Odil Yoqubovning soʻnggi maktubi

0
1469
marta koʻrilgan.

Adabiyotimiz tarixidan maʼlumki, buyuk daho ijodkorlarga xos boʻlgan bitta umumiy jihat mavjud. XV asr timsolida qaraydigan boʻlsak, Alisher Navoiy umr shomida oʻzining “Mahbub ul-qulub” deb nomlangan – insoniyat uchun moʻjaz bir maktub bitib qoldirdi. U asarda koʻngil va ruh obodligi xususida teran mushohadalar insoniyatga ibrat boʻlgulik turfa qarashlar keltirilgan. XX asr intihosida daho Lev Tolstoy “Iqrornoma” asarida oʻzining barcha “qilgan va qilolmagan” ishlari haqida iztirob bilan hikoya qiladi. “Hayot nima?”, “Yashash-chi?” qabilidagi iqrorlari har bir kishini oʻyga toldirib qoʻyishi shubhasiz. Ayniqsa, Tolstoy umr shomi botayotganda “Men nima izlayapman?” degan savolni insonga, uni tushungan insoniyatga yozib qoldirdi. XX asr adabiy hayotida bir necha asarlari bilan shuhrat qozongan Markes “Vido maktubi”da: “Ey ahli maʼni axtarayotgan zotlar, bir-birlaringni sevinglar, mehrli boʻlinglar” deya bitib ketdi. Uzoqqa bormaylik, oʻzining yuzlab hikoyalarini jahon adabiyoti namunalariga boʻylab yaratgan fidoyi adib Shukur Xolmirzayev “Dinozavr” asarini qayta-qayta yozib, bitganlaridan koʻngli toʻlmay, “yon daftarchasi”ga vido maktubini yozib qoldirdi: “Dinozavr”ni mukammal holda yozib tugatsam, armonim yoʻq” dedi. Umri davomida “siz va biz” haqimizda oʻnlab dilbar romanlar yaratgan XX asr oʻzbek adabiyotida oʻziga xos soʻqmoq ochgan, maktab yaratgan daho sanʼatkor Odil Yoqubov “Osiy banda” asari bilan “soʻnggi maktubi”ni bitib qoldirdi…

Aytish joziki, Odil Yoqubov “Osiy banda” romanini yaxlit kitob holida koʻrish orzusi bilan yashadi. U umrining soʻnggi damlarida qilgan adabiy suhbatlarida shunday deydi: “Men hamma narsani yozib boʻldim deb aytolmayman. Yaxshi asarimni Xudo umr bersa endi yozaman”. Koʻrinadiki, adib oʻnlab qissa va romanlaridan qoniqish his qilmayapti. Hatto “Osiy banda” asridan ham. Boʻlmasa ushbu roman juda katta mahorat va ichki iztirob bilan bitilgan. Roman “Adolat manzili”ning mantiqiy davomidek taassurot uygʻotadi. “Oʻzbekiston” nashriyoti savobli ishga qoʻl urib, adibning yaqindagina “Osiy banda” romanini nashr qildi.

Kitobga soʻz boshi yozgan munaqqid Ibrohim Gʻafurov adib haqida shunday fikrlarni ilgari suradi: “Odil Yoqubov realizm deganda hayotni teran bilish va shunga chambarchas uyqash aks ettirishni tushunardi. Hamma vaqt hayot derdi va hayot deganda xalqqa xizmat qilishni anglardi. Bu uning eʼtiqodi edi”. Binobarin, “Osiy banda” romanida millatimiz boshiga tushgan “qayta qurish” yillaridagi ahvol-ruhiyasi, “necha yuzlab” insonlarning begunoh qurbon boʻlishi, oʻz taqdirlari oldida chorasiz qolishi dardu nido bilan tasvirlanadi. U asar yozmayapti. U faqat koʻz yoshlarini qogʻozga toʻkyapti. Biz Odil Yoqubov isteʼdodi oldida, koʻpni koʻrgan oqsoqol adibimiz oldida bosh egamiz. Chunki u butun millat taqdiriga befarq emas! Boshiga necha sinov va mashaqqatlar tushsa-da, haqiqatni, oʻsha “aytish” mushkul boʻlgan davrda katta minbarlarda turib baralla aytdi. U oʻz eʼtiqodiga sodiq jonkuyar edi. “Millat oyogʻiga emas, boshiga qarab fikr yuritar”di. Ushbu kitob mutolaasidan keyin zukko oʻqiguvchida shunday taassurot tugʻilishi tayin. Yaʼni “menga hozir Odil Yoqubov hikoya qilib berdi” deb yubrishi hech gap emas. Chunki asarda oʻquvchi qoʻlidan sudrab olib oʻtuvchi chiziq – ruh uning hayotiy va haqqoniy, “yuksak isteʼdod egasi”ning oltmish yillik tajribasi, mahorat-la bitilgani bilan oʻlchanadi. Ayniqsa, oʻzining bolaligi, u qanday qiyinchiliklar bilan kechgani, “bolalikning achchiq kechmishlari” uni nimalarga roʻbaroʻ qilganini goh alam, goh sogʻinch, goh qaygʻu bilan eslab tasvirlaydi…

Odil Yoqubov – goh tarixiy, goh zamonaviy mavzuda qalam tebratar ekan, u koʻproq inson qalbiga qarab ish tutadi. “Osiy banda” yoki “Xotiralar”ida ham buning yorqin ifodasini kuzatamiz. Ayniqsa, millatimizning bir necha ziyoli adiblari-yu, adolatli rahbarlari xususida fikr yuritar ekan, shuncha ogʻir mashaqqatlar girdobida qolgan mamlakatimiz boshiga tushgan koʻrguliklarni alam bilan xotirlaydi. “Qattol” tuzumning oʻyinlarida qurbon boʻlgan saxovatli insonlari haqida kuyunib hikoya qiladi. Chunonchi, tabiatiga realizm singib ketgan Odil Yoqubov oʻzi boshidan kechirmagan, oʻzi his qilmagan, oʻzi ishtirok etmagan narsa-hodsalar haqida hech bir soʻz ochmaydi. Adibning maʼnaviy jasorati ham aslida shudir. Odil Yoqubov “oʻtmishga aylangan” tarixning saboqlaridan xulosalar chiqardi. Millatni millat qilib koʻrsatadigan eng qudratli kuch – “adabiyot yashasa, millat yashar” degan Choʻlponning hikmatiga xos javob izladi. Va, umr shomida bitib qoldirgan “Osiy banda” romani (maktubi) ham bundan mustasno emas.

 

Nodira SULTANOVA

 

“Yoshlik”, 2014 yil 5-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.