O‘zbek mumtoz adabiyotida “Yusufnoma” mavzusi

0
0
marta ko‘rilgan.

Annotatsiya: Ushbu maqolada Sharq, xususan, o‘zbek mumtoz adabiyotida katta o‘ringa ega bo‘lgan “Yusufnoma” mavzusi talqiniga e’tibor qaratilgan. Unda “Yusufnoma” mavzusi boshqa mumtoz asarlar bilan qiyosiy tahlil etilgan.

Annotatsiya: V nastoyash’ey statye analiziruyetsya interpretatsiya temi’ “Yusuf-name”, imevshey osoboye znacheniye v vostochnoy, v chastnosti, uzbekskoy klassicheskoy literature. V ney sopostavlyaetsya temaYusufnames drugimi klassicheskimi proizvedeniyami.

Annotation: In the present article the attention of interpretation of the theme “Jusufname”, taking a special place in East, namely, the Uzbek classical literature is paid. In it it is comparative analysed a theme “Jusufname” with other classical products.

Tayanch so‘zlar: istiqlol va badiiy adabiyot, “Yusufnoma”, sayyor syujet va obraz, qiyosiy tahlil, adabiy tasvir, epik talqin, ramz va majoz.

 

Jahon badiiy-estetik tafakkuri taraqqiyotida o‘zbek klassik adabiyoti munosib o‘rin egallaydi. O‘zbek adabiyotida dunyo xalqlari so‘z san’ati bilan tutash nuqtalar ham ko‘p. Shulardan biri “Yusufnoma” mavzusi talqini hisoblanadi. Adabiyotshunoslik ilmida ushbu mavzu badiiy talqini masalasida bir qator ilmiy tadqiqotlar yaratilgan. Ammo muammoning muhimligi shundaki, “Yusufnoma” dunyo xalqlari adabiyoti uchun doimiy mavzu bo‘lib kelganligi singari adabiyotshunoslik va adabiy-estetik qarashlarning ham bardavom manbalari sirasiga kiradi. Ma’lumki, Sharq klassik adabiyotida sayyor syujetli asarlar turkumi mavjud. Bunda bir fabula va yoki bir xil nomdagi obrazlar ishtirokidagi xilma-xil asarlar, odatda, shu tipli ijod namunalari sifatida baholanadi. Jumladan, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab’ai sayyor”, “Iskandarnoma” kabi mavzularda O‘rta asrlar Sharq adabiyotida ko‘plab badiiy asarlar vujudga kelgan. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bu asarlardagi mavzu va obrazlar bir xilligi faqat tashqi belgilariga ko‘ra bo‘lib, aslida, ularning har biri o‘ziga xos mustaqil asarlar sanaladi. Xuddi shunday syujet va obrazlar migratsiyasi hodisasi “Yusufnoma”ga ham tegishlidir. Eng muhimi, yuqorida nomlari qayd etilgan asarlar sayyor syujet sifatida, asosan, Sharq xalqlari adabiyotlarida keng tarqalgan bo‘lsa, “Yusufnoma” esa jahon xalqlari badiiy tafakkurini ham qamrab olganligi bilan xarakterlidir. Buning sabablaridan biri, fikrimizcha, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Vomiq va Uzro” singari asarlarning kelib chiqishi Sharq xalqlari og‘zaki ijodi va yozma manbalaridagi an’analar bilan bog‘liq bo‘lsa, “Yusufnoma” turkumi qadim ilohiy manbalar asosida shakllanganligi bilan izohlanadi. Shuningdek, bunday manbalardan o‘zlashgan boshqa bir badiiy syujetlar turkumi ham “Yusufnoma”lar singari keng quloch yoyganligini xotirga keltirish qiyin kechadi. Ehtimol, bu syujet mavzusiga o‘xshash yoki yaqin turdagi fabula o‘zga diniy manbalar, xususan, buddaviylik kitoblarida ham uchrar, lekin mavjudlari ham tamoman boshqa tip talqin asarlari hisoblanadi. Hatto ayni mavzu va syujet tasvirlansa ham ifoda, ruh, mohiyat g‘ayri motivlarni keltirib chiqarar edi. Biroq shuni alohida ta’kidlash kerakki, qayd etilgan syujetlar qanday ma’noda izohlanishidan qat’i nazar, dunyo xalqlari badiiy tafakkurining eng qimmatli yodgorliklaridan sanaladi.

