Navoiy qitʼalari haqida

0
3694
marta koʻrilgan.

Qitʼa Navoiy lirikasida alohida mavqega ega boʻlgan janrlardan biridir. U shakliga koʻra gʻazalga yaqin turadi. Undan faqat dastlabki bayt qofiyasining erkinligi bilan farqlanadi. Uning qofiyalanish tartibi a: a, d: a, e: a, f: a,… koʻrinishida boʻladi. Odatda, qitʼaning eng kichik shakli ikki baytdan iborat boʻladi. Qitʼaga aniq chegara qoʻyilmagan. U koʻproq falsafiy, ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-maʼnaviy masalalarni tilga olishi bilan ajralib turadi. Maʼlumki, mumtoz adabiyotda ayrim janrlar (masalan, ruboiy, tuyuq) uchun qatʼiy vaznlar belgilab qoʻyilgan. Qitʼa bu jihatdan ham erkindir. U aruzning istalgan vaznida yaratilishi mumkin.

 

Haq taolo xoni inʼomi-yu karami omi borida oʻzgadin nima tilagonning tamayi xomi-yu zoti nofarjomi

Tengri xonin ochuq aqida qilib,

Xalqdin roʻziy istagan gumroh

Uyladurkim tengiz qirogʻinda

Roʻza ochmoqqa kimsa qozgʻoy choh.

Eng avval sarlavha mohiyatini anglab olishga harakat qilamiz. Uni “yaratganning dasturxoni tuhfalari-yu umumiy, barchaga barobar karami boʻla turib, boshqa (kishi)lardan biror narsa tilagan (kishi)ning xom tamasi-yu oxiri yaxshilik bilan tugamagan zoti” haqida deb tabdil qilishimiz mumkin. Demak, qitʼa ayrim bandalarning noshukurligi hamda behuda taʼmagirligi haqida.

Qitʼa mazmunini aniqroq tasavvur etish uchun har bir misra, har bir soʻz ustida bosh qotirishga toʻgʻri keladi. Bir qarashda unda begona, notanish va tushunarsiz soʻz yoʻqqa oʻxshaydi. Ammo Navoiy qoʻllagan soʻzlarning barchasi ham lugʻatlardagi izohlar doirasiga sigʻavermasligini, qolaversa, sheʼriyatda soʻzlarning oʻz lugʻaviy maʼnolaridan koʻra ancha kengroq mazmun qamroviga ega boʻlishini ham nazarda tutish lozim boʻladi.

Agar shu nuqtayi nazardan “aqida” soʻziga eʼtibor qaratsak, uning “ishonch”, “eʼtiqod”, “ixlos”; “tushuncha”, “fikr”, “bilim” maʼnolariga egaligi maʼlum boʻladi. Oʻz-oʻzidan “aqida qilmoq” ham “ishonch hosil qilmoq”, “eʼtiqodli boʻlmoq” maʼnolarini mujassamlashtiradi. Shu maʼnolarnigina nazarda tutib birinchi baytni oʻqisak, maʼnoning yaxlit va butun tasavvur qilish qiyinroq ekanligi ayonlashadi. Agar iboraning “gumon qilmoq” maʼnosiga ham egaligini eʼtiborga olsak, vaziyat oʻzgaradi. “Olloh dasturxonining har doim ochiqligiga gumon keltirib (yaʼniki, yaratganning har doim marhamatli ekanligiga shubhalanib)” tarzidagi talqin mazkur misraning keyingi misra bilan uzviy yaxlitligini koʻz oldimizga keltirishga koʻmaklashadi. Yaʼni haqning marhamatiga emas, balki oʻz rizq-u roʻzi oʻrniga xalq (boshqa bir inson)ning qoʻli bilan beradigan narsalariga umidvor boʻlgan, taʼmagir, yoʻlini yoʻqotgan odam (“gumroh”) obrazini tasavvur qilish qiyin kechmaydi.

