Oltin silsilaga tizilgan qoidalar

0
172
marta koʻrilgan.

Hayotda hamma narsa nisbiy, faqat vaqt nisbiylikni ham pisand qilmay, hamma narsaga baho berish mezonlarini tayin etadi. Bugun gʻildirakning birov xayoliga kelmaydigan ixtiro sifatida kashf etilgani hech kimning diqqatini tortmaydi, holbuki, u amaliyotda qoʻllana boshlanishi bilan borliqda koʻp narsa oʻzgarib ketdi, hatto texnika degan fan shu asosda paydo boʻldi. Mashina mexanizmlarini turli oʻlchamdagi aylana yoki doiralarsiz tasavvur qilish mumkin emas. Har bir oʻzgarish yillar, oʻn yillar, balki yuz yillar davomida amalga oshirilgan. Oʻsha ajdodlarimiz harakati bilan yaratilgan gʻildirak bugun odamzodga beminnat xizmatda, uning ixtirochilarini esa hech kim eslamaydi.

Buyuk haqiqatlar koʻlamini inson shuuri koʻp-da qamrab olavermas, balki bunga ojizlik qilar, ulkan kashfiyotlar hech qanday taʼmasiz inson hayotiga singib ketaverar, beixtiyor uning ajralmas bir boʻlagiga aylanib qolar ekan. Sohibqiron Amir Temur haqida mushohada qilganda ham ana shu haqiqat yodga tushaveradi. Odamzod naslining bir vakili hayotligida qanday boʻhronlarni boshdan oʻtkazgan. Yorugʻ dunyoni tark etgach esa muborak xotirasi bir tomondan mislsiz sinovu boshqa tarafdan taʼrif-tavsiflarga duch kelgan. Nima boʻlganda ham Amir Temur xuddi poytaxtimizda oʻrnatilgan muhtasham haykal kabi insoniyat tarixi xiyobonida hech narsani pisand qilmay magʻrur turibdi, inson bolalari yillar oʻtgan sayin tobora oshib borayotgan qiziqish bilan unga talpinadilar, qandaydir maʼnoda, turmush tashvishlarining yechimida uni oʻz qatorlarida koʻradilar.

Amir Temur ot surgan paytda dunyo qanday qiyofada edi? Bundan 680 yil oldingi manzarani koʻz oldimizga keltirsak, odamzod bugungi Amerika qitʼasini ham, AQSH degan davlatni ham bilmas edi. Yevroosiyo materigining qaybir kunjida odamlar daraxt yaproqlarini yopinib, garpun bilan baliq, choʻqmor bilan ayiq ovlab qorin toʻygʻazib yurgan boʻlsa, boshqa burjida ular moldek sotilar, kuchli tabaqa kuchsiz tabaqani gʻajib yeb yotardi. Sohibqiron saltanati qisqa davrda shunday darajaga erishdiki, zolimlar jilovlandi, davlatchilikda maosh toʻlash, daromaddan soliq undirish kabi bugun ham takomillashtirishga munosib tizimlar yaratildi, madaniyat taraqqiy etdi. Bu hol, balki uzluksiz tamaddunning navbatdagi bosqichidir, rivojlanishga yuz tutgan taraqqiyotning taraqqiy ettirilishidir. Agar ahvol shunday boʻlganda edi, hech bir qahramonlik talab qilinmas, sunʼiy dahoga ehtiyoj ham yoʻq edi. Biroq aslida boshqacha boʻldi. Endi tarixiy dalillarga quloq tutaylik.

