Olamni va odamni munavvar koʻrish saodati

0
207
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan shu yil 15-17 may kunlari AQSHga amalga oshgan birinchi rasmiy tashrifi chogʻida boshqa sohalar qatori madaniy-maʼrifiy yoʻnalishda ham oʻzaro hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim qadamlar qoʻyildi.

 Prezidentimizning mazkur tarixiy tashrifi arafasida “Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop etilgan “Zamonaviy Amerika romanlari” toʻplami mazkur sohadagi muhim voqeadir. Ushbu toʻplamga asarlari jahon kitobxonlariga yaxshi tanish Amerika modern adabiyotining uch yirik vakili – Daniyela Stil, Xolid Husayniy va Og Mandino qalamiga mansub besh roman jamlangan. 

Eʼtiboringizga atoqli olim Akmal Saidovning zamonaviy Amerika romanchiligiga bagʻishlangan maqolasini havola etmoqdamiz.

 

 HAJVCHINING ENG BUYUK ROMANI

 Amerika Qoʻshma Shtatlari adabiyotining tarixi Yevropa va Osiyo mamlakatlarinikiga qaraganda sezilarli darajada qisqa boʻlsa ham, XIX asr ikkinchi yarmidan boshlab kurrai zaminimiz kitobxonlarining diqqat-eʼtiborini tobora koʻproq jalb eta boshladi va tez orada oʻz badiiy ijod maktabini yaratishga muvaffaq boʻldi. Oʻzbek oʻquvchilari Amerika adiblaridan buyuk hajvchi Mark Tven, sarguzasht janri asoschilaridan biri boʻlgan Edgar Allan Po, mashhur romannavislar Jek London, Teodor Drayzer, Ernest Xeminguyey, ilmiy fantastika klassigi Rey Bredberi va boshqa koʻpgina isteʼdodli ijodkorlarning romanlari, qissalari, hikoyalari, shu jumladan davlat tilimizda nashr etilgan asarlari bilan yaxshi tanishlar. 

Amerikaning eng mashhur hajvchisi sifatida eʼtirof etiladigan Mark Tven aslida ijtimoiy, siyosiy va maʼnaviy muammolarni chuqur tahlil etadigan jiddiy adib. U yoshligida Missisipi daryosida suzadigan kemada yoʻl koʻrsatuvchi – lotsman vazifasida ishlagan va 20 yillik mehnat faoliyati davomida hayotni chuqur oʻrgangan. Uning adabiy taxallusi – Mark Tven ham dengizchilar tilida “daryo tubigacha ikki sarjin masofa bor, kema bemalol suzaverishi mumkin” maʼnosini bildiradi.

Yozuvchi badiiy ijodga nisbatan kech kirishganiga (27 yoshida jurnalistlik faoliyatini boshlagan, birinchi kitobi 34 yoshida eʼlon qilingan) qarmasdan, juda koʻp janrlarda – hajviya, satira, falsafiy fantastika, publitsistikada qalam tebratgan va asarlarining hammasida insonparvar va demokrat nuqtai nazarini namoyon etgan.

Mark Tvenning eng mashhur romanlaridan biri – “Tom Soyerning sarguzashtlari”da («The Adventures of Tom Sawyer», 1876) murakkab qismatli, ayni paytda juda joʻshqin, sunʼiy ertaknamo emas, balki “hayotiy bola”ning oddiy kunlari hikoya qilinadi. Ana shu asarning davomi sifatida koʻriladigan “Geklberri Finning sarguzashtlari” (“The Adventures of Huckleberry Finn” 1985) uydan qochib ketib, Missisipi daryosi boʻylab suzishda turli voqealarning guvohi boʻlgan bola toʻgʻrisida gap boradi. Mazkur mashhur asarda bolaning koʻzi orqali koʻrilgan dunyo hayratga soladigan darajadagi haqiqiy tasvirlangan. Gek Finn – hursevar Amerikaning ramzi, oʻz maqomiga solishga tayyor turgan jamiyat qonunlariga boʻysunishni istamaydigan “yovvoyidir”. Adabiy tanqidchilar bu asarni Amerikaning eng buyuk romani deb baholashadi. 

