Oʻljas Sulaymonov

0
4623
marta koʻrilgan.

(1936 yilda tugʻilgan)

 

Zamonaviy qozoq adabiyotining yetuk vakili Oʻljas Sulaymon 1936 yil 18 mayda Olmaota shahrida tugʻilgan. Uning otasi harbiy xizmatchi edi. Oʻrta taʼlimni rus maktabida olgan Oʻljas Qozogʻiston Davlat Universitetining geologiya fakultetiga oʻqishga kirdi. Badiiy ijodga bloʻgan qiziqish uni 1961 yil Maksim Gorkiy nomidagi adabiyot institutiga yetakladi. 1962–1971 yillar orasida u “Qozogʻim” studiyasi bosh muharriri, “Prostor” jurnali boʻlim mudiri, 1972 yildan boshlab Qozogʻiston Yozuvchilar uyushmasi kotibi, Qozogʻistonningitaliyadagi elchisi sifatida faoliyat koʻrsatdi. Oʻljas Sulaymon qozoq xalqiga xos milliy xususiyatlarni, urf-odatlarni, shonli va ogʻriqli nuqtalarini yaxshi biladi. Shu bois uning asarlarida qozoq xalqining milliy ruhi teran ifodalanadi. 1961 yilda shoirning ilk asari – “Argʻumoqlar” chop etildi. Shundan soʻng “Quyoshli tunlar”, “Ajoyib tun”, “Sharofatli vaqtlar”, “Maymun yili”, “Loy kitob”, “Olovning koʻchishi”, “Yumaloq yulduz”, “Az i Ya” kabi oʻnlab sheʼriy, nasriy, ilmiy kitoblari nashrdan chiqdi.

Oʻljas Sulaymonning badiiy asarlarida qozoqning oʻziga xos turmush tarzi, oʻy-fikrlari, his-tuygʻulari aks ettirilsa, ilmiy asarlarida turkiy xalqlarning dunyo madaniyati taraqqiyotidagi ulkan oʻrni tarixiy dalillar asnosida koʻrsatilgan.

“Az i Ya” asari yevropaparastlar aytganiday, turkiylar yovvoyi va madaniyatsiz qavm emas, balki dunyoning eng qadimiy millatlaridan biri ekanini isbotladi.

Oʻljas Sulaymonning “Qoyilmisan insonga, zamin” deb nomlangan dostoni inson imkoniyatlari va irodasi haqida bitilgan madhiya yangligʻ dunyoga yangradi. Unda koinotni zabt etgan va jahon taqdirida yangi bosqichni boshlab bergan odamzot toʻgʻrisidagi mushohadalar gʻoyat taʼsirchan ifodalangan.

Shoir sheʼriyatidagi qahramon gʻururli, oʻz qadrini biladigan, ayni vaqtda oʻzgalarning ham hurmatini joyiga qoʻyadigan shaxsdir. Ular feʼli keng, tanti, falsafiy mushohadalarga moyil, chapani va joʻmard kishilar sifatida yorqin boʻyoqlar, kuchli sheʼriy timsollar vositasida jozibador tasvirlangan.

 

Akram UZOQOV

 

“Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi xalqlari adabiyoti” (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent, 2007) oʻquv qoʻllanmasidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.