Nazariya va tanqid

0
439
marta koʻrilgan.

Oʻtgan 2015 yil tarjima asarlari nashriga boy boʻldi. Shu oʻrinda “Yangi asr avlodi” nashriyoti jahon adabiyoti durdonalari hisoblangan oʻnlab asarlarning tarjimalarini chiroyli muqovalarda qaytadan nashr qilgani ham maqtovga loyiqdir.

Vaholanki, yuqoridagi ayrim tarjimalarning ilk nashrlari oʻtgan asrning yetmishinchi-saksoninchi yillarida amalga oshirilgan boʻlib, bugun ularni faqat kutubxonalardan topib oʻqish mumkin. Masalan, mashhur fransuz adibi Antuan de Sent-Ekzyuperi qalamiga mansub “Kichkina shahzoda” asarining yozuvchi Xayriddin Sultonov tarjimasi (ushbu asar 1963 yil M. Umarov tarafidan ilk bor tarjima qilinib, kitobcha holida chop qilingan boʻlsada, oʻquvchilar davrasida shuhrat qozonolmagandi – M. X.) dastlab 1986 yili kitob holida nashr qilingach, katta-yu kichik kitobxon nazariga tushgan edi. Asar 1988 yil yana bir bor qayta nashr qilindi. “Kichkina shahzoda” ertagining (fransuzcha nashrdagi “conte” soʻzi ertakdan koʻra qissa yoki jajji roman janriga mos keladi. Volterning “Zadig”, “Kandid” asarlari ham fransuz tilida “conte” deb yuritiladi – M. X.) oʻzbek tilidagi tarjimalarini asliyat va ruscha tarjima matnlari bilan solishtirib, tahlil qilgan maqolalar, yozuvchi ijodiga bagʻishlangan tadqiqotlar ham yozilgan. Professor Akmal Saidovning kitobga yozgan soʻzboshi oʻrnidagi maqolasi oʻquvchini yozuvchi hayoti va ijodi bilan yana-da yaqindan tanishtiradi.

Oʻtgan yili yana bir nashriyot – “Davr press” ham tarjima asarlarini chop etishga kirishib, xayrli ishga qoʻl urdi. Nashriyot “Dunyo adabiyoti xazinasidan” turkumida taniqli xitoy yozuvchisi Lao Shening “Mushuklar shahri xotiralari” nomli mashhur roman-pamfletini Erkin Ernazarov tarjimasida chiroyli muqovada chop etdi. Oʻzbek kitobxoni soʻnggi oʻn besh yil orasida xitoy adabiyotidan, Nobel mukofoti sovrindorlari Gao Sinszyan va Mo Yan asarlari bilan tanishgan edi. Mazkur nashriyot chop etgan ikkinchi kitob Frans Kafkaning “Ota hukmi” (Das Urteil) asaridir. Kitob mundarajasidan yozuvchining oʻzbek tiliga tarjima qilingan oʻnta hikoyasi, ikki maktubi va adabiyot haqidagi fikrlari oʻrin olgan. Bu nashrga ham professor Akmal Saidov mazmundor soʻzboshi yozgan.

