Oʻtli qalamdan toʻkilgan otash satrlar

0
436
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov sheʼrlarini oʻqib

 

Sheʼriyat – mardlar maydoni, unga yuragida oʻti borlar tushadi. Yurakdagi oʻtni xudo yuqtirgan isteʼdod, tiynatga berilgan ilhom yoqadi. Bu oʻt shoir yuragidan qalamiga oʻtadi, bu otash yolqinida toblangan qalamdan chiqqan qaynoq satrlar chaqnoq uchqun kabi: oʻqigan kishining yuragiga tushib, lop etib yonadi – uning tuygʻularini uygʻotib, aqlu shuurini harakatga keltiradi. Endi bu satrlar faqat shoirniki emas, u umum mulki – sheʼrni koʻplab odamlar sevib oʻqiydi, yod oladi, mudom takrorlab yuradi. Zero, bunday sheʼrda u oʻzining dardini, tuygʻulari, orzu-umidlarini koʻrdi, shoirning lirik qahramoni timsolida oʻzini tanidi, bildi.

Balki shu bois koʻp emas, sanoqli ijodkorga “el suygan shoir”, “xalq dardini kuylagan qalamkash” deya taʼrif berilar? Ehtimol, ayni shu sabab sheʼriyat maydonida har kasga ham oʻrin yoʻqdir? Rost-da, uning ijodini kimdir oʻqib, huzurlanmasa, taʼsirlanmasa, yozgani faqat balandparda gaplaru oddiy baqiroq misralardan iborat boʻlsa, u adabiyotning mardona sahnasida turib bera olarmidi?

Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripov sheʼrlari mutolaasi davomida har gal shunday oʻylar qurshovida qolaman. Shoirning sodda, samimiy, ammo zamirida ulkan hayot falsafasini jamlagan sheʼrlari oʻquvchini oʻziga maftun qiladi, qalbining toʻridan joy oladi. Quyma satrlarning xalqona ohangi, teran maʼno-mazmun, hayotiy, rost xulosalar donishmandona sheʼriyatni hosil qilganki, bu ijod bilan tanishgan sari kishi ruhi tozarib boraveradi, oʻzligi va borliqqa teranroq nigoh tashlaydi, atrofdagi voqeliklardan tugal mazmun qidiradi.

Asl shoir yurtini jonu dili bilan sevib kuylaydi va bu yumushni oʻzi uchun eng oliy vazifa, burch deb biladi. Abdulla Oripovning yurt, xalq, Vatan haqidagi sheʼrlari ana shu burch daʼvati bilan yozilgan asarlardir. Har gal oʻqiganda yo eshitganda yurakni qat-qatlarigacha titratib yuboradigan sheʼrlarni eslang: “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni?”, “Oʻzbekiston – Vatanim manim”, “Ona tilim”, “Ona sayyora”… Bu kabi sheʼrlar roʻyxatini uzoq davom ettirish mumkin. Ularning har birida shoirning, uninggina emas, butun oʻzbekning yurtga mehri, sadoqati ifoda etilgan. Bu sheʼrlarda milliy gʻurur, iftixor tuygʻularining yuksak ifodasini koʻrish, his qilish mumkin. Ayniqsa, “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni?” va “Oʻzbekiston – Vatanim manim” sheʼrlari shoirning adabiy pasportiga aylangan. Qogʻozga tushirilgan davri nuqtai nazaridan qaralganida katta ijodiy jasorat talab qiladigan bunday satrlarni dadil yoza olish uchun shoir yuragi chinakamiga oʻtdek yonishi kerak edi:

 

Kechmishing bor chindan ham uzoq,

Ilgʻay olmas barchasin koʻzim.

Maqtamasman moziyni biroq,

Oʻtmishingni oʻylayman bir zum.

Zabtga olib keng Osiyoni,

Bir zot chiqdi magʻrur, davongir,

Ikki asr yarim dunyoni

Zir qaqshatdi Buyuk jahongir.

Aytgum, bu kun, u manim, manim.

Oʻzbekiston, Vatanim manim.

 

Oʻzbekning ushbu sheʼrdan, jillaqursa, bir parchani yod olib, burro tilda aytib bermaydigan bolasi yoʻq, deyilsa, mubolagʻa boʻlmas. Va har gal jajjilar tilidan shu sheʼr yangrar ekan, odamning qalbi faxrdan, gʻururdan joʻshib ketadi. Bu esa, shubhasiz, shoirning satrlarda manaman deb koʻrinib, barq urib turgan vatanparvarlik tuygʻularidan tushgan uchqundir…

Abdulla Oripovning ulkan sheʼriyatidan joy olgan minglab sheʼrlarda donishmandona xulosa yashirin. Shoir har bir holat, har bir hayotiy voqea, insoniy kechinmadan teran xulosa chiqara oladi. “Ona tilim” sheʼrida tili yoʻqolgan millatning toʻtiqushga qiyoslanishi taʼsirli bir manzarani koʻz oʻngimizda chizgani kabi mashhur yana bir sheʼr – “Birinchi muhabbatim”da eng yuksak insoniy tuygʻuga oshnolik kishi qalbida oʻchmas iz qoldirishi yorqin tasvirlarda beriladi. “Tulki falsafasi” sheʼri esa oʻtkir va achchiq kulgi yoʻsinida tulkisifat kimsalarni oʻz tilidan fosh qiluvchi hajviy-satirik asarga aylangan.

