Nodira

0
520
marta koʻrilgan.

 (1792–1842)

Shoiraning asl ismi Mohlar oyim boʻlib, Nodira taxallusi bilan mashhur boʻlgan. Ayrim oʻzbekcha sheʼrlari Komila, fors tilida yozilgan sheʼrlari Maknuna taxallusi bilan shuhrat qozongan.

Nodira 1792-yilda Andijonda tugʻilgan. Otasi Andijon hokimi boʻlib, onasi Oyshabegim qizining tarbiyasiga alohida eʼtibor beradi. 1807-yilda Nodirani Qoʻqon xoni Olimxonning ukasi Umarxonga uzatadilar. Umarxon Margʻilonga bek etib tayinlangach, shoirani oʻzi bilan Margʻilonga olib ketadi.

1810-yilda Umarxon Qoʻqon xoni etib tayinlangach, Nodira xon kutubxonasidan unumli foydalana boshlaydi. Sharq sheʼriyatining Saʼdiy, Hofiz, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy va Bedil kabi buyuk soʻz sanʼatkorlari asarlarini chuqur oʻrganadi. Ularning anʼanalarini oʻz sheʼrlariga singdira boshladi.

Umarxon Nodira uchun nafaqat hukmdor, umr yoʻldosh, balki sheʼriyatda ustoz ham boʻlgan. Nodira sheʼriyatining kamol topishida, bir tomondan, Umarxonning maslahatlari, ikkinchi tomondan, saroydagi sheʼriyat anjumanlari oʻz taʼsirini oʻtkazgan.

Saroyda tashkil etilgan sheʼriyat majlislarida ayollar ishtirok etmasa-da, Nodira atrofida ijodkor ayollar toʻplana boshladi. Jahon Otin Uvaysiy, Mahzuna, Dilshod Barno kabi shoiralarning elga tanilishida va isteʼdodlarining kamol topishida Nodiraning xizmatlari beqiyos boʻldi. 1822-yilda Amir Umarxon vafot etgach, taxt vorisi Muhammad Alixon juda yosh boʻlgani uchun mamlakatni boshqarish ishlari Nodira zimmasida edi. Shoira uchun bu ishlar, umr yoʻldoshidan judolik oson emasdi. Ruhiyatidagi tushkunlik, ezgin tuygʻular uning ijodida aks etmay qolmadi. Uning sheʼriyatida hijron tuygʻulari aks eta boshladi:

Figʻonkim, gardishi davron ayirdi shahsuvorimdin.

Gʻamim koʻp, ey koʻngil, sen bexabarsen holi zorimdin.

Buxoro xoni Nasrulloxon 1842-yil Qoʻqonni bosib olgach, Nodirabegim oʻgʻillari Muhammad Alixon va Sulton Mahmudxon bilan birga qatl qilindi. Ammo shoiraning muborak nomi oʻzbek mumtoz sheʼriyatida abadiy qoldi. Nodiraning ikki devoni saqlanib qolgan. Nodira devonida koʻplab gʻazallar bilan birga Umarxon vafotiga bagʻishlab yozilgan sheʼriy firoqnoma ham mavjud. U mumtoz adabiyotda nihoyatda kam uchraydigan muashshar janrida yaratilgan. Muashshar oʻn banddan iborat boʻlib, har bir bandi oʻn misradan tashkil topgan boʻladi.

 

Nazira GʻULOMOVA

 

“Ona tili va adabiyot” (“Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, Toshkent – 2014) darsligidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.