelliklarni kuzatishga eʼtibor orttirilishi kerak.

Nazarimizda, “oʻzbek adibining taʼsirlanishi”, “ijodiy oʻzlashtirishi”ga urgʻu berish istiqbolsiz yoʻldir. U yoxud bu asarning jahon adabiyotidagi qandaydir analogi mavjudligini aniqlash va ularni oʻzaro chogʻishtirish shu asarning “zoʻr”ligini emas, aksincha taqlid samarasi oʻlaroq bunyod boʻlganligini koʻrsatadi. Oʻz ijodiy uslubi, sozi va ovoziga ega boʻlish, birinchi navbatda, taqlid bosqichidan yuksalishdir. Turli estetik nuqtai nazarlar avvalambor yozuvchi dunyoqarashida toʻqnashib, milliy asosda transformatsiyaga uchraydi. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, rivoyat, afsona, sheʼriy parchalar, fantastik makon va reallikning qorishuvi, qahramonlar qiyofasining evrilishi, kinoyaviy mazmunning kuchayishi singari oʻnlab belgilar, avvalambor, Sharqona asoslardan suv ichadi. Gʻarb asosini Sharq ruhi bilan tutashtirmagan munaqqid milliy romanlarimizni baholash mezonlarida adashishi muqarrar. Zotan, hozirgi romanchiligimiz taraqqiyotining sarchashmalari Sharqona tafakkurdan, xalq ogʻzaki ijodi va qadimgi oʻzbek nasridan, shuningdek, adabiyotimizning porloq sahifasi boʻlgan jadid adabiyotidan ajralgan hodisa emas.

 

Islomjon Yoqubov,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent

 

“Sharq yulduzi”, 2011–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.