Ana shunday yaramas qiyofali kimsani kitobxonning koʻz oldiga yanada aniqroq keltirishi uchun bir qiyos tavsiya etiladi, uningoʻxshashi koʻrsatiladi: dengizning qirgʻogʻida boʻla turib, ogʻiz ochish uchun lozim boʻladigan suvni topishga intilayotgan, shu miqdordagi suvni topish ilinjida ayni mana shu yerdan quduq qaziyotgan odam timsoli shu vazifani ado etadi.

Uning gumrohligi shu darajadaki, oʻzi dengiz qirgʻogʻida turibdi, yaʼni yaratganning dasturxoni uning uchun ochiq. Buni Allohning chek-u chegara bilmaydigan inoyati, shafqat va marhamati sifatida tushunmoq joiz koʻrinadi. Agar u yoʻlini yoʻqotgan boʻlmasa, oyogʻi ostidagi shuncha narsalarni koʻrmasdan, ularga shukronalar qilmasdan oʻtib ketarmidi?!

Uning ustiga qitʼada bilinar-bilinmas kinoya ham mavjud: roʻzadorning ogʻzini ochishi uchun qancha suv kerak boʻladi? Bu bir tomondan, ikkinchidan esa, roʻzador boʻla turib shunchalik ogʻir va mashaqqatli, buning ustiga keraksiz ishga mashgʻul boʻlish oqil-u donolikka kiradimi? Faqat va faqat gumroh – yoʻlini tom maʼnoda yoʻqotgan bechoragina shunday qilishi mumkin.

Qitʼaning goʻzal shakli, teran maʼnosi, mutafakkir adib qalamidan chiqqan ifoda yoʻsini kishini oʻy va mushohadaga chorlaydi. Bu oʻy va mushohadalarning esa yanada yangi va munosib kuzatish va xulosalar sari yetaklashi shubhasizdir.

 

Saxo-vu buxl bobida nukta surmak va arolarida ikki vosita kelturmak

Debon bergan kishi erdur, va lekin

Demay berganga erlik bil musallam.

Ne deb, ne bersa bilgil ani xotun,

Debon bermasni xotundin dagʻi kam.

Bu yerda ham sarlavha asar haqidagi tasavvurlar uchun asos vazifasini ado etadi. Qitʼa mavzusi sarlavhada oʻz aksini topgan. Unda gap “saxo” va “buxl” haqida boradi. “Saxo” – saxovat, saxiylik, qoʻli ochiqlikni, “buxl” esa baxillik, xasislik, qurumsoqlikni anglatadi. Shu yerda “musallam” soʻziga ham izoh berish zarurati bor. U qarshilik qilmay, inkor etmay maʼqullangan degan maʼnoni bildiradi. Demak, muddao qoʻli ochiqlik va qurumsoqlik haqida mulohaza yuritishdan iborat.

Adib ikki xil xususiyatga ikki xil asos (vosita, yaʼni sabab) ni keltiradi. Ulardan birinchisi – saxovat. Dastlabki ikki misra shu fazilat tavsifi uchun xizmat qiladi.

Agar kishi bir soʻzni aytsa, soʻng unga amal qilsa, masalan, boshqalarga biror narsani berish haqidagi soʻzining ustidan chiqsa uni haqiqiy er, erkak deyish mumkin. Bu misrada xalqimizning maʼnaviy bisotidagi “Yigit soʻzidan qaytmas, arslon izidan” maqolining mazmuni mujassamlashgan. Agar mulohaza shu bilan tugasa, albatta, katta bir poyetik kashfiyot haqida gap ham boʻlishi mumkin emas edi. Shuning uchun ham Navoiy avval shu misrani keltiradi, keyingi misrada undan-da kuchliroq va muhimroq mulohazani oʻrtaga chiqaradi (“Demay berganga erlik bil musallam”). Demak, aytmasdan (yoki ayttirmasdan) turib berish imkoniyati ham mavjud. Alisher Navoiy ayni mana shu imkoniyat haqida gapirmoqchi.

