Oʻzbek adabiyotida sonet takomili

0
654
marta koʻrilgan.

Sonet janri qatʼiy qoidalarga boʻysungan shakl boʻlishiga qaramay unda tadrijiy taraqqiyotning inson shuuriga qilgan taʼsir kuchi tobora ortib borgani maʼlum. “Sonetda davr yashaydi, toʻgʻrirogʻi davrlar”[1]. Gʻarb sonetshunosligi badiiy tajribalarni anʼanaviy yoʻsinda tashkil etib, ijtimoiy muammolarni ham ifodalab kelgan boʻlsa, oʻzbek milliy sonetnavisligida ushbu masalalarni yanada kengroq miqyosda aks ettirishga intilish kuchayib bordi, yaʼni hayotning deyarli barcha muammolarini qamrab olish va tasvirlashga intilish sezildi. Sonetning anʼanaviy vazifasiga oʻzgacha estetik yuk baxsh etildi. Uni favqulodda goʻzal tashbehlar, yangicha timsollar bilan boyitishga harakat qilindi. Sonet asoschilaridan Petrarka badiiyati oʻziga xos boʻlib, unda tashbehlar, epitetlar koʻp qoʻllanilgan. Lekin oʻrta asrlarga kelib sonetda keskin dramatik jihatlar tasviri kuchaya bordi. Poeziyada qad koʻtargan shaxsning hissiyot dialektikasi asosiy planga chiqarildi. Xuddi mana shu holatni Shekspir sonetlarida kuzatish mumkin. Yuqoridagi tarzda hissiyot dialektikasi – bu ulkan isteʼdod belgisi boʻlishi aniq.

Bir sonetda Shekspir oʻz davrining qatʼiy yoʻriqlarini inkor qiladi. Koʻzning porloq yulduzga qiyos etilishidan, dudoqning laʼlga, yonoqning atirgulga oʻxshatilishi ustidan kuladi. Lirik qahramon maʼshuqani deyarli barcha maqtovlardan ozod qiladi. Yorning goʻzal tashbehlari yoʻqligini taʼkidlagan holda ularning siyqa ekanligiga ham ishora qiladi.

 

Biroq barcha siyqa qiyoslardan u

Insof-la aytganda, ustun kelar-ku.

 

Ushbu hissiyot dialektikasi orqali u realictik metod qoʻllanilishida oʻziga xos namuna yarata olgan.

Oʻzbek sonetlarida ham milliy ruhiyatda yuz bergan oʻzgarishlar bois sheʼriy ifodada mutanosiblik koʻzga tashlanadi. Gʻarbona anʼanalarning tadrijiy taraqqiyoti natijasida vujudga kelgan ushbu janr badiiy tajribalari oʻzbek milliy soneti shakllanishiga omil boʻlganligini ilgʻash qiyin emas. Sonet badiiyati xususida gap ketar ekan, bu uslub Oʻzbekiston xalq shoiri Rauf Parfi ijodi, uning sheʼriyatdagi yangi shakliy izlanishlari bilan bogʻliq ekanini eʼtirof etish joiz.

Rauf Parfi lirikasida, asosan, assotsiativ tafakkur tarzi yetakchilik qiladi. Yaʼni, yuqorida aytib oʻtilgan tasavvurning ikkinchi turi, lirik qahramonning shakllanish jarayoni aks etishi – assotsiativ fikrlash tarzi badiiy-estetik tafakkur tabiatining ustuvor belgilaridan biri sanaladi. Badiiy tafakkur esa ijodkor bilan ijtimoiy voqelik va borliq oʻrtasidagi munosabatlar hosilasi sifatida vujudga keladi. Ushbu hodisa ijodkorning fikrlash yoʻsini orqali oʻzligini namoyon qiladi. Shu maʼnoda, adabiyot bir vaqtning oʻzida ham oliy ong shakli, ham maʼnaviy-ijtimoiy hayot koʻrinishi ekanligini isbotlab kelayotir.

Mazkur holatlarning badiiy-estetik ifodasi Rauf Parfi sheʼriyatida oʻziga xos shakllarda, usullarda zuhur topadi. Assotsiatsiya esa poeziyada istioralar qoʻllash, ramz-obrazlarga murojaat, kontrast usullardan foydalanish singari holatlar hisobiga vujudga keladi. Xususan, istioralar Rauf Parfi sheʼriyatida hissiy tafakkur psixologiyasini yoritishga, ramzli obrazlar tabiatini ochishga xizmat qiladi. Shoirning “Zangori ogʻochman, hozir osaman” misralari bilan boshlanuvchi sonetida shoirning badiiy idroki istioralar shaklida namoyon boʻlgan. Sonetda zangori ogʻoch, quyosh, qish, bahor, barg kabi istioralar qoʻllanilgan. Ular murakkab assotsiativ poetik obrazlar talqinida muhim oʻrin egallagan.

