“Oʻtkan kunlar” jozibasi

0
365
marta koʻrilgan.

(Romanni qayta oʻqib…)

Badiiy asar mukammal boʻlsa, soʻz ustasining pokiza tuygʻulari samimiy tarannum etilsa, nafosatga tashna ilm-maʼrifat ahli unga har vaqt qayta murojaat qilaveradi. Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani shunday murojaatga munosib durdona.

Mana bir necha oʻn yildirki, qodiriyshunos olimlar bu roman yuzasidan juda qimmatli adabiy talqinlarni va tanqidlarni yozishdi. Bir tomondan qaralsa, roman hajmidan bir necha bor kattalashib ketgan ilmiy talqinlarda goʻyo hamma mulohaza aytib boʻlingandek koʻrinadi. Biroq “Oʻtkan kunlar”ning hayotiyligi, badiiy jozibasi romanni nafaqat yillar va asrlar sinovidan, balki turli nooʻrin tanqidlar suronidan ham eson-omon olib chiqaveradi. Shu sabab asarga qayta murojaat uchun mavzular topiladi.

Aytishlaricha, nabira bobosidan: “Bu hayot nima?” deb soʻraydi. Bobosi: “Azon ila namoz orasidir”, deydi. “Bu nima deganingiz, bobojon? Umr shu qadar qisqami?” “Ha, shu qadar qisqa, ammo bu azon va namoz nima ekanini bilasanmi, oʻgʻlim?”

Albatta, nabira buning maʼnosini bilmas edi. Bobosi izoh beradi: “Men aytgan azon namozsiz azondir, yaʼni, inson dunyoga kelgan mahali qulogʻiga azon aytiladi, biroq namoz oʻqilmaydi. Bu oʻrinda namoz azonsiz namozdir, yaʼni, inson ajali yetib oʻlganida janoza namozi oʻqiladi, ammo bu namoz uchun azon aytilmaydi. Men shu oraliqni nazarda tutdim, toychogʻim!”

Rivoyatning mazmuni shunday va negadir Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar”i, cheksiz zamon qarshisida bir necha soniyadek inson umrining suvratini abadiylashtirgan roman shu rivoyat ichiga joylangandek koʻrinadi.

Bilasizki, “Oʻtkan kunlar”dan tiriklik nafasi ufurib turadi. Qahramonlar siz bilan bir havodan nafas oladi, bir dasturxondan ovqat yeydi; ularning yurak urishlari eshitilgandek boʻladi: goʻyo Otabek bilan yonma-yon yurasiz, ziyofat majlislarida birga oʻtirib hamsuhbat boʻlasiz. Qizlar Kumushbibining “Siz oʻshami?” degan hayajonli savolini koʻngillariga muhrlab qoʻyadi. Yuzlaridan nur yogʻilib turgan Yusufbek hojining hikmatli, dono oʻgitlarini tinglab oʻyga tolasiz. Kumushning achchiq qismatini koʻrib, beixtiyor koʻzlaringiz yoshlanadi. Zaynabga “bechora” deysiz, “majnuna” deysiz. Xullas, asardagi salobat va mahobat, yozuvchining ruhiy talqinlari va badiiy mahorati sizni oʻziga rom etadi. Chunki romanda hayot bor, tiriklik bor, unda “ikki eshik orasi”dagi umr mohiyati mujassamdir.

Romanda besh-olti yillik voqea-hodisalardan parchalar qalamga olinadi, ammo kitobxon mutolaa jarayonida undagi har bir qahramonning butun umrini nisbatan toʻla-toʻkis va teran tasavvur qila oladi.

“1264 inchi hijriya, dalv oyining oʻn yettinchisi, qishki kunlarning biri, quyosh botqan, tevarakdan shom azoni eshitiladir…” Romanning ushbu muqaddimasiga har kim oʻzicha maʼno beradi. Buni oʻziga xos ramzli “Bismilloh”, deya izohlaydi bir yozuvchi. Bundagi qish kuniga, quyosh botishiga, shom kirganiga diqqat qiladi yana bir adib. Unisi ham, bunisi ham toʻgʻridir, ehtimol.

Ammo biz oʻsha jumladagi azonga eʼtibor qaratdik, unga tugʻilish, serjoziba qahramonlar uchun aytilgan ilohiy kalimalar, deya maʼno berdik. Shaytoniy tuygʻularni quvlash marosimi, deya tushundik. Azon – birinchi eshik ostonasi, dedik. Ehtimol, uni endi tugʻilayotgan roman janri uchun yangragan ilohiy sado oʻlaroq qabul etish ham mumkindir.

Zero, boboning nabiraga bergan oʻgitiga koʻra, hayot nihoyatda qisqa: azon va namoz oraligʻidir. Oraliq masofa cheksizlikka nisbatan bir soniya, bir soniyaga nisbatan cheksizdir. Bu oraliqda inson umri, Otabek, Zaynab, Yusufbek hoji, Oʻzbek oyim va boshqa oʻnlab qahramonlar umrining mohiyati mujassam. Zotan, bu oraliqda baxt va baxtsizlik, visol va ayriliq, gʻam-tashvish va surur yonma-yondir.

“Oʻtkan kunlar”ning ilk sahifasidan azon ovozi eshitilsa, oxirgi betlarida Kumushning oʻlim toʻshagida yotgan holati tasvirlanadi, azonsiz namoz – janozaga “Toshkandning har bir mahallasidan deyarli kishilar” qatnashgani bayon qilinadi. Shuningdek, roman “Xotima”sida Otabekning jangda, bosqinchi dushman bilan boʻlgan toʻqnashuvda qahramonlik koʻrsatib vafot etgani haqida xabar beriladi. Roman voqealari shunday yakun topadi.

Xullas, “Oʻtkan kunlar”ni ham shakli, ham mazmun-mohiyatiga koʻra azon va namoz oraligʻidagi mitti olamning mahobatli suvratidir, deyish mumkin.

 

Bahodir KARIM,

filologiya fanlari doktori

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.