Navoiy va shatranj

0
853
marta koʻrilgan.

Alisher Navoiy serqirra isteʼdod sohibi sifatida shatranj(shaxmat)ni ham mahorat bilan oʻynagan, bu qadimiy oʻyinning nazariy jihatlaridan yaxshi xabardor boʻlgan. Zamondoshlarining xotiralari, shoirning turli mavzudagi asarlarida keltirilgan shatranjga oid misollar, shatranj muhralari bilan bogʻliq timsollar ana shundan dalolat beradi.

Shuni taʼkidlash joizki, shatranjbozlik anʼanalari yurtimizda uzoq tarixga ega. Ayniqsa, Amir Temur davrida saroyda va yuksak doiralarda bu oʻyin keng urf boʻlgan. Sohibqironning oʻzi shatranjni mahorat bilan oʻynagan, uning bilimdonlarini saroyga taklif etgan. Bu haqda tarixchi Ibn Arabshoh shunday yozadi: “(Amir Temur) oʻz fikrini peshlash maqsadida muttasil shatranj oʻynardi. Uning himmati kichik shatranj (oʻynash)dan oliy boʻlib, katta shatranj oʻynardi. Bu shatranj taxtasining eni oʻn bir, boʻyi oʻn (xona)dan iborat edi… (Amir Temur) Samarqandga faqih olimlardan mavlono Abdumalikni olib kelgan edi. U “Hidoya” sohibi(Burhoniddin Margʻinoniy)ning avlodidan boʻlib, mudarrislik qilar, shatranj va nard(oʻyinlari)dan taʼlim berar edi, sheʼr ham yozar edi… Shatranjchilardan yana Muhammad ibn Aqiyl al-Xaymi va Zayn al-Yazdiy va boshqalar bor edi. Shatranjchilarning allomasi – fiqhchi, hadisshunos olim Alouddin at-Tabriziy edi. U Zayn al-Yazdiyga ortiqcha bir piyoda, Ibn Aqiylga esa ortiqcha bir ot qoʻyar edi va ulardan gʻolib chiqardi. Sohibqiron Alouddinga: “Men jahondorlik bobida yagona boʻlganim kabi sen ham shatranj olamida tengi yoʻqsan”, derdi… Uning oʻyin paytidagi sifatlaridan biri shu ediki, oʻyin vaqtida u hech oʻylab oʻtirmas, raqibi uzoq fikrlab yurish qilganidan keyin shu zahoti yurib qoʻyardi. Bir vaqtning oʻzida u ikki raqib bilan gʻoyibona oʻynar, taxtaga qaramasdan oʻz tomonida qanday donalar va raqiblari tomonida qanday donalar borligini bilardi. U Amir Temur bilan katta shatranjda oʻynar edi”.

Mazkur anʼanalar Alisher Navoiy va temuriy hukmdor – Husayn Boyqaro davrida ham davom ettirildi. Xurosonda, ayniqsa, Hirotda sanʼat va madaniyatning koʻpgina sohalari qatori bir qancha sport turlari, xususan, kurash va shatranj katta ravnaq topgan edi. “Majolis un-nafois” va “Boburnoma”da bu haqda koʻplab guvohliklar bor. Masalan, Mir Murtoz degan shatranjboz aqlni peshlovchi bu oʻyinga shu darajada oʻch ekanki, bir raqibi bilan oʻynayotganida, ikkinchisi ketib qolmasin deb, uning etagidan tutib oʻtirar ekan. “… shatranjgʻa andogʻ magʻlubdurkim, bir harif ilgiga tushsa, xalos boʻla olmas. Bu jihatdin hariflar andin qocharlar”, deb taʼriflaydi Navoiy bu shaxsni.

Zahiriddin Muhammad Bobur Zunnun Argʻun degan shaxs haqida maʼlumot beradi. Navoiyga zamondosh boʻlgan bu shaxs ham shatranj ustalaridan boʻlgan. “Shatranjga koʻp mashʼuf edi. El bir ilik ila oʻynasa, ul ikki ilik bila oʻynar edi. Har necha koʻngli tilar, oʻynar edi”, deb yozadi buyuk bobomiz “Boburnoma”da.

