Nazmda koʻngil tavsifi

0
234
marta koʻrilgan.

Alisher Navoiy turk nazmi “Xazo yin ul-maoniy” kulliyotining “Favoyid ul-kibar” devoniga kirgan “Ey koʻngil” gʻazalida oʻz hayotini aks ettiradi. Gʻazal iztirobga tushgan dilni tasvirlash bilan boshlanadi:

 

Ey koʻngil, dushmanlar oncha makr ila fan qildilar.

Kim, vafoligʻ doʻstni jonimgʻa dushman qildilar.

 

Navoiyni hurmat qiladigan doʻstlari koʻp boʻlgan, ammo gʻazalda buning aksini kuzatamiz. Baytda gap Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro munosabatlari haqida bormoqda. Bu vaqtlarda shohga ikki tuman pul kerak boʻladi. Shunda Navoiyning muxoliflaridan Muhammad Majididdin Husayn Boyqaroga Navoiyning oʻrnida boʻlsa, bundan ham koʻproq pul topib berishini aytadi. Shoh uning gapini maʼqul topadi va Navoiyni saroydan uzoqlashtirib, Astrobodga hokim qilib joʻnatadi.

 

Dud boshimdan chiqar, goʻyoki hijron toshidin,

Yogʻdurub har yon, bu gunbad uzra ravzan qildilar.

 

Shoir atrofdagi teskari kuchlarning oʻz boshiga otgan malomat toshlari zarbidan hijron azobini chekayotganini tasvirlaydi. Ularning qabihliklarini diliga zahar-zahmat nishlarini sanchuvchi zogʻlarning hujumiga qiyos etadi. Shoirning boshida yoyilgan soch emas, uning oʻrnida hujumga yopirilgan «zogʻ» – qargʻalar toʻdasi goʻyo. Ular oʻz zahridan jarohatlangan, yara boʻlgan shoir tanidan uning joniga qasd qilmoq uchun in yasab, joylashib olganlar:

 

Boshima joʻlida soch ermaski, zogʻ aylab gʻulu,

Zaxmlardin toʻma istarga nashiman qildilar.

 

Yoru diyoridan ayriliqda oʻtkazgan damlarini hayotidagi qorongʻilik, deb bilgan shoir nazdida butun falak qora libosga burkangan. Tong esa oʻz yoqasini chok-chok qilib, shoirning nolayu zoriga qaygʻurmoqda:

 

Hajri shomidin osib gardun qora kiz boʻynigʻa,

Subh chok aylab yaqo holimgʻa shevan qildilar.

 

Keyingi bayt mazmunidan Navoiyning qalbida Vataniga boʻlgan muhabbat oʻti shamdek soʻnib borayotgani, dardu shavq shoirning butun tanini kuydirib, ul tuproq yodi bilan koʻnglini yoritganini koʻramiz. Baytdagi ishq oʻti ham dardu shavq kabi orzu-istak va intilish maʼnolarida aks etgan:

 

Uchmish erdi ishq oʻti xasdek tanimdin dardu shavq,

Kuydirib, goʻyo bu tufroq birla ravshan qildilar.

 

Soʻnggi baytlarda shoirning hayotiy mushohadalari, faylasufona fikrlari yanada uygʻunlashadi. Navoiyning taʼrificha, qadimgi Eron shohi Jamshid hakimlarga buyurib, ikkita jom yasattirgan ekan. Shu jomlardan birining nomi «jomi gitiynamoy» (dunyodagi hodisalarni koʻrsatuvchi jom), deb atalar ekan. Bu jomdan may ichgan paytda dunyoda yuz bergan voqea-hodisotlar unda koʻrinib turar ekan. Shoir ana shu jomdan may ichgan «ahli hikmat» (donishmandlar) charxning bemehr, dunyoning beshafqat ekanini yanada aniq koʻra bildilar, deydi:

 

Boda tutkim, ahli hikmat charx bemehr erkanin,

Jom davri xatlari birla mubarhan qildilar.

 

Kaʼba musulmonlarning Makka shahridagi ziyorat joyi boʻlib, uni ziyorat qilgan kishi barcha gunohlaridan forigʻ boʻladi. «Dayr» – butxona, tasavvuf ilmida tangrining uyi, deyiladi. U yerda dunyoning bor tashvishu gʻami unutiladi. Shu bois gʻazalni shoir «Ey Navoiy, sen ham Kaʼbaga otlan yoki butxonaga kir, shundagina dunyoning gʻamu kulfatlaridan forigʻ boʻlasan», deya nihoyasiga yetkazadi:

 

Ey Navoiy, Kaʼba tut yo dayrkim, ahli jahon,

Jurmu gʻamdin bu ikki manzilni maʼman qildilar.

 

Gulbahor RAHIMOVA,

filologiya fanlari nomzodi

 

Manba: zarnews.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.