Nobel mukofoti laureati Ernest Xeminguyeyning taʼrificha, “Amerika hozirgi davr adabiyotining hammasi Mark Tvenning bitta kitobidan boshlanadi, uning nomi “Geklberri Finning sarguzashtlari” deb ataladi”. Yana bir amerikalik Nobel mukofoti laureati Uilyam Folkner esa: “Mark Tven chinakamiga birinchi Amerika yozuvchisi boʻlgan va oʻsha paytdan beri biz hammamiz – uning merosxoʻrlarimizdir” deya eʼtirof etgan.

Oʻzbek kitobxonlari Mark Tvenning “Tom Soyerning yangi sarguzashtlari” asari, bir qator hikoyalari, ocherklari va esselarini oʻz ona tillarida oʻqish imkoniyatiga ega boʻlganlar. 

 

 GʻAYRIODDIY HODISALAR UMMONI

 “Zamonaviy Amerika romanlari” toʻplamida kitobxonlar eʼtiboriga Daniyela Stilning Rustam Jabborov tomonidan tarjima qilingan “Taqdir soʻqmoqlari” (“Leap of Faith”, 2001), Dilfuza Sobirova oʻzbekchalashtirgan “Oʻgʻirlangan baxt” (“Vanished”, 1993) va “Boʻsa” (“The Kiss”, 2001) romanlari havola etilgan.

Munaqqidlarning taʼrificha, “Taqdir soʻqmoqlari” – oʻz bolaligi oʻtgan uyini hiylagardan qaytarib olish uchun hamma narsaga tayyor irodali ayol hamda uning muhabbatini qozonish uchun vosita tanlab oʻtirmaydigan, soʻzini oʻtkaza oladigan erkak munosabatlari tarixidir. Bu roman – vaqt sinovidan oʻtgan sadoqatli doʻstlik va jonni fido qilishga arzigulik ehtirosli muhabbat qasidasidir. Bu asar – kitobxonni sehrlashga qodir sirli ishqiy sarguzashtlar, javobini topish oʻlim xavfini tugʻdiradigan gʻaroyib jumboqlar, gʻayrioddiy hodisalar ummonidir.

Roman yozuvchining boshqa ishqiy asarlari qatori sarguzasht voqealariga boy. Unda ham bolaligida avtohalokat oqibati ota-onasi va akasidan judo boʻlgan Mari-Anj Xokinsning yoshligi tufayli doʻst bilan dushmanni, otashin muhabbat bilan sevgi niqobi ostidagi firibgarlikni ajrata olmay koʻrgan-kechirganlari taʼsirchan ifodasini topgan. 

Daniyela Stilning “Oʻgʻirlangan baxt” romani qahramonlari Mariyel va Charlz birgalikda baxtiyor hayot kechirishadi. Ammo fojea yuz berib, ularning oʻgʻli halok boʻladi. Bundan larzaga tushgan Charlz farzandidan judo boʻlishida xotini Mariyelni ayblaydi. Asossiz daʼvodan asabiy dardga yoʻliqqan Mariyel kasalxonaga tushib qoladi. Tuzalgach esa eri bilan ajrashadi va hayotini yangidan boshlash uchun Nyu-Yorkka joʻnab ketadi. Bu yerda u katta boy Patterson bilan tanishadi, uning sanʼat asarlari kollektsiyasi nazoratchisi boʻlib xizmat qila boshlaydi. Ular oʻrtasidagi amaliy munosabatlar chuqurlashib, ishdagi ishqqa aylanadi va Mariyel Pattersonga turmushga chiqadi. Ular farzand koʻradi. Mariyel hayoti izga tushib ketganiga ishonchi komil, biroq kutilmaganda oʻgʻli gʻoyib boʻladi. U oʻtmishining fojeali xotiralari iztirobida. Dalillar esa yangi oiladagi oʻgʻilning yoʻqolishi sobiq eri Charlz Deloni bilan bogʻliq ekanligini koʻrsatadi… 

