Oppoq orzularga burkangan baytlar

0
523
marta koʻrilgan.

Hech oʻylab koʻrganmisiz, nega bolalar ertaklarni sevib tinglashadi? Fantastik tasvirlarni boricha qabul qila olishadi? Har qalay, meni bu savol koʻp oʻylantirgan. Bolaligimda ertaklardagi mard, bahodir qahramonlar; devu yalmogʻizlarning borligiga ishonar edim, hatto har yangi yilda tashrif buyuruvchi Qorbobo va qizining kelishini intizorlik bilan kutar edim. Shu jajji yurakchamga olam-olam orzular sigʻar edi. Ularning barchasi amalga oshishiga ishonar edim…

Endi bilsam, begʻuborlik kishi qalbini yuksaltirar ekan, katta dardlarni ham bir kapalab yutishga imkon berar ekan. Oppoq orzulari ortidan shiddat bilan odimlab borayotgan Mansur Jumayev sheʼrlarning diltortarligi, jozibasi va ohanrabo tiynatligi shundandir.

Qay misrasini oʻqimang, misralardagi sof va samimiy tuygʻular sizib kiradi, qalbimiz tandirdek qizib, tozaradi. Ruhimiz boʻyini oʻstiradi. Qalbda tugʻyon urayotgan, anglamsiz sezimlarga nom qoʻyib beradi.

Shoir sheʼrlarining asosi ishq tarannumidan iborat. Ularda insoniy va ilohiy ishq qorishib ketadi, yor ishqi, vatanga boʻlgan mehr-sadoqat, ota-onaga izhor etilgan muhabbat, turmushning kichik tashvishlaridan chiqarilgan katta falsafiy xulosalar bor. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan yosh ijodkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ularning ijodini ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etilgan “Birinchi kitobim” turkumida nashr qilingan “Oq orzularim” toʻplami yuqoridagi fikrlarimizni dalillashi tayin.

Moʻjaz kitobcha bilan tanishar ekansiz, begʻubor qalb sohibining hamon ertaklar olami oshnosi ekanligiga guvoh boʻlasiz: “Magʻrur inson haqida ertak”, “Uch xazina haqida ertak”, “Bahor va sevilish ertagi”, “Kuz ertagi”, “Ertak haqida ertak” kabilar. Aslida, gapimni ertaklar taʼrifidan boshlaganimning sababi ham shunda edi. Mansur Jumayev:

 

Bolalikda qoʻymasdim omon:

Ertak aytib bering, buvijon.

Buvim aytgan ertakda doim

Murodiga yetardi inson

 

deya boshlanuvchi “Ertak haqida ertak” sarlavhali sheʼrida barcha bolalarning hayotida roʻy bergan va beradigan hodisani qalamga oladi. Bu kishiga maʼnaviy zavq berib, olis bolalikning begʻubor onlarini esga soladi: koʻngilda huzurli entikish paydo qiladi. Shu tarzda shoir keyingi bandlarda koʻnglida kechayotgan, ruhini talotum qilayotgan hislarini bayon qilib, oʻzini ertakdagi malikaga oshiq boʻlgan choʻponga qiyos etadi. Shunday qilib, xulosada tugal yechim, goʻzal ifoda namoyon boʻladi:

 

To murodga yetmay afsonam

tugamasin der edim hargiz.

 

 – Ertak tamom! – dedi jilmayib

 

yuragimni oʻgʻirlagan qiz.

 

Nahot shundoq tugar?

U hamon

yuragimni qaytib bermagan…

Buvijonim menga hech qachon,

bunday ertak aytib bermagan.

 

