Otaxon shoir

0
380
marta koʻrilgan.

(Habibiy tavalludining 125 yilligi munosabati bilan)

 

Tarix qaʼriga kirgan mustabid tuzum siyosati Habibiy singari aruznavis shoirlarga ham erkin ijod qilish imkonini bermadi. Aruz ohanglariga “kolxoz”, “traktor” singari oʻsha davrning timsoli boʻlgan soʻzlarni qoʻshishni talab qildi. Har bir gʻazalida “partiya”, “kommunizm” singari soʻzlar yangrab turmagan otaxon shoirlar gazeta va jurnallariga yaqinlashtirilmadi. Habibiy ham oʻtgan davrning shunday nagʻmalariga chidashga majbur boʻldi.

Zokirjon Xolmuhammad oʻgʻli Habibiy 1890 yili Andijon viloyatining Qoʻqonqishlogʻida dunyoga kelgan. Otasi Xolmuhammad Musa oʻgʻli sheʼriyatga, musiqaga, askiyaga havasmand edi. Shuning uchun, oʻgʻlini qishloqda ochilgan madrasaga berdi. Madrasada, Lutfiy, Navoiy, Muqimiy va Furqat ijodini yaxshi bilgan, oʻzi ham mumtoz xalq qoʻshiqlarini sevib kuylagan mulla Mamad Asqar oʻgʻli saboq berar edi. Zokirjon keyin Andijondagi Jome madrasasida, soʻngra Qoʻqondagi Mingoyim madrasasida bilim oldi. Ammo, 1906 yilda otasi vafot etgach, tahsilni chala qoldirib, oilasi bagʻriga qaytishga va roʻzgʻor tebratishga majbur boʻldi.

Taqdir odamzotni ayovsiz sinovlardan oʻtkazibgina qolmay, baxtli uchrashuvlarni ham hadya qiladi. Habibiy pokiza, kamtar va kamsuqum insonligi sabab, umri davomida maʼrifat va madaniyatni ardoqlovchi, shu olamga mansub kishilar davrasida yashadi, ular saxovatidan bahramand boʻldi. Habibiy dunyoga kelgan kezlarda Andijonda Abdurazzoq Bimiy, Muntazir, Mamanazar qori singari shoirlar el ogʻziga tushgan, ular qalamiga mansub gʻazallar Qoʻqonqishloqqa ham yetib borgan edi. Qoʻqonqishloq Jalolobod, Arslonbob va Bozorqoʻrgʻonning serqatnov yoʻlida joylashgani uchun sanʼat ahli Habibiy tugʻilgan qishloqda qoʻnib, nazm va navo kechalarini oʻtkazar edilar. 1876 yilda tugʻilgan isteʼdodli shoir Zokiriy sabab Qoʻqonqishloq Andijonning adabiy markazlaridan biriga aylandi. Habibiy, Anisiy, Mahjuriy, Gʻaribiy singari boʻlajak shoirlar ana shu adabiy muhitdan oziqlana boshladi.

1917 yildagi voqealarga qadar oʻzbek adabiyoti shunday adabiy toʻgaraklar va davralarda yaratilib, soʻng eng yaxshi asarlar umumoʻzbek adabiyoti xazinasini boyitib bordi. Bu toʻgaraklarda navoiyxonlik, bedilxonlik, fuzuliyxonlik oʻtkazilib, mahalliy shoirlar badiiy mahorat sirlarini oʻrganardilar.

Habibiy gʻazallaridan birida shunday adabiy gurunglarni tasvirlagan:

 

Shu kun qildik ajoyib, yangi-yangi oshino suhbat,

Nechuk suhbat, siniq dillarga goʻyo moʻmiyo suhbat.