“Boʻsa” romanida ham romantik muhabbat va uning iztiroblari oʻz ifodasini topgan. Asar qahramonlari Izabel va Bill avtomobil falokatida sal boʻlmasa halok boʻlishlari mumkin edi. Ana shunday fojea onlarida ular bir qarashdayoq bir-birlarini sevib qolishadi. Bunday dahshatli paytlarda har bir inson koʻz oʻngida beihtiyor butun hayoti, quvonchlari va uqubatlari oʻtadi. Oʻtkinchi dunyoda hayotning qadriga yetish, oʻz baxtini topish uchun kurashish zarurligi yanada oydinlashadi. “Boʻsa” romanining qahramonlari ham bahtiyor turmush kechirish uchun turmush qurish niyatidalar. Ammo Izabel oilali, erining esa u bilan aslo ajralish niyati yoʻq. Sevishganlar oʻz baxtlariga erisha olarmikin? Romanni oʻqisangiz, bu savolga javob topasiz. 

Daniyela Stilning Gulchehra Muhammadjon tomonidan tarjima qilingan yana bir romani – “Sayohat” da media-magnat Jek Xanter va uning rafiqasi televideniye koʻrsatuvlari yulduzlaridan hisoblangan Meddini Vashington baxtiyor juftligining kechinmalari qalamga olingan. Bu oiladan hamma hayratga tushadi, ularga havas qilishadi. Biroq juda risoladagi oilaning tashqi nigohlardan yashirin haqiqiy turmushi zulmat ichida, nihoyatda jirkanch, qabih sirlar bilan qoplangan.

Bunday oila boqiylikka daʼvo qilishga ojiz. Oʻzgalar uchun bahtiyorlikni namoyish qilaverishning ham chegarasi boʻladi. Sabr kosasi toʻlib-toshadi, metindek mustahkam deb hisoblab kelingan qoʻrgʻon parokandalikka yuz tutadi. Kechagi hamma havas bilan qaraydigan Meddini Vashington oʻtmishidan voz kechib, hammasini boshqadan boshlashga majbur…

 

 ERKAKLAR QISMATI

 Xolid Husayniyning (Khaled Hosseini) ilk asari – “Shamol ortidan yugurib…” (“The Kite Runner”, 2003) jahonda XXI asrning bosh romani, uning muallifi — tirik klassik deb ataladi. Xususan, 2009 yilda “The Millions” jurnali tomonidan oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra ushbu roman yangi ming yillikning eng yaxshi 20 asari roʻyxatidan oʻrin oldi. “Shamol ortidan yugurib…” ellikdan ortiq tillarga tarjima qilingan va 10 million nusxada chop etilgan.

Asarlarini ingliz tilida bitadigan yozuvchi Afgʻoniston poytaxti Qobulda 1965 yilda tugʻilgan. Uning otasi afgʻon diplomati, onasi qizlar maktabida fors tili va tarixdan dars bergan. Otasi Afgʻonistonning Erondagi elchixonasida xizmat qilgan, 1976 yilda Frantsiyada diplomatik lavozimga tayinlanishi munosabati bilan oila Parijga koʻchib kelgan. 

Ikki yil oʻtgach Afgʻonistonda davlat toʻntarilishi sodir boʻlishi oqibatida Husayniylar vataniga qaytish imkoniyatidan mahrum boʻlgan va ular AQSHdan siyosiy boshpana soʻrashga majbur boʻlgan. Bu yerda boʻlajak yozuvchi Santa-Klara va Kaliforniya universitetlarida tibbiyotni oʻrgangan. Universitetni tugallaganidan soʻng biroz vaqt oʻz ixtisosligi boʻyicha ishlagan, keyin esa Sharq tamadduni, xususan Afgʻoniston tarixi bilan bogʻliq romanlar yoza boshlagan. 

