Navoiyni qachon tushunamiz?

0
918
marta koʻrilgan.

Hazrat Alisher Navoiy ijodi bilan oʻquvchilik yillarimizda tanishgan edim. Biroq Navoiyni tushunish, uning betakror isteʼdodi qirralarini anglash juda qiyin edi. Qolaversa, Navoiy asarlari talqini hukmron mafkura mezonlaridan chiqib ketishi mumkin emas edi. Shuning uchun ham sobiq ittifoq davrida nafaqat Navoiy asarlarini, balki mumtoz adabiyotimizni toʻgʻri anglash imkoni yoʻq edi.

Navoiyni tushunish uchun esa muborak dinimiz taʼlimotlaridan, jumladan, tasavvuf ilmidan ham teran xabardor boʻlish talab etiladi. Maʼlumki, Alisher Navoiy davrida boshqa ilmlar qatori tasavvuf ilmi ham rivojlangan edi. Alisher Navoiy ham naqshbandiya tariqati soliklaridan biri hisoblanadi. Har bir ilmning oʻziga yarasha atamalari boʻlganidek, tasavvufning ham oʻziga xos atamalari boʻlishi tabiiy. Ibn Sinoning soʻzlarini tushunish uchun tabobat atamalarini, Forobiyning fikrlarini ilgʻash uchun falsafiy iboralarni, muhaddislarning soʻzlarini anglash uchun hadis ilmi istilohlarini bilish lozim boʻlganidek, tasavvuf ahlining soʻz-iboralarini toʻgʻri tushunish uchun ham ularning oʻziga yarasha atamalarini tushunish kerak boʻladi.

Masalan, “sahih” degan soʻz lugʻatda “sogʻlom, toʻgʻri”, fiqh ilmida “toʻgʻri, xato emas”, hadis ilmida “ishonchli”, sarf ilmida “illat harflardan xoli soʻz”, tabiblarda “sogʻ-salomat” degan maʼnoda tushuniladi. Binobarin, “sahih” soʻzini qaysi maʼnoda tushunish bu soʻzning qaysi ilmga oid kitobda kelayotganiga qarab belgilanadi. Yana bir misol uchun “vazn” soʻzini olaylik. Bu soʻz umumiy holatda “ogʻirlik” maʼnosini bildiradi. “Falon narsaning vazni faloncha gramm”, deganga oʻxshash. Ammo bu soʻz sheʼriyatda kelsa, maʼlum ritmga ega boʻgʻinlar yigʻindisi tushuniladi. Sarfda, yaʼni morfologiyada esa bu atama soʻzlarning “fa”, “ʼayn”, “lam” muqobilidagi holatini ifodalaydi. “Vazn” soʻzining istilohiy maʼnolaridan bexabar odamdan “Navoiy” qaysi vaznda?” deb soʻralsa, hech narsani tushunmasligi turgan gap. Sarf istilohidan xabardor kishigina bu savolga “faʼoliy vaznida”, deb javob berishi mumkin. Aruz istilohlarini bilgan inson esa “faʼulun” vaznida deb javob qiladi.

Xuddi shuningdek, tasavvufga doir soʻz va asarlarni ham tasavvuf istilohlarisiz tushunish imkonsiz. Har bir ilmning atamalarini oʻsha ilmning mutaxassislaridan oʻrganilganidek, tasavvuf ahlining istilohlarini ham oʻshalarning oʻzlaridan oʻrganish kerak. Bu oʻrinda taxmin bilan ish koʻrish yoki oʻzboshimcha “ijodiy” yondashuv yaxshi emas.

Darhaqiqat, Navoiy asarlarini anglash uchun ham turli islomiy atamalarni, xususan, tasavvufiy istilohlarni yoritgan asarlarni oʻrganish kerak. Tasavvuf ilmi ham, boshqa islomiy ilmlar kabi, Islomning ilk davrlarida alohida ilm sifatida shakllangan emas edi. Balki musulmonlar bilgan Qurʼon va Sunnat ilmlarining ichida umumiy tarzda oʻrganilardi. Vaqt oʻtishi bilan Qurʼon va Sunnatdan olingan ilmlar turli sohalarga ajralib, alohida-alohida ilm sifatida shakllana bordi. Har bir sohaning oʻziga yarasha mutaxassislari yetishib chiqa boshladi. Shu qatori Islomda insonning axloqiga, qalbiga, ruhiy tarbiyasiga oid ilmlar ham bir toʻplam boʻlib ajralib chiqdi. Bu ilmga doir bilimlarni jamlab, alohida rivojlantirish uchun maxsus ulamolar yetishib chiqdilar. Ular oʻzlarining sahobai kiromlar va tobeinlardan olgan ilmlari hamda hayotiy tajribalaridan kelib chiqqan bilimlarni alohida kitoblarga tushirishga kirishishdi. Keyin bu ilmga “tasavvuf” deb nom berildi. Musulmonlar orasida ushbu ilmga alohida eʼtibor berilgan. Asosan qalbga doir ilmlar bilan shugʻullanadigan, zamona fitnalaridan oʻzini uzoqroqqa olib qochadigan, toat-ibodat, taqvo va qalb islohiga hammadan ham koʻproq harakat qiladigan kishilar paydo boʻldi. Ana oʻsha kishilar “zohidlar”, “obidlar”, keyinroq “soʻfiylar” deb nom oldi.