Muhtoj odamning biror narsa umidida kelganida, uning ehtiyojini qondirishning oʻzi ham insoniylik taomiliga toʻla mos va muvofiq keladi. Ammo muhtojning muhtojligini bila turib (eng muhimi, yordam berish imkoniyatiga ega boʻlib turib), unga nisbatan beparvo va loqayd boʻlish ham bor. Adib masalaning bu tomoniga daxl qilayotgani yoʻq. Aksincha, bu boradagi saxovat uchun yana bir boshqa imkoniyatni esga olmoqda. Muhtoj kishi soʻramasdan turib ham unga mol beradiganlar bor. Adib mana shu toifa haqida gapirmoqchi. Ular esa haqiqiy mard, haqiqiy saxovat egalaridir. 97

Qitʼaning birinchi qismi shu bilan yakunlanadi. Demak, endi gap sarlavhada vaʼda berilgan ikkinchi qism ustida borishi kerak. Xuddi shunday boʻladi ham.

Jamiyat ahli orasida biror himmat koʻrsatishdan oldin uni taʼkidlab, urgʻulab, “yaxshiligini pesh qilib” koʻrsatadiganlar ham topiladi. Alisher Navoiy nazarida bu xususiyat maqtovga loyiq emas. U qoralanishi kerak. Shunga koʻra, bu toifaga mansublarni erkaklar qatorida sanab boʻlmaydi. Ular ayollar qatorida sanalishga mahkumdir. Lekin bu ham hali hammasi emas ekan. Bundan ham pastkashroq toifalar mavjud: ular aytadilar-u, lekin bermaydilar, yaʼni vaʼda berishadi-yu, biroq ishlari vaʼdalariga xilof boʻladi. Ularni xotindan ham pastroq darajada baholash maqsadga muvofiq boʻladi. Har holda xalqimizda “xotindan xarob”, “xotindan ham xarob” degan ifodalar bejiz paydo boʻlmagan ekan. Buning zamirida ayol kishini yerga urish maʼnosi yoʻq, aksincha, erkak (yigit) kishining bir soʻzli, mard boʻlishiga undov turibdi, xolos.

Mazkur qitʼaning hajmi toʻrt misradan iborat. Qitʼaning har bir misrasi bitta mulohaza ifodasiga bagʻishlangan. Ammo gap qoʻyilgan masalaning axloqiy-maʼnaviy jihatlarigina emas, balki mana shu dolzarb va jiddiy mavzuning goʻzal badiiy ifoda tarzi ustida ham bormoqda. “Demoq” soʻzining barcha misralarda ishtirok etishi iltizomni yuzaga keltirgan. “Iltizom” – bir soʻzning ketma-ket kelgan bir necha misra yoki baytlarda ongli ravishda takrorlanishiga asoslanadi.

Uchta misraning bir xil tovush bilan boshlanishi alliteratsiyani hosil qiladi. Uning asosiy vazifasi bir xildagi tovushlar vositasida ohangdorlikni kuchaytirishdan iborat. D tovushining birinchi, ikkinchi hamda toʻrtinchi misralar boshida takrorlanib kelishi qofiya va vazn tufayli hosil boʻlgan ohangdorlikni kuchaytirishga xizmat qilgan. “Debon” bilan “demay”; “demoq” bilan “bermoq” maʼnolariga koʻra matn ichidagi mazmuniy ziddiyatni hosil qilmoqda. Bularning barchasi Hazrat Navoiy koʻzda tutgan maʼnolarning chiroyli va taʼsirchan tarzda shakllanishiga imkon tugʻdirgan. Demak, bu qitʼaning hozirgacha ham elimiz ardogʻida yashab kelayotgani bejiz emas ekan.

 

Ul bobdakim jahon ahli bevafodur va alardin vafo koʻz tutmoq xatodur

Alisher Navoiyning qitʼalarida gʻazalchilikdagi anʼanalarning yangi bir janr imkoniyati doirasidagi davomini koʻrish mumkin. Adib qitʼalarining mavzu doirasi nihoyatda rang-barang. Adib bu yerda ham falsafiy, ijtimoiy, maʼnaviy, axloq va odob yoʻnalishlariga ustuvorlik beradi. Qitʼalardan biriga “Ul bobdakim jahon ahli bevafodur va alardin vafo koʻz tutmoq xatodur” sarlavhasi berilgan.