Adibning, ushbu toʻplamdan joy olgan, Rustam Jabborov tomonidan tarjima qilingan “Shamol ortidan yugurib…” romanida doʻstlik va sadoqat, sotqinlik va bu aybni yuvish mashaqqati gʻoyat taʼsirchan tasvirlangan. Asar qahramonlari Amir va Hasan doʻst, biroq oralarida ulkan jardek farq bor. Amir Afgʻoniston aholisi koʻpchiligini tashkil qiladigan pushtun, mahalliy zodagonning farzandi, Hasan esa kamsitib kelinadigan hazoriylardan. Buning ustiga Amirning otasi koʻrinishi koʻrkam va el-yurtda nufuzli inson, qirol Nodirshoh bilan toʻyida tushgan rasmi qasrining mehmonxonasida osigʻlik turadi. Hasanning otasi Alining oyogʻi bolalikdan oqsaydi, yuzi falaj oqibatida huddi haykalnikidek qotib qolgan, bolalar koʻpincha uning orqasidan “Babalu” (“alvasti”) deb ermak qilishadi.

Xolid Husayniyning “Shamol ortidan yugurib…” romani 2005 yilda Frantsiya radiosi tomonidan har yili beriladigan adabiyot boʻyicha “Dunyo guvohi” mukofotiga sazovor boʻlgan. Roman boʻyicha 2007 yilda rejisser Mark Foster tomonidan shu nomda badiiy film ham yaratilgan.

“Shamol ortidan yugurib…”ni shartli ravishda erkaklar qismati haqidagi asar deb baholansa, “Ming quyosh shuʼlasi”ni (“A Thousand of splendid suns”, 2007) ayollarga bagʻishlangan roman deyish mumkin. 

Rustam Jabborov oʻzbek tiliga tarjima qilgan “Ming quyosh shuʼlasi” markazida esa Afgʻonistonni larzaga solgan fojealar qurboniga aylangan ikki ayol taqdiri yotadi. Mariyam nikohsiz onadan tugʻilib, “haromi” tamgʻasi bosilgan, juda yoshligida oʻzidan ancha katta kosibga turmushga uzatilgan, ogʻir uqubatlarni boshidan oʻtkazgan baxti qarolardan. Asarning ikkinchi bir qahramoni Laylo esa aksincha ahil oiladagi suyukli farzand. Ularning bahtiyor hayot kechirish orzulari oʻrtasida biror bogʻliqlik yoʻq, chunki oʻzlari turli dunyoga mansublar. Agar urush boʻlmaganida ular toʻqnash kelishi amri mahol edi. Ammo xalq boshiga tushgan ogʻir sinov davrida Laylo va Mariyam bir-biriga juda bogʻliq boʻlib qoladilar. Lekin oʻzlari kimligini – bir-biriga dushmanmi, dugonami yoki opa-singilmi bilishmaydi. Ular roʻy berayotgan fojealar roʻparasida yolgʻiz qolsalar, nochorlar. Ammo birgalikda azob-uqubatlarni yengib oʻtadilar, baxt ahyon-ahyonda boʻlsa ham ularga kulib boqadi…

“Ming quyosh shuʼlasi” Afgʻonistondagi urush dahshatlaridan yurakni ezadigan, ammo qora kunlar ortidan muqarrar ravishda quyosh charaqlab chiqishiga umid qilishga undaydigan hoyat taʼsirchan asardir. Asar qahramonlari zulmat ichida yashasalar ham oʻzlarining insoniy qiyofalarini yoʻqotishmaydi.

Xolid Hasaniyning oʻziga xos “Afgʻoniston trilogiyasi”ning uchinchi romani — “Togʻlar uzra aks sado uchadi”da (“And The Mountains Echoed”, 2013) ham yozuvchi oʻz vatani — XX-XXI asarlarda turli siyosiy kuchlar manfaatlari toʻqnashgan, qirgʻin urush maydoniga aylangan jafokash Afgʻoniston muammolarini koʻtargan.

Amerikalik doktor AQSHdagi toʻq va osuda hayotidan soʻng bu yerdagi dahshatli voqelikka duch kelib, urushning fojealari guvohi boʻladi. Asar qahramonlari orasida Qobuldagi kasalxonada yarador bolalarga gʻamxoʻrlik koʻrsatayotgan bosniyalik hamshira, uchayotgan oʻq va bombalar ostida ham operatsiya stoli yonidan jilmaydigan gretsiyalik jarroh, tinch hayotga moslasha olmayotgan sobiq dala qoʻmondoni ham bor. Bu yerda Gʻarbning oqilligi Sharqning hassosligiga toʻqnash keladi, ikki tamaddunning dunyoqarashi turli ziddiyatlarni keltirib chiqaradi.

