Oybekning tarjimonlik mahorati

0
2832
marta koʻrilgan.

XX asr oʻzbek adabiyotining barcha atoqli arboblari ijodiga nazar tashlasak, ular adabiy merosida tarjimaning muhim oʻrin egallagani kundek ravshan boʻladi. Oybekning adabiy merosi ham shu maʼnoda istisno emas. Oʻz hayotlari va ijodlarini millatni uygʻotishdek buyuk ishga bagʻishlagan adiblarning Sharq va ayniqsa, Gʻarb adabiyoti durdonalarini oʻzbek tiliga tarjima qilishlari nafaqat milliy adabiyotimiz badiiy ufqlari va imkoniyatlarining kengayishi, balki ayni paytda millat badiiy ongining yuksalishi, tafakkurining keng qanot yozishi, adabiy-estetik didining sayqal topishida katta ahamiyatga molik boʻlgan. Shuning uchun ham oʻzbek badiiy tarjima maktabi XX asr boshlarida Turkistonda, soʻngra Oʻzbekistonda yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtarilib, oʻzbek xalqiga rus va jahon adabiyotining buyuk namoyandalari ijodi bilan yaqindan tanishish, yangi badiiy olamni kashf etish imkoniyatini yaratdi. Oybek ustozlari boshlab bergan shu muborak ishni mehr bilan davom ettirib, ijodiy hayotining qariyb barcha bosqichlarida badiiy tarjimaga alohida eʼtibor va muhabbat bilan qaradi.

Badiiy tarjima – bir milliy adabiyot durdonasini ikkinchi milliy adabiyotning, binobarin, boshqa bir xalqning badiiy mulkiga aylanishiga, shu milliy adabiyotning badiiy imkoniyatlari va tasvir aslahalarining boyishiga imkon beradigan sanʼat sohasi. Ayni paytda tarjima, V. Jukovskiy ifodasi bilan aytsak, “shoirning quli” yoki “raqibi” boʻlgan tarjimonning mehnatini qadrlaydigan, uni iqtisodiy jihatdan taʼminlaydigan muhim moddiy manba hamdir. Shuning uchun ham tarjimaga odatda turli maqsadda yondoshiladi.

1937 yilning boʻronli kunlarida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligidan oʻchirilib, asarlari matbuot yuzini koʻrmagan, Til va adabiyot institutidan haydalib, maosh nimaligini unutgan Oybekning bir-ikki yil mobaynida kimlarningdir nomlaridan bir necha ijtimoiy-siyosiy risolalarni tarjima qilib, tirikchilik oʻtkazgani hech kimga sir emas. Ammo qatagʻon boʻroni hiyla tinib, 1938 yil soʻngida Oʻquv-pedagogika davlat nashriyotiga tarjimon-muharrir boʻlib ishga kirishi bilan u katta xayrli ishga qoʻl urdi: “Antik adabiyot xrestomatiyasi”ning Rim adabiyotiga bagʻishlangan maxsus jildini qisqa muddatda oʻzbek tiliga tarjima qildi. (Darvoqe, bu xrestomatiyaning Yunon adabiyotiga bagʻishlangan ruscha nashri nima sababdandir chop etilmay qolgan.) Oybek shu tarjima asari bilan oʻzbek kitobxoniga antik Rim adabiyoti bilan ilk bor tanishish imkoniyati va nashidasini berdi.

Bugun “Jahon adabiyoti” mushtariylari eʼtiboriga havola etilayotgan mashhur italyan lirik shoiri Kay Valeriy Katullning sheʼrlari bundan kamida ikki ming yil avval yozilgan. Oybek “Daqqi Yunus”dan qolgan bu sheʼrlarni tarjima qilishda shoir “his-tuygʻulari haqiqati”ni saqlashni, saqlabgina qolmay, uni badiiy haqiqat libosiga oʻragan holda oʻzbek kitobxoniga taqdim etishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.