Maʼlumki, XSH asr boshlaridagi moʻgʻul istilosi islom dini tufayli vujudga kelgan toʻrt asrlik taraqqiyotni yer bilan yakson qildi. Shaharlar oʻrnida kultepalar, qishloqlar oʻrnida qabristonlar qoldi. Oʻsha kunlar manzarasini tarixga muhrlagan Istaxriy, Natanziy, Mahmud ibn Vali va boshqa muarrixlarning qayd etishicha, vayronalarni tiklab, yana gullagan hayot tarzini izga solish uchun kamida ming yillar (!) kerak boʻlardi. Hatto mislsiz koʻrgiliklarning dahshatidan larzaga tushgan olimlar bu voqealarni koʻrguncha koʻr boʻlsam yoki oldinroq oʻlib ketsam boʻlmasmidi, deya nadomatlarini yozib qoldirganlar. Ahvol haqiqatan fojiali edi. Keyinchalik Samarqandni tiklashga kirishganlarida vayronalardan yerni tozalash imkoni yoʻqligidan boshqa joyda, qadimgi oʻrnidan gʻarbroqda yangi shahar bunyod etildi. Oʻz maʼrifati bilan dunyoni maftun etgan Buxoro shahri shunchalar vayron qilingandiki, shaharda qariyb oʻn yil biror tirik jonning yashashiga imkon qolmagandi. 1330 yil Samarqandga tashrif buyurgan mashhur sayyoh Ibn Battuta qogʻoz va ipak matolari shuhrati olamni tutgan shaharning butunlay yoʻq boʻlib ketganidan yoqa ushlagan, uning oʻrnida loysuvoq uylarni koʻrib, oʻzi tasavvur qilgan obod maskanning qay tarzda yerga kirgani yoki osmonga chiqib ketgani sirini topa olmagandi. Xullas, Amir Temur tarix maydoniga chiqqanda ahvol ana shunday edi. Ezilgan, xoʻrlangan xalq kayfiyatini, keyingi bosqinlar jarohatini eslatmay qoʻyaveraylik – ahvol shusiz ham maʼlum. Yer yuzining jannatmonand bir goʻshasi xarobaga aylangan, Yaratgandan bir xaloskorni kutardi. Voqealar tarix gʻalvirida saralandi, zamon charxi aylanib Amir Temur katta sahnaga chiqdi. Uning zimmasida olamshumul vazifa turardi, tole unga shunday qismatni nasib etgan ediki, yo bu boʻhrondan zafar bilan chiqib, millat quyoshiga aylanadi, yo toʻfonlar girdobida boshi aylanib, mahv etiladi. Taqdirga shukrki, u haqiqiy xaloskorga aylandi.

Amir Temur Turon davlatini boshqargan 35 yil davomida koʻplab olamshumul ishlarni amalga oshirdiki, ularning aqalli bittasini bajara olgan zotni millati iftixor bilan eslaydi. Bunday inson bashariyat olamida nodir hodisa, uni tasavvur qilishga mushohada koʻlami yetmaydi.

Samarqandni poytaxtlikka tanlagach, Amir Temurning birinchi yumushi bosqinchilar hujumidan vayronaga aylangan qalʼa devorini tiklash boʻldi. Bu vazifani uddalashda surʼat va tadbirkorlik, tinchlikdan sarafroz boʻlgan odamlarning gʻayrati, hashar, osoyishtalik shukuhi baxsh etgan koʻtarinkilikni xayolan tasavvur qilish mumkin. Zimmada esa bundan ham muhim tashvishlar bor edi. Ikki daryo oraligʻidan tortib, Afrika quruqligigacha choʻzilgan hududda elxoniylar, muzaffariylar, kurdlar, Joʻchi ulusi, Dashti Qipchoq chingiziylari va boshqa sulolalar qaynagan qozondek junbishga kelib, bir-biri bilan qirpichoq boʻlib yotardi. Movarounnahr oʻnga yaqin bekliklarga boʻlinib ketgan, qondoshlar bir-biriga dushmandan battar murosasiz edi. Urushlardan xalqning sillasi qurigan, qon toʻkishdan quturgan zoʻravonlar esa har qanday andishani unutgandi. Tinchlik suv va havodek zarur edi. Buni chuqur his etgan yosh hukmdor chegaralarni mustahkamlash, beboshlarni jilovlash uchun yurishlar qildi. Keyinchalik ham Sohibqiron siyosatining bosh yoʻnalishi tinchlik, omonlik, fuqarolar osoyishtaligiga qaratildi. Tinimsiz yurishlar natijasida butun saltanatda tartib, adolat oʻrnatildi. Oʻsha zamon tarixchisi: “Yosh bola boshiga bir tabaq oltun bila saltanatning u chetidan bu chetiga yurib oʻtsa, unga qoʻl tekkizadigan birar odam boʻlmas”, deb bekorga qayd etmagan edi.