Xolid Hasaniy yozuvchilik faoliyati bilan bir qatorda Birlashgan Millatlar Tashkilotining qochqinlar boʻyicha xodimidir. Bu vazifada u afgʻonlar, birinchi navbatda afgʻon bolalariga insonparvarlik yordami koʻrsatib kelmoqda. Xolid Hasaniy Afgʻonistonga insonparvarlik yordami koʻrsatish boʻyicha oʻz jamgʻarmasini ham tashkil etgan.

 

 YAXShI YASHASH SIRI

 Og Mandino (Og Mandino, 1923-1996) — asarlari eng koʻp oʻqiladigan yana bir amerikalik yozuvchidir. Uning asarlari 25 tadan koʻproq tilga tarjima qilingan, 50 million nusxadan ortiq kitoblari sotilgan. Jahondagi turli mamlakatlardagi minglab odamlar – Amerika korporatsiyalarining maʼmurlaridan tortib Yaponiya fabrikalarining ishchilarigacha, Meksika qamoqxonalarining mahbuslariyu nemis uy bekalari, futbol trenerlari hamda Filipindagi ruhoniylar yozuvchi asarlaridagi maslahatlarga amal qilishlari natijasida oʻz hayotlarida moʻjizalar roʻy berganligi uchun Og Mandino oldida umrbod qarzdor ekanligini eʼtirof etadilar. 

Ogning onasi uning bolalik paytidayoq yozuvchi boʻlishini bashorat qilgan. Haqiqatan ham Mandino maktabning yuqori sinflarida gazetaga muharrirlik qilgan va Missuri universitetining jurnalistika fakultetiga oʻqishga kirishni rejalab qoʻygan. Biroq 1940 yilda kutilmaganda onasining vafot etishi hayotini tubdan oʻzgartirib yuborgan. U kollejga oʻqishga kirish oʻrniga qogʻoz fabrikasida ishlay boshlagan, 1942 yilda AQSH harbiy havo korpusiga qabul qilingan. Ikkinchi jahon urushi yillarida “B-24 Liberator” strategik bombardirovkachi samolyotida uchgan. 

Harbiy xizmatdan soʻng u sugʻurta agenti boʻlib ishlay boshlagan. U oilasini boqish uchun kechayu kunduz tinmay ishlashiga qaramasdan qarz botqogʻiga tobora botavergan. Nochorlik uni mayxonalarning doimiy mijoziga aylantirgan. Muttasil ichkilikbozlik xotini bilan ajralib ketishiga, ishdan haydalishiga ham olib kelgan. Og Mandino bu yillarni oʻzi shunday taʼriflaydi: “Ikki yil azob-uqubatlar ichida oʻtdi. Shaloq mashinamda ish qidirib, mamlakatni darbadar kezishga tushdim. Bir shisha arzon sharob uchun har qanday ishni bajarib ketadigan boʻldim. Kechalari duch kelgan xarobalarda tunab qolar va oʻzimning nochor qismatimga achchiq-achchiq koʻz yosh toʻkar edim”. 

Og Mandino hatto oʻz joniga qasd ham qilmoqchi boʻlgan. Ana shunday kunlarning birida u Nyu-Xempshirdagi Konkord shahar kutubxonasiga tasodifan kirib qolgan va qoʻliga Uilyam Klement Stoun va Napoleon Xillning “Ijobiy dunyoqarash yordamida muvaffaqiyatga erish” (“Success Through a Positive Mental Attitude”) kitobi tushib qolgan. Ushbu asarda bayon qilingan maslahatlar uning dunyoqarashini tamomila oʻzgartirib yuborgan.

Boʻlajak adib uzoq izlashlardan keyin Uilyam Klement Stounning Birlashgan sugʻurta agentligi (“Combined Insurance Company of America”) prezidenti ekanligini aniqlagan va ushbu kompaniyaning Boston shahridagi filialiga sugʻurta agenti boʻlib ishga kirgan. Bir yil ichida Og Mandino ushbu kompaniyaning Men okrugidagi menejeri vazifasiga ishga tayinlangan. Bu vazifada u oʻz xodimlarini U.Stoun falsafasiga oʻrgatgan va tezda kompaniya miqyosida eng yuksak natijalarga erishgan.