Qitʼa matni quyidagicha:

Agar oqil esang, uzgil jahon ahlidin ulfatkim,

Alardin juz jafo kelmas, agar yuz yil vafo qilsang.

Biriga yuz Xito mulki xirojin aylasang isor,

Xatosiz qasdi joning qilgʻusidur, gar xato qilsang.

Koʻrinadiki, sarlavha matn mazmuni bilan nihoyatda uygʻun. Sheʼrning hajmi ham ixcham; bor-yoʻgʻi toʻrt misradan tashkil topgan. Tegishli talablarga koʻra, mazkur ikki baytning toq misralari ochiq qolgan hamda juft misralari oʻzaro qofiyalangan. Qofiyada “vafo” hamda “xato” soʻzlari ishtirok etgan. Bu qofiyalar radif (“qilsang”) bilan birga qoʻllangan. Agar radiflarda takrorlanayotgan soʻzning poyetik mantiqni taʼkidlash vazifasiga egaligini nazarga oladigan boʻlsak, shoirning muddaosini anglash oson kechadi.

Albatta, sheʼrning inson hayotidagi oniy lahzalarning hassos koʻngillarga yetkazadigan beado zarblari, hayajon va iztiroblarining oʻziga xos ifodalari, aks-sadolari ekanligi ham bor haqiqat. Ammo har qanday oniy lahzalar emas, balki inson qalbiga muntazam huzur yoki ogʻriq berib turadigan hodisalarning favqulodda holatlardagi kuchli taʼsirigina shunday tuygʻular poʻrtanasiga sabab boʻlishi mumkin.

Eng avvalo, sheʼrning mavjud ijtimoiy muhitdagi alohida kishilarga moʻljallanganini eʼtirof etish kerak. Bunday moʻljal tasodifiy emas. Gap olam va undagi odamlar ustida bormoqda.

Bu olamdagi odamlarning aksariyati bir xil xususiyatga ega. Ularni farqlash, ajratish uchun esa insondan boshqacharoq xislat va fazilatlar talab etiladi. Mutafakkir adabining nazarida bu “oqillik” bilan belgilanadi. Mutafakkir nazarida bu narsa “oqillik” sifati bilan belgilanadi. “Oqil” soʻzining kelib chiqishi “aql” bilan aloqador. Demak, uni “aql egasi”, “aqli bor” deb tushunishimiz mumkin. Shuning uchun ham adib aynan mana shu toifadagi kishilarga murojaat etayotir.

Albatta, qitʼada shoirning oʻziga xos bir kayfiyati, ozurda qalbning iztirob chekayotgan lahzalari aks etgan. Shuning uchun ham u koʻngilga ozor yetkazadigan ulfatlarning biri yoki koʻprogʻi tufayli barchadan ham koʻngli qolgan holatni tasvirga tortgan. Jahon ahli bilan ulfatchilikdan koʻngil uzish kerakligi haqidagi xulosa jiddiy, qatʼiy va shafqatsiz bir tus olgan.

Muayyan fikr va mulohaza tegishli tasdiq va asosga ega boʻlmas ekan, unga ishonish qiyin. Buni yaxshi bilgan shoir shu yerning oʻzidayoq “dalil”ini ham keltiradi: “Alardin juz jafo kelmas, agar yuz yil vafo qilsang”. “Juz” – “boʻlak”, “boshqa” degani, shunda misra mazmunini “yuz yil vafo qilganingda ham ulardan jafodan boshqa narsani koʻrmaysan” degan hukmni ifodalayotgani oshkor boʻladi. Dalilning kuchi shoirning oʻzi uchun pastroq koʻrinadi.

Eng yomoni, bu toifadagi zotlar yolgʻiz emas. Matnda uchinchi shaxs koʻplikdagi olmoshning qoʻllanayotgani bejiz emas.