 

Zangori ogʻochman. Hozir osaman,

Qayta tirilaman toʻlib sehrga

Ul Mehraning qanotini yozaman,

Dunyolarni toʻldiraman mehrga[2]

 

Rauf Parfi sheʼriyatida daraxt badiiy obrazi oʻrnida koʻp hollarda asl turkiy ogʻoch soʻzi qoʻllaniladi. Yuqoridagi misralarda kuzatilgandek, ogʻoch-zangori shaklda, yaʼni lirik qahramon kechinmalari ifodasida shoirning ijod pallasi tasviri oʻrin olgan. Ijod pallasi holati yashnagan yashil daraxtga mengzalgan. Yashil daraxt haqida soʻz borayotganda shoir assotsiativ holatni vujudga keltiradi. “Hozir osaman” jumlasi oʻz-oʻzidan savol tugʻdiradi. Lirik qahramon daraxt shohlariga nimani osmoqchi va bu holat qay maʼnoda? Ayonlashadiki, “Zangori ogʻoch”da lirik qahramon oʻz mevalarini paydo qilmoqchi. Ana shu mevalarda u qaytadan jonlanadi. Mevalar esa pishib-yetilishi uchun quyoshni – Mehrani chorlashadi. Mehra esa mevalarni larzonlashtiradi. Poetik mushohada shu tariqa ijod mahsuliga aylanadi. Sonetning ikkinchi katrenida lirik qahramon kayfiyati fojiaviy holat chizgilarida namoyon boʻladi. “Qish” istiorasi “boshida azaliy oqtosh”, “Qonli bulutlarga burkanib qotgan” kabi tashbehlar tasavvurimizda insonning ayozli, musibatli holatlarini esga soladi. “Bahor” istiorasiga “muzlagan otash”, “zulmatning jizgʻanak tonglari” kabi tashbehlari uyqash kelayapti. Bu esa inson umrining bahori ham qonuniyatlarga asoslanishini anglatadi. Sonetning ushbu katreni kulminatsion holat hisoblanadi. Ijodkor oddiy insondan farqli oʻlaroq har bir manzarada oʻzgacha maʼno uqa oladi. Xususan, fasllar tavsifida ham teran nigohi orqali oʻyga toldiradigan manzaralar chiza oladi. Sonetning terset qismida lirik qahramon ijodkor sifatida oʻzligini, individual jihatlarini barg, xalq, olomon, shoir, shoh kabi poetik shakllarga beradi:

 

Abadiy koinot birla qolaman,

Oʻlsam chirqiraydi ovozim tanda,

Eng yangroq yulduzni uzib olaman.

Ezilgan, xoʻrlangan bargman tubanda,

Yolgʻiz, oʻzim-xalqman, oʻzim olomon,

Men shoirman axir, shohman, ey, banda.[3]

 

Eng yangroq yulduzni uzib olishi esa, ijod osmonida porlayotgan yulduzga egalik qilish istagi, bu – mangulikka ishora. Barg badiiy obrazida “ezilgan”, “xoʻrlangan” tashbehlarining qoʻllanilishi ijodkor xoksorligiga ishora. Bu holat sonetning yechimi sanaladi. Shoir oʻzligini topganda, “oʻz men”iga ega boʻlganida esa oʻz olamining “shoh”i darajasiga koʻtariladi. Koʻrinadiki, asl lirik asar “Tilsiz sezgilarga soʻz va obraz beradi, ularga alohida umr bagʻishlaydi”[4].

Assotsiativ tafakkur shoir sheʼrlaridagi ramz – obrazlar orqali ham yuzaga keladi. “Siyovush” nomli sonetlar majmuida toju taxt dahshatli qirgʻin-barotlarga asos sifatida talqin etiladi. Siyovush – ramz, yaʼni oʻz farogʻati-yu toju taxtdan voz kechgan, ezguliklar uchun jonini qurbon qilgan shoh avlodining timsoli. Qalam esa pokiza soʻz ayta oluvchi ijodkor shaxsi timsoli sifatida talqin etiladi.

 

Qalamdan oʻch olding. Soʻzini oʻyding

Sening qoʻlingdami oyning ajali?!

 

Shoirning “Munojot” sonetlar majmuida shoir komparativ koʻchimlardan tashqari kontrast koʻchim turlaridan ham unumli foydalangan. Sonetda “doʻzaxim-bogʻim”, “qoramni oqlab ber” kabi ifodalar shular jumlasidan. Lirik qahramonning hayot haqiqatlaridan, uning oʻnqir-choʻnqir yoʻllaridan, nohaqliklaridan zada holati uchun shoir oʻziga xos koʻchimlardan foydalanadi.

 

Nechun boshim uzra qora shamollar,

Osmonda ignadek nur yoʻqdir, nechun?

Balki sudrar meni mudhish xayollar,

Ochgʻil koʻzlaringni, ey, soʻngsiz ochun.[5]

 

misralardagi “Qora shamollar” – hayotning salbiy oqimi, “ignadek nur” – haqiqat maʼnosidagi istioralar boʻlsa, “sudrar xayollar”, “ochgin koʻzlaringni ochun”lar apostrofalar, “mudhish xayollar” va “soʻngsiz ochun” esa sifatlash kabi koʻchim turlari qoʻllanilganligi ayonlashadi.