Keyin oʻzi yozuv mashinkasini sotib olib, ijodga qoʻl urgan. Uilyam Klement Stoun “Success Unlimited” (“Cheksiz omad”) jurnalini ham taʼsis etgan. Bu nashr oz nusxali boʻlib, kompaniya aktsiyadorlari va xodimlari oʻrtasida tarqatishga moʻljallangan. Og Mandino bu nashrning muharriri etib tayinlaganidan koʻp vaqt oʻtmasdan uni umummiliy jurnal darajasiga olib chiqishga muvaffaq boʻlgan.

Kunlarning birida jurnal uchun materiallar taqchil boʻlganida muharrirning oʻzi dahshatli avtohalokatga uchrab nogiron boʻlib qolgan Ben Xogen ismli kimsaning nafaqat oyoqqa turganligi, balki AQSH ochiq birinchiligining gʻolibi boʻlganligi haqidagi maqolani yozadi va “ Success Unlimited”da chop etadi. Bu maqola bilan tanishgan Nyu-Yorkdagi nashriyotlardan biri muallifga hamkorlik qilishni taklif etadi. Shundan atigi 18 oy oʻtgach, jurnal muharririning bugungi kunda dunyoda mashhur “Dunyoning eng buyuk savdogari” (“The Greatest Salesman in the World”) kitobi ana shu nashriyotda chop etiladi. Bu paytda Og Mandino hali mashhur yozuvchi sifatida tanilmagan edi. Shuning uchun kitobning ilk adadi 5 mingta nusxa qilib belgilangan. Amerikadagi yirik “Amway Corporation” kompaniya rahbari De Vosning yigʻilishda oʻz taʼrifiga koʻra, bu kulgili bir ism sohibi yozgan “Dunyoning eng buyuk savdogari” asarini oʻqishni xodimlariga tavsiya qilishi ikki yil ichida bu kitob 350 ming nusxada sotilishiga sabab boʻldi. Shundan mana 30 yildan ortiq vaqt oʻtgan boʻlsa ham bu kitob qoʻlma-qoʻl boʻlmoqda. 

Hayotda oʻz oʻrnini topa olgan va “Success Unlimited” jurnali prezidenti darajasiga koʻtarilgan Og Mandino 52 yoshida — 1976 yilda bu yuksak lavozimini tark etib, hamma vaqtini adabiy faoliyatga bagʻishlashga azm etgan. 

Rustam Jabborov tomonidan oʻzbek tiliga oʻgirilgan “Dunyoning eng buyuk savdogari”da bagʻdodlik tadbirkor Xafidning savdo sohasida muvaffaqiyatga erishish sirlari oʻn nomada bayon qilinadi. Ularda muvaffaqiyatga erishish uchun qatʼiyatli boʻlish va harakat qilish, oʻzini oʻzi boshqarishga oʻrganish, Tangridan maslahat va toʻgʻri yoʻl soʻrash, boshqa oʻgitlar loʻnda ifoda etilgan.

Koʻpchilik oʻziga omad kulib boqishi uchun astoydil harakat qilish zarurligi haqidagi pand-nasihatlarni deyarli har kuni eshitadi. Og Mandino esa oʻz asarida buni quyidagicha juda ibratli tarzda bayon etgan: “Bugun va har kuni sizga haq toʻlanganidan koʻproq ish qiling. Agar sizdan kutganlaridan koʻproq ish qilish nechogʻli muhim ekanligini anglab yetsangiz, muvaffaqiyatning yarim lazzatini tuyasiz. Sizning ishingizni shu qadar yuqori baholashsinki, bora-bora sizni eng kerakli xodim sifatida tan olishsin. Ishga qoʻshimcha kuch sarflash huquqingizdan foydalaning va buning evaziga berilgan mukofotga quvoning. Siz unga loyiqsiz!”

 

Akmal SAIDOV,

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi

 

uzhurriyat.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.