 

Ulashdi kunga tun, gah askiya, gohi gʻazalxonlik,

Bagʻishlab bazm eliga rang-barang zavqu safo suhbat…

 

Zokiriy, Mahjuriy singari shoirlar tez-tez gurunglashib, mumtoz shoirlarning asarlarini maʼno chuqurligi, shakl sehrkorligidan hayratga tushib, gʻazal mashq qilar edilar. Zokirjon Xolmuhammad oʻgʻli ham shu davraga qoʻshilib, hayot maʼnosini sheʼriyat boʻstonidan axtardi.

Bu haqda Habibiy shunday yozadi: “Bahor faslining sermanzara damlarida doʻstim Mamasoli Erdanov xonadonidagi chorpoyada oʻtirib, dam-badam ustozimiz Qori Zokirdan sheʼriyat ilmidan, ayniqsa, aruzdan taʼlim olardik. U oʻz shogirdining yangi bitgan sheʼrlarini diqqat bilan oʻqib chiqar, kuzatar edi. Yumaloq va chapdast panjalari bilan qalam ushlab, jiddiy tuzatishlar kiritar edi. Aruz haqida soʻroq boshlab, topgan sermazmun, sermaʼno soʻzlarni ishlatishdagi javoblarimizni sabr-toqat bilan tinglar, toʻldirar edi. Har doim u: “Bahorni beparvolik bilan oʻtkazib yuborma, bahorda xislat koʻp”, der edi. Mana shu ustoz va Qoʻqonqishloqdagi adabiy muhit taʼsiri meni ham koʻproq aruzda ijod qilishimga sababchi boʻlgan. Menga fasli bahorning koʻzni qamashtiradigan manzaralari ajoyib ilhom baxsh etgan.

Marhum Qori Zokir aka xushqomat, olijanob, oliyhimmat va kamtar tabiatli boʻlib, umrining oxirigacha Alisher Navoiyning muxlisi boʻlgan. U, ayniqsa, Navoiyning “Xamsa”sini koʻp oʻqir edi. Kaminaga ham Navoiy asarlarini, uning falsafiy mulohazalarini puxta oʻrganib olishda yoʻlboshchi boʻlgan”.

Shunday ustozlardan poetik mahorat sirlarini oʻrgangan Habibiy ham qalam tebratdi. Baxtiga, Qoʻqonqishloqqa yaqin joylarda Anisiy, Ulfatiy, Sayfiy singari shoirlar umrguzaronlik qilishar edi.

Zokirjon Xolmuhammad oʻgʻlining gʻazallari shu adabiy davra qatnashchilariga manzur boʻlgach, 1913 yilda oʻziga “Habibiy” tahallusini oldi. Ammo, 1938 yilga qadar biror sheʼrini eʼlon qilish yoki sheʼrlar toʻplamini nashrga tayyorlashni xayoliga ham keltirmay yashadi. Shu tarzda oylar, yillar oʻtdi. Habibiy va uning qalamkash doʻstlari olgan adabiy bilim, ular erishgan ijodiy yutuqlar ovozasi Toshkentga ham yetib bordi.

1938 yili Alisher Navoiyning 500 yillik toʻyi munosabati bilan Habibiy va uning qalamkash birodarlari ulugʻ shoir merosini oʻrganish, nashrga tayyorlash uchun Toshkentga taklif etildi. Habibiy adabiyotshunos V. Dadaboyev bilan “Gʻazal va zamon madhi” degan suhbatida hayotining yulduzli kunlarini eslab, bunday degan edi: “Men oddiy dehqon edim. 1938 yilda mavlono Navoiyning 500 yillik toʻylari munosabati bilan Navoiy komiteti tuzilgan ekan. Shu komitetga Navoiy asarlarini oʻqiy oladigan va tushunib magʻzini chaqa oladigan adabiyotchi va adabiyotshunoslar kerak boʻlib, Andijondan besh kishini taklif etdilar. Bu taklifga binoan hamshaharlarim va suhbatdoshlarim shoir Mahjuriy, Ulfatiy va Anisiylar bilan kamina ham Toshkentga keldim. 1938–1941 yillarda Navoiy komitetida ilmiy xodim boʻlib xizmat qildim. Ustoz shoir ijodi bilan puxta tanishishim, turli qoʻlyozmalarni oʻqib, mutolaa qilishim davomida oʻzim ham picha sheʼr mashq qildim. 1939 yilda Yozuvchilar uyushmasiga aʼzo boʻldim…