Yana bir ashaddiy shatranjboz Kamoliddin Binoiy boʻlgan. Isteʼdodli shoir, tarjimon, musiqashunos sifatida tanilgan bu shaxs Navoiy homiyligida kamol topgan. Ayni paytda, Navoiyning shatranjdagi raqiblaridan biri boʻlgan. “Majolis un-nafois”da Navoiy uni taʼriflar ekan, qobiliyatli, hozirjavob boʻlish bilan birga, qaysar, bahs va tortishuvni yaxshi koʻradigan, gap kelsa, otasini ham ayamaydigan shaxs ekanini taʼkidlaydi. Zamondoshlari shunday bir voqeani yozib qoldirganlar: Navoiy va Binoiy shatranj oʻynayotgan ekan. Navoiy oyogʻini yozish uchun uzatganida nogahon Binoiyning orqasiga tegib ketadi. Shoʻxligi tutgan Navoiy shunday deydi:

– Hirotda qayoqqa oyoq uzatsang, albatta bir shoirning ketiga tegadi-da!

– Toʻgʻri aytdingiz, hazrati oliylari, oyoqni yigʻib olsangiz ham shunday boʻladi, – deydi hozirjavoblik bilan Binoiy.

Bu hikoyat Hirotdagi oʻsha davr adabiy muhiti va Navoiy davrasi haqida bizga yorqin tasavvur beradi.

Shoir asarlarida shatranj va uning muhralari bilan bogʻliq voqealar hamda timsollar anchagina uchraydi. “Gʻaroyib us-sigʻar”da shunday bayt mavjud:

 

Shah yonin farzin kibi kajlar

maqom etmish, ne tong,

Rostravlar arsadin gar tutsalar

ruxdek qiroq.

 

Yaʼni: shohning yonida farzin kabi egri yoʻlga yuruvchilar turarkan, Ruxdek toʻgʻri yuruvchilar hamisha taxtaning chetida qolsa ajab emas.

Shatranj qoidasiga koʻra farzin shoh yonida (oʻsha davrda u faqat egri chiziq boʻylab yura olgan), faqat toʻgʻriga yura oladigan rux esa taxtaning eng chekkasiga joylashtiriladi. Muhralarning bunday joylashuvini hayotga qiyoslagan shoir egrilarni yuksaklikka koʻtargan va oqillarni, toʻgʻrilarni chetga surgan jamiyatni fosh etadi.

Yana ana shu devonda quyidagi qitʼani oʻqiymiz:

 

Bu yurushda iki ulogʻim bor,

Lek bormen sipohiliqda yayoq.

 

Iki shatranj otidek birisi

Koʻtara olmay oʻz yeridan ayoq.

 

Chopsa shatranj xonasi xatidin,

Sekrimaklik alargʻa behad shoq.

 

Biri rangi qarodurur, biri boʻz,

Qaro yerdur dogʻiyu boʻz tufroq.

Bu voqeaband qitʼadan koʻrinishicha, shoir yurishlardan birida shohga hamrohlik qilgan. Ammo unga berilgan biri boʻz va biri qora ot koʻngildagidek boʻlmagan. Navoiy badiha tarzida bu voqeani mutoyiba qilgan, otlarni shatranj muhralariga qiyoslagan. “Ikkita otim boʻlsa ham, yayov askarman, chunki otlardan birisi shatranj otidek yerdan oyoq uzolmaydi, ikkalasi ham shatranj taxtasidan chetga chiqqanda sakrolmaydigan muhra – otlarga oʻxshaydi, biri qora yer-u, ikkinchisi boʻz tuproq”, deydi mubolagʻa bilan shoir.

