Oydin sheʼriyat

0
923
marta koʻrilgan.

Asl sheʼr nazmning toza, sara taʼrifini kashf etadi, boyitib boradi. Sheʼrni koʻrish, tanish, anglash, farqlash, qiyoslash, solishtirish uchun zurafoga oʻnlarcha har xil koʻz kerak boʻladi. Bundan oʻttiz yillar muqaddam isteʼdodli, avangard rassomlarimizdan birining tanadagi oʻndan ortiq koʻz tasvirlangan asarini koʻrib hayron qolgandim. Hozir sheʼr boʻstoniga kirgan sheʼrxonga tabiiy koʻzning oʻzi kamlik qilib qoldi. Sheʼr ortida turgan shoirni anglash, tushunish, solishtirish uchun har xil koʻzlar darkor boʻlmoqda. Sheʼr kosmos alomatlarini, xaos murakkabliklarini, “tirik sayyora” ruhidagi ingichka tebranishlarni ham tasvirlaydi. Talqin, tahlil, baholash, saralash uchun aql elchilari – koʻplab koʻzlar zarur.

Hech kim qoʻllamagan qiyos, timsolni koʻrish, tasvirlash – shoirlikning muhim sinovlaridan. Oʻzbek sheʼriyatida nozik didli, betakror koʻrish qobiliyatiga ega shoirlar koʻp. Shulardan biri hozirgi oʻzbek sheʼriyatining isteʼdodli vakilasi Oydin Hojiyevadir.

Oydin Hojiyeva shu paytgacha “Shabnam” (1970), “Manzillar” (1971), “Men sevgan qoʻshiq” (1972), “Zarkokil qiz va quyosh” (1972), “Orzu guli” (1975), “Navo” (1977), “Tarovat” (1978), “Dostonlar” (1980), “Tamal toshi” (1980), “Mushfiq onajon” (1982), “Chashmalarni izlayman” (1987), “Ishonch yulduzlari” (1989), “Koʻzimning oqu qorasi” (1996), “Panohim” (1998) singari toʻplamlarni nashr ettirgan. Yarim asrdirki, uning qoʻlidan qalam tushmaydi: maqolalar yozadi, sheʼriy, nasriy asarlar yaratadi, bosh muharrir sifatida yuzlab qoʻlyozmalarni saralaydi, “Saodat”, “Gulchehralar”ga ilinadi. Shoira tolmas targʻibotchi: adabiy uchrashuvlarda qatnashadi, Yozuvchilar uyushmasi tadbirlarida ishtirok etadi. Yurt kezadi. Istiqlol samaralarini koʻzi bilan koʻradi, zamondoshlar bilan suhbat quradi.

Shoiraning “Shom shuʼlalari” saylanmasi – umr kitobi, yuzlab taqdirlarning nozik portreti, ohanglar olami, ranglar jilolari, yaqin-yiroq voqea-hodisalarning sheʼr shaklida namoyon boʻlishi, Istiqlol, Istiqbol, shoʻro zamonining jabrdiyda Siymolari asosiy qahramon boʻlgan choʻng kitob.

Shoira odamlar holati, boʻron uchirgan yurt koʻrinishini topib-topib, oʻxshatib-oʻxshatib tasvirlaydi. “Yigʻlay-yigʻlay soʻqir boʻldi buloqlar”, “Gullab-gullab taqir boʻldi gulbogʻlar”, “Qirgʻoqlar hijron xatini oʻqiydi” (251-bet). Soʻqir buloq, taqir gulbogʻ, suvidan judo boʻlgan qirgʻoq…

Donishmandlik sheʼriyatida vaqt, zamon, on, fursatga hamisha eʼtibor berilgan. Zamon – katta tushuncha. U milliardlab yillarni qamraydi. Uning maxsus atamalari,… dan… gacha chegarasi bor. Shoira donishmandlik sheʼriyatiga oʻz ulushini qoʻshadi:

 

Fursat – oltin chigʻiriq,

Zamon momo ip eshar.

Ming yillarning nuqtasi

Urchugʻida tutashar.

 

“Momo” degan soʻz zamonga, fursatga aniqlik kiritadi. Chigʻiriq, urchuqda mangu harakat jarayoni aks etadi. Zamon momo hech qachon harakat bilan bogʻliq tushunchalar (chigʻiriq, urchuq, eshmoq)dan voz kechmaydi. “Oltin”, “nuqta”, “ming yil” – zamon bekatlari.

