Navoiy tafakkur gulshaniga bir nazar

0
3549
marta koʻrilgan.

Biz Alisher Navoiyni buyuk shoir va mutafakkir sifatida bilamiz va ulugʻlaymiz. Shoir soʻzi hammaga tushunarli. Lekin mutafakkir soʻzi-chi? Nima uchun bu soʻzni hazrat Navoiyga nisbatan alohida taʼkid bilan qoʻllaymiz?

Oʻzbek tilining izohli lugʻatiga tayanib, bu soʻzga quyidagicha taʼrif berish mumkin: “Mutafakkir – arabcha soʻz boʻlib, oʻzbek tilida “fikr yurituvchi, fikrlovchi, oʻylovchi” maʼnolarini beradi. Boshqacha qilib aytganda, chuqur falsafiy fikrlash isteʼdodiga ega boʻlgan kishi, tafakkur egasi. Bu qobiliyat hammaga ham nasib etavermaydi. Binobarin, dunyoda juda oz yozuvchi va shoir bu ulugʻ nomga loyiq deb topilgan.

Buyuk shoir, davlat arbobi, oʻzbek adabiy tili rivojiga katta hissa qoʻshgan Alisher Navoiy esa bu unvonga sharaf bilan sazovor boʻlgan zotlardandir. Uning bizga qoldirgan barcha asarlarida mutafakkirgagina xos chuqur falsafiy fikrlash isteʼdodi yaqqol sezilib turadi. Navoiy qoldirgan adabiy merosni hikmat marjonlari toʻla dengizga oʻxshatish mumkin.

Jumladan, Alisher Navoiy ijodining choʻqqisi boʻlmish “Xamsa” asari ajdodlarimiz maʼnaviy dunyosining koʻzgusi boʻlib, undagi dostonlarda oʻtmish davr ijtimoiy turmushi, xalq hayoti, urf-odatlari, din-diyonat, axloq-odob haqidagi qarashlar oʻz aksini topgan. Buyuk shoir asarda zamonasining barcha dolzarb masalalarini qalamga oladi. Xususan, chuqur ijtimoiy-falsafiy mazmunga ega boʻlgan “Hayrat ul-abror” dostonida shoir umr, uning mazmuni, tabiat, jamiyat va inson munosabatlariga doir savollarni oʻrtaga qoʻysa, keyingi dostonlarda muayyan taqdirlar, voqealar misolida ularga javob berishga harakat qiladi. “Xamsa” dostonlaridagi muqaddimalar dostonlar voqeligiga shunchaki anʼanaviy kirish qismi boʻlmay, balki dostonlar mundarijasi uchun ochqich vazifasini ham oʻtaydi. Shu maʼnoda muqaddimalarda keltirilgan fikrlarga alohida eʼtibor berish dostonlar magʻzida yashiringan ramziy maʼnolarni ochishga yordam beradi. Aynan muqaddimada buyuk mutafakkirning olam va odam, tabiat, kishilik jamiyati, umr va uning mazmuni haqidagi falsafiy-axloqiy qarashlari, ijodkor sifatidagi buyuk salohiyati u qoʻllagan badiiy timsollar, tashbehu tamsillar vositasida butun boʻy-basti bilan namoyon boʻladi.

“Xamsa”ning birinchi dostoni hisoblanmish “Hayrat ul-abror”ning bosh gʻoyasi komil inson timsolini yaratishdir. Shoirning fikricha, komillikning bosh belgisi iymondir:

Kimki jahon ahlida inson erur,

Bilki, nishoni anga iymon erur.

Iymonning uch belgisi bor va bular – sabr, shukr va hayo, deydi shoir:

Bas ani inson atagʻil beriyo,

Kim ishidur sabr ila shukru hayo.

Alisher Navoiy keyingi maqolatlarda ham birinchi maqolatda keltirilgan bosh mavzu – komil insonga xos sifatlar bayonini davom ettiradi. Xususan, 5-maqolat karam va saxovat, 6-maqolat adab, 7-maqolat qanoat, 8-maqolat vafo, 10-maqolat rostgoʻylik taʼrifidadir. Bu maqolatlar orasida 7-maqolat badiiy timsollarga boyligi bilan alohida ajralib turadi. Navoiyning fikricha, kimki qanoatni oʻziga kasb qilgan boʻlsa, u eng boy insondir. Oltin, kumush va zebu ziynatlarni boylik deb bilmaslik kerak, balki haqiqiy boylik qanoat xazinasidir:

Kimgaki ish boʻldi qanoat fani,

Bilki, ani qildi qanoat gʻani.

Ganji tajammulni gʻino bilmagil,

Balki gʻino ganji qanoatni bil.