Qolaversa, tor doiradan chiqib, sayyoraviy koʻlam kasb etgan Sohibqiron oʻz davrining “Tinchlik kafolati” sifatida tan olindi. Oʻzaro mojarolar joniga tekkan Iroq, Shom, Misr, Hindiston, Dashti Qipchoq va boshqa mamlakatlardan elchilar kelib, uning koʻmagiga koʻz tikdilar. Shu murojaatlar bois uch, besh, yetti yilga choʻzilgan yurishlar tashkil qilindi. Oqibatda mamlakatlar osoyishtaligi, karvon yoʻllarining xavfsizligi taʼminlandi. Ulamolar anjumanlari chaqirib (masalan, Boylaqonda), hal qilinishi lozim boʻlgan diniy muammolar borasida mashvaratlar tashkil etdi.

Obodonchilik, bunyodkorlik Sohibqiron hayotsevarligining, goʻzallikni qadrlashining, undan zavqlanishining ramzi edi. Afsonaviy Eramdek muhtasham bogʻlar barpo etilib, havas qilar darajada oro berildi. Tiklangan saroylar gumbazi esa “osmon toqidan andoza olib, yulduzlar bilan boʻylashardi”. Changalzorlar ochilib, katta yoʻllar solindi, qush uchsa qanoti kuyadigan sahrolarda rabotlar, langarlar, musofirxonalar qurildi, koʻplab quduqlar kavlandi. Shaharlarga toza suv keltirildi, koʻpriklar barpo etildi. Bu ishlar Turkiston diyoridan tashqari bobomiz muborak qadami yetgan barcha hududlarda baravar amalga oshirildi.

Eng mukammal loyihalar asosida qurilgan madrasalarda zamonasining allomalari yosh ilm toliblariga dars berar, diniy ilmlar bilan birga dunyoviy bilimlar ham oʻqitilardi. Amir Temur va Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat, sanʼat gullab-yashnadi. Ilmda erishilgan yutuqlarning choʻqqisi Mirzo Ulugʻbek boʻlsa, adabiyot va sanʼatdagi yorugʻ yulduz Alisher Navoiydir. Bu ikki buyuk zotning olamshumul shuhrati taʼrif-tavsiflarsiz ham maʼlum. Taraqqiyotning izchil tadriji taʼminlanmaganida bunday buyuk daholar insoniyat uchun orzu boʻlib qolaverar edi. Na osmon ilmi kashf etilib, sayyoralararo uchish apparatlariga yoʻl ochilgan, na soʻz sehri mislsiz moʻjizalar yaratgan boʻlardi. Oʻsha kunlarni yoritgan chiroqning piligini bobokalonimiz Amir Temur koʻtarib qoʻygan.

Bulardan tashqari, davlatchilik tamoyillarining yaratilishi va mustahkamlanishi, harbiy sohadagi islohot va natijalar katta-katta kitoblarga mavzu boʻladi. Kitoblar haqida esa bobomizning bahosi mana bundoq edi: “Yozilgan bitiklar qurilgan imoratlardan ham uzoq yashaydi”. Oʻsha kunlar zafarnomasi ham kitob orqali bizga yetib keldi.

Sohibqiron bobomiz ham, avlodlari ham tabiatan baynalminal zotlar boʻlgan. Zero, bu fazilat qalbning buyukligi, yuksak insoniylik va oʻz kuchiga boʻlgan ishonch alomatidir. Bunday ranginlik faqat davralarni emas, dillarni, madaniyatlarni ham bezagan, turmushning barcha jabhasida baravar joriy qilingan. Ehtimol, Sohibqiron asos solgan davlatning poydorligi, kuchi, yashovchanligi ham shundadir.