“Yusufnoma” turkumi mohiyatan “Iskandarnoma” bilan qaysidir jihatlardan yaqinlik kasb etadi. Chunki “Iskandarnoma”da ham Iskandar Zulqarnayn yakka oliyshoh qahramon etib tasvirlanadi. Bunda Iskandar ijtimoiy global masalalar, ya’ni adolat va odillik posboni timsolida ko‘rinadi. Badiiy talqinlarda Iskandar jahon shohi sifatida tasvirlanadi. Bunday xususiyat “Yusufnoma”ga ham xos bo‘lib, faqat unda ilohiy ishq Yusuf timsolini ro‘yobga chiqaradi. Bunda Yusuf o‘zi ishq va oshiq, o‘zi ma’shuq obraz sifatida barcha masalalar yetakchisi bo‘lib gavdalanadi. Ya’ni obrazlar badiiy talqinini birida ijtimoiy-siyosiy, ikkinchisida esa ma’rifiy-ishqiy mavzu ta’min etadi. Yanada aniqroq etib aytadigan bo‘lsak, Iskandar – majoziy ma’noda jamiyat boshqaruvi, odil hokimlik timsoli, Yusuf esa husn va ishq bobidagi majozga badiiy ifoda bo‘lib keladi. Bu mumtoz she’riyatda lirik kechinmalarga asos sifatida talqin etiladigan “shohi mulk” va “shohi husn” timsollari tasviriga ramz vazifasini ham bajaradi. Ya’niki, ilohiy zuhurotning ikki xil tajallisi shu ikki obraz-timsolda ifodalab beriladi. Ikkinchi tomondan esa har ikkala syujetning mumtoz adabiyotda bino bo‘lish manbalari ham bir. Alisher Navoiy “Tarixi mulki Ajam” asarida Iskandarga baho berar ekan: “Valoyat bila hikmatu shohlik, Nubuvvat ishidan ham ogohlik”da ekanligini ta’rif etadi. Mumtoz adabiyotdagi “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” mavzulari bilan taqqoslanganda esa “Yusufnoma” o‘zgacha bir ruhiyat hosil qiladi. Masalan, keyingi tadqiqotlarda Farhod obrazi komil inson timsoliga prototip sifatida qaralayotgan bo‘lsa, Layli ishq jamoliga timsol deb baholanmoqda. Shirin shu komillik belgisi, Majnun esa ishq surati jazbasidan mastu mustag‘raq dil timsoli tarzida ta’rif etilmoqda. Ya’ni, adabiyotshunos Najmiddin Komilov ta’biri bilan aytilganda, “Majnun – Haq jazbasi tekkan, Haq jamolini kuchli shavq bilan sog‘ingan solik timsoli bo‘lsa, Layli ilohiy tajalliyot nuri porlagan o‘sha “mazhar”dir”.[1] Bu asar obrazlarida haqiqat ifodasi uchun majoz bashar olamidan tanlangan bo‘lsa, “Yusufnoma” esa bunday tasvir uchun go‘yo atay tayyor bo‘lgan voqelik hisoblanadi. Bunda, ya’ni Farhod, Majnun, Vomiq obrazlari tasvirida visol dunyoviy ishq kamoloti bilan amalga oshirilib bo‘linmasligiga ishonch paydo bo‘ladi. Shu bois bu qahramonlarning dunyoviy ayriliq lahzalari fano matlabidir. Sodda qilib aytilganda, ushbu ishq juftliklarining mavjud hayotdagi “ayriliq oni” boqiy olamdagi vasl sururi sanaladi. Hech bir falsafa yoki talqin ishq bobini bu qadar muborak tarzda taftish etib bera olgan ham emas. Bunda oshiq ham, ma’shuqa ham, ishq ham zavol ko‘rmaydi. O‘z mukarram va barnoligi bilan abadiyatga daxldorlik kasb etib boraveradi. Bu donishmand Sharq olamining badiiy-falsafiy tafakkur taraqqiyotidagi ulkan kashfiyoti hamdir. Bu masala talqinida “Yusufnoma” turkumi hech narsa yutqazmaydi. Unda “azal kotib”larining muqarrar yoziqlari bor. Chunki “Yusufnoma”dagi biror bir harakat tasodif tufayli sodir bo‘lmaydi. Barchasi “taqdiri azal” belgilab qo‘ygan qarorlarning so‘zsiz ijrosidir, xolos. Yusuf quduqqa tashlanishi lozim edimi, tashlandi. Arzimas aqchaga sotilishi kerak edimi, sotildi. Zindonband etilishi zarur edimi, zindonband etildi. Zulayho bilan topishishi shart edimi, topishdi. Ya’qub