Soʻfiylarning baʼzilarida oʻzlaridagi ruhiy oʻzgarishlar, maʼnaviy kamolot bosqichlari, qalblarida hosil boʻlayotgan kechinmalarni sir tuta olmay, aytib yuborish holatlari yuzaga keldi. Bunday botiniy holatlarni hammaga ham aytish ravo boʻlmasligini bilgan baʼzi kishilar oʻzlariga xos atamalarni oʻylab topishdi. Ular bu bilan oʻz kechinmalarini faqatgina oʻzlariga oʻxshagan kishilar tushunadigan tarzda bayon qilishni iroda qilishgan edi. Ular ana shu majoz yoʻli bilan ham oʻzlaridagi holatni izhor qilishga va ayni paytda maxfiy tutishga erishdilar. Qalb dardini toʻkish bilan birga riyodan ham saqlana oldilar. Oʻzlariga ergashganlar uchun ibrat yaratish bilan bir vaqtda ularni inkor etuvchilardan oʻzlarini toʻsa oldilar. Shu bilan birga, oʻsha his va kechinmalarni majoz bilan ifodalashda oʻziga yarasha zavq hamda balogʻat va fasohatning namoyishi ham bor. Balki ularning ruhiy olamlarida roʻy berayotgan holatlarni joʻn soʻz bilan ifoda qilishning imkoni ham yoʻq edi. Abdurahmon Jomiyning aytishicha, bunday yoʻlni birinchi boʻlib tutgan shaxs, Zunnun Misriy boʻlgan.

Har qanday murakkab va keng ilmning ham boshlanish nuqtasi kichik va sodda boʻlgani kabi, tasavvuf atamalari ham ilgarigi holatida uncha koʻp boʻlmagan. Ammo vaqt oʻtishi bilan bu maydon ham kengayib ketdi. Tasavvufiy istilohlar ikki qismga: haqiqiy va majoziylarga boʻlindi. Haqiqiy maʼnodagi istilohlarga misol tariqasida “tavba”, “riyo”, “uzlat”, “ixlos”, “muhabbat” kabi soʻzlarni keltirish mumkin. Majoziy istilohlar sirasiga ega “fano”, “baqo”, “ishq”, “hijron”, “zulm”, “ahdga vafo”, “yor”, “dildor” kabi soʻzlarni kiritish mumkin. Avvalgi qismning aksari Qurʼon, Sunnat va salafi solihlarning soʻzlaridan olingan boʻlsa, keyingi qism atamalar, yuqorida aytib oʻtganimizdek, oʻz holatini ommadan yashirish maqsadida paydo boʻlgan.

“Soʻfiylar istilohi” deganda “soʻfiyning ilohiy visolga yetishish yoʻlida qilgan poklanish, xulqlanish va yetishishdan iborat uch bosqichli ruhoniy safari asnosidagi zavqiy tajribalarini aks ettiruvchi tushunchalarni ifodalovchi soʻzlar” nazarda tutiladi. Tasavvuf istilohlarining shakllanishi va boyib borishida Qurʼoni Karim, Sunnati nabaviyya, salafi solihlarning hikmatlari katta oʻrin egallagan boʻlsa, shu bilan birga boshqa ilmlarning, jumladan, falsafaning ham taʼsiri katta boʻlgan. Soʻfiylarning istilohlari boshqa ilmlardagi istilohlardan shunisi bilan farq qiladiki, bu istilohlar muayyan bir maʼnoga bogʻlanib qolmay, bir necha irfoniy maʼnolarda ishlatilishi mumkin. Ularning qaysi maʼnoda qoʻllanilganini atrofidagi boshqa soʻzlardan chiqarib olinadi. Masalan, “yor” deganda Alloh taoloni tushunish ham mumkin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yoki pirni tushunish ham mumkin. Shuningdek, gʻaybiy mushohada nazarda tutilishi ham mumkin.

