Navoiy eʼtirofidagi bastakorlar

0
1149
marta koʻrilgan.

Navoiy davrida sanʼat va adabiyotga qadam qoʻygan kishi kotiblik, notiqlik, tasviriy sanʼat bilan birga musiqa nazariyasi sirlarini ham puxta egallagan boʻlishi, bir yoki bir necha musiqiy asboblarda kuy chalib koʻrsatishi talab etilgan. Sheʼriyatda aruz vaznida yozish shart hisoblangani kabi, shoir musiqa ohanglarining nozik jihatlarini idrok etishi ham shunchalik muhim sanalgan. “Navoiy oʻzining badiiy qarashlarida sheʼriyat bilan shugʻullanuvchi kishilarni sanʼatning faqat bir tarmogʻi bilan cheklanib qolmaslikka, musiqani va shunga oʻxshashlarni oʻrganishga daʼvat etadi. Ana shu qoidaga amal qilgan shoirlarni esa alohida taʼkidlab oʻtish bilan ularni boshqalarga namuna qilib koʻrsatadi”.[1]

XIV-XVI asrlar bastakorlik sanʼatining yuksalgan davri boʻldi. Bu davrda koʻplab sozanda va xonandalar qatori ajoyib bastakorlar yetishib chiqdi. Ular maqom janri rivojida muhim ishlar olib bordi. Bastakor soʻzi “basta” – bogʻlangan, “kor” – ish maʼnosida, kuy unsurlarini bir-biriga bogʻlovchi demakdir. Bastakor oʻtmishda turli vazifalarni bajargan. Dastlab u yangi, original kuy va ashulalar yaratuvchidir. Ikkinchidan, bastakor tayyor kuylar mavzuida ularning ritmik va kuy variantlarini ham oʻylab topishi kerak. Ashula yoʻllariga yangi sheʼrlarni ustalik bilan bogʻlab, tushira bilgan sanʼatkorlar ham bastakor hisoblanadi.

Oʻsha davrdagi adabiy yigʻinlar, shohona bazmlar musiqasiz oʻtmagan. Koʻzga koʻringan shoirlarning mashhur gʻazallari bastakorlar tomonidan kuyga solingan. Shubhasiz, oʻz sohasini mukammal bilgan isteʼdodli sozanda, xonanda, bastakorlar koʻp boʻlgan va ular oʻrtasida oʻziga xos musobaqa davom etgan.

Markaziy Osiyo xalqlari madaniy hayotida tazkiralarning ahamiyati katta. Tazkiralarda, asosan, shoirlarning hayoti va ijodi haqida qisqacha maʼlumot berilsa-da, qisman musiqa sohasida olib borgan ishlari ham eslatib oʻtiladi. Oʻsha davrlarda yaratilgan tazkiralar orasida Navoiyning “Majolis un-nafois” asari alohida xarakterli boʻlib, unda sanʼat ahllari haqida ishonchli aniq maʼlumotlar keltiriladi. Mazkur tazkiradagi bastakorlarga oid fikrlar toʻgʻrisida musiqashunos Toʻxtasin Gʻafurbekov[2] ilmiy izlanishlar olib borgan boʻlsa-da, hozirda asarning oʻrganishga muhtoj jihatlari mavjudligini ham qayd etish joiz. Navoiy tazkirada bastakor va musiqa ilmini yaxshi tushungan shoirlar nomlarini keltirib, ularning ayrimlariga oʻz bahosini bergan. Mavlono Sohib Balxiy, Xoʻja Yusuf Burhon, Mavlono Binoiy, Mavlono Solimiy, Pahlavon Muhammad, Ustod Qulmuhammad, Xoʻja Kamoliddin Husayn, Xoʻja Abdulvafoyi Xorazmiy, Mavlono Qadimiy, Muhammad Jomiy, Mavlono Riyoziy, Muhammad Ali Gʻaribiy, Mavlono Shayxiy, Hofiz Sharbatiy, Xoʻja Kamoliddin Udiy, Ali Karmol, Hofiz Muhammad Sultonshoh, Xoʻja Abdulloh Sadr, Mir Habibulloh, Boysungʻur Mirzolar shular jumlasidandir. Navoiyning koʻrsatishicha, bu bastakorlar maqomlarga naqshlar, peshravlar va amallar bogʻlaganlar, musiqiy namunalar tuzib maqom janri rivoji va takomillashuvida katta ahamiyatga ega boʻlganlar. Navoiyning musiqiy ustozi Xoʻja Yusuf Burhon va yaqin doʻstlaridan Pahlavon Muhammad haqida quyidagicha maʼlumotlar mavjud:

“Xoʻja Yusuf Burhon, Hazrati Shayx ul-islomiy Ahmadi Jomiy quddisa sirruhuning yaqinroq avlodidindur… musiqiy ilmin ham yaxshi bilur erdi va faqir musiqiy fanida aning shogirdimen. Koʻproq oʻz sheʼrigʻa musiqiy bogʻlar erdi. “Isfahon” amalini, bu baytigʻa bogʻlabturkim:

 

Rasid mavsumi shodiyu ayshu tarab,

Agar gado ba murodi dile rasad chi ajab”[3].