bilan qayta uchrashishi taqdir etilgan edimi, uchrashdi. “Yusufnoma” boshqa sayyor syujetga ega yoki ishqiy-ijtimoiy mavzularni talqin etgan asarlardan farqli ravishda tarixan nihoyat uzoq asrlarga borib taqaladi. Bu timsol va voqelik qadim ilohiy manbalar Tavrot, Injil, Qur’on sahifalarida darj etilganligi ma’lum. Sharq, jumladan, o‘zbek mumtoz adabiyotida ham “Yusufnoma” an’anasi uchun Qur’on poydevor hisoblanadi. Shundan bo‘lsa kerak, unda Farhod, Shirin, Layli, Majnun obrazlari singari ishq talqini “fano vodiysi”dagi firoq yoki Otabek va Kumush kabi “visol”ning ma’lum muddat davom etishi hollari tasvirlanmaydi. Ya’ni “Yusufnoma”da ishqiy sarguzasht ham, ota hajri ham taqdir belgilaganidek vasl ayyomi bilan yakun topadi. Chunki Yusuf tarixiy shaxs va badiiy obraz sifatida ham odamzod uchun qaysidir jihatlari bilan ibrat bo‘lmog‘i lozim edi. Shuning uchun Yusufning ishq, hajr, tuhmat, razolat, kibr, qo‘yingki, qismat va hayotning barcha mashaqqatli sinovlaridagi saboti qadrdon bir timsol-siymoga aylantiradi. “Yusufnoma” nubuvvat halqasi qissalari bilan qiyos etilganda ham batamom suratda o‘ziga xosligini namoyon etadi. Masalan, ahli nubuvvat tarixida Yusuf va Zulayho singari juftlik Odam va Havo, Ibrohim va Sora, Sulaymon va Bilqis kabi ishqiy sarguzashtlarda ham uchraydi. Ammo ularda ham ishq mazhari “Yusufnoma” singari oshiq timsolida ifodalanmaydi. Yaqinlik faqat Odam, Ibrohim, Sulaymon va boshqa nabiylar (yuz yigirma to‘rt ming) egnida “nuri nubuvvat” aks etishida ko‘rinadi. Shu “nur” tufayli sevimlilik yuz beradi. Masala Haq “nur”ni ilk borliq sifatida bino etganligi va unga bo‘lgan muhabbat tufayli borliq olamlar yaratilganligi mohiyatiga borib taqaladi. Ya’niki, inson va borliqqa muhabbat Haqning oshiqligiga oshiqlik, deb qaraladi. Bu talqin nubuvvat xaylining ham barchasiga taalluqli bo‘lsa-da, ular badiiy adabiyotda Yusuf singari “husnobod” timsoliga majoz tarzida emas, balki tabiiy bir tuyg‘u sifatida tasvir etiladi. Fikrimizcha, Yusuf timsolida ishq mazharini idrok etish masalasi, shubhasiz, tasavvuf adabiyotidagi badiiy talqin mahsulidir. Sharq adabiyotida nubuvvat ichra faqat Yusufgina shunday talqinga sazovor bo‘lgan timsoldir. Bunda Yusufning ilohiy manbalarda behad go‘zal va barno shaxs sifatida ta’rif etilishi asos bo‘lib xizmat etgan. Ikkinchi tomondan, mumtoz tasvirlarda Layli, Shirin yoki tarso (Shayx San’on) kabilarning shunday timsol bo‘lib kelishida esa talqin mazharni bashariy obrazlarda aks ettirganligi bilan izohlanadi. To‘g‘ri, ba’zi manbalarda go‘zallik bobida Havo Yusufdan-da yuz chandon zeboligi qayd etiladi. Buning ustiga, Havo yor-ma’shuqa timsoliga mantiqan ham mos keladi. Bu masala talqinida mazhar nima sababdan Havoda emas, balki aynan Yusuf obrazida aks ettirilishi lozim ko‘rilgan degan savol tug‘ilishi tabiiy. Birinchidan, Sharq adabiyotida jamol tajallisi, ishq mazhari uchun timsol yoki ramz tanlashda shaxs, predmet masalalarida tafovut bo‘lmaydi. Bunda faqat asosli badiiy mantiq, haqiqat ifodasini tom ma’noda aks ettira oladigan majozgina rol o‘ynaydi. Sharq mumtoz adabiyotida esa bunday majoz ifodalari ko‘p. Ular goh shaxs-siymo, goh narsa-predmet, goh jonzot obrazlarida ramz-timsol bo‘lib kelaveradi. Bunda ruhning Mutloq Ruhga intilishi, tobeligi singari “oshiqni ham ma’shuqaga