Oybek haqida soʻz

0
508
marta koʻrilgan.

Yangi hisob bilan 1905 yilning 10 yanvarida tavallud topgan Oybek domla haqida soʻz aytish uning ijodidan bahramand muhiblari uchun juda hayajonli, ayni chogʻda sharafli va masʼuliyatlidir.

Adib haqida xorijlik va oʻzbe-kistonlik doʻstlari, olimlar, boshqa atoqli ijodkorlar oʻz xotiralarida bir fikrni bot-bot taʼkidlaydilar: “Oybek zamonamizning, XX asrning Navoiysidur”.

Insoniy tiynatining pokizaligiga, ijodiy merosining miqyosi va teranligiga koʻra Hazrat Alisher Navoiy va Oybek domlaning qay bir darajada qiyoslanishiga asos bor, albatta, yoki kami bu fikrga xayrixoh boʻlishimiz aniq.

Uning isboti Yurtboshimizning Oʻzbekiston adibu shoirlariga murojaatlarida ham oʻz ifodasini topdi. Murojaatda “shoir deganda, Alisher Navoiydek benazir zotlarni, yozuvchi deganda, Abdulla Qodiriy va Oybek… ni tasavvur etamiz”, deya ular bir doirada tilga olindilar. “Adabiyotga eʼtibor – maʼnaviyatga, kelajakka eʼtibor” nomli ana shu murojaat – risoladagi yana bir fikr aynan Oybek domlani nazarda tutib aytilgandek tuyuladi: “Mustabid tuzum davrida vijdon azobini kim koʻproq tortgan, desa, men, doimo bu hayotning maʼno-mazmuni, insonning qadr-qimmati, el-yurt taqdiri haqida qaygʻurib yashaydigan odamlar va ularning oldingi qatorida boʻlgan ijod ahli, deb aytgan boʻlardim”.

Darhaqiqat, taqdir taqozosi bilan oʻtgan asrning eng murakkab, noinsoniy jamiyatida yashab, ijod etgan talantli oʻzbek shoiru adiblari qatori Oybek ham nihoyatda ogʻir ijtimoiy muhit iskanjasida boʻldi. Atrofida kechayotgan adolatsizliklarni koʻrib vijdonan qiynaldi, ruhan azob chekdi. Ammo maʼnan sinmaslikka, haqiqat yalovini baland tutishga harakat qildi. Nohaqliklarga oʻziga xos eʼtiroz – ijodiy isyonlari bilan vijdon pokligini saqlashga intildi.

Oʻtgan asrning 20-yillari, Oybek-lar avlodi ayni ijodiy shakllanish pallasida yosh shoir Muso Oybek mafkura tazyiqida qoralanayotgan Choʻlpon shoirni yoqlab maqolalar yozdi. “Choʻlpon oʻqiladi, ruslarning Pushkini kabi Choʻlpon ham yuksak badiiyati bilan xalqqa kerak”, deb aytadi. Bu uning oʻziga ham oʻzi belgilagan ilk hukmi, vijdon tazyiqidagi ilk isyoni edi. Keyinroq Choʻlpon nomini tilga olish ham qatʼiy taqiqlanganda, Oybek buyuk salafining sheʼriyatiga oʻz sheʼrlari bilan sadoqat koʻrsatib, oʻzbek adabiyotida Choʻlpon ruhini tirik saqladi. Ramzlar, ishoralar dunyosidagi inja obrazlari, tasviri bilan “sof” lirikaning goʻzal namunalarini yaratdi, ayni chogʻda “vahshiy” qoyalarni yorib chiqib, “shamol belanchagida” “nafis chayqalayotgan bir tup naʼmatak” misolida isyon, erk, ozodlik tuygʻularini ulugʻlab, ustozining anʼanalarini bezavol davom ettirdi.