Kutilmagan yechim ancha zalvorli. Kishini mulohazaga chorlaydi. Ertaklarning jozibasi maʼnaviy-ruhiy tarbiyasidan bahramand boʻlgan shoirning qalb kechinmalari, ohori toʻkilmagan tuygʻularning tarannumi sifatida yangraydi. Mavzu eski, ammo hali qalamga olinmagan ifodalar bilan ziynatlangan ushbu tugal asar kishida oʻzgacha taassurot uygʻotishi tayin. Ertak libosidagi hayotiy haqiqatlar har bir oʻquvchini toʻlqinlantirishi shubhasiz. Mansurning sheʼrlarini oʻqirkan, ertaknamo samimiy satrlar orqali ham teran falsafiy xulosalar yasay olish, azaliy va abadiy savollarni oʻrtaga qoʻyish, bir soʻz bilan aytganda, yirik mulohazalar, dilbar tashbehlarga burkangan ajoyib sheʼriy monumentlar yaratish mumkinligiga ishonadi kishi. Har fikrning dalili boʻlgani yaxshi. Shunday ekan, “Kuz ertagi” nomli sheʼri bilan biz bunga erishamiz. Oʻzini butun bashariyatga tegishli deb hisoblaydigan ijodkor bunda oʻzini namoyon etadi. “Kuzak – qartaygan bahor” ilhomi shoirni bogʻ oralab xayolotning cheksiz olamiga chorlaydi. Shoir xayolidan manzaralar kinolentadek oʻtib boradi: “Ayvondagi eski chorigʻin yoddan chiqargan odamzot”ning allaqayga horgʻin holatda shoshib borishi tasvirlanadi. Ammo qayerga!? Xalq tili bilan aytganda “oʻzidan ketgan” odamzotning charchoqni ortmoqlab yugurgilab borishi – “Kuz ertagi”ning, Janni Rodari taʼbirlaganidek, birinchi tugashi. “Avliyolar tugʻib bergan Sharqning” insoniyatga oʻksinishi hamda Botishdagi insonlarning voizlikka va koshiflikka – niyatiga intilishini parallel tasvirlaydi. Bunda achinish hamda umid bor. Bu ertakning ikkinchi tugashi. “Axtargancha omonlik va non masofalar, sarhadlar osha”yotgan dunyoning turli tomonidagi muhojirlarning ayanchli holati ertakning uchinchi yakunlanishi boʻladi. “Oʻzi qoʻygan oʻtning taftida” kabob pishirayotgan fitnagarlarning tarix kaftida uvalanib tanobi tortilmayotganligi shoirning nafratini oshiradi. Keyin shoir xayoli qoralikdan oqlik tomon sekin sizib oʻtadi. Bu dahri dun yomonu yaxshini birdek yelkasida koʻtaradi. Xunolud shafaqning quyoshni ajdarhoday yutib qizarishi bilan shartli ravishda sheʼrning birinchi qismi yakunlanadi hamda olamni bezab turgan ezguliklar tarannumi boshlanadi:

 

Bogʻimda-chi, onam olar tin,

Manglayida shoʻxligim izi.

Xotiri jam rafiqam husnin

Oʻgʻirlaydi shirintoy qizim.

 

Bogʻidan, tinch-farovon oilasidan koʻngli xotirjam onaning holati shu tarzda tasvirlanadi. Soʻnggi ikki satrda shoir lirik chekinish qiladi, kelajakni tasavvur etadi.

Keyingi baytda oʻziga ritorik savol bilan murojaat etib, yuragida ulgʻaygan ahdni bayon etadi: “men ham erkak boʻlibmanmi, ayt, uchoviga berolmasam baxt”.

Sheʼr soʻngida fikrlarini jamlab, chor atrofga razm soladi. Yerga toʻkilayotgan barglar uning xayolini oladi. “Farzand dogʻi qaritgan daraxt vido aytar yaproqlariga” deya yuqorida ifoda etilgan razilliklar va tubanliklarni oʻquvchi yodiga soladi va:

 

Tovonimdan oxir topar marg,

eziladi shiqirlab shundoq –

ildizidan uzoqlashgan barg,

ogʻochini unutgan yaproq

 

deya zalvorli yechim beradi. Bunda barcha ertak yakunlariga bir umumiy xulosa yasaydi. Ildizidan uzilgan yaproq: eski chorigʻini unutgan inson, avliyolar tugʻib bergan Sharqning bugungi ahvoli, omonlik va non axtarib masofalar kezayotgan muhojirlardir. Bu mavzuning mantiqiy davomi sifatida “Bolalik” sheʼrini olishimiz mumkin:

 

Qor jilgʻaga aylanib,

ketdi hayot soyiga:

ketaverdi loylanib,

tanimagan joyiga.

 

Qorligidan asar yoʻq;

qayga yetdi?

Aytmaydi…

U qor boʻlib yashagan

choʻqqisiga qaytmaydi…

 

Tugʻilish va oʻlim, oʻtmish va kelajak, butun bashariyatning taqdiri shugina ikki bandda bayon etiladi. Hayot asli shunday tuzilgan: kishi bolalikning begʻubor olamidan tobora uzoqlashar ekan, yoʻlda uchragan har kas, har tusdan loylanib boraveradi. Umr yoʻllarida uchragan har turli hodisalar kishini bilib-bilmay xato qilishiga olib keladi, bu hayot falsafasi! Shoir buni teran anglagan holda kuyinish bilan, odam avlodi tarixini imkon qadar sof saqlashga, shu bilan kelajakka iloji boricha toza qalb va yorugʻ yuz bilan borishga undaydi.