Shuning uchun uni yana bir pogʻona yuqoriga koʻtaradi: ularning koʻnglini olish uchun bisotingdagi ayrim narsalarni berish bilan cheklanish mumkin emas, undan rozi boʻlishmaydi. Bu haqda gapirib oʻtirishning oʻzi ortiqcha. Adibning taklifi esa ularning faqat bittasiga “yuz Xito mulki”ning xirojini “isor ayla”mak. Ajabmaski, bunday peshkashlar bir emas, yuz, ming marta ham boʻlgandir. Matndan ularning koʻpligi, ularning har biriga shunday peshkashlar, sovgʻa va tuhfalar qilinganini ilgʻash mumkin. Ammo natija har doim bir xil boʻlgan, yaʼni ularning asl muddaosi kishiga ozor berishdan, uni qiynashdan, hatto “qasdi jon qilish”dan iborat, xolos. Bularning barchasi hali sen ularga yaxshilik va vafo qoidalariga toʻla rioya etib kelayotgan holatingda roʻy berishi mumkin boʻlgan hodisalar. Agar inson sifatida biror xatoga yoʻl qoʻysang, nimalar boʻlishi mumkin?!

Bu yerda gap, albatta, jahon ahlining “nooqil” guruhi ustida borayotganini esda tutishimiz kerak.

Qitʼadagi umumiy mazmunning poyetik ifodasi ham goʻzal. Eng avvalo, baytdagi soʻz va tovushlarning alohida poyetik jarang berishiga eʼtibor berilgani diqqatni tortadi. “Agar”, “xato”, “qilmoq” soʻzlarining takrori baytdagi maʼno taʼkidi uchun tegishli “xizmat”larni ado etmoqda. Ayrim unli (a) va undoshlar (x) takrori esa uning vazni, qofiya va radiflari yuzaga keltirayotgan musiqiylikni oshirgan.

“Vafo”, “jafo” soʻzlari tufayli yuzaga kelayotgan tazod sanʼati zimmasiga esa baytdagi umumiy kontrast holat, ichki mantiqiy ziddiyatni boʻrttirib koʻrsatib berish yuklangan. “Juz” bilan “yuz” ham misradagi ohangdoshlikni kuchaytirishga hissa qoʻshgan. Ular orasida koʻzga koʻrinmas mantiqiy ziddiyat ham mavjud. “Juz” ayrimlikni, yakkalikni, kamlikni anglatadi, “yuz”da esa jamlik koʻplik, butunlik maʼnolari mujassamlashgan.

Xuddi shu hodisa keyingi baytdagi “biriga” hamda “yuz” soʻzlari bilan bogʻliq holda ham maydonga kelgan. “Xito” va “xato” soʻzlarining yozuvdagi yaqinliklari ularning tajnis sifatida namoyon boʻlishini taʼminlagan. Ular maʼnoning tovlanishiga, yarq etib koʻrinishiga imkon hozirlagan.

Bularning barchasi “oqil” odamlarga nisbatan bir chaqiriq, daʼvat yoʻsinida yuzaga kelgan. Mutafakkir adibning asl muddaosi shuki, oqillar nooqillardan oʻzini chetga olmogʻi, taʼma va hirs domida yashaydiganlardan oʻzini asramogʻi lozim.

Buning natijasida esa oʻzi bildirmoqchi boʻlgan poyetik fikrning takrorlanmas jarang va kuchli taʼsiri hosil boʻlgan.

Navoiy qitʼalari mavzu va shakliga koʻra rang-barang. Quyidagi qitʼa komil inson haqidagi tasavvurlarga aniqlik kiritishi bilan eʼtiborlidir:

Tavozuʼ yaxshi, ammo yaxshiroqdur

Agar daʼb etsa ani ahli davlat.

Erur ham afv xoʻb-u, xoʻbroq ul –

Ki, zohir boʻlgʻay el topqonda qudrat.

Ato ham turfa ishdur, turfaroq bil,

Agar yoʻqdur aning yonida minnat.

Hakim insoni komil debtur ani

Ki, boʻlgʻay zotida bu necha xislat.

