Otsizlik maqomi

0
33
marta ko‘rilgan.

Alisher Navoiyning “G‘aroyib us-sig‘ar” devonida “Zihiy, har lahni bulbul savtining zotingg‘a isbote” deb boshlanuvchi bir g‘azal bor. U devonga 576-raqam bilan joylashtirilgan. Unda shoir behad murakkab va chuqur mazmunli timsollar bilan Ollohning zot va sifati hamda so‘fiyona komillik haqidagi falsafasini bayon qiladi. G‘azal yetti baytli bo‘lib, quyidagi maqta’ bilan nihoyasiga yetadi:

Navoiy zikri otingdur, umidi ulki, qutqarsang

Ani ot istamakdin, balki andinkim, bo‘lur ote.

Baytning asosiy mazmunini o‘zida jam etgan, mazmuniga mazmun qo‘shgan so‘z ot so‘zidir. U baytda uch shakl va uch ma’noda uch bor takrorlangan: oting, ot, ote. Navoiy zikri otingdur der ekan, shoir bu bilan Haq taologa murojaat qilib deydiki, Sening oting, ya’ni noming, isming zikri muttasil tilimdadir. Zikr, ma’lumki, Haq ismini yodda tutish, uni tilu dil bilan tinimsiz takrorlashdir. Keyingi qismda shoirning maqsad-muddaosi bayon qilingan: ey, Parvardigor, Sening otingni muttasil zikr etar ekanman, umidim shuki, meni ot istamakdan qutqarsang. Ot istamak nom chiqarishga intilish, o‘z nomini ulug‘lash, u bilan faxrlanish deganidir. Ot istamakning ulug‘ shoir ijodida nangu nom degan ko‘rinishi ham bor. Ot istamak yoki nangu nom ma’naviy-ruhiy kamolot yo‘lidagi eng qalin va eng baland to‘siqdir. Ey hushi joyida bo‘lganlar, – deydi shuning uchun ham shoir bir baytida nangu nom egalariga murojaat qilib, – mayxona oldida turmang yoki men kabi joynamozingizni may uchun garovga qo‘yib, ya’ni ko‘nglingizni Haq ishqi bilan pok etib, tarki nangu nom aylang:

Ey salomat ahli, o‘t mayxonadin, yo men kibi,

Mayg‘a sajjodang garav qo‘y, tarki nangu nom ber.

Ma’lum bo‘ladiki, shoir meni ot istamakdan qutqarsang, der ekan, xudparastlik, nom kibri kabi illatdan xalos bo‘lishni istaydi. Ammo shoirning maqsadi shugina emas, u nom kibridan qutulmoq bilan qanoatlanadigan inson ham emas. U balki andinkim, bo‘lur ote der ekan, juda yuksak maqomni ko‘zlaydi. “Ote” ham nom, ism ma’nosidagi “ot”ning bir shakli. Uning tarkibidagi “e (e)” birlikni bildiruvchi qo‘shimcha bo‘lib, “ote” bir ot, biror ot ma’nosida kelgan. Shoir nafaqat ot istamakdin qutulmoq, balki undan biror ot – nom-nishon qolishini ham istamaydi. Bu komillikning oliy cho‘qqisi – otsizlik maqomidir. Otsizlik maqomining tasviri shoirning ko‘pgina asarlari, jumladan, “Farhod va Shirin” dostonida ham bor: Xusrav Arman mulkiga lashkar tortib, uni qamal qilgan chog‘da Farhod baland bir tosh ustida chiqib qo‘rg‘onni himoya qilishga chog‘lanadi. Farhod siymosiga jo bo‘lgan fayzu shukuh Xusrav ko‘ksiga o‘tkir xanjardek sanchiladi. Ammo shunday bo‘lsa ham, uni bir gado deb bilib, takabburlik bilan undan otini so‘raydi. Farhod javob qaytaradiki, ot ahli emasmen:

Ichimga ishq o‘tidin tushkali dud,

Ne otim, balki zotim bo‘ldi nobud.

 

Meni ot anglamakdin ishq etib yot,

Men otdin yotu mendin yot o‘lib ot.

Shu o‘rinda “Lison ut-tayr”dagi bir hikoyat ham yodga keladi: Ibrohim Adham Balx sultoni edi, ammo toju taxtdan kechib, suluk yo‘liga kiradi va Nishopur shahri yaqinidagi bir vayronada qattiq riyozatga beriladi. U muttasil ro‘za tutar, kun bo‘yi ranj chekib, bir quchoq o‘tin terar, o‘tinni bozorga eltib sotar, puliga iftorlik olar edi. Bir kuni aqtobi zamon – bir guruh komil pirlar sultonning yo‘lini to‘sib, uning sulukda qay darajaga yetganini bilish uchun imtihon qiladilar. Suluk peshvolari unga shunday deydi: Eyki, Ibrohimi Adham, shohi Balx… Ibrohim Adham ularga shunday javob qaytaradi: “Onikim, sen tilaysen, qoldi ul, Balxdin men bu taraf tutqonda yo‘l”. Bu javobni eshitib, ular shunday xulosaga keladilar: “… notamom ermish hanuz!” Chunki otu mulki hali ham yodidan chiqmabdi. Oradan bir yil o‘tib, shu hol yana takrorlanadi. Bu safar deydilarki: “… suluk ichra ishi bo‘lmish tamom”. Chunki savol berganlarida: “Chiqmadi bu qatla sultondin nafas!” Ya’ni Farhod so‘zlari bilan aytganda, u otidan, oti esa undan butunlay yot bo‘lgan edi.

“Ot” yoki nangu nom, “Navodir ush-shabob”ga kiritilgan 307-g‘azalning quyidagi baytida aytilishicha, shoir falsafasida g‘oyat muhim o‘rin tutuvchi o‘zlik tushunchasining o‘zgacha otidir:

Menmen o‘zluk yukidin emdi xalos,

Negakim qolmadi nangu nomim.

O‘zlik yukidin xalos bo‘lmoq – foniy bo‘lmoq, boshqacha aytganda, komil insonlik maqomiga ko‘tarilmoqdir. Shunday ekan, shoirning Alloh otini muttasil zikr qilib, ot istamakdin, balki o‘zlik yukidin xalos bo‘lishga intilishi ajablanarli emas.

 

Abdulhamid QURBONOV,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.