Shu davr ichida Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Sobir Abdulla, Uygʻun kabi shoir va fozillar bilan tanishib, ular bilan muloqotda boʻldim. Bu, mumtoz adabiy merosimizni puxta oʻrganishimga ham, sheʼriyat boʻstoniga kirib, ijod sirlarini egallab olishimga ham koʻmaklashdi. Shular tufayli men, Sobir Abdulla ifodasi bilan aytish joiz boʻlsa, “Dehqondan chiqqan goʻzallik shoiri” boʻlib yetishdim”.

Habibiy adabiyotshunos olimning: “Sizning gʻazallaringizni oʻqiganda, ularning beixtiyor kuyga tushib borayotganini sezib qolasan kishi”, deb boshlangan mulohazasiga javoban bunday degan edi: “Qoʻshiqbop sheʼrlarni musiqiy bezaksiz, kuysiz tasavvur etib boʻlmaydi. Har qanday yaxshi gʻazal jozibali kuyga ega boʻlgandagina xonandaga ilhom, qoʻshiq shaydosiga zavq bagʻishlaydi, gʻazalning umrini uzaytiradi. Klassik adabiyotimizda tanbur va dutorning musiqiy sadolari ostida gʻazal bitilganini, sheʼrxonlik qilinganini bilasiz. Gʻazal podshosi Alisher Navoiy ijodxonasida esa “Savtu ajam”, “Savtu navo”, “Shashmaqom” kuylari yangrab turgan… Ana shularni eʼtiborga olsak, qadim-qadimdan beri gʻazal qoniga musiqa sadolari singib ketganini koʻramiz. Mening gʻazallarim haqidagi fikringiz yuzasidan shuni aytishim kerakki, men ham boshqa qoʻshiqchi shoirlarga oʻxshab oʻzimcha kuylab yozaman”.

Gʻazal lirik sheʼriyatning uzoq tarixga ega janri. U shu davr mobaynida jiddiy oʻzgarishlarga uchramadi. Yuqorida takidlanganidek, faqat mustabid tuzum davriga kelib gʻazaldan yangi zamon gʻoyalarini kuylash talab etildi. Fikr va tuygʻuning teranligiga asoslangan gʻazal beqasam toʻnini yechib, shiorlardan tikilgan libosni kiyib olgandek boʻldi. Shunday gʻazallar, afsuski, Habibiyning adabiy merosida ham yoʻq emas. Shoir aruz tabiatini, qonun va qoidalarini bilmaganligi uchun emas, joriy mafkuraviy davrning tazyiqi ostida shunday gʻazallarni yozishga majbur boʻlgan. Ammo agar “Gʻazal va zamon madhi” deb nomlangan suhbatga nazar tashlasangiz, keksa shoirning aruz qoidalarini bilgani ham, zamonaviylik va badiiy soddalikka “intilgan”i sabablari ham ayon boʻladi. “Aruzchi shoir kichik bir gʻazalni yozish uchun gʻazal qonun-qoidalarini bilishdan tashqari, zamon talablarini ham, gʻazalxonlarning ruhiy holatlarini ham bilishi lozim. Xalq sheʼri ruhida yo hozirgi sheʼriyatimizning barmoq vaznida yozishning qulayligi deymizmi, osonligi deymizmi, shundaki, bunday asarlarni katta ham, kichik ham, kolxozchi ham, olim ham tushunaveradi. Aruzni esa hamma ham tushunadi, deyish qiyin. Uning oʻziga yarasha oʻquvchisi bor. Aruzchi shoir oʻquvchining madaniy saviyasini, bilimini, taʼbini, koʻngil torlarini hisobga olishi, shu torlarni chertishi kerak. Adabiyotmizning bir bagʻrida barmoq vazni, ikkinchi bagʻrida aruz vaznining boʻlishi shoirlarimizning katta boyligidir. Men ham shu boylikdan bebahra qolmay, aruz bilan barmoqda baravar ijod etishga intildim. Ammo mening qalbimni aruz egallab olgan. Buning sababi shundaki, men sheʼriyatga jazm qilgan yillarda sheʼriy bazmlarning toʻrida aruz oʻtirar edi”.