Saltanat yashovchanligida maʼnaviy asoslarning insoniyligi ham katta ahamiyat kasb etadi. Zero, moddiy olam oʻtkinchi – binolar qulaydi, yoʻllar berkiladi, odamlar yorugʻ olamni tark etadi. Ruh esa boqiydir, u avloddan avlodga oʻtib, tiriklikning manguligini taʼminlaydi. Amir Temur davlatining maʼnaviy asoslari haqida mulohaza qilganda, bu darajaga erishish necha yillar osha bugun ham qiyin boʻlayotganini, ruhiy yuksaklikka moddiy ehtiyojlar toʻla qondirilganidan soʻng yetishish mumkinligini bilamiz. “Odamlar qoʻshiqni ham qorni bilan tinglaydi” degan gapga eʼtibor bersak, och-yupun kishilar eng olijanob gʻoyalarni ham qabul qilmaydi, bu boradagi gap-soʻzlar quruq safsata boʻlib qolaveradi. Ana shunday yuksaklikka koʻtarilish kalitini bobolarimiz XIV asrdayoq topgan, adolat tantanasiga erishgan edilar. Qolaversa, buyuk shaxs faoliyatining asosiy mazmuni ikki soʻzda mujassamlashgan: “Kuch – adolatda!” Qonun ustuvorligi taʼminlangan davlatda, haqiqat qarshisida hamma bir xil javob beradi. Negaki, bu tizimning asoschisi allaqachon “Qonun ustuvor boʻlgandagina erkinlik taʼminlanishi”ni anglab, bu qoidani amaliyotga joriy etgan edi. Erkinlik – hukmdorlarning obroʻsi, xalqning esa huzur-halovatda yashash kafolati boʻlgan.

Xalq manfaatini muhofaza qilish davlatning asosiy vazifasi qilib belgilanganida mazlumlarni zolimlar zulmidan muhofaza qilish Sohibqironning nafaqat hukmdorlik, balki insoniy eʼtiqodi ham boʻlgan edi. Keyingi avlod bu fazilatni bobo vasiyati, otameros aqida sifatida qabul qildi. Bugungi istilohlar bilan aytganda, davlatning asosiy tayanchi boʻlgan xalqning boshqaruv yumushlariga kengroq jalb qilish maqsadida odamlar erkin fikr yuritishlari, oʻz munosabatlarini tortinmay va choʻchimay bayon etishlari uchun sharoitlar kafolatlandi. Avvalo, har bir fuqaroning shaxsiy nuqtai nazari boʻlishi muhim edi va Sohibqiron buni qadrlagan. Foydali fikr aytgan, maslahat bergan kishini yetarlicha siylagan. Ibn Arabshoh yozadi: “U (Amir Temur) oʻz davlati arkonu aʼyonlarini, mulohaza va mashvarat egasi boʻlgan kishilarini qoldirmasdan toʻplardi. Bola otaning, ota esa bolaning oʻrnini bosa olmasdi. Soʻngra ularga maxfiy tutgan masalasini zohir qilib, qaysi tomonga yurish haqida maslahat soʻrar hamda gap jilovini ularga tashlab qoʻyib derdi: “Xalqning xos qismi bu masalaga chuqur qarab, bir kun bilan bir yil orasidagi ishlar oqibatini koʻzlab gapirsa, gunohi yoʻq. Mayli, har kim xatoning eng quyisigacha yiqilsa ham, yoki savobning choʻqqisiga koʻtarilsa ham hech bir tortinmasdan gapiraversin. Agar xato qilsa, bu nuqson emas, maqsadga muvofiq soʻz aytsa, unga ikki hissa mukofot bor”. Qarangki, bundan olti yuz yillar oldin, endi keng qoʻllanilayotgan referendum singari mashvaratlar bobokalonimiz saltanatida mavjud boʻlgan. Taraqqiyot bu darajani inkishof etish uchun Amir Temurdan keyin yana olti yuz yil sarfladi. Bu dalillar Sohibqiron shaxsiyatining benazirligini yana bir bor tasdiqlaydi. Insoniyatning hamon qiziqishi soʻnmayotgani ham oʻsha ayyomlarda qoʻlga kiritilgan olamshumul yutuqlar sirining hozirgacha toʻla ochilmaganidadir.

