Olim yaratgan moʻjizalar

0
1862
marta koʻrilgan.

 Kuching yetsa – olim boʻl. Agar olim boʻlolmasang, olim odamga shogird boʻl. Buni ham eplolmasang, chin olimlarni hurmat qil. Bu ham qoʻlingdan kelmasa, olimlarning jahlini chiqaradigan ish qilma.

Hadisdan.

 

Umarali Normatov deganda, koʻz oʻngimda hozirgi oʻzbek adabiyotshunosligining eng sermahsul, eng faol, eng kuyinchak, eng mehnatsevar, shu bilan birga, eng imon-eʼtiqotli inson gavdalanadi. Umarali Normatov qariyb oltmish yilga yaqin davrdan buyon adabiyot atalmish moʻjizalar xazinasining fidoyisi boʻlib, uning pokizaligi, kelajagi, doimiy rivojlanishi va boyib turishi uchun masʼuliyatini ongli ravishda chuqur anglagan holda beminnat xizmat qilib kelayotir. Men yuqorida Umarali Normatov fenomeniga xos boʻlgan fazilatlarni bejiz taʼkidlamadim. Bular mendan oldin boshqa adabiyotshunoslar tomonidan ham qayd etilgan.

Avvalo, shuni aytish lozimki, Umarali Normatovning sermahsulligi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Bu fikrimizni quyidagi raqamlar isbotlab beradi. 2006 yilda nashr qilingan “Umarali Normatov (Bibliografik koʻrsatkichlar)” risolasida adabiyotshunos olimning 45 ta kitobi, darslik va qoʻllanmalari, 515 ta maqolalari roʻyxatga olingan. 2010 yilda nashr etilgan “Nafosat gurunglari” nomli yangi kitobida ustozning oʻzlari “hozirga qadar 500dan ortiq adabiy-tanqidiy maqolam, 50ga yaqin kitob, darslik, oʻquv qoʻllanmalarim chiqdi”, deb yozadilar. Aslida, bular ham toʻla emas. Mening hisobimga koʻra, shu paytgacha Umarali Normatovning 550ga yaqin maqolasi, 55ta kitob, darslik va oʻquv qoʻllanmalari bosilib chiqibdi. Nashrga tayyorlash va muharrirlik ishlari bu hisobga kirmaydi.

Keling, bu sermahsullikning qadriga yetish uchun matematika faniga murojaat etaylik. Umarali Normatovning: “Yosh prozaiklarning baʼzi yutuq va kamchiliklari”, deb atalgan ilk maqolasi “Oʻzbekiston madaniyati” (hozirgi “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”) gazetasida bosilganiga bu yil 54 yil boʻldi. Shu 54 yilni bir yil hisobida 365 kunga koʻpaytirsak, 19710 kunga toʻgʻri keladi. Ammo bu raqam bir sutka, yaʼni, 24 soatning natijasi. Axir, odam uzluksiz 24 soat ishlay olmaydi-ku, toʻgʻrimi? U ham uxlaydi, dam oladi, oila aʼzolari, doʻst-birodarlari bilan suhbatlashadi, toʻy-hashamlarda qatnashadi (bunaqa xayrli ishlarga esa domlaning “suyagi yoʻq”, har doim “vaqt” topadilar) va hakozo. Buning ustiga Umarali Normatov maʼruza oʻqish, shogirdlari bilan ishlash, ularning dissertatsiyasini oʻqib, tahrir qilish, ilmiy kengashlarda qatnashish, rasmiy yoki norasmiy opponent sifatida tayyorgarlik koʻrish, yana 26 yillik kafedra mudiri sifatidagi tinimsiz mehnat bilan band edi. Bular odamning hazilakam vaqtini olmaydi. Bu ishlar uchun kunning yarmini olib tashlaganimizda ham Umarali Normatovning ixtiyorida 9855 kun qolarkan (aslida, bu ham koʻp, chunki odam 12 soat muqim oʻtirib ishlay olmaydi). Ana endi har birini kamida 5 betdan hisoblab, 550 ta maqolani (2750 bet), har biri oʻrtacha 180-200 betdan boʻlsa, 55 ta kitob (11000 bet)ni bu raqamga koʻpaytirsak, ustozning naqadar sermahsulligiga, kuyinchakligiga, mehnatsevarligiga toʻla ishonch hosil qilamiz.