 

Yaʼni, qismat kuni (nasiba taqsim etiladigan kun) zohiddan boshqa har kim oʻziga baxshida qilingan ayshni oldi. U esa nechogʻliq mashaqqat chekmasin quruq qoldi.

Baʼzi manbalarni kuzatib, “Musiqa ilmidan xabardor deb tilga olinayotgan Yusuf Andijoniy va Xoʻja Yusuf Burhon bir kishimi?” – degan ishtiboh tugʻiladi. Darvesh ali Changiy oʻz risolasida Navoiy “Majolis un-nafois”da Yusuf Andijoniy toʻgʻrisida yozgan, deydi. Navoiy tazkirada emas, balki “Holoti Pahlavon Muhammad” asarida Xoʻja Yusuf Andijoniyni keltiradi. “Yusuf Xoʻjakim musiqiyda mashhurdir, Andijoniydur”[4], deb Bobur taʼriflagan va Navoiy keltirgan shaxslar bir kishi. Ammo, Darvesh Ali “Majolis un-nafois”da keltirilgan, degan kishi Xoʻja Yusuf Burhondir[5].

Navoiyning musiqa sohasidagi ustozim deb taʼriflayotgan shaxs Xoʻja Yusuf Burhon ham, asosan, oʻz gʻazallariga kuy bogʻlagan, “Isfahon” maqomini ham yaratganligi maʼlum boʻladi. Har ikkala ijodkor – Mavlono Sohib Balhiy va Xoʻja Yusuf Burhonlarning bastakorlik mahoratlari boqiy maqom sanʼati, xususan, “Duvozdahmaqom” tizimi bilan bogʻliq boʻlgan. “Isfahon” oʻn ikki maqom tizimidagi muayyan, yaʼni oʻninchi maqom hamda “Isfahonak” nomli shoʻbaning nomidir.

“Xoʻja Yusuf Burhon tasavvuf tariqatining vakili sifatida sheʼrlariga tasavvufcha ohang bogʻlagan edi. Navoiy Xoʻja Yusufdan, nafaqat musiqani, balki u kishidan tariqat ilmini ham oʻrgandi, jumladan, oʻz gʻazallariga musiqa bogʻlash va ularga tasavvufona ohang baxsh etishni ham egallab, ularni oʻz ijodiga tatbiq etdi”[6]. Demak, Navoiy tasavvufona ohanglar ham bastalagan va bu “bogʻlash sanʼati”ni ham ustozi Xoʻja Yusuf Burhondan oʻrgangan.

Navoiy taʼriflayotgan bastakorlardan yana biri “Pahlavon Muhammad Goʻshtigirkim… musiqiy va advor ilmida davrining benaziridur…”

Pahlavon Muhammad 1493 yil Hirotda vafot etgan. XV asr Hirot madaniy markazining yirik namoyandalaridan boʻlgan. U riyoziyot, yulduzlar ilmi, kimyo, falsafa, adabiyot, sanʼat va kurash turlaridan gushtigirlikda nom chiqarish bilan birga yaxshi bastakor va xonanda boʻlganligi manbalardan maʼlum. “Gushtigir” taxallusi bilan sheʼrlar ham yozgan. Navoiyning 40 yillar mobaynidagi yaqin doʻsti, ota oʻrnidagi murabbiysi ham boʻlgan. Navoiy bu yaqin kishisi va maslakdoshiga maxsus “Holoti Pahlavon Muhammad” nomli qasida asar yozib, uning shaxsiyati va isteʼdodi qirralarini ochib beradi:

“Ul jumladin advor va musiqiy ilmidurkim, chun lahjasi va husni savti xoʻb ekandur va usuli mazbut va harakoti va sakanoti margʻub. Ul daqiq fanda koʻshish va saʼy koʻrguzub, daxli tom va mahorati molokalom topib erdi va dilkash naqshlar va amallar va dilpisand qavllar va gʻazallar tasnif qilur erdi va xoʻb aytur erdi. Andoqki, eshitgan xavos va avom xushhol boʻlmoqda beixtiyor va oʻrganmoqda beqaror erdilar”[7]. Pahlavon Muhammadning sifatlariga berilgan taʼriflar uning musiqa bilimdonligi toʻgʻrisida mazkur jumla bilan boshlangan. Buni Toʻxtasin Gʻafurbekov quyidagicha izohlaydi: “Nazarimizda, Pahlavon Muhammadning oʻta serqirra faoliyati majmuidan Alisher Navoiy – musiqa sohasi, xususan, bastakorlik ijodini boshqalardan ustuvor koʻradi”[8]. Pahlavon Muhammadning bastakorlik sohasidagi isteʼdodini bu asrning musiqada mohirlari, Hirot madaniy hayotining faol ishtirokchilari, shoir, bastakor va sozandalar qatori kuy bastalaganida koʻramiz. Ustoz Muhammad Xorazmiy, Mavlono Noʻmon, Mavlono Sohib Balxiy, Shayx Safoyi Samarqandiy, Xoʻja Yusuf Andijoniylar naqsh, sufiya, amal, qavl, jir, chorzablar bitdilar. Bastalagan asarlarining koʻpi juda mashhur boʻlib ketgan. Demak, Pahlavon Muhammad oʻz davridagi boshqa bastakorlardan kuy bastalashda ustunroq boʻlgan. Anglash mumkinki, Pahlavon Muhammad maqom yoʻllari – chorgoh, segohlarni bastalash bilan birga musiqa yoʻllarining boshqa janrlarida ham ijod qilgan. Pahlavonning musiqa ilmi bilimdonligi xususida Boburmirzo ham yozgan: “Yana benazir eldin biri Pahlavon Muhammad Busaid edi. Kushtigirliqta xud saromad edi, sheʼr ham aytur edi. Savt va naqshlar bogʻlar edi: “Chorgoh”da bir “naqsh”i bor, xushsuhbat kishi edi”.