Tasavvuf ahlining namoyondalaridan boʻlgan Alisher Navoiyning asarlari ham, tabiiyki, oʻsha istilohiy maʼnolar asosida talqin qilinishi shart. Aks holda, shunday ulugʻ shaxsiyatga til tekkizgan, uning omonatiga ham, tarixga ham, ilmga ham xiyonat qilgan boʻlamiz.

Tan olishimiz kerak, Navoiyning koʻpgina gʻazallari shu paytgacha ayrim “navoiyshunos”larning shaxsiy tasavvurlari bilan, havoyi nafslariga muvofiq tarzda sharhlab kelindi. Bu sharhlarning aksari mavhum talqinlar, tushunarsiz, gajakdor iboralar, hissiz taʼbir, taxminiy tasavvurlardan boshqa narsa emas. Buning ustiga, baʼzi bir jurʼatli qalamkashlar ana shunday tasavvufiy gʻazallarga muxammas bogʻlashga ham qoʻl urishgan. Tabiiyki, natijada “qovunga qovoqni payvand qilgandek” boʻlgan. “Ilm har qanday murakkab narsani soddalashtirib beradi” degan qoidaga muvofiq, agar biz oʻsha irfoniy sheʼrlarni muallif nazarda tutgan istilohlar bilan tushunishni yoʻlga qoʻysak, oʻzimizni ham qiynamaymiz, oʻzgalarni ham adashtirmaymiz. Misol uchun, birgina baytni sharh qilib koʻraylik:

 

Tun oqshom keldi kulbam sori ul gulrux shitob aylab,

Xiromi surʼatidin gul uza haydin gulob aylab.

 

Nasriy bayoni: Tunda oʻsha gulyuzli yor kulbamga shitob bilan kirib keldi. Yurishi tezligidan gul yuzidan terlar gulob boʻlib quyilardi.

Maʼlumki, Alisher Navoiy uylanmay oʻtgan. Agar kechqurun Navoiyning huzuriga hamma gʻaflatdalik paytda u kishining sevgan qizi kelgan boʻlsa, bu sir tutilishi kerak. Agar biz baytni mana shu qabilda, boshqacha qilib aytganda, “zamonaviy” tushunadigan boʻlsak, bu bilan Navoiyga hurmatsizlik qilgan boʻlamiz. Navoiydek buyuk insonni qoʻying, har qanday oʻzini hurmat qilgan odam ham, bunday ish roʻy bergan boʻlsa, uni boshqalardan yashirishi turgan gap. Demak, Navoiy boshqa narsani koʻzda tutgan. Navoiyning maqsadini tushunish uchun u kishining istilohlarini tushunishga urinamiz. Keling, bu baytda ishlatilgan soʻzlarni tasavvufiy istilohlar asosida sharh qilib koʻraylik. Bu borada Muhammad Aliy Tahonaviyning “Kashshaf istilahat al-funun”, Abdurrazzoq Koshoniyning “Istilahat as-Sufiyya”, Doktor Rafiq Ajamning “Mavsuʼat mustalahat at-tasavvuf al-islamiy” asarlari bizlarga asos boʻladi:

Kulba – solikning qalbi; (solik tariqat yoʻlini tanlagan shaxs)

Gulrux (gulyuz) – shuhud olami, yaʼni Alloh taoloning zotini mushohada qilish holati.

Gul uza hay (yuzdan oqqan ter) – gʻaybiy ilhom.

Endi ushbu izohlar asosida baytning nasriy bayonini koʻraylik: “Hamma yoqni jaholat zulmati qoplab turgan bir paytda, qalbimda Alloh taoloning zotini mushohada qilish holati yuz berdi. Bu mushohada shu qadar tez roʻy berdiki, uning tezligidan menga gʻaybiy ilhomlar hosil boʻldi”.

Endi oʻzingiz xolis oʻylab koʻring, Navoiyga nisbatan avvalgi uyatli maʼnoni iroda qilish aqlga toʻgʻriroq keladimi yoki mana bu irfoniy maʼnolarnimi? Qaysi biri voqeʼlikka va mantiqqa toʻgʻri keladi?

 

Navoiy ahli junun zumrasigʻa kirdi, Ilohiy,

Chu aylading ani Majnun, Oʻzingni qil anga Laylo.