Shunday sheʼrlar boʻladiki, agar ularni oʻqib, tushunib, his qilib, oʻzingizni zavq-shavqning joʻshqin bulogʻida his etsangiz, ularning shoirona goʻzal va betakror tahlil va sharhlarini oʻqib, shundan oʻn-yigirma baravar ortiq zavq-shavq bulogʻiga gʻarq boʻlasiz. Kamina oʻtgan asrning 40–50-yillarida V. G. Belinskiyning sheʼriyat haqidagi maqolalarini oʻqib va shu maqolalaridagi Pushkin sheʼrlarining nozik estetik tahlili bilan tanishganimdan soʻng, uning “Tun nuri sohir…” sheʼri jahon lirikasining mislsiz durdonalaridan biri ekaniga amin boʻlganman. Shu sheʼr oʻzbek tiliga Oybek qalami bilan tarjima qilingan. Bilmadim, balki uning boshqa tarjimalari ham bordir. Ammo Oybek shu sheʼrni erkin tarjima qilmagani, aksincha, rus shoirining har bir soʻzi va obrazini aynan saqlab qolganiga qaramay, sheʼr shunday oʻqiladiki, uning rus tilidan tarjima qilingani xayolingizga ham kelmaydi. Sheʼrning ichki musiqasi sizni oʻzining sehrli ogʻushiga tortib oladi. Hatto “gvadalkvivir”ning nimani anglatayotgani ham sizni qiziqtirmay qoʻyadi.

Buyuk rus tanqidchisi bu sheʼrni keltirib, bunday yozgan edi: “Bu nima? – sehrli kartinami, xayoliy koʻrinishmi yoki koʻkdan yangragan va shaydo qiluvchi ispan qizining muhabbat va orzular bilan horgʻin boshi ustidan uchib oʻtgan musiqiy akkordmi?.. Ziynatli, ehtirosli janub kechasining sirli, shaffof qorongʻiligʻida yangragan serenada sadolarimi, balkonga loqayd suyalib, goʻzal kechaning xushboʻy havosini chanqoqlik bilan yutib, nozanin ispan qizi eshitgan, intizor va tuygʻularga toʻla serenada sadolarimi?..”

Agar Oybek tarjimasidagi “Tun nuri sohir…” sheʼrini oʻqisangiz, Pushkin sheʼridagi Belinskiyni hayajonga solgan barcha holatlar tarjimada ham aynan saqlanganini koʻrasiz.

Pushkinning bu ikki lirik durdonasi Belinskiyning “Poeziyaning xil va turlarga boʻlinishi” maqolasida toʻla keltirilgan. Oybek 1939 yilda shu maqolani boyagi sheʼrlar bilan birga oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Ammo shu voqeadan rosa uch yil avval unga – hali badiiy tarjimada katta ijodiy tajriba hosil qilmagan shoirga rus sheʼriyatining shoh namunalaridan biri – “Yevgeniy Onegin” sheʼriy romanini oʻzbek navolarida yangratish vazifasi topshirilgan edi. Oybek ulugʻ shoir vafotining 1937 yilda nishonlanajak 100 yilligi munosabati bilan boshlangan shu ijodiy maʼrakada ishtirok etish uchun Elbek, Shayxzoda, Usmon Nosir, Temur Fattoh singari qalamkash birodarlari bilan birga Chimyon togʻining hushhavo etaklarida tikilgan oʻtovlardan birini oʻziga maskan qilib oladi. Pushkin asaridagi romantik harorat bilan xushmanzara Chimyon togʻlari oʻrtasida buyuk uygʻunlik mavjud edi. Shu uygʻunlik uning Pushkin asari ruhiga kirishida oʻziga xos kalit boʻlib xizmat qildi.

Mazkur asar qahramonlari yashagan davrda rus jamiyatini Fransiya madaniyati, fransuz tili, fransuz taomlaridan chetda tasavvur qilish mahol. Asar tili fransuz yozuvchilari va asarlarining, hatto fransuz taomlarining nomlari bilan toʻla. Buning ustiga, asar 9 hijoli yambda 14 satrdan iborat, ababvvggdeedyoyo tarzida qofiyalangan “Onegin bandi” bilan yozilgan. Tarjimon Pushkinning romantik ruh bilan yoʻgʻrilgan asaridagi badiiy latofatni oʻzbek tilida yorqin ifodalashdan tashqari, “Onegin bandlari”ning temir panjasidan chetga chiqmasligi, iloji boʻlsa, 9 hijoli satrdagi joʻshqin ruh va surʼatga rioya qilishi, kishi va taom nomlarini oʻzbek kitobxoniga tushunarli tarzda yetkazishi lozim edi. Bu favqulodda ogʻir va mashaqqatli vazifani Oybek sharaf bilan bajardi.

Asar bir necha bobdan va har bir bob oʻnlab “Onegin bandlari”dan tashkil topgan. Voqealar tasviri jarayonida Pushkin sheʼri goh shalola boʻlib toshadi, goh chuqur daryo oʻlaroq salobat kasb etadi… Masalan, shoir Peterburg teatri sahnasida javlon urgan raqqosalarga nigoh tashlaganida, uning his va tuygʻulari shalola oʻlaroq sharaqlab oqadi. Oybek asarning shunday parchalarini ham, his va tuygʻularning shiddatli harakati sekin-asta tinib, falsafiy oʻzanga tushgandagi holatini ham oʻzbek tilida shunday mahorat bilan aks ettira olganki, uning Pushkinning “qul”iga emas, balki tom maʼnodagi “raqib”iga aylanganini koʻrib, hayratga tushasiz.

Biz “Yevgeniy Onegin”ning boyagi “oʻt va muz” alanga olgan sahnalarini emas, balki kitobxonni bir oz oʻylantiradigan, Pushkin va Oybekning sheʼriy mahorati “taʼmi”ni bemalol tuyish mumkin boʻlgan parchasini jurnalxonlar eʼtiboriga havola etishni maqbul koʻrdik. Ammo bu hol tarjimaning boshqa sahifalari bunday badiiy zavq uygʻota olmaydi, degan fikrni mutlaqo anglatmaydi.

Odatda shoir va yozuvchilar oʻz asarlarining tezroq kitobxon qoʻliga yetib borishi haqida qaygʻuradilar. Zotan, sheʼr, hikoya yoki tarjima, avvalo, kitobxon uchun yaratiladi. Bu haqiqatni inkor qilishga biror asos boʻlmaganiga qaramay, Oybek unga ayrim hollarda itoat etmagan. U Anna Axmatova va Ondra Lisogorskiyning yuqorida eʼlon qilingan asarlaridan oʻzi zavqlangani va shu asarlarga mehr iplari bilan bogʻlanib qolgani uchun ularni oʻzi uchun tarjima qilgan. Bu asarlarni bugun Oybek tarjimasida kitobxonga bemalol taqdim qilish mumkin. Zero, ularning ham manglayiga Oybekning tarjimonlik va shoirlik muhri bosilganki, bu muhr biz, avlodlar, uchun tabarrukdir.

Oybek Pushkin asarlarini tarjima qilganida, asliyat ruhini saqlab qolishga, ulardagi badiiyatning oltin kukunlari tarjimada ham tovlanib turishiga qanday yoʻllar bilan erishgan boʻlsa, Kozlov, Axmatova, Lisagorskiy sheʼrlarini oʻzbek tiliga oʻgirganida ham shu yoʻllar va tamoyillardan chekinmadi. U, avvalo, bu asarlarning oʻzidan katta estetik zavq oldi, oʻzbek kitobxonlarining ham ulardan shunday zavq-shavq olishlari lozimligini bir daqiqa boʻlsin unutmadi. Asliyatning gʻoyaviy mazmuninigina emas, badiiy shaklini, poetik obrazlar jozibasini, goʻzalligini ham tarjimada ifodalash Oybek-tarjimon uchun eng muhim shart edi.

Agar hurmatli jurnalxonlar eʼtibor bergan boʻlsalar, Oybek-tarjimon oʻzbek xalqini avvalo jahon badiiy madaniyatining durdonalari bilan tanishtirishga, shu asarlarning oʻzbek adabiyoti xazinasidan ham oʻrin olib, kitobxonlarning badiiy mulki boʻlib qolishiga intilgan. Bu, “Ming bir kecha”lar, “Kalila va Dimna”lar, “Shohnoma”larni turkiyga tarjima qilgan fidoyi ustozlardan qolgan anʼana edi. Oybek ana shu muborak anʼanani yangi tarixiy-madaniy sharoitda muvaffaqiyat bilan davom ettirdi.

 

Naim Karimov,

filologiya fanlari doktori

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.