2015 yilda “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallari va “Kitob dunyosi”, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetalarida ham bir qator tarjimalar bosilib chiqdi. Masalan, “Jahon adabiyoti” jurnali oʻzining dastlabki sonlarida ingliz tanqidiy realizm adabiyotining yirik vakili Charlz Dikkensning “Katta umidlar” (Great expectations, 1860) va fransuz romantizm adabiyoti namoyandasi Jorj Sandning “Indiana” (Indiana, 1832) romanlarining tarjimalarini eʼlon qildi. Birinchi roman tarjimoni oʻz ishini “ingliz va rus tillaridan tarjima” deb atagan. “Bu qanaqasi boʻldi? Asarni ikki tildan tarjima qilish mumkinmi?”, degan gaplar ham boʻldi. Tarjimon va munaqqid Shoazim Minovarov oʻtgan yillar davomida mashhur fransuz adiblaridan Sharl Perroning “Ona gʻoz ertaklari”, Fransua Moriakning “Ilonlar changalida”, Monteskyening “Fors nomalari” (hamkorlikda), Le Klezioning “Mondo va boshqa hikoyalar” kitoblarini va Mopassan hikoyalarini bevosita fransuz tilidan oʻzbekchaga oʻgirgan malakali tarjimonlardan. Shuningdek, u taniqli adibimiz Erkin Aʼzamning “Shovqin” romani va hikoyalarini oʻzbek tilidan fransuzchaga bevosita tarjima qildi va bu tarjimalar alohida kitob holida nashr etilib, Parijda YUNYeSKO qarorgohida ularning taqdimoti boʻlib oʻtdi. Shoazim Minovarov fransuz tilini mukammal biluvchi ziyolilarimizdan. Dikkensning “Katta umidlar” romani tarjimasiga kelsak, mutarjim ingliz tilini hali fransuz tilidek mukammal oʻrganmaganligi sababli tarjima jarayonida ruscha tarjima matnidan ham foydalangan va buni oshkor aytganini toʻgʻri qabul qilmoq lozim.

“Indiana” romanini oʻzbekchaga oʻgirgan Yusuf Xushvaqtov bundan besh-olti yil burun tarjimasini koʻtarib “Jahon adabiyoti” jurnaliga kelganda Amir Fayzulla va Fayzi Shoismoil kabi malakali tarjimonlarga duch keldi va ularning maslahatlarini olib, matnni qayta-qayta ishladi. Nihoyat tarjima jurnalda bosildi.

Jorj Sand hayoti va ijodi fransuz adabiyotida muhim oʻrin tutadi. U hayotda biroz chapani, oʻziga ishongan, erkaklar davrasida erkakcha kiyinib, talashib-tortishib ijod qilgan sanʼatkor ayol edi. U oʻzini doim madam de Stalga mengzardi. Jorj Sand ham de Stal kabi deyarli barcha asarlarida oʻz erki va adolat uchun kurashgan ayollar qiyofasini yaratdi, ularni ulugʻladi. U yaratgan “Indiana”, “Valentino”, “Konsuela”, “Mopra” kabi romanlar Yevropada “ayol prozasi”ning yetuk namunalari hisoblanadi. Andre Moruaning “Liliya yoki Jorj Sand hayoti” romanini oʻqigan kitobxon adiba hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishadi.

“Indiana” romani tarjimasi xususida gapiradigan boʻlsak, asar oʻzbek tilida ham oʻqimishli chiqqan. Ammo tarjima matni qayta-qayta tahrir qilinavergani uchunmi koʻp holatlarda aslidan uzoqlashib ketgani, ayrim hollarda yozuvchi uslubiga putur yetgani ham koʻzga tashlanadi. Jurnal oʻzining oxirgi ikki sonida amerikalik romannavis Garold Robbinsning “Meni tashlab ketma” romanini Lola Shoimova tarjimasida eʼlon qilib, yana bir mashhur yozuvchi nomini oʻzbek oʻquvchisiga tanishtirdi.

“Kitob dunyosi” gazetasi yosh tarjimonlar malakasini oshiruvchi maktab ham boʻlayotgani quvonarli. Masalan, gazeta sahifalarida Begoyim Xolbekova, Oybek Ostonov, Qandilat Yusupova, Shahnoza Quvonova, Shahlo Oblaqulova kabi iqtidorli tarjimonlarning tez-tez chiqib turishlari tarjimadan tarjimaga ular mahoratining oshib borayotganidan darak berayotir.