 

* * *

Toʻrt unsur qaydidin to chiqmagʻaysen, nafʼ emas,

Osmoniy toʻrt daftarni tutaykim yod bil.

 

* * *

Besha sherin gar zabun qilsang shijoatdin emas,

Nafs itin qilsang zabun, olamda yoʻq sendek shujoʼ,

– degan insonga qaysi maʼno munosibroq?!

Yana bir misol. “Xazoyinul-maʼoniy”ning birinchi gʻazalida Navoiy shunday deydi:

 

Gʻayr naqshidin koʻngil jomida boʻlsa zangi gʻam,

Yoʻqtur, ey soqiy, mayi vahdat masallik gʻamzudo.

 

Bu bayt anchagina ravshan.

Gʻayr – Allohdan oʻzga barcha narsa.

Koʻngil jomi – qalb oyinasi, unda Alloh taoloning nuri tajalliy qiladi.

Gʻam – moneʼlik, toʻsiq.

Soqiy – murshidi komil, insonlarga ruhiy tarbiya beruvchi ustoz.

Mayi vahdat – tavhid zavqi.

Endi baytni mazkur istilohlar asosida nasriy bayon qilib koʻramiz: “Ey murshid! Qalb oyinasida unga Alloh taolo tomonidan yetadigan nurning aks etishini toʻsadigan zang, yaʼni Allohdan boshqa biror narsaning naqshi – taʼsiri boʻlsa, tavhid zavqichalik uni arituvchi, tozalovchi narsa – “gʻamzudo” topilmaydi”.

“Tavhid” deganda qalb tubidan Alloh taoloni barcha jihatdan yagona, mutlaq tanho deb eʼtiqod qilish, faqat Allohni rioya qilish, faqat uni oʻylash nazarda tutiladi.

Shuningdek, “vahdat mayi” deganda tavhid kalimasini ham tushunish mumkin. Hazrat Navoiy uning aytgan soʻzlarini maqsaddan buradigan, notoʻgʻri talqin qiladigan kishilar ham uning asarlarini oʻqib, tashviq qilishlari mumkinligini sezgani uchun devonining eng birinchi gʻazalidayoq bu nuqtaga alohida tanbeh berib qoʻygan. “Ashraqat” deb boshlanuvchi ushbu gʻazalida yana shunday bayt bor:

 

Sen gumon qilgandin oʻzga jomu may mavjud erur,

Bilmayin nafy etma bu mayxona ahlin, zohido.

 

Maʼnosi: “Ey tasavvuf ahlining istilohlaridan bexabar zohirparast! Sen oʻylayotgan mast qiluvchi, aqlni ketkazuvchi, insonni xor qiluvchi sharob va oʻsha harom narsa quyiladigan idishdan boshqa ham shartli ravishda “jom” va “may” bor. Bu mayxonani – oriflarning botiniy olami vakillarini (yoki murshid xonaqosi ahlini) bilmasdan inkor qilib yurma!”.

Xulosa qilib aytganda, Navoiyni tushunish uchun Navoiy bilgan va foydalangan bilimlarni, yaʼni Qurʼon, Sunnat, shariat, tariqat, tasavvuf va boshqa ilmlarni bilish, oʻrganish kerak boʻladi. Oʻrganganda ham asl manbalardan oʻrganish darkor. Buning uchun, albatta, oʻsha davr Islom olamida ilmiy muomalada boʻlgan tillarni yaxshi oʻzlashtirib, manbalarni begonalarning tarjima yoki tavsiflari asosida emas, asl holatida oʻrganish talab qilinadi. Binobarin, navoiyshunos boʻlishni istagan kishi avvalo islom olimi, tasavvuf bilimdoni boʻlishi, bu ilmlarni bilibgina qoʻymay, ularni oʻz hayotida tatbiq etib, zikr qilingan darajalarni oʻzida joriy qilgan boʻlishi lozim. Shundagina u Navoiyni toʻla tushungan, u kishining shaxsiyatini toʻgʻri anglagan, soʻzlarini yaxshi his qilgan boʻladi. Menimcha, bugungi navoiyshunoslikning oldida turgan eng katta muammolardan biri shu boʻlsa, ajab emas.

Ulugʻ bobokalonimizning meroslarini toʻla va toʻgʻri tushunish hamda shunday talqin qilish, bu oltin merosni haqiqiy, sof holatda keyingi avlodlarga yetkazish bizning burchimizdir.

 

 Husaynxon YAHYo

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 2-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.