Oliy majlis – majlislar sultoni

0
309
marta koʻrilgan.

Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligiga

 

Husayn Boyqaro saroyida doimiy adabiy yigʻinlar – sheʼriyat anjumanlari faoliyat koʻrsatganligini tarixiy maʼlumotlar tasdiqlaydi. Manbalar bunday sheʼriy majlislar Husayn Boyqaro huzurida tez-tez boʻlib turgani, hatto podshoh bilan shoirlar orasida mushoira oʻtkazilganidan darak beradi. Husayn Boyqaroning bevosita ishtirokidagi Oliy majlislarda asarlar, sheʼriyat namunalari muhokama qilingan, adabiy mavzularda qizgʻin suhbatlar oʻtkazilgan.

Keling, dalillarga murojaat qilsak. Yuqorida qayd etganimizdek, Navoiy va uning zamondoshlari oʻz asarlarida bunday yigʻinlarni “Oliy majlis” deya zikr etadi. “Munshaot”ga kiritilgan 42-maktubda, yaʼni buyuk shoirning Sulton Husayn Boyqaroga yoʻllagan xatida shoir taʼkidlaganidek, “tabʼ xazinasidan hosil boʻlgan maʼnolar” majmui “Xazoyin ul-maoniy” – “Maʼnolar xazinasi”nipodshohning muborak nazaridan oʻtkazish uchun “Oliy majlis”ga yuborgani yoziladi: “Shu sababdan suhbatdoshlarning faxri boʻlmish Mavlono Sohib huzuringizga yuborildi va bu qoralamani (“Xazoyin ul-maoniy”) Oliy majlisga yetkazsin deyildi. Jurʼat etgan bu ishimizni afv etarsiz va yuzaga keltirgan u ishimizni (yaʼni devonni) isloh qilarsiz, degan umiddaman”, deydi Navoiy.

Alisher Navoiy “Xazoyin ul-maoniy” debochasida ham Oliy majlisda Husayn Boyqaro shoir gʻazallarini koʻrib chiqishi, “iltifot nazari bilan” tahrir etishi, qusur va kamchiliklardan xoli qilishi toʻgʻrisida soʻz yuritadi. Aniqroq qilib aytganda, Oliy majlisda Husayn Boyqaro Alisher Navoiy yuborgan 60 yoki 100 ga yaqin gʻazalni tahrir nuqtai nazaridan koʻzdan kechirib, muharrirlik qilgan. Maktublardan maʼlum boʻladiki, Navoiy oʻz asarlarini tez-tez Oliy majlis muhokamasidan oʻtkazib turgan. “Munshaot”dagi 94-maktubda bu hol yaqqol koʻzga tashlanadi: “Bu notavonning tarqoq sheʼrlarini yuborishga siz tomondan ishora boʻlgan edi, ularni tartibga keltirishga kirishdim. Har qalay Oliy majlis ahlining mutolaasiga tezroq yetishish sharafiga muyassar boʻlar, deb umid qilaman”, deb yozadi Navoiy.

 

NEGA OLIY MAJLIS DEB ATALGAN?

 

Xoʻsh, Alisher Navoiy oʻz asarlarida tilga olgan “Oliy majlis” nima oʻzi? Nega aynan bunday yigʻinlarni Alisher Navoiy va uning zamondoshlari Oliy majlis deb tilga olgan?

Birinchidan, bu yigʻinlar Saroyda – yaʼni Navoiy iborasi bilan aytganda, Oliy dargohda boʻlib oʻtgan. Ikkinchidan, bu yigʻinlarda Xuroson mamlakatining intellektual salohiyatli insonlari boʻlmish oliy zotlari, yaʼni oʻz davrining elitasi jamuljam boʻlgan. Uchinchidan, bu majlislarda oʻz davrining adabiyotidagi oliy masalalar koʻrib chiqilgan. Shu bois, Nizomiddin Mir Alisher Navoiy va uning zamondoshlari bunday yigʻilishlarni majlislarning oliysi deb atashgan.