Oydin yozadi:

 

Qiz tushgan makonga dildan yoʻl qolur,

Beshikda guvranib ona til qolur,

Va ishonch qoʻrgʻoni – xush manzil qolur,

Yor koʻksi qiz uchun bir Quddus ekan…

 

Ayol ruhiyati – milliy betakrorlik bilan uzviy bogʻliq. Shoira atayin muqaddas Quddus nomini taʼkidladi. Quddus koʻplab paygʻambarlar yashagan, mangu makon topgan maskan. Bu yerda dinlar, olihimmat qarashlar tutashib ketgan.

“Shom shuʼlalari” saylanmasidagi lirik qahramonlarning aksariyati sal kam yarim asr shoʻro hukmronligi davrida yashadi. Xoʻrlik, qadrsizlik, qaramlik azobini torta-torta xalqning suyaklari oqara bordi. Vatanda bevatanlik tuygʻusi insonni ich-ichidan yemirardi. Elning ardoqli siymolari – sanʼatkorlar, arboblar, olimlar, mangu muzlik bilan qoplangan joylarga badargʻa qilindilar:

 

Koʻzlari koʻr zamona,

Qulogʻi kar zamona,

Qurbonlik soʻrab oʻtgan

Qizil ajdar zamona…

 

Shoira ijodida chaqmoqday chaqnagan, momoguldurakday gumbirlagan, selday toshib kelgan sheʼrlar koʻp. Ularni oʻqirkan, sheʼrxon lirik qahramon ruhiyatidagi iztirob, ziddiyatlarni dildan his qiladi, koʻzlarida oʻt chaqnaydi:

 

Nega qaychi orasida

Qolaverar mening jonim?

Iztiroblar qoʻrasida

Lovullaydi ustuxonim.

Qulogʻim kar, koʻzlarim koʻr

Boʻla olmay chingiltobman,

Koʻrdim magar bir beshuur,

Bedorxobmanu betobman.

Nega rostin aytsam, bot-bot

Tilim kuyar, qoʻlim kuyar?

Goh soddadil men besavod

Oʻtga urib, qoʻlim kuyar?

 

Oydin Hojiyevaning aksariyat lirik qahramoni Ayol. Ayol-hayot tirgagi; urf-odatlarni davom ettiradi; allasi bilanoq oʻgʻlini Alpomishday boʻlishga daʼvat qiladi; oilasini, el-yurtini balolardan himoya qiladi. Jasoratli, aql-hushli ayollari koʻp boʻlgan xalq hamisha oʻsadi, ulgʻayadi:

 

Togʻlar sendan oʻrganar

Sukunatni, bardoshni,

Duoingdan el koʻkarar,

Qargʻishing yorar toshni.

Millatning jon tomiri

Sen Vatanga timsolsan.

Yurtning oʻchmas chirogʻi

Momo Havo – Ayolsan…

 

Shoira nazdida ayol borliq – uch tugʻishgan (jamodot, nabotot, hayvonot)ning boshlanishi, asl manbai. Ayol taʼrifini aytib ado qilib boʻlmaydi. Lekin Ayol va goʻzallik egizak tushuncha. Biri ikkinchisini taqozo etadi:

 

Qizning nozik hovuchlarida

Gul kuladi qiqir-qiqir.

Yuzidagi kulgichlarida

Shuʼla berar ikki tutam nur.

Osmon tiniq koʻzgusin tutib

Kutib turar qizni yoʻlakda,

Mast qiladi olamni tutib,

Rayhon isi xazonchinakda.

 

“Shom shuʼlalari” – ohanglar jamuljam boʻlgan saylanma. Unda “Ishq mayin ichdim, ishqparast boʻldim” (274-bet) singari mashrabona aytimlar; “Sandiqchada oq roʻmol! Roʻmolchaning egasi Ochilmagan gul misol…” (113-bet) singari oʻlanlar; “Dupur-dupur kelsa ot, qiz qoʻshiq boshlar noshod. Yonmadi oltin pichoq, zanglab ham qolmas biroq…” (16-bet) toifasidagi qoʻshiqlar; “Yetti pushtiga salom! Xelu xushtiga salom! Qoʻni qoʻshniga salom! Kelin salom! (355-bet) tarzidagi kelin-salomlar; “Kimdir azon aytur yantoq shoxida. Ravon yoʻlda toygan peshonadirman” (264-bet) singari baytlar; “Yaltirab yotibdi kuzning gullari” (331-bet) deb boshlanadigan ogʻir karvon misralar bor. Ohang maʼno, kayfiyat, shoir ruhiyati bilan omuxta. Ohang – sheʼrning tavsiyanomasi. Ohang mazmunni ham belgilaydi. Aniqrogʻi, maʼno monand ohangni izlaydi.