Saltanatning maʼnaviy ustunlari haqida gap ketganda, ilm-urfon gullab-yashnaganini, maʼrifat barcha qalblar, yoʻllar va manzillarni yoritib turganini faxr bilan taʼkidlash oʻrinli. Ehtimol, insoniyat tarixida Temuriylar davridek maʼrifat ulugʻlangan, barcha masalada maʼrifiy yondashuv qaror topgan boshqa tuzumni uchratib boʻlmas. Agar bitta buyuk olim yoki shoirning yetishib chiqishi uchun minglab ilm-fan, sanʼat-madaniyat ahli yelkasini tutishi lozimligini eslasak, Mirzo Ulugʻbek yoki Alisher Navoiyning quyoshdek porlashi uchun minglab yulduzlar atrofida nur sochib turganini tasavvur qilish qiyin emas.

Maʼrifatga fidoyilik bobokalonimiz fitratida bor edi va bu fazilat avlodlarida yana ham charaqlab, barq urdi. Yurishlar davomida qoʻlga kiritilgan xazinalar ichida eng qimmatlisi kitoblar boʻlgan. Kitoblarni oʻz ogʻirligiga teng tilla bahosida sotib olingani, raqiblar kitob tutib peshvoz chiqsa, ular afv etilgani, kutubxonalarni himoya qilib jang qilganlar mukofotlangani haqida koʻplab dalillar qayd qilingan. Hatto biror qishloq yoki qasabada ilmli kishi boʻlsa, unga shikast yetkazilmagani, aksincha, biror eʼtiborli shaxs hurmati uchun oʻsha joy aholisiga ulufa tarqatilgani (masalan, Tabriz yaqinidagi Shabistar qishlogʻida toʻrt mingga yaqin aholiga besh misqoldan oltin ulashilgan) holatlari ham koʻp boʻlgan. Muarrixlar kitoblarni Samarqandga joʻnatish uchun tayyorlangan charm xurjunlarning taʼrifini keltirganlar. Kitoblar zaxa tegmay yetib kelishi taʼminlangan, uni eng ishonchli sarbozlar qoʻriqlab borgan. Xuddi shunday munosabatga mos ravishda ilm-fan, madaniyat-adabiyot ahli eʼzoz topgan. Alisher Navoiy xorazmlik bir shoirning gʻazali maʼqul tushgandan keyin uni Sulton Husayn poytaxt Hirotga koʻchirib keltirgani, ijodiga gʻamxoʻrlik koʻrsatgani dalilini keltirib oʻtadi. “Zar qadrini zargar biladi” deganlaridek, hukmdorlarning hammasi yaxshi tahsil olgan, aksariyati shoir yoki olim, devon tuzgan, hatto katta sheʼriyatda eʼtirof etilgan edi.

Barcha yumushlarda Sohibqiron Amir Temur halol tamoyilga amal qilgani, bu borada hatto farzandlarini ham ayamagani haqida kitoblarda yozilgan. Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonida Sulton Husaynning halollik talabiga javoban qari kampir oldida boshini kundaga qoʻyganini qayd etgan. Halollik besh asr harakatda boʻlgan davlatning eng muhtasham maʼnaviy ustunlaridan boʻlgan.