Shoirlarni ularning muhabbatlari mashhur qiladi. Sheʼrlarni oʻqib olgan bugungi xulosam – shu. Bu mavzu barcha shoirlar singari Mansurning sheʼrlarida ham alohida oʻrin egallaydi. Uning sheʼriyatidagi muhabbat mavzusi Sharq sheʼriyatining zabardastlaridan taʼlim olganligini dalillaydi: “Kun qolmadi bilakka” deya boshlanuvchi sheʼridagi “qoldim bir xolga ikki” shahar bergan shoirday” misralari yoxud “Oʻn sakkiz ming olam qissasi” Alisher Navoiyning “Oʻn sakkiz ming olam oshubi” deb boshlanuvchi gʻazalini yodga solishi bilan Majoziy va ilohiy ishqni bir oʻringa qatma-qat joylashtiradi. Jumladan, “Jonim” sheʼrida “jon”ni turli ranglarda ifoda etadi.

 

Jonim neni der, jonim?

Jonim seni der, jonim!

 

 Har qanday talqin etilsa-da, mazmunga putur yetmaydi, nazarimizda. Birinchi “Jonim (Alloh maʼnosida) nimani istaydi, jonim (oʻziga yoxud yorga murojaat)”. Ikkinchisi, aksincha, “Jonim (oʻzi yoxud yor maʼnosida) nimani istaydi, jonim (Allohga murojaat)” yoxud “Jonim (Alloh yoki yor maʼnosida) nimani istaydi, jonim (oʻziga murojaat)” va hokazo. Bu shoirning mahoratidan darak beradi.

 

Qahring ila mehringdan

Zabar ila zer jonim.

 

Bu misralarni ham yuqoridagidek bir necha maʼno qavatlarida sharhlash mumkin va, eng muhimi, mazmun barchasida ham oʻz qimmatini saqlab qolaveradi.

Allohga munojot tarzida bitilgan keyingi bandda mazmun ancha ayonlashadi: bu olamning barcha yaratiqlarida Tangri tajalli etadi. “Paykon oʻzing, yoy oʻzing”, yaʼni sabab ham oʻzing eding, oqibat ham oʻzingsan. Men topinar joy oʻzingsan, deya satrlarini davom ettiradi. “Osmon ila yer – jonim”, yaʼni butun olam Oʻzi ekanligiga ishora beradi. Buni boshqacha tushunsa ham boʻladi: majoziy ishqqa nisbatan, yaʼni yor vasfi.

 

Muzman – meni yondirgin,

Tashnadirman – qondirgin,

 

Zohiran yorga murojaat tarzida qabul qilsa ham mazmun anglashiladi, ammo chuqurroq razm solinsa, bu ilohiy ishq tarannumi hamdir.

Meni mendan tondirgin;

Fikrim – jayron, sher – jonim…

Sher – ovchi, jayron – oʻlja; jonim – jism. Ramziy ifodalarga tayanib kelingan xulosa: Meni (ruhimni) mendan (jismimdan) tondirgin (ozod etgin), Fikrim – qochguvchi, jabrdiyda, jonim (jismim, nafsim) – halok etuvchi. Jismimdan fikrimni, yaʼni ruhimni ozod etgin. Sheʼrni tahlil etishda bandning oxirgi satridan yuqoriga tomon harakatlanilsa, mazmun anglashiladi: Fikrim (ruhim)ni jismimdan ozod etgin, Bu mening tashnaligimdir, uni qondirgin. Fikrlari qotib qolgan muzman, yondirgin, deya iltijo etgan shoirning Allohga munojoti bu.

 

Men senga aylanganman…

Menga meni ber, jonim!

 

deya sheʼr yakun topadi. Yuqoridagi “meni mendan tondirgin” bilan xulosadagi “menga meni ber, jonim” ifodalari oʻziga xos ritmni hosil qiladi va mazmuniy kontrastni oshiradi. Bunda Allohga yaqinlashgan lirik qahramonning qalb kechinmalari ifoda etiladi. Shu tarzda tasavvufiy mazmunni anglash mumkin, yana sevgilisiga murojaati sifatida ham qabul qilinsa boʻladi.

Odatda, ayollar muhabbati oʻzlari tomonidan chiroyli ifodalanadi. Ammo adabiyot tarixida ayolga xos tuygʻularni haqqoniy tasvirlagan ijodkor adiblar uchrab turadi (Rashod Nuri Guntekin “Choliqushi”, Lev Tolstoy “Anna Karenina”). Mansurning quyidagi misralari ham bunga misol boʻladi:

 

Ayol sevsa chin sevar,

undan ortiq kim sevar?!