Oydinning soʻnggi yigirma yillik ijodidagi asosiy mavzu – istiqlol. Uning “Shom shuʼlalari” saylanmasining tagsarlavhasi, menimcha, “Istiqlol ilhomlari”dir. Shoira doston va qasidalari, asosan, istiqlol, mustaqillik uchun jon fido qilganlar, kurashganlar haqida. Muallif shu kunlar yuksakligidan uzoq tarixga nazar tashlaydi. Buyuk bobolarimiz, isteʼdodli shoiru olimlarimiz faoliyati maxrajida hamisha istiqlol gʻoyasi boʻlgan. “Ziyorat” dostonini shoira oʻz oilasidagi voqeadan boshlaydi. Akasi Neʼmatjon urushga ketgan. Ona qirq yil boʻzladi, oʻgʻlidan darak izladi. Ota qaddi dol boʻldi, dard uni yiqitdi. Aka qaytmadi. Ona bedarak ketgan oʻgʻliga aza ocholmadi, anduhlarini toʻkib sololmadi. Mustaqillik maydonidagi motamsaro Onada barcha ayollar, xususan, Neʼmatjon onasining alami aks etgan. “Ozod soʻz yolqinlari” – shoira qalbining nidosi, aytilishi zarur boʻlgan fikrlari. Unda biografik tasvir, holatlar koʻp. “Istiqlolga qasida” – bosib oʻtilgan yoʻlga shoirona nigoh. Istiqlolga xizmat qilganlarga hurmat ifodasi. Yoʻlning baland-pastliklari, kurashu yoʻqotishlari, quvonchu tashvishlarining shoirona tasviri.

“Shom shuʼlalari” – saralab, saylab olingan sheʼrlar toʻplami. Ularni nozik, sinchkovlik bilan oʻrganish, qoʻllanilgan sanʼatlarni baholash, yangi soʻz, timsoliy iboralarni, ohorli tashbehlarning hayotiyligini, ontologik mohiyatini ruh tarozusida oʻlchash joiz. Boshqacha aytganda, sheʼrshunos har xil, olmosi lazerli koʻzlarga ega boʻlishi kerak. “Shom shuʼlalari”ni modern shoir koʻzi, didi bilan birrov nazardan oʻtkazsak qanday boʻlarkin? Modern asarlarda sirtmas, sudur; mavzuni yoritishga oʻta masʼuliyat bilan yondashish koʻzga tashlanadi. Ularda qahramonlar nomi, ularni erinmay sanash sira maʼqullanmaydi. Nom, ism – oʻziga xos belgi, xolos. Lekin uvoq personaj bilan nomlarni sanab ketaverish boshqa-boshqa narsa. Uvoq timsol – kichkina olmos, aqiq, tilla parchaday gap. Oydinxon “2003 yil qor xati” hazil, yengilgina sheʼrida Gulchehrani “bir qoʻlida qalam, bir qoʻlida bola, tilida “yor-yor” bilan tasvirlab” moʻjazgina obraz yaratgan.

Istiqlol ongimiz, ruhimizga chuqur kirib borayotgan umri uzoq tushuncha. Oydin Hojiyeva ham bora-bora Istiqlolni yangilanayotgan dunyoqarash samarasi sifatida tiniq rang, toza ohanglarda mukammal, goʻzal, mangu yashovchan qilib tasvirlashiga ishonchim komil.

“Shom shuʼlalari” – isteʼdodli shoiraning asl qoʻshiqlari, tansiq oʻlanlari, joʻshib aytgan alyorlari, sheʼrxonni oʻylashga, shirin azoblar dunyosiga olib kiradigan asarlari saylanmasi. Sheʼr shaydosi boʻlgan hozirgi oʻquvchi Oydin shoiraning betakror, samimiy ovoziga oʻrgangan. Bu oʻktam, joʻshqin ovoz uzoq-uzoq zamonlarda ham yangrab tursin.

 

Abdugʻafur Rasulov,

filologiya fanlari doktori,

OʻzMU professori

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 3-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.