Shoir gʻazallari zamondoshlarining madaniy saviyasiga, bilimiga moʻljallab yozilgan. Habibiy koʻpni koʻrgan, dono kishi sifatida gʻazallarida bu dunyoda kurash ham, mashaqqat ham, gʻolib ham, magʻlub ham, zahar ham, novvot ham, oʻlim ham, tuhmat ham – hamma narsa roʻy berishi mumkinligini aytadi:

 

Keng jahon boʻlmish kurash maydoni, bilmam, sir nadur,

Shonli inson bir tomonu, dahru davron bir tomon.

 

Bir-biriga nayzabozlikdur, bani odam, koʻring,

Ilmu urfon bir tomonu, jahlu nodon bir tomon.

 

Yoki:

 

Oʻylasang, dunyo tilsimu, turli boylik – koinot,

Har kim oʻz taʼbiga loyiq oladi zahru nabot.

 

Baʼzilar olsa nabotu baʼzilar zahr oldilar,

Ibrat ol: kim xoinu kimga xiyonat keldi yot.

 

Habibiy oʻquvchida hayotdagi past-baland voqealar va kishilar toʻgʻrisida tasavvur uygʻotish bilan birga ularga vijdonli, jasur, bir soʻzli insonlar ham borligini aytishni unutmadi. U shunday insonlarni eʼzozlashda oʻzining shoirlik burchini koʻrdi:

Aqlu soʻz birla jahon boʻstonida inson aziz,

Keldi bu inson aziz, andogʻki, tanda jon aziz.

 

Soʻzida boʻlsa ishonchu, ahdu paymonda vafo.

Qilgusi har joyda bundoq ahd ila paymon aziz.

 

Shubhasiz, ziddiyatlar, kurashlar, xiyonatlardan xoli boʻlmagan zamonda yashash oson emas.

Mumtoz oʻzbek sheʼriyatidagi gʻazallarning oʻziga xos xususiyatlaridan biri va muhimi agar ular, chindan ham, yuksak sheʼriyat namunalari boʻlsa, ularda nozik tuygʻular bilan birga hayratomuz falsafiy maʼnolar ham yashiringan. Bu gʻazallardagi ayrim baytlarning magʻzini chaqsangiz, olam-olam maʼno chiqadi. Xalq uzoq asrlar mobaynida shunday gʻazallarni kuylab kelgan va faqat musiqiy tovlanishlaridan emas, balki dastavval ulardagi maʼno boyligidan mutaassir boʻlgan.

Habibiy ham oʻz gʻazallari bagʻriga shunday fikrlarni singdirishga, zamondoshlari qalbini ezgu tuygʻu va kechinmalar tasviri bilan toʻldirishga intildi.

U umri mobaynida juda koʻp gʻazal va muxammaslar, musaddas va tarjeʼband, murabba, ruboiy, masnaviylar yaratdi. Bu asarlarning bizga maʼlum qismi qirq mingdan ziyod baytni tashkil etadi. Uning qoʻshiq sifatida aytilib kelgan gʻazallari esa ikki yuzdan ortiq. Bu qoʻshiqlar, xalq kutgan gʻazallar boʻlib, ularda tinglovchi va oʻquvchi qalbiga goʻzallik va ezgulik nurlarini sochuvchi tuygʻular ifodalangan. Bu tuygʻular yagona mehvarga tizilib, bizga shoirning yorga muhabbat, ona zamin va ona tarixga hurmat, qadrdon elu yurtga sadoqat joʻshib turgan qalbini namoyon etib turadi.

 

Naim KARIMOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.