Odam oʻgʻli hayqirib,

Havvo qizi jim sevar.

 

Mansurning sheʼrlari orasida muhabbat sabab dunyoga kelgan, koʻngildan chiqib koʻngilga boruvchi qator namunalarni eʼtirof etish mumkin: “Sahro bahori”, “Gul”, “Kitobsevar qizga”, “Bahor va sevilish ertagi” va hokazo. Bunda uning oʻziga xos uslubi va oʻzligi namoyon boʻladi.

Ayniqsa, “… ga” nomli sheʼri alohida eʼtiborga loyiq. Shoir hamon koʻnglining tubida ogʻriq berib turgan dardlarning qogʻozlarga toʻla koʻchmaganligini, “ochilmagan qoʻriqday koʻngli”ni tarjimalardan ortib qolayotganligini bayon etadi. Bu orqali ijodkor hali oʻz quvvat zaxirasining oʻndan biri, ehtimol, yuzdan birini ham sarf etmaganligini bayon etadi:

 

ochilmagan qoʻriqday koʻnglim

ortib qolar tarjimalardan

 

Psixologiyada inson zotini oʻzidan yaxshiroq biladigan boshqa bir kishi boʻlmaydi, degan tushuncha mavjud. Shu tarzda Mansur Jumayevning sheʼrlariga ham oʻzidan orttirib taʼrif berish qiyin, nazarimizda. Shu maʼnoda keyingi bandda shunday deydi:

 

allaqachon boʻlardim valiy

sheʼrlarimga oʻxshasam agar.

 

Keyingi oʻrinlarda yana tarjimalarga murojaat etadi:

 

Bir kun koʻnglim topar tarjima,

bir kun koʻnglim topar tasalli,

u shunchalar boʻlar karima,

unda Alloh qilar tajalli.

 

Koʻngilning tarjima topishi – inson uchun baxt. Bandga qatma-qat mazmun joylashtirilgan. Bir kuni eng yaxshi sheʼrimni yozaman, shunda koʻnglim tasalli topadi. U shunchalar buyuk boʻladiki, unda Alloh tajalli etadi. Ikkinchidan, bir kun koʻnglimdagi yorni topganimda, koʻnglim tasalli topadi: u shunchalar buyuk boʻladiki uning yuzidan Tangri jilva qiladi. Va shoir shunday xulosa beradi:

 

Bitilsa gar oʻshal buyuk bayt,

koʻnglim uchun qilsa kifoya,

yo yashashga qolmaydi hojat,

yoki umrim topgay nihoya.

 

Shu tarzda Mansur hayotda oʻz oldiga qoʻygan oliy maqsadini ifoda etadi va mavzuni mantiqan “Sheʼrim”da davom ettiradi. Buni uning ijodiga berilgan eng yaxshi taʼrif sifatida qabul qilsak boʻladi. Quyma ifoda etilgan ushbu misralar marjoni kishini ohangi bilan eritadi. Estetik zavq beradi:

 

Ayo sheʼrim, ayo sheʼrim,

ay, yoshirin hayo sheʼrim,

biram shirin, biram shirin,

shirin jonimdayo sheʼrim

.

Shoirlar sheʼrlarini oʻz bolalaridek yaxshi koʻrishi shu ifodalarda yaqqol namoyon boʻladi; ularni bolasidek erkalab, suyadi, quvonchi, oʻzi suygan balosi sifatida taʼrif beradi. Oʻqilganda ohangi kishini elitadi. Oʻziga xos kayfiyat hosil qiladi. Va sheʼr soʻngida:

 

Ay muhabbatsaro sheʼrim,

Manim oqu qaro sheʼrim,

Ketar boʻlsam ne gʻam, sen bor –

Ikki olam aro sheʼrim!

 –

deya oʻz ijodiga, umuman, sheʼriyatga baho beradi. Bu olamda inson umrining davomi sifatida soʻz qoladi, u asrlar osha yashab kishi umrini uzaytiradi. Shoir bu misralar orqali shu gʻoyani ilgari suradi hamda sheʼrini umrining davomchisi boʻlishiga ishonadi.

Koʻrinadiki, Mansurning ushbu kitobiga toʻplangan sheʼrlari orasida garchi eʼtibor qaratilishi zarur boʻlgan misralar mavjud esa-da, uning sheʼrlaridagi koʻtarilgan mavzuning yuki, ifodalarning sodda, samimiy va diltortarligi barkamol shoir boʻlishini bashoratlar qilishimizga imkon beradi.

 

Laylo HASANOVA

 

“Ijod olami”, 2017–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.