 

Shaftolirang olam nayza uchinda…

Dunyolari yolgʻon, men oʻldim chindan…

Ulugʻ Tangrim, seni achchiq sogʻindim.[6]

 

Sheʼr davomida aynan harf emas, vasl va raviy birligi takrorlanib kelgan, yaʼni “chin” boʻlagi tersetlar ohangdorligini taʼminlagan. Islomiy falsafa yoʻsiniga koʻra foniy dunyo – yolgʻon, sinov dunyosi, boqiy dunyo esa chin dunyo. Lirik qahramon nazarida chin dunyoda Haqqa, Haqiqatga erishish mumkin. Bu bilan qahramonning foniy dunyodan haqiqat izlashi nooʻrin ekanligi taʼkidlanmoqda. Tersetdagi “shaftolirang olam” rangi yorqin boʻlmagan, poʻsti yupqa, olovlar ichidagi olam shu holida nayza uchida, yaʼni omonat, bir kun emas bir kun parokanda boʻladigan holatda tasvirlangan. Ana shu omonat, yolgʻon dunyodan qoʻl siltagan lirik qahramon soʻzlari, ruhiy holati samimiy ekanligiga “chindan oʻlish” – “Haqqa yetishish istagi” orqali izoh beradi. Ushbu holatga asos sifatida Tangri sogʻinchi esga olinadi.

Shuningdek, sonetda “qorongʻu nigoh”, “sovuq shivir”, “aziz tovush”, “rangin ovoz”, “goʻzal gʻimirlash”, “qora shamollar”, “mudhish xayollar”, “yomgʻirli yolgʻizlik” kabi koʻplab noanʼanaviy tashbehlar va istioralar qoʻllanilgan boʻlib, ularning har biri shoir nazarda tutayotgan poetik holatning, ijtimoiy muhit va lirik subʼyektning fojiaviy holatini ochib berish uchun ishlatilgan. Shuningdek, shoirni janr kompozitsion qurilishi va spetsifik xususiyatlari, yaʼni, tugun, koʻtarilish, kulminatsiya, yechim holati oʻziga jalb qilgan boʻlishi mumkin. Komillik sari intilayotgan inson yoʻlidagi qiyinchiliklar ifodasi va u chiqarishi zarur xulosalar, toʻxtamlar uchun ushbu kompozitsion qurilish ayni muddao.

Oʻzbek sonetnavisligida poetik tasvir va talqin imkoniyatlaridan foydalanish tajribasi masalasi yuzasidan quyidagi xulosalarga kelish mumkin:

“Oʻzbek soneti”da kompozitsion silsila koʻrinishi aks etgan, lekin uni madh etuvchi sheʼrlar sirasiga kiritib boʻlmaydi. Bunga ularda aks etgan vaziyatlar xilma-xilligi va mavzular koʻlami asosdir. Oʻzbek sheʼriyatida sonet janrining taraqqiyot tadriji mobaynida uni favqulodda tashbehlar, yangicha timsollar bilan boyitib borishga harakat qilindi. Sonet poetikasida koʻchimlarning komparativ va kontrast shakllardan koʻproq foydalanildi. Kontigual koʻchim shakllari ayrim oʻrinlardagina qoʻllanildi.

Rauf Parfi sonetlari koʻproq assotsiativ tafakkur hosilasi sifatida yuzaga kelgan. Assotsiatsiyalar sonetlarda metaforalar qoʻllash, ramz-obrazlarga murojaat, kontrast usullardan foydalanish hisobiga vujudga keladi. Shoir sonetlarida jiddiy muammo qoʻyiladi, kechinma assotsiativ fikrlash tarzi orqali tavsiflanadi. Falsafiy yoʻnalishdagi sonetlarda komil inson rozlari, inson erki, millat taqdiriga qaygʻurish, shoirning oʻziga xos olami, Vatan muqaddasligi, sevgi iztiroblari va hijron dardlari asosiy mavzu sanaladi.

Xullas, oʻzbek soneti badiiy-estetik takomilida Rauf Parfi kabi sonetnavis shoirlarning ijodi muhim rol oʻynagan.

 

Xonimqul TOJIYEV,

filologiya fanlari nomzodi

 

Obidaxon FAYZULLAYEVA,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–4

 


[1] Ognev V. Kniga pro stixi. – M : “Sovetskiy pisatel”. 1963. str. 21.

[2] Rauf Parfi. Soʻnggi vido. – T, A. Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2006 y., 127- bet.

[3] Rauf Parfi. Soʻnggi vido. – T., A.Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashiriyoti. 2006 yil, 127- bet.

[4] Q.Yoʻldoshev.Yoniq soʻz. –T, “Yangi asr avlodi” nashriyoti, 2006 y., 375-bet.

[5] R.Parfi. Tavba. –T., “Yozuvchi” nashriyoti, 2000 y., 54-bet.

[6] R.Parfi. Soʻnggi vido. – T., 2006 y., 93-bet

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.