Darvishali Changiy oʻzining “Risolai musiqiy”sida uni musiqa sohasidagi oʻzining ustozi ekanligini aytib, nasihatomuz gaplarini yozib oʻtgan. Pahlavon Muhammad serqirra ijodkor, kurashda kuragi yerga tegmagan pahlavon va ayni damda musiqa sohasida, ayniqsa, bastakorlikda nomi chiqqan isteʼdod egasi boʻlganligi zamondoshlari tomonidan taʼrif etib oʻtilgan. U haqdagi Navoiyning yagona qasidasi xususida soʻz yuritilganda, beixtiyor Abu Saidning musiqiy qarashlari va bilimlari ham alohida taʼkidlanadi. Pahlavon Muhammad advor – musiqa ilmining ustozlaridan, kuy bastalaydi, kuylaydi. Musiqani qiyomiga yetkazib chaladi. Kuy chalayotganda tori xarragiga goʻyo bulbul qoʻnib sayrayotganday tuyuladi. Xonish etayotgan mahalda bamisoli bulbuligoʻyo boʻlib ketadi. Musiqada hech kim uning oldiga ot sola olmaydi. Pahlavon Muhammad musiqa ilmining barcha yoʻnalishlarida mashhurligini qasidadan anglash mumkin. Navoiyning mazkur asari hamda Pahlavon Muhammad shaxsi oʻrganilishi bilan birga uning bastakorlik ijodi ham yirik izlanishlarga turtki boʻla oladi.

Xulosa qilib aytganda, Navoiy zamondoshlarining musiqiy bilimini baʼzan umumiy tarzda, baʼzan esa batafsil yoritgan, ularning oʻziga xos ovozi va musiqiy dunyoqarashini taʼriflagan. Shoir oʻz davri musiqa madaniyati va musiqa ahli hayotiga oid qimmatli maʼlumotlar qoldirish bilan birga oʻz bahosini ham berib oʻtgan. Musiqada originallik tarafdori boʻlgan, yaxshi musiqa asari, musiqa sohasida nazariy risola yaratilishini quvonchli voqea sifatida qadrlagan. Musiqa ahliga ham maʼnaviy, ham moddiy yordam bergan va eng muhimi Navoiyning oʻzi musiqa ilmining bilimdoni boʻlgan.

 

REZYUMYe

 

Maqolada shoir Alisher Navoiy davri musiqa sanʼati va bastakorlari, xususan, Xoʻja Yusuf Burhon va Pahlavon Muhammadning musiqiy ijodi toʻgʻrisida maʼlumotlar keltiriladi.

 

V dannoy statye rasskaziʼvayetsya o kompozitorskom iskusstve i xarakterniʼx aspektax tvorchestva sovremennikov Alishera Navoi – Xodja Yusuf Burxan i Paxlavan Muxammed.

 

This article describes the art of composing and characteristic aspects of contemporary creativity of Alisher Navoi – Hodge Burhan Yusuf and Muhammad Pakhlavan.

 

Laylo JOʻRAYEVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–8

 


[1] Valixoʻjayev B. Oʻzbek adabiyotshunosligi tarixi. X-XIX asrlar. T.: 1993. 109-b.

[2] Qarang: Gʻafurbekov T. Saylanma. T., 2009. 54-b.

[3] Alisher Navoiy. Majolis un-nafois. Toʻla asarlar toʻplami. 10 jildlik. 9-jild. T.: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi. 2011. 323-b.

[4] Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. T., 1989. 6-b.

[5] Xoʻja Yusuf Andijoniy toʻgʻrisida toʻliqroq qarang: Qayumov A. Bobur davridagi Andijon adabiy muhiti. Xoʻja Yusuf Andijoniy. T., 2009.

[6] Abdullayeva A. Navoiyning toʻrt ustozi. // Oʻzbek tili va adabiyoti. 2006/1. 24-25-b. 

[7] Alisher Navoiy. Holoti Pahlavon Muhammad. T., 1967. 90-b.

[8] Gʻafurbekov T. Saylanma. T., 2009. 68-b.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.