“Hayrat ul-abror” dostonida qalamga olingan masalalar bevosita “Xamsa”ning keyingi dostonlarida ham davom etadi, xususan, komil insonga xos adab, qanoat, karam va saxovat, futuvvat, rostlik, vafo kabi xislatlar bilan bogʻliq qarashlar “Sabʼai sayyor” tarkibidagi hikoyatlar, “Farhod va Shirin”, “Saddi Iskandariy” dostonlarida yangicha talqin topganini koʻramiz. “Layli va Majnun” dostonida esa har bir shaxs kamoloti orzusidagi shoir shunday yozadi:

Insongʻa erur kamol matlub,

Andin dagʻi dardu hol matlub.

Har kimgaki ulum boʻlsa vosil,

Gar dardiyu holi yoʻq, ne hosil?

Yaʼni komillikni istagan inson dard va holni ham talab etmogʻi, oʻrganmogʻi lozim. Agar inson bir necha ilmlarga ega boʻlsayu, unda dard va hol boʻlmasa, bu ilm egasiga qanday foyda berishi mumkin? Xoʻsh, bu oʻrinda dard va holdan murod ne?

Navoiy fikricha, inson uchun umidni yoʻqotish katta yoʻqotishdir. Jumladan, hikmatlarining birida u bunday deydi:

Ahbob, dengizki, xonu mondan tamaʼ uz,

Ne xonu mon, kavnu makondan tamaʼ uz.

Ne kavnu makon, jonu jahondan tamaʼ uz,

Lekin demangiz, meniki, Ondin tamaʼ uz.

Ushbu hikmat zamiriga “Ollohning rahmatidan umid uzmang” oyati karimasining mazmuni singdirilgan boʻlib, mashhur tarixnavis Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida Amur Temur vafot etishidan oldin yuqoridagi oyatni aytib jon taslim qilganligi qayd etiladi.

Shoirning zamondoshi, muarrix Xondamir “Makorim ul-axloq” kitobida bir voqeani bayon etadi. Unga koʻra, Alisher Navoiy masjidda umum bilan namoz oʻqib, bandalik vazifasini ado etgach, jamoat bilan suhbatlashar, hol-ahvol soʻrar, bemor va ehtiyojmandlarning koʻnglini koʻtarar ekan. Nimagadir bir kuni tarki odat qilib, qayergadir shoshilib borib keladi. Bu holga odatlanmagan jamoa buning boisini qiziqib soʻraganida hazrat Navoiy shunday izoh bergan:

– Ikki yelkamga salom berganda koʻrdimki, ustimda bir chumoli turibdi. Bu chumoli tahorat olganim joydan chiqqanini bildim va bir jonzotni oshiyonidan judo qilmoqning gunohini, yukini oʻylab uni oʻz joyiga qoʻyib keldim…

Nafaqat insonga, balki bir chumoliga ozor yetkazish ham katta gunoh deb bilgan Navoiyning ushbu satrlarni bitmogʻi tabiiydir:

 

Kimki bir koʻngli buzugʻning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa obod aylagay.

 

Yaʼni kim koʻngli oʻksik bir insonni xursand qilsa, koʻnglini koʻtarsa, u goʻyo vayron boʻlgan Kaʼbani tiklagan, obod qilgan kabi savobga erishadi.

Ota-onaga hurmat mavzusi ham Navoiy ijodiy tafakkuridan chetda qolmagan. Oʻzining “Arbaʼin” asarida onani ulugʻlashni komillikning yorqin timsoli sifatida quyidagicha taʼriflaydi:

 

Onalarning oyogʻi ostidadir

Ravzai jannatu jinon bogʻi.

Ravza bogʻin visolin istar ersang,

Boʻl onaning oyogʻi tuprogʻi.

 

Maʼlumki, shoir asarlaridagi barcha gʻoyalar muqaddas Qurʼoni karim va hadislar mazmuni bilan chambarchas bogʻliq. Islom dinining ustuni hisoblanmish bu ikki buyuk manbani chuqur bilmasdan, tushunmasdan turib Navoiy asarlarini tadqiq etish ham, talqin etish ham va aytish mumkinki, mutafakkir shoir olamini anglash ham mushkul. Ikkinchi holat shuki, Navoiy oʻz davrida ustozi Abdurahmon Jomiyni pir tutib, oʻzini naqshbandiya tariqatiga mansub hisoblagan. Shuning uchun uning ruhiyatida kechgan gʻalayonlar, hissiyotlar va u ilgari surgan fikrlar ayni shu jihatlarga aloqadordir. Demak, Alisher Navoiy gʻoyalarini tushunish va tushuntirish uchun tasavvufni, aynan naqshbandiya tariqatining shartlari, talablarini chuqur bilish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ana shu ikki jihat hisobga olingandan keyingina Alisher Navoiy asarlarini toʻgʻri talqin qilish, sharhlash imkoniyatiga yaqinlashamiz.

 

Odiljon BEGIMOV,

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti oʻzbek va rus tillari kafedrasi dotsenti,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.