Umuman, bobokalonimiz va avlodlarining insoniyatga qoldirgan maʼnaviy meroslari haqida uzoq soʻzlash mumkin. Gapning qisqasi shuki, yutuqlarning bosh omilida maʼnaviyat ulugʻlangan va shu asosga tayanilgan. Odamning fikrini oʻzgartirmasdan oʻzini oʻzgartirib boʻlmaydi, odamni oʻzgartirmasdan olamni oʻzgartirish mumkin emas. “Temur tuzuklari”ning ikkinchi kitobi aynan saltanatni boshqarishning maʼnaviy asoslariga bagʻishlangan. Sohibqiron tomonidan yaratilgan va amaliyotga joriy etilgan tamoyillar otaning oʻgʻilga nasihatidek samimiy ohangda ifodalanar ekan, koʻz oldimizda buyuk sarkarda, davlat arbobi, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi gavdalanadi. Hayotning ming bir chigʻirigʻidan oʻtib, toʻplangan tajriba ifodasi ertaga moʻl hosil berishi kutilayotgan bogʻdek shovullab turadi. Saltanat martabasiga erishishda qoʻllanilgan oʻn ikki tuzuk, saltanat obroʻ-martabasini saqlashning toʻrt talabi, saltanatni mustahkamlashda tayanilgan oʻn ikki toifa, saltanatni tasarrufda saqlash uchun amal qilinishi shart boʻlgan oʻn ikki talab sharhi keyingi avlodlar uchun jangda temir sovut yoki keskir qilich qanchalik muhim boʻlsa, shunday asqotgani sir emas.

Ayniqsa, xalq va rahbarlarning ijtimoiy mavqei, feʼl-atvori va salohiyati hisobga olinib, oʻn ikki toifaga boʻlingani, ehtimol, dunyo davlatchiligi tarixida oʻziga xos novatorlik boʻlgandir. Bu oʻn ikki toifani Sohibqiron “saltanatim falakining oʻn ikki burji va davlatim korxonasining oʻn ikki ustuni deb hisobladim” deydi. Xolisona olib qaralsa, har soha kishisining oʻz tabiati, kasbiy qiyofasi boʻladi, demak, barchaga bir xil muomala qilish maʼnisizlik, balki “bir gavron bilan suruvni u yon-bu yon haydagan choʻpon”ning yumushidir. Qurʼoni karimda ham odamlarning bir-biridan farq qiluvchi toifalar holida yaratilgani taʼkidlanadi, bir toifa boshqa toifa ustidan hukmron qilib qoʻyilishi joiz hisoblanadi. Shunday muhim, ayni paytda nozik holni idrok etgan bobokalonimiz davlatni boshqarishda har bir qatlamga xos siyosat ham yaratgani shubhasiz. Demak, tasnif asosida har bir toifaga mansub fuqaroning ijtimoiy mavqei, ularga davlatning munosabati (muomalasi), faoliyatni rivojlantirish tizimi belgilab qoʻyilgan boʻladi. Shunga koʻra, bu holni davlat mafkurasining asosi deb baholasa boʻladi. Uni Sohibqiron Amir Temur davlat boshqaruvida istifoda etgan. Agar tasavvurga erk berib, mushohada qiladigan boʻlsak, shunday zargarona munosabat tufayli davlat mexanizmi oʻta aniqlikda ishlagan, hech kim va hech narsa eʼtibordan chetda qolmagan deb hisoblash mumkin.

Oltin silsilaga tizilgan bu qoidalar olamni buzilishlar, vayrongarchiliklardan saqlab turishga daʼvat etuvchi yoʻl-yoʻriqlar boʻlgani shubhasiz. Mashoyixlar taʼbiri bilan aytganda, “doimo buzilishga mahkum, vayrona kulba” hisoblangan dunyoning davomiyligini taʼminlash, uning shikastlangan tomini taʼmirlash uchun Yaratgan insoniyatga bunyodkor shaxslarni ato etib turar ekan. Turonzamin xaloskori, Temuriylar davlati asoschisi, dunyo tamaddunining buyuk meʼmorlaridan biri Sohibqiron Amir Temur ana shunday porloq tole egasi boʻlgan. Ulugʻ tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy aytganidek, Sohibqiron Parvardigori olamning: “Men yerda xalifa (oʻrinbosar) yaratmoqchiman” degan inoyatiga sazovor boʻlgan yetakchi sifatida insoniyatga tuhfa etilgan dahodir. Unga oldindan koʻra bilish fazilati tufayli yer yuzida egalik qilish huquqi berilgan edi. Ana shu qudrat tufayli dunyo imorati uzoq yillar obod va muhtasham boʻlib turdi. Uning shukuhi bugungi kunlarimizgacha yetib keldi.

 

Hakim SATTORIY

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.