 

MAʼNOLAR JAVOHIRINING KONI

 

Majlislarda qanday masalalar koʻrib chiqilganligi barchani qiziqtiradi, albatta. Oliy majlislarda turli sheʼrlar tahlil qilingan, bahs-munozaralar olib borilgan, adabiy jarayonlar haqida soʻz yuritilgan. Navoiy “Munshaot”dagi 6-maktubida “koʻngil dengizidan maxfiy durlar Oliy majlisga shunday sochiladikim”, deya unda yangi, badiiy jihatdan mukammal va yangi sheʼrlar oʻqilishiga urgʻu beradi.”Munshaot”ning 16-maktubi ham fikrimizni tasdiqlaydi: “Bu parishon holning toʻzgʻigan xayolida u Oliy majlis mulozimlariga munosib boʻlarli va u yerdagi kishilar eʼtiboriga muvofiq tusharli biror fikr kelmagan va biror nima yozilmagan edi”.

“Mezon ul-avzon” asarida bunday majlislarda qanday masalalar koʻrib chiqilgan, degan savolga javob bor: “… chun ul Hazrat (Husayn Boyqaro)ning sharif majlislari maʼnolar javohirining koni erdi va ul zotning latif tabʼlari nazm qavoidlari mezoni va zamon shoirlari oliy dargoh (Oliy majlis)da xodim va davron ziyolilari va zurafolari shoh dargohida mulozim erdilar, mudom nazm va nasrdin soʻz yuritilar va doimo sheʼr va muammodin bahs-munozaralar, fikr-mulohazalar yozib borilar erdi va ul Hazratning daqoyiqshior tabʼlari kotiblar tomonidan nazm javohirlarining koʻchirilishi, koʻpaytirilishi tarafdori erdi”.

Oʻz navbatida, Oliy majlisda Sulton Husayn Boyqaro sheʼriyat ahlini qoʻllab-quvvatlovchi farmonlar ham imzolagan.

 

NAVOIY QOʻShIQ AYTGANMI?

 

Musiqa ilmini oʻzlashtirgan Navoiy gʻazallarga kuy bastalash bilan bir qatorda Oliy majlislarda ularni kuylagan. Husayn Boyqaro tanbur chalib, yigitlar raqs tushganligiga quyidagi baytni dalil sifatida keltirishimiz mumkin:

 

Xush ulki, bazmda oylar teparda argʻushtak,

Shah anda tanbura cholib, Navoiy desa qoʻshuq.

 

Ushbu majlislarda sheʼrxonlik bilan birga, kuy-qoʻshiqlar ijro etilgan. Ana shu omilga asoslanib, eronlik olim Valiulloh Kovusiy Oliy majlislarni musiqiy majlislar deb ataydi: “Sulton Husayn va shahzodalarning musiqaga qiziqishi va Alisherning sozandalarga koʻrsatgan homiyligi tufayli saroy sanʼatkorlarning intiladigan markaziga aylandi. Tarixchilar oʻsha davrdagi Sulton Husayn va vazirining farmoni bilan uyushtirilgan benazir musiqiy majlislar haqida koʻp bora yozishgan…

…Amir Alisherning himmati bilan tashkil etiladigan koʻp musiqa majlislarida sozandalar va xonandalardan tashqari tarixchi Xondamir kabi zamonasining koʻplab fuzalo va donishmandlari ham ishtirok etishardi”.

 

“QOBULIY GʻAZALIDAGI BU BAYT NAVOIYNIKI-KU?!”

 

Oliy majlisda roʻy bergan bir voqea bayoni diqqatimizni tortadi. Navoiyning guvohlik berishicha, Mavlono Qobuliy degan yigit Oliy majlisda qatnashish baxtiga musharraf boʻlib, majlis raisining podshohona tahsin va ehsoniga muyassar boʻlgan edi. Bir kuni bir turkiy gʻazal oʻqib, Navoiy qoʻliga tutqazadi:

 

Naʼl kestim dardi boʻldiyu kam boʻlmadi,

Dogʻi qoʻydim soʻzi kam boʻlgʻay debon, ham boʻlmadi…

 

Navoiy koʻngliga oʻtirmagan baytni oʻzi qaytadan yozib beradi:

 

Sarv moyil boʻldikim, oʻpgay oyogʻing tufrogʻin,

Yoqsa har soat sabo tahrikidin xam boʻlmadi…

 

“Alqissa, Qobuliy bu sheʼrni bitib noiblardin birining vositasi bila Oliy majlisqa yetkuribdur. Ul Hazrat oʻqigʻondan soʻngra debturlarki, ikkinchi bayti aning nazmi emas… Faqir taajjub qildim, ammo lutfi yoʻq erdiki, ul gʻarib yigitkim, bu sheʼrni oʻtkarib erdi, degaymenkim, bu baytni men aytibmen. Chun iqror qilmadim. Mubolagʻa bila soʻraldi, ul Hazratqa chun ravshan boʻlib erdi, inkor qila olmadim…

Qobuliyni topib keltursunlarkim, bu bobda aning bila mutoyaba qilaylik. Filhol ani topib Oliy majlisda hozir qildilar. Hazrat taxtga oʻtirib, iltifot zohir qilib, sheʼrini tahsin qildilar… majlis nihoyatqa yetti va el tarqaldi. Oz kishi mahramlardan qoldi… Bu faqir yer oʻpib, arz qildimkim, bu rahm yolgʻuz anga voqe boʻlmadikim, manga dagʻi boʻldi…”

Yaʼni Oliy majlis raisi, husni xulq, kamol fazl va baland idrok va oʻtkir zehn sohibi Husayn Boyqaro Navoiy sheʼriyat uslubini chuqur bilganidanmi, Qobuliy gʻazalidagi Navoiy qalamiga mansub baytni “bu Navoiyniki”, deb aniq ayta olgan. Pirovardida Navoiy dastlab bunga Qobuliyni uyaltirmaslik uchun iqror boʻlmasa-da, majlis yakunida haqiqatan ushbu bayt uniki ekanini tan oladi.

 

YIGʻINGA QATNASHGAN ShOIRLAR MING KISHIMI?

 

Oliy majlisda kimlar va qancha odam qatnashgan, degan savol tugʻiladi. Alisher Navoiydan tashqari Abdurahmon Jomiy va koʻplab shoirlar nazm va navo kechalarining doimiy qatnashchilaridan ekanini Husayn Boyqaro “Risolai Husayn Boyqaro” da qayd etadi: “… Haq subhonahu va taolo bu ojiz bandasining saltanati zamonida bir necha kishi (Jomiy, Navoiy va boshqalar) dunyoga kelibdi va bu faqir majlisida ular ishtirok etib, uni sharafli qiladilar”. Majlislarda, birinchidan, peshqadam ijodkor Jomiyning”gʻazallari olamga gʻavgʻo soluvchi, baytlari latif va hayajon uygʻotuvchidir”, deya zikr qilinadi. Ikkinchidan, majlis qatnashchilarining yana bir toifasi, yaʼni adabiy yigʻinlarda “nazm ahli – shoirlardan shirinsuxanlik osmonining porloq yulduzi – suhayl boʻlgudek kishilar bor”, deydi shohlar shoiri. Bunday kishilarning sonini Husayn Boyqaro Hirot va uning tumanlarida istiqomat qiluvchilardan”ehtimol mingga yaqin kishi” ekanligini qayd etadi. “Bu tilga olinganlar va vasfi yozilganlar forsiy sheʼr majlisida bazm tuzganlar va forscha yozishga mayl qilganlar”. Ammo Navoiy bunday anjumanlarga turkiy til nafasi va jozibasi bilan kirib keldi va davraning toʻrini egalladi.

Bunday kechalarga olimlar, sayyidlar, nadimlar, shoirlar, qissaxonlar, hofizlar, munajjimlar, tabiblar, mashhur polvonlar, shatranj ustalari, rassomlar, naqqoshlar, kotiblar, qozilar, raqqoslar, xonandayu sozandalar taklif etilgan. Eng qizigʻi, har bir taklif qilingan kasb egasi uchun maxsus joy belgilangan.

Muxtasar qilib aytganda, Husayn Boyqaro saroyida faoliyat koʻrsatgan adabiy yigʻinlar oʻz davrida Oliy majlislar deb atalishi bejiz boʻlmagan. Zotan, Alisher Navoiy va uning zamondoshlari asarlarida keltirilgan shahodatlar shunday deyishga asos boʻladi.

 

Sherxon QORAYEV,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyot

universiteti tayanch doktoranti

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.