Tavozuʼ – adablilik, oʻzini past va kamtar tutish degani. U, Navoiy talqinicha, hamma uchun ham yaxshi, ammo “ahli davlat”, yaʼni qoʻli uzun kishilarning bu xususiyatni oʻzlarining doimiy fazilatiga aylantirishi yanada “yaxshiroqdir” (“daʼb”ning maʼnosi “odat”, “qiliq”, “xislat” demakdir).

Ikkinchi xislat kechirimlilik. Navoiy uni “afv” soʻzi bilan ifodalaydi. Bu xislat ham barchaga birdek taalluqli. Ammo kishining mavqei baland, imkoni koʻp boʻlganda (“qudrat topqonda”) shu xislatni koʻrsata olsa yanada yaxshiroq (“xoʻbroq”) boʻladi.

Boshqalarga xayr-ehson, tuhfalar qilish ham inson kamolotidan nishona boʻla oladi. Ammo himmat qilgandan keyin uni yuzga solmaslik, minnat qilmaslik lozim. Beruniy aytganidek, “minnat himmatni yoʻq qiladi”.

Alisher Navoiyning xulosasi shu: kimda mazkur xislatlar mavjud boʻlsa, u “insoni komil”dir!

 

Shohni ajdahoga nisbat qilib tururkim, ganj umidi ham andin boru ranj biymi (xavfi, vahimasi) ham

“Jahon ganjigʻa shoh erur ajdaho”

Ki, oʻtlar sochar qahri hangomida.

Aning komi birla tirilmak erur,

Maosh aylamak ajdaho komida.

Afsonalarga koʻra katta boylik va xazinalarni ajdaholar qoʻriqlar ekan. Xazina ilinjidagi odam, albatta, ajdahoga roʻpara keladi. Navoiy shu asosga tayanib, ajdahoni qahrga kirgan paytida ogʻzidan oʻt sochishini, yaʼni vahshatga aylanishini tasvirlaydi. Xulosa shuki, kimdakim ajdahoning yaqinida boʻlsa, uning tirikchiligi ajdaho sochgan oʻtlar, olovlar ichida yashashdan iborat boʻladi. Albatta, bu ramziy tasvirdir. Uning kaliti esa qitʼaga qoʻyilgan sarlavhada berilgan: “Shohni ajdahoga nisbat qilib tururkim, ganj umidi ham andin boru ranj biymi (xavfi, vahimasi) ham”.

Navoiy sheʼri toʻqquz bayt-u, oʻn bir bayt, oʻn uch bayt

Ki, lavh uzra qalam ziynat berur ul durri maknundin[1].

Bukim, albatta, yetti baytdin oʻksuk emas, yaʼni

Tanazzul aylay olmas rutba ichra yetti gardundin.

Mazkur qitʼani shoirning faxriyalaridan biri deyish mumkin. Unda, birinchidan, shoirning barcha gʻazallariga ixcham baho berilgan. Haqiqatda ham, shoir devonlaridan oʻrin olgan gʻazallardagi baytlarning barchasi adib koʻrsatgan son bilan uygʻun keladi.

Shoir oʻz sheʼrlarini “durri maknun” deb baholaydi. Bu “yashirin dur”, “yaxshi saqlangan dur” demakdir.

Yozuv taxtasi ustida(gi qogʻozda) yurayotgan qalam shu yashirin sirlardan xabar beradi. Demak, shoirning koʻplab gʻazallari toʻqqiz, oʻn bir va oʻn uch baytdan iborat. Ammo ular yetti baytdan kam (“oʻksuk”) emas. Buni shoir boshqa bir hodisa bilan qiyoslaydi. Modomiki, osmon (gardun) yetti qavatdan iborat ekan, ularning har bir qavati uchun shoirning gʻazallari oʻsha martabaga mos va munosibdir. Zero, ularning hozirgacha ham butun insoniyatni maftun etib kelayotgani buning isbotidir.

 

“Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan.

 


[1] M a k n u n – yashirilgan, maxfiy.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.