Endi ikki ogʻiz soʻz tarjima nazariyasi va tarjima tanqidining bugungi ahvoli haqida. Nazarimda, soʻnggi yillarda tarjima nazariyasi amaliyotdan uzoqlashib borayotgandek, tarjima tanqidi esa orqada qolayotgandek koʻrinadi. Oʻtgan yili “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi uyushtirgan davra suhbatlarida, Jizzax davlat pedagogika institutida boʻlib oʻtgan “Badiiy tarjima: amaliyot, nazariya va tanqid” ilmiy seminarida Ibrohim Gʻafurov, Abdulla Sher, Mirpoʻlat Mirzo, Amir Fayzulla, Mirzaali Akbarov, Adhambek Alimbekov, Suvon Meli, Shavkat Karimov, Yanglish Egamova, Xurram Rahimov, Zuhriddin Islomiddinov, Robiyajon Abdullayeva, Abdumurod Koʻchiboyev kabi taniqli tarjimonlar, adabiyotshunos, tilshunos va tarjimashunos olimlar ishtirok etib bu xususida kuyunib gapirdilar. Ayniqsa tarjima tanqidini yoʻlga qoʻyish bosh mavzu tarzida muhokama markazida boʻldi.

Toʻgʻri, nazariya boʻlmagan joyda amaliyot rivojlanmaydi, ular bir-biri bilan chambarchas bogʻlangan, bir-birini toʻldirib boradi. Taʼbir joiz boʻlsa, nazariya bilan qurollanmagan tarjimon mukammal tarjima yarata olmaydi. Buni biz Ibrohim Gʻafurov, Amir Fayzulla, Abdulla Sher, Mirzaali Akbarov, Yangilish Egamova kabi mohir tarjimonlarimiz ijodi misolida kuzatishimiz mumkin.

Tarjima nazariyasining sof lingvistik muammolari xususida gapiradigan boʻlsak, oʻtgan yili Oʻzbekiston Milliy unversiteti va Andijon davlat unversitetida boʻlib oʻtgan ilmiy anjumanlarda yuzlab taniqli olimlar, mustaqil ilmiy tadqiqotchilar va magistrantlar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdilar. Ularda asosan zamonaviy tarjimashunoslikning dolzarb masalalari sof nazariy rejada tadqiq qilinganini kuzatamiz.

Masalan, oʻtgan yilning dekabr oyida Andijon davlat unversitetida boʻlib oʻtgan Respublika ilmiy-amaliy anjumanida 135 ta maʼruza tinglandi. Tan olib aytish kerakki, anjumanda oʻqilgan maʼruzalarning aksari qismida gʻarb va rus tilshunosligi va tarjimashunosligi nazariyasiga tayanilgan fikrlar va tezislar asosiy oʻrinni egallaydi. Ularda badiiy tarjima amaliyoti va tanqidiga oid fikrlar kamdan-kam muhokama qilinganini kuzatamiz.

Afsuslanarli tomoni, ushbu anjuman ishida Yozuvchilar uyushmasi adabiy aloqalar va badiiy tarjima kengashidan va “Jahon adabiyoti” jurnali tahririyatidan hech kim ishtirok etmadi. Shuningdek, Ibrohim Gʻafurov, Najmiddin Komilov, Amir Fayzulla, Abdulla Sher, Mirpoʻlat Mirzo, Mirzaali Akbarov, Yanglish Egamova kabi taniqli tarjimonlar taklif qilinmagani ham hamkorlik borasida uzilish hosil boʻlganidan darak beradi. Amaliyot va nazariya oʻrtasidagi uzulish esa tarjima tanqidiga ham salbiy taʼsir koʻrsatayotir.

Masalan, oʻtgan yili “Jahon adabiyoti”da bosilgan yirik asarlarga, nashriyotlarda chop qilingan tarjima kitoblariga matbuotda fikr bildirilmadi. Hatto Erkin Aʼzamning Fransiyada chop etilgan “Shovqin” romani va Muhammad Alining “Ulugʻ saltanat” romanining ruschaga oʻgirilgan birinchi kitobi tarjimasiga ham eʼtiborli baho berilmadi.

Xulosa qilib aytganda, jahon adabiyotining eng sara asarlari tilimizga oʻgirilib, oʻz oʻquvchisini topmoqda. Niyatimiz, bu tarjimalar tarjima tanqidi va nazariyasi ilmida ham oʻz oʻrnini topsa, amaliyot, nazariya va tanqid bir maqsad yoʻlida xizmat qilsa nur ustiga aʼlo nur boʻlar edi.

 

Muhammadjon XOLBEKOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.