Shuni alohida taʼkidlash oʻrinliki, Umarali Normatovning yozganlari shunchaki qoʻldan chiqqan narsalar emas. Ishonchim komilki, domla har bir sahifa, ibora, hatto soʻz ustida soatlab oʻylaydi, ularni qayta-qayta tahrir qiladi. Oʻzi toʻla qoniqish hosil qilgandan keyingina nashrga beradi. Maqolalarining har birida adabiyotning muhim mavzu-muammolarini koʻtaradi, uni davrning dolzarb masalalari bilan bogʻlaydi. Bu maqolalarda muallif tilga olgan ilmiy va badiiy asarlarning roʻyxatini koʻrib, yana bir bor tan beramiz: shuncha kitobni qachon oʻqib ulgurdi ekan?

Bular ustozning faolligini isbotlovchi dalillar hamdir. Ayni chogʻda, u kishi oʻzi mansub boʻlgan oliy taʼlim mutaxassisligi doirasi bilangina cheklanib qolmagan. Umarali Normatov umumtaʼlim maktablari hamda oʻrta maxsus taʼlim tizimi uchun dasturlar, darsliklar, qoʻllanmalar tayyorlash, ularni tubdan yangilash borasida ham tinimsiz faoliyat olib boradi. Taʼlim tizimini isloh qilish masalalariga bagʻishlangan bironta anjuman, fan olimpiadalari ham ustozsiz oʻtmaydi.

Umarali Normatov har bir ishga oʻta kuyinchaklik va masʼuliyat bilan yondashadi, tinimsiz mutolaa qiladi. Shu boisdan ham ustoz fikr doirasi nihoyatda keng, umumiy adabiy jarayonni chuqur biladigan olimlardan biri hisoblanadi. Shaxsan oʻzim ustoz bilan suhbatlashib, bir dunyo saboq olaman, bir necha kungacha oʻzimni bosolmayman. Hali koʻp narsalarni bilmasligimga, yanada, koʻproq oʻqish-oʻrganishim zarurligiga amin boʻlaman. Ammo, shunisi hayratga soladiki, ustozning oʻzlari hech qachon bilganlaridan qoniqish hosil qilmaydi. Bu qoniqmaslik hissi ustozni yanada koʻproq mutolaa qilishga undaydi. Masalan, ustozning “Ijodkorning daxlsiz dunyosi” kitobiga kirgan “Hamkasblar bilan suhbatlar”ini, “Ijod sehri” kitobidagi “Romanning yangi umri”, “Dunyoni yangicha koʻrish ehtiyoji” nomli suhbatlarini esga olaylik. Ularda Umarali Normatov hozirgi dunyo adabiyotshunosligidagi yangicha nazariy maʼlumotlarni shu qadar koʻp bilishi ayon boʻladi.

Adabiyot nazariyasi va hozirgi adabiy jarayon masalalariga bagʻishlangan bu suhbatlarda ilgari surilgan ilmiy-nazariy mulohazalar Umarali Normatovning tez surʼatlar bilan oʻsib borayotgan, jahon adabiyoti mezonlari bilan boʻylashayotgan oʻzbek adabiyotining sir-asrorini muttasil oʻrganayotgani, undan orqada qolmaslik uchun tinmay izlanayotgani (ustoz adabiy tanqid badiiy adabiyotdan oldinda yurishi kerak degan qoidaga qatiy amal qiladilar-da)dan dalolat beradiki, ustozning bu fazilati nafaqat yosh tadqiqotchilar yoki shogirdlari uchun, balki tengqur adabiyotshunoslarga ham oʻrnak boʻlarlidir.