Navoiyning koʻpgina asarlarida shatranj bilan bogʻliq parchalar, hikoyatlar, timsollar bor. “Saddi Iskandariy” dostonidagi bir parcha koʻz oʻngingizda oʻzingizga tanish manzarani yaratadi. Tasavvur qiling: kichik farzandingiz shaxmat muhralari bilan oʻynayapti. U sizga taqlid qiladi. Lekin muhralarni toʻgʻri terolmaydi. Piyodani shoh oʻrniga qoʻyadi, filni esa rux “ayvon”iga teradi. Toʻgʻri yurish va muhralarni olishni ham bilmaydi. Ammo ermak uchun turli shoʻxliklar qiladi. Mana, ana shu manzara:

 

Aningdekki, tifl istabon inbisot,

Chu shatranj oʻynargʻa yoysa bisot.

 

Ne oʻynarini bilsa, ne termagin,

Ne olmogʻin bilsa, ne bermagin.

 

Olib qoʻysa baydaqni shah yonida,

Yana pil qoʻysa rux ayvonida…

“Lison ut-tayr” dostonida ham shatranjning falsafiy mohiyatini ochadigan ajoyib bir hikoyat bor. U shunday boshlanadi:

 

Ikki shatranj oʻynogʻuchi ustod,

Arsai shatranjgʻa aylab kushod,

 

Ikki jonibdin boʻlub oromgir,

Tuttilar oʻrtada shatranji kabir.

 

Har tarafdin bir shah oʻldi oshkor,

Borcha oyinu sipohi shohvor…

 

Hikoyat davomida shoir shatranj oʻyinini haqiqiy jangga qiyoslaydi: ikki raqib shoh oʻzining sipohu piyodalarini hayot-mamot jangiga tashlaydi. Saflarda fil, jirafa, rux va ayiqlar bor. Ularning oldida esa piyodalar joy olgan. Bu urush ancha davom etadi. Jangning barcha tartib-qoidasiga rioya qilinadi. Biri oʻz sipohini qalʼaga berkitsa, boshqasi uni buzishga intiladi. Bu yerda ham haqiqiy jangdagidek lashkar qismlari – “burongʻor”, “juvongʻor”, “gʻul” va “hirovul” bor. Lashkarboshining oʻgʻli(piyoda) undan oldin jangga kiradi, urush maydonining chetiga yetgach, otasining oʻrinbosariga aylanadi (sipoh boʻladi). Ammo shu payt oʻyinchi oʻyinni toʻxtatishga qaror qiladi. Taxtaning bir chetini koʻtarishi bilan jangu jadaldan asar ham qolmaydi. Oʻyinchi muhralarni xaltaga solib, ogʻzini boylaydi. Shoh quyiga, piyoda esa yuqoriga chiqib qoladi. Endi bu xaltani oʻyinchi istasa suvga, istasa oʻtga tashlay oladi.

Navoiy fikricha, shatranj hayotning timsoliy koʻrinishidir. Bu yerdagi jangu jadallar, oʻzaro dushmanlik, tabaqalanish ham Xoliqning bir amri bilan barham topadi. Hayotdan koʻz yumgandan keyin shoh ham, oddiy odam ham barobar. Shoir bundan xulosa chiqarishga, oʻtkinchi hayotda faqat ezgulik qilishga undaydi:

 

Chun xarita ichra bogʻlandi bori,

Shah quyidur yo piyoda yuqori.

 

Ul ham istigʻnodin osoridurur,

Balki ondin bir namudoridurur.

 

Bas bu tamsile sari nazzora qil,

Asli istigʻnoni yuz ming muncha bil.

 

Chun bu maʼni sori boʻldung ruhshunos,

Barcha ishni aylagil mundin qiyos.

 

Yuqoridagi misollar shatranj Navoiy hayotida alohida oʻrin tutganini, u shoirning dam olish vaqtlarini maroqli oʻtkazish vositasigina boʻlib qolmay, balki uning falsafiy mushohadalarini chuqurlashtirishga xizmat qilganidan ham dalolat beradi.

 

Nosir MUHAMMAD

 

“Yoshlik”, 2016 yil 1-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.