aylantiradigan” holat ifodasi kifoyadir. Shundan, bunday tasvirlar ifodasi uchun Yusuf, Layli, Shirin shaxs timsollariga, gul, sham, qamishzor, dengiz narsa-predmetlar majoziga ob’yekt bo‘lib keladi. Zulayho, Majnun, Farhod yoki bulbul, parvona, nay, xum obrazlari esa shu mazharlik haqiqatlariga dalil va chin bir oshuftalikdir. Shundan Havo badiiy talqinlarda Yusuf singari ishq mazhari etib olinmagan ko‘rinadi. Shu jihatlari bilan ham “Yusufnoma” yoki boshqa mavzular alohida xususiyatlarga ega bo‘ladi. Turkiy-o‘zbek adabiyotida ushbu mavzu bitta doston (Durbek “Yusuf va Zulayho”), bitta badiiy qissa (Rabg‘uziy “Yusuf Siddiq alayhissalom qissasi”), bitta tarix (Navoiy “Yusuf alayhissalom”) va VI-VII asrlardagi mumtoz she’riyat satrlarida rangin poetik manzara ijrochisi sifatida tasvirlanib kelindi. Ushbu badiiy talqinlar shuni ko‘rsatadiki, “Yusufnoma” mavzusining ilohiy kitoblardagi ilk syujetlari san’at, xususan, so‘z san’ati uchun ham o‘chmas bir xazina manbai hisoblanadi. Shu bois aytishimiz mumkinki, har bir ijodkor, muhit, davr, zamon, hayot o‘z “Yusufnoma”, “Firoqnoma”, “Mehnatnoma”, “Ishqnoma”, “Dardnoma”lariga, Yusuf, Majnun, Farhod, Vomiq singari qahramonlariga egadir. E’tiborli jihati shundaki, Sharq adabiyotida bunday asarlar haqiqat talqinlarining majoz ifodasi uchun eng maqbul badiiy voqelik, syujet va timsollik xususiyatlariga ega ekanligi bilan ham ijodkorlarni o‘ziga maftun etgan. Ularda ishq uchun “mazhar”lik ham (Yusuf, Shirin, Layli, Uzro), oshiq uchun “manzar”lik ham (Zulayho, Farhod, Majnun, Vomiq), ma’shuq uchun “mahzar”lik ham muhayyodir. Chunki Sharq adabiyoti haqiqat talqiniga mos va xos majoz ifodasini tayin etganligi hamda ular orasidagi monandlik, uyg‘unlik, mantiq birligini ta’minlaganligi bilan ham betakrordir. Bunda Sharq, xususan, o‘zbek mumtoz adabiyoti lirik tasvirlarda haqiqatning majoz ifodasi uchun “may”, “jom”, “soqiy”, “yuz”, “xol”, “xat”, “lab”, “zulf” kabi ramz timsollaridan qanday foydalangan bo‘lsa, epik talqinlarda Yusuf, Farhod, Majnun, Layli, Vomiq singari obrazlardan ham shunday foydalanadi. Turkiy-o‘zbek mumtoz she’riyatida bu mavzuga murojaat etmagan shoirni uchratish amrimaholdir. Lekin umumiy tarzda olib qaralganda, Mavlono Atoyi bilan Alisher Navoiy she’riyatida bu obraz talqini boshqalarga qaraganda unumliroq bo‘lib ko‘rinadi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, “Yusufnoma” mavzusi badiiy adabiyotning barcha tur va janrlari uchun dildor tuyg‘u va ruhbaxsh kechinmalar manbai bo‘lib xizmat etadi. Badiiy adabiyotga oshno dillarga orom bag‘ishlaydi. Ko‘ngil va ruh ma’rifatini oshiradi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

Nosiruddin Burxonuddin Rabg‘uziy. Qisasi Rabg‘uziy. – T.: “Yozuvchi” nashriyoti, 1990. – 235 b.

Atoyi. Devon. – T.: “Fan” nashriyoti, 2008. – 319 b.

Alisher Navoiy. To‘la asarlar to‘plami. O‘n jildlik. – T.: G‘. G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2012.

Komilov Najmiddin. Xizr chashmasi. – T.: “Ma’naviyat”, 2005. – 320 b.

Rafiddinov S. Majoz va haqiqat (Atoyining poetik mahorati). – T.: “Fan”, 1995. – 154 b.

 

Usmon QOBILOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–3

 


[1] Komilov Najmiddin. Xizr chashmasi. – T.: “Ma’naviyat”, 2005. – 320 b.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.