Oʻtgan 2010 yilning oʻzida Umarali Normatovning bir-biridan sifatli ikkita kitobi bosilib chiqdi. Biri olti boʻlimdan iborat adabiy-tanqidiy maqolalar, esselar, xotiralar, qayd va suhbatlarni oʻz ichiga olgan “Nafosat gurunglari” deb atalgan boʻlib, undagi juda koʻp maqolalar oʻquvchilar hukmiga ilk bora havola etilmoqda. Hayron qoldimki, ustozning ijod sandigʻida hali eʼlon qilinmagan ishlar ham koʻp ekan. Kitobning “Ustozlar ibrati” va “Safdoshlar davrasida” deb atalgan dastlabki boʻlimlaridagi maqolalarni oʻqib, Umarali Normatovning qiyofasiga xos yana bir belgini sezish mumkin. Bu ustozning yuksak maʼnaviyatli, qatʼiy imon-eʼtiqodga ega boʻlgan shogirdlik va doʻstlik tuygʻusidir. Oʻzining tan olishicha, universitetda oʻqib, ishlab topgan eng katta boyligi, baxti Ozod Sharafiddinovdek buyuk ustozga shogird boʻlganligidir. Ozod Sharafiddinov tufayli Abdulla Qahhor bilan hamsuhbat boʻlish baxtiga erishdi. Ayni chogʻda, domla shogird sifatida “Ustozi avval”i Gʻulom Karimov, ajoyib “Odamoxun siymo” Subutoy Dolimov, “Sharqu Gʻarb tadqiqotchisi” Fozila Sulaymonova, “Olim, tarjimon, murabbiy” Shoislom Shomuhamedov kabi ustozlari, hamkasb doʻstlari Nuriddin Shukurov, Begali Qosimov, Norboy Xudoyberganov, Abdugʻafur Rasulovlar toʻgʻrisida ham samimiyat va mehr bilan hikoya qiladilar. Shu boisdan ham qanday martabaga, obroʻ-eʼtiborga erishgan boʻlsa, buning uchun Umarali Normatov eng avval, ana shu ustozlariga taʼzim qiladi. Ehtimol, shuning uchundir Umarali Normatovning oʻzi ham shogirdlarining yuksak mehr-muhabbatiga sazovor boʻlib kelayotir.

Yana bir kitobi Umarali Normatovning qirq yildan ortiqroq davr mobaynida oʻrganib kelgan Abdulla Qodiriy ijodiga bagʻishlangan boʻlib, “Qodiriy moʻjizasi” nomli monografiyadir. Chindan ham Abdulla Qodiriy milliy adabiyotimizdagina emas, balki jahon adabiyoti mezonlari bilan oʻlchansa arziydigan moʻjizalar yaratgan. Ustoz kitobga oʻzbek adibining ana shu jahonshumul ijodiy portretiga mos keladigan nom topa olganlar.

Adabiyotshunos Umarali Normatovning oʻzi oʻrganayotgan, fikr bildirayotgan har bir ijodkor shaxsiga, uning merosiga, mahorati darajasiga ulkan muhabbat va oʻta masʼuliyat bilan yondashishi mana shu monografiyada, ayniqsa, yaqqol namoyon boʻladi. Kitob muqaddimasida Abdulla Qodiriyni daho sanʼatkor deb bilgan va buni ilmiy jihatdan isbotlab bera olgan muallif yozuvchi yaratgan moʻjizalarni oʻquvchi oldiga ochildasturxondek yozib qoʻyibdilar-u, tagʻin kamtarlik qilib, bu: “Aytganlarim, yozganlarim moʻtabar qalam sohibi shaʼniga, u qoldirgan moʻjizakor meros darajasiga mos kelarmikan? Qodiriydek soʻz zargari “qalamim ojizdir” deb turganida, kamina kabi bir gʻarib munaqqid (taʼkid bizniki – Y. S.) bu ishni qoyillatdim deyishga yoʻl boʻlsin!” deb oʻquvchidan uzr soʻraydi.