Shoirning keyingi davrda yozilgan sheʼrlarini mutolaa qilar ekansiz, hayot, umr haqidagi boy mushohada ummonida suzayotganday boʻlasiz. Inson umri – oqayotgan daryoga qiyos: uning shiddati pasayishi mumkindir, ammo zinhor toʻxtab qolmaydi. Odamzod ortiga oʻgirilib qarab, oʻtgan vaqtini sarhisob qilar ekan, izidan oʻsib kelayotganlarning shashti-shiddatida oʻz yoshligini, oʻt-olov chogʻlaridagi shijoatini koʻrganday boʻladi. Oʻzi qilgan xatolarni ular takrorlamasa, oʻzi yurgan sertikan yoʻllardan ular oʻtmasa, deydi. Aytadigan pandi, beradigan maslahati navniholni avaylash, asrash qasdida boʻladi.

 

Bolam, umid bilan yashagin, biroq

Hayot baland-pastin boʻyningga olgin.

Oʻzing kabilarga yaqin boʻl koʻproq,

Qol, desa mardlarning yonida qolgin.

 

Bu satrlar shoirning “Qanoat” sheʼridan. Odamning umri davomida inson sifatidagi erishgan eng buyuk rutbasi sifatida shoir qanoatni tanlaydi. Bu fazilatga suyangan odam qoqilmaydi, adashmaydi, sabr unga yoʻldosh, kamsuqumlik hamroh boʻladi. “Qanoat odamning eng yaqin doʻstidir”, deya xulosa yasaydi shoir:

 

Inson umid bilan yashaydi, ammo

Ruhini ezgaydir xorlik, kamu koʻst.

Alloh ayirmasin rizqidan aslo,

Yoʻqdir, qanoatdan ortiq biror doʻst.

 

Abdulla Oripov – falsafa shoiri. Uning avvalgi sheʼrlarida ham, keyingi davr ijodida ham shu jihatni kuzatish mumkin. Keyingi davrga mansub “Kosmodrom” sarlavhali sheʼrini oʻqigan kishi azaliy mavzu – yaxshilik va yomonlik oʻrtasidagi kurash, bu kurashda magʻlub boʻlganlar: iblisi lain, Odam Atoning oʻgʻli Qobil, buyuk bastakor Motsart qotili Salyeridan tortib, yana boshqa koʻplab timsollarni esga oladiki, ularning bari hasad askarlaridir. Azaldan inson tiynatida goh gʻolib, goh magʻlub boʻlib kelayotgan hasad zamon  yaralibdiki, mavjud va toabad barhayot. Uni yoʻqotib boʻlmaydi. Sheʼr shu haqida. Abdulla Oripovga xos betakror uslub – hikoyanavislik sheʼrning muallif aytmoqchi boʻlgan gʻoyani tugal ifodalashga xizmat qilgan. Sheʼr shunday boshlanadi:

 

Kosmodromga tun choʻkar asta,

Chor-tevarak odamga toʻliq.

Bir tomonga sotilgan chipta,

Marsga borish. Lekin qaytish yoʻq.

 

Davomida sayyoradan butunlay bosh olib ketayotgan insoniyat tasvirlanadi: kimdir bu yerga qayta olmasligini oʻylab, yigʻlaydi, kimdir birodarini izlash bilan ovora. Soʻnggi damda hammaning koʻnglida dard, pushaymon va alam. Ammo bir kimsa xursand. Uning bu holati sheʼrda quyidagi satrlarda oʻz ifodasini topadi:

 

Bir hasadgoʻy qiyqirar shu on:

– Yovim ketdi, endi men hurman.

Bilib qoʻygin, ey koʻhna jahon,

Oʻzim qoldim, hammadan zoʻrman!

 

Sheʼrning xulosa qismida hasadgoʻyni shu illatga mubtalo qilgan xususiyat – xudbinlikning asl namoyoni mujassam. Yerda yolgʻiz oʻzi qolayotgani, unga qarshilik qiladigan, xalal beradigan kimsaning bosh olib ketayotganidan mamnunlik oldinda kutib turgan yolgʻizlik iskanjasini unuttiradi, yomonning qisqa aqli, xira shuurida “Men gʻolib boʻldim!” degan xudparast tantana bosh koʻtaradi. Uning holati Insonni jannatdan yerga tushirgan shaytonning, nafsi yoʻlida oʻz ukasini oʻldirgan Qobilning yovuzona qiyofasini koʻz oʻngimizda chizib berganday boʻladi…

“Shoirlar oʻlmaydi, ular oʻzlarining sheʼrlarida barhayot”. Topib aytilgan gap. Zero, chin ijodkorning ikkinchi umri ham bor. U oʻz sheʼrlarida, sheʼr boʻlganida ham chinakam ijod mahsuli, yillar oʻtsa-da, eskirmaydigan, har yurakda yangilanadigan sanʼatkorona nazmiy durdonalarida yashayveradi. Demakki, biz bilan hamisha yonma-yon, hamqadam, hamrohdir…

 

Xurshida ABDULLAYEVA

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.