Shu kezlar yana Abdulla Qodiriy ijodini olimlik rutbasida tahlil etib, nelarnidir inkor etib, bahslashib, nelarnidir Qodiriyona betakror isteʼdod namunasi deya tasdiq etib, oʻz millatdoshlari ongu tafakkurida Abdulla Qodiriy nomini barqaror qilishga saʼy etdi. Bular Oybekning yuragidagi chandiqlar, jarohatlar edi. Buyuk salaflari mahv etilib, xalqning qalbi milliy chashmalardan bebahra qolayotganini teran his etgan adib, endi oʻzi bu tashnalikni qator xalqona dostonlar va “Qutlugʻ qon”, “Navoiy” kabi sof milliy romanlar bilan qondirmoqqa qodir boʻla oldi.

“Qutlugʻ qon”ning katta miqyos-larini qoʻya turib, shunday kichik bir lavhaga eʼtibor qilsak-da, uning milliy tabiati namoyon boʻlaveradi.

Peterburgdan Toshkentga kelgan rus chor amaldori, shu yerdagi boshqa bir chinovnik millatdoshi bilan restoranda suhbat qilar ekan, suhbatdoshidan quyidagi bir eʼtirofini yashirolmaydi: “Bu osiyoliklar vahshiy boʻlsalar ham, baʼzi bir fazilatlarga ega ekanlar: mana boy “sart” oʻz xizmatkori, balki quli bilan birga ichishadi. Demokratiya! “Suhbatdoshi unga javoban aytadi: “Sart”lar irq jihatidan, albatta past… Lekin bunga qaramay, baʼzi xususiyatlarini koʻrsatadilarki,… ularda badiiy sezgi ancha oʻsgan. Ular gulni sevadilar. Kiyimlari chirkin boʻlsa ham chakkasiga gul qistirib yuradilar.… Boy boʻlsin, kambagʻal boʻlsin, baribir, “sart”ning uyida bitta piyolasi boʻladi. Ikkita qilsa, odat buziladi…”

Ana shu kichkina lavhadayoq Oybek katta mahorat koʻrsatib, mahalliy xalqning tabiatida nafosat hissi, oqibat, birdamlik, jamoaviylik tuygʻusi zoʻrligini, maʼnaviyati ne qadar yuksakligini koʻrsatyapti. Xalq hayotining epik manzaralaridan-da oʻtib, jajji lavha bilan ham milliy tuygʻularni yolqinlantiryapti.

Keyingi bosqichda adib oʻz nigoh-larini olis moziyga qaratib, millatning besh yuz yillik tarixiga yorqin nur tarata olgan ulugʻ bobokalonimiz hazrat Alisher Navoiy siymosini xalq qalbida qayta tiklamoq ishtiyoqi bilan yashadi. Ilmiy tadqiqotlar, doston yaratib, “Asrlarning titib chokini, goho yorqin koʻraman cholni” deya yuragimizga nihoyatda yaqin, samimiy bir qiyofani tasavvurlarimizga muhrladi. Xalq unutilishga mahkum milliy gʻururni ilkis qayta tuydi. Oʻzini, oʻz buyukligini tanimoq sari odimladi. Navoiy timsolida tilini, dinini, oʻz qadriyatlarini, insoniy shaʼni-shukuhini va pok aqidalarini har qanday vaziyatda ham asramoq saboqlarini uqdi. Bu-da, Oybekning isyoni, vijdon oldidagi pokiza amali edi.

Ikkinchi jahon urushi boshlanib, bir guruh sanʼat ahli bilan ulkan jangohlarni kezgan adib, shundan ham milliy gʻurur, milliyat degan oʻsha soʻnmas tuygʻularni yana olovlantirish ehtiyojini tuydi.

Xaltasidagi bir parcha qotgan qora nonni bloknotga almashtirib, urush haqida, bu dahshatli muxorabada oʻzbekning ezgulik uchun kurashlarga kirgan asl oʻgʻlonlari haqida “Quyosh qoraymas” romanining ilk sahifalarini yozishga kirishdi. Jangohlarda oʻz millatdoshlarining jasoratini kuzatar ekan, bu fazilatlar ularga kecha singdirilgan “haybaraka” sifatlar emasligini, matonatning ildizlari chuqurroq ekanini anglashiga turtki berdi va ijodiy niyatni qalbida, vijdonida choʻkindi boʻlib turgan oʻsha quvgʻin isyon ruhi bilan omuxta etish istagini uygʻotdi. Bilhaq, katta niyat va xolis intilish katta yechim, miqyosli qiyosu topilmalarga yoʻl ochar ekan. Oybek urush haqidagi romanining bosh qahramoniga Bektemir deb ism beradi. Xalqi xotirasida sohibqiron Temurbekning ruhini uygʻotmoqni shu tariqa hal etmakchi boʻladi. Bu haqiqat ham Ozod domla aytmoqchi, Oybekning tom maʼnoda “Millatni uygʻotgan adib” ekaniga yana bir shohidlikdir.

Albatta bu isyonlar, goh Yoʻlchi, goh Navoiy, goh Bektemir va goho, yovvoyi tabiat moʻjizasi naʼmatak misolidagi daʼvatkor ruh qattol zamonaning gumashtalari nigohidan chetda qolishi mumkin emasdi. Xalq mehrini qozongan adibni jismoniy mahv etishdan koʻra majruh etish maʼqul topildi. Oybek ijodkor uchun soʻzlash va yozishdek tansiq neʼmatdan, tiriklik tirgagidan mahrum etildi. Uni zamona qush tilida soʻzlashga mahkum etdi. Ammo bukolmadi, sindirolmadi. U soʻngsiz sahrolarda yuksak parvozdagi sor misol sassiz, ammo oʻtkir nigohlari bilan “Nur qidirib” koʻhna Osiyo sarhadlarini kezindi, gohi uzoq moziyga, gohi “Bolalik” begʻuborliklariga yukindi, “Ulugʻ yoʻl”ni izladi. Bu yoʻl boshlarida gohi sohibqiron Temurbekni, sultoni gʻoziy Husayn Boyqaroni, Nizomiddin Alisherni, ozurda jon Zahiriddin Muhammad Boburni koʻrmoqchi boʻldi. Gohi esa shahid ogʻalari maʼrifatparvar Munavvar qorini, Sidqiy Xondayliqiyu Tavallo, Abdulla Avloniy, Mirmuxsin Shermuhamedovlarni topmoqchi boʻldi.

Hazrat Navoiy umr nihoyasida “Lison-ut tayr” atab, “qush tili”da oʻlmas doston yaratganidek, Oybek ham hayotining soʻnggi oʻn yetti yili davomi ilhom va tafakkur yolqinlarini qush tilida shivirlab, Zarifaxonim dasxatlari bilan yana qariyb oʻn jild asarlar yozdi. Biri-biridan tilsimli, mahobatli romanlar, qissalar tugallangan va yakunlab ulgurilmagan dostonlar, falsafiy sheʼrlar yaratdi. Bular ham aslida uning millat gʻamidagi zahmatlari, xalq xotirasini saqlash yoʻlidagi vijdon epkinlari edi.

Oybek hazrat Navoiy yoshiga borib zamona “oʻyin”laridan toliqdi, biroz tin oldi. Oltmish yillik hayot yoʻllarining yovuzligu ezgulikning, zulm va adolatning, tubanlik va yuksaklikning kurashlarida orttirgan bilim, tajribalarining, koʻrgan-kechirganlarining sarhisobini qildi, barini ulugʻ donishmandlikka yetib angladi. Ular bari oʻzi uchun yon daftar qatlariga bitiladigan toʻrt qator misralarga jo boʻlishi mumkinligini ham sezdi.

 

Haqiqat soqovdir zaifdir inson

Toshlar ham yigʻlaydi – sir toʻla osmon

Haqiqiy olam ne? Javob yoʻq hayhot!

Faylasuf toʻqiydi hisobsiz yolgʻon.

 

Oybek ana shu istigʻfor pallasida, piri komilining yoshlaridan ikki-uch sana oʻtib bu dunyodan koʻz yumdi. Oʻzidan qutlugʻ va munavvar xotira qoldirib, millatini uygʻonmoqqa, tenglar ichra teng boʻlib, vijdon va gʻurur bilan yashamoqqa daʼvat etib, ibrat boʻlib abadiyatga yuz tutdi. Minnatdor avlod esa buyuk kelajagini bunyod etish yoʻllarida buyuk ajdodini saflarda bilib, Oybekka muhtasham haykal tikladi.

 

Shuhrat Rizayev

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.