Yozuvchilar va hamkasblar bilan boʻlgan suhbatlarda esa munaqqidning qulfi-dili yanada ochilib ketadi. Eʼtibor berilsa, bu suhbatlar hozirgi adabiy jarayonda nazariya masalasining oʻrganilishi, tadqiq etilishi va badiiy asarga tadbiq qilinishi muammolariga bagʻishlangan. Ularda ilgari surilgan nazariy fikrlar adabiyotshunos Umarali Normatovning tez surʼatlar bilan yangilanayotgan, jahon tamadduni bilan boʻylashayotgan badiiy adabiyotning sir-asrorini oʻrganish, undan orqada qolmaslik uchun tinmay izlanayotganidan dalolat beradi. Yana shuni alohida taʼkidlash oʻrinliki, oʻzbek adabiy tanqidchiligida adabiy suhbat janrining vujudga kelishi Umarali Normatov nomi bilan bevosita bogʻliqdir.

Umarali Normatov hozirgi adabiy jarayonda roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlar, yangilanayotgan nazariy tamoyillar toʻgʻrisida shu qadar toʻlib-toshib, his-hayajonga berilib ketadiki, agar suhbatdoshi ustozni vaqti-vaqti bilan toʻxtatib, muhokama qilinayotgan mavzu va muammo oʻzaniga solib turmasa, bir necha kun boʻlsa ham gapiraveradi. Buni tinib-tinchimas izlanuvchan munaqqid Umarali Normatov hozirgi adabiy jarayonning ham badiiy, ham ilmiy-nazariy rivojidan qoniqish hosil qilmayotganidan, kuyunchakligidan kelib chiqadigan fazilat deb baholash oʻrinlidir. Ustozning ana shu fazilatini taʼkidlar ekanman, oʻylanib qolaman, axir, ijodkorga xos bu daxlsiz dunyo badiiy ijod bilan shugʻullanayotgan sanʼatkorgagina emas, balki, shu jarayonga undan kam boʻlmagan vaqt, his-hayajon, tafakkur, bilim sarflayotgan, shu sohaga cheksiz mehr qoʻygan munaqqidga ham bevosita daxldor emasmi?! Shu maʼnoda, olimning oʻziga xos qarashlari, munosabati, kuyunchakligi, yangiliklarning roʻyobga chiqishini tezroq koʻrish istagi Umarali Normatovgagina daxldor tafakkur dunyosining yashovchanligi hamda kamolotidan dalolat beradi. Ha, Umarali Normatov adabiyot atalmish moʻjiza ichida yashab, ajoyib moʻjizalar yaratmoqda.

Adabiyotshunos sifatida ustozning qiyofasini toʻldiradigan yana bir chizgi toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtishni xohlayman. U kishining qachon boʻlmasin, bildirgan fikrlari shaklan ham, mazmunan ham eskirmaydi. Masalan, shaxsan oʻzim koʻproq oʻzbek nasri, xususan, roman janri muammolari bilan shugʻullanganim uchun Umarali Normatovning yetmishinchi yillarda eʼlon qilgan “Roman va zamon” masalasidagi oʻz-oʻzi bilan olib borgan adabiy-tanqidiy bahsi bilan oradan oʻttiz yil oʻtib, mustaqillik davrida yaratilgan “Romanning yangi umri”ni aniqlashga bagʻishlangan suhbatini (suhbatdosh Dilmurod Quronov) qayta-qayta oʻqiyman va har gal ulardan olamjahon bilim olaman. Chindan ham bundan oʻttiz-qiriq yillar oldin roman janrining shakli va mazmunini tubdan yangilash zarurligi toʻgʻrisidagi mulohazalari mustaqillik davrida amalga oshganligiga ishonch hosil qilaman.

Ustoz Umarali Normatov adabiy anjumanlarda, uchrashuvlarda soʻzga chiqib, birinchi kalomini: “Azizlarim, qadrdonlarim, doʻstlarim”, kabi, mehr ufurib turgan soʻzlar bilan boshlaydilar. Ha, ustozimiz uchun yoshidan, millatidan, irqidan qatʼiy nazar, hamma odamlar aziz va qadrlidir. Ehtimol, shuning uchundir, Umarali Normatovning oʻzi ham hamma uchun azizu mukarram va qadrdon boʻlib qolayotir.

 

Yoʻldosh SOLIJONOV,

filologiya fanlari doktori

